Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282710 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 44 45 46 47 48 49 50 51 52 B


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 18:57:11

Zaynabning ahvolidan bexabar Asadbek undan «Nima uchun bu yerdasan?» deb so‘ramadi. Qizining kelib-ketib yurishiga ko‘nikib qolgani uchun «Ering tuzukmi?» deb qo‘ya qoldi.
Muhiddin ota borligi uchun bu kech ishdan gaplashishmadi. Mehmonning istagi bilan uni ertasiga Krasnoyarga uzatdilar. Shundan so‘ng uchchovlari shahar markazidagi uch qavatli bino yerto‘lasida to‘plandilar.
Anchadan beri ular bu holda jam bo‘lib o‘tirmagan edilar. Xorijga borib kelgan Tashqi ishlar vaziri jumhurrais va bosh vazirga hisob bergani kabi Chuvrindi ham hojalarini safari oqibati bilan tanishtirdi. U bu hisobotga astoydil tayyorlangan edi. Chunki Xongirey aytgan gaplarni, uning maqsadini aytmoq zinhor mumkin emas. U gaplarini tamom qilishi bilan Kesakpolvon:
— G‘ilay qani? — deb so‘radi.
Bu savolni u Chuvrindi kelgan kuniyoq so‘ragan, «Xongirey yonida qoldi», degan javobni eshitgan edi. Javobga qoniqmagani uchun hojasi yonida yana so‘radi.
— G‘ilayni Xongirey olib qoldi. Garovga tursin deydi. Lekin uning o‘rniga... — qolgan gapini aytishga qiynaldi.
— Chaynalma, gapir gapingni, — deb jerkidi Kesakpolvon. U G‘ilayning Xongirey yonida qolganiga ishonmadi. G‘ilay kim bo‘libdiki, Xongirey uni garovga olib qolsa. «G‘ilayni yashirgan, o‘ziga kerak vaqtida ishga soladi», degan fikri qat’iylashdi.
— Bek aka, biz bir ayb ish qilganmiz. So‘ksangiz ham, ursangiz ham haqqingiz bor.
— «Biz» deganing kim? — dedi Kesakpolvon.
— Siz bilan men...
— Ie, sen bilan sheriklikda nima yomon ish qilibman?
— Jamshidni aytaman...
— Jamshid? — deb ajablandi Asadbek. Keyin u ham jerkib berdi. — Gapirsang-chi, buncha chaynalasan!
— Gap shuki, o‘shanda Jamshidni o‘ldirmagan edik. Yaxshi yigit, sadoqatli yigit. Jahl ustida aytvordingizmi devdik. Uni Sochiga yuborib, o‘likxonadan bir murda topib yoquvdik.
— Bunaqa hunarlaring ham bormi? — dedi Asadbek.
Uning ovozida qahr yoki zarda sezilmagani uchun Chuvrindi sal dadillashdi.
— Bizga kerakli yigit.
— O‘zi qani?
— Uyida, birga olib keldim.
— Sochiga bordingmi? — dedi Kesakpolvon jahl bilan.
— Hozir tushuntiraman. Uni Sochida Zelixon ko‘rib qolibdi. Esingizdami, «Akademik»-chi? Xongireyning ustoziman, degan.
— Esimda, gapiraver.
— Xullas, Jamshidni olib ketishgan. Harholda bu o‘sha Zelixonning ishi.
— Unga nima aloqasi bor?
— U Elchinni o‘ylagan. Zelixon Jamshidga Elchinni har qadamda himoya qilasan, deb shart qo‘yibdi. Esingizdami, Maskovda Xongirey ham Elchinni gapiruvdi.
— Esimda... — Shunday deb Asadbek o‘yga toldi.
Chindan ham g‘azab olovida yongan paytida hukm qilib edi. Keyin afsus yedi... Agar shu ish bo‘lmaganda Zaynabi boshiga qora kunlar tushmas edi. Hamma ayb o‘zida. Mana, u tirik ekan, qaytib keldi. Zaynabi esa...
Kesakpolvon sukunatga toqat qilolmadi:
— Jamshidni o‘zing bilan olib keluvdingmi? — deb so‘radi Chuvrindidan.
— Ha.
— Nega men bilmadim?
— Avval maslahatlashay devdim.
— Demak, menga aytishing mumkinmas. Men sen uchun hech kimman. Sen — hokimsan, men esa osib, yoqishing uchun o‘lik topib keltiradigan ahmoqman!
— Jim bo‘l! — deb baqirdi Asadbek, xayolini to‘zg‘itgan a’yonidan ranjib. — Jim bo‘l! Bu senga tegishli masala emas!
— Qaysi masala menga tegishli, tushuntirib qo‘y, bo‘lmasa?
— Jirillama! Hamma narsaga burningni tiqaverma!
Kesakpolvonning alam dengizi to‘lib toshdi. Orani ochiq qilib olish fursati yetganini his qilib, Chuvrindiga qaradi-da:
— Sen chiqib tur, akang bilan gaplashib olay, — dedi.
Chuvrindi «Chiqaymi?» deganday Asadbekka qaradi. Hojasi indamagach, o‘rnidan turib, chiqdi.
— Og‘ayni, juda bunchalik emas-da! Keyingi paytda itning keyingi oyog‘iday xor qilib tashlading-ku?
Asadbek «qani, gapiraver-chi», deb indamadi.

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 18:57:48

Asadbek so‘nggi gapni eshitib unga yalt etib qaradi. «Basharamga tupur»... Bu gap eski yarani bir tirnab o‘tdi. Asadbek «xalq dushmani»ning o‘g‘liga nafrat izhor qilinishini hali unutgani yo‘q. Tunovinda Jalil og‘aynilar bilan bordi-keldi qilmaysan, deganida ham bu holat esiga tushgan, basharamga tupurgan bolalar bilan qanday qilib yaxshi munosabat o‘rnata olaman, deyishga og‘iz juftlagan ham edi. Jalilga bularni gapirish befoyda ekanini bilib, indamay qo‘ya qoluvdi. Hozir o‘sha tupurganlardan faqat Kesakpolvon bilan birga. Lekin bu Kesakpolvonni o‘sha ishi uchun kechirdi, degan gap emas. Kesakpolvonning tupurish holati o‘qtin-o‘qtin yodiga tushib, dilini ezadi. G‘oyibona bir ovoz «qachondir bundan o‘ch olasan», deb da’vat etardi.
Asadbekning o‘yga tolganini ko‘rib, Kesakpolvon o‘rnidan turdi-da, telefonni olib kelib, Asadbekning tizzasi ustiga qo‘ydi. Asadbek unga bir qarab olib, yon cho‘ntagidan daftarcha chiqarib Xongireyning telefon raqamini topib, terdi. Xongireyning yigiti uning kimligini obdon so‘rab-surishtirgach, ikki-uch daqiqa jim bo‘ldi. So‘ng «Hozir ulayman», dedi. Yana bir necha daqiqadan so‘ng Xongireyning ovozi eshitildi:
— O, Asad, qardoshim, omonmisan? Seni kasal deyishuvdi, yaxshimisan?
— Rahmat, tuzalib qoldim.
— Tuzalib qoldim... bu juda yaxshi.
— Yigitlar bilan ko‘rishdingmi?
— Ko‘rishdim. Mahmudbeydan bir sovg‘a berib yubordim, oldingmi?
— Sovg‘a?.. — Asadbek savol nazari bilan Kesakpolvonga qaradi. Kesakpolvon «bilmayman», degan yelka qisdi.
— Ha, sovg‘a, yangi yil quruq bo‘lmasin-da! — dedi Xongirey. — So‘rab ol. Biz sen bilan ahil yashashimiz kerak. Bir do‘stimiz yo‘qolib qolibdi, afsuslandim. Sog‘ bo‘l, qardosh...
Shunday degach, telefonlar uzildi. Asadbek o‘yga tolgan holda go‘shakni bir oz ushlab turgach, joyiga qo‘ydi-da:
— Mahmud! — deb chaqirdi.
Chuvrindi hayallamay kirdi-da, «Bular orasida nima gap bo‘ldi», deganday ularga bir-bir qarab oldi. Chuvrindi kelib joyiga o‘tirgunicha Asadbek undan ko‘zini uzmadi.
— Xongirey biz bilan ish yuritmoqchi, dedingmi?
— Ha, shunaqa xohishi bor. O‘zbeklarni yaxshi ko‘raman, deydi.
— Birga ishlagisi kelsa, ishlaymiz. Xongirey qo‘li ochiq yigit edi. Menga sovg‘a-povg‘a berib yubormadimi? — Asadbek shunday deb unga sinchkovlik bilan tikildi.
Chuvrindi undan ko‘zini olib qochib, Kesakpolvonga ilkis qarab oldi-da, xo‘rsinib qo‘yib:
— Berib yuborgan edi, — dedi.
— Qani sovg‘asi, nega bu haqda gapirmading?
— Bek aka, bu sovg‘ani... ko‘rmaganingiz ham, eshitmaganingiz ham ma’qul edi... Shuning uchun indamagan edim. Kayfiyatingizni buzgim kelmadi. Keyinroq aytmoqchi edim.
— Qanaqa sovg‘a ekan, ayt. Yo bir qop axlat berib yubordimi? — dedi Kesakpolvon.
— Bunaqa bo‘lganda darrov aytgan bo‘lardim. Undan ham battar narsa...
— Chaynalmasang-chi! — deb baqirdi Asadbek.
— G‘ilayning kallasini bitta qutiga joylab beribdi.
— Nima? G‘ilayni o‘ldiribdimi? — deb Kesakpolvon o‘rnidan turib ketdi.
— O‘tir joyingga! — deb o‘shqirdi Asadbek unga. So‘ng Chuvrindiga «davom et», deganday qaradi.
— «Sovg‘a» deyishsa olib kelaveribman, men laqma. Boloxonaga qo‘yib qo‘yuvdim, sassig‘i chiqib ketdi. Keyin ochdim. Ochsam... o‘sha kalla.
— O‘ldirishguncha indamay qarab turdingmi? — deb so‘radi Kesakpolvon.
— Borgan kunimizoq uni mendan ayirib olishgan. Xongirey «O‘z xo‘jayiniga xoinlik qilgan senlarga xizmat qila olmaydi», dedi.
— Bu gapi to‘g‘ri, — dedi Asadbek o‘ychan tarzda.
G‘ilayning o‘limi unga Kesakpolvonchalik qattiq ta’sir etmadi. Xongireyning qo‘lidan tirik qaytsa, uni o‘zi o‘ldirardi. O‘z qo‘li bilan o‘ldirmoqchi edi...
Asadbek «Endi nima deysan?» deganday Kesakpolvonga qaradi. Unga Chuvrindining tadbiri ma’qul kelgan edi. Kesakpolvonga esa bu ish ham qing‘irday tuyulib, bir qimirlab oldi.
— Jamshidni chaqir, — deb buyurdi Asadbek Chuvrindiga.
Chuvrindi chiqib, Bo‘tqaga buyruqni yetkazib kelgach, Asadbek Kesakpolvonga qarab turib so‘radi:
— Xo‘sh, o‘lik topib kelib yoqibsanlar, meni ishontirdinglar. O‘rganning odamlari ham ishondi. Ikkita kavkazlik qulog‘ini ushlab ketvordi. Xo‘sh, endi tirikligi ma’lum bo‘lganda nima deysanlar?
— Buni ukaxoningdan so‘ra. Necha kundan beri o‘ylab qo‘ygandir?
— O‘ylab qo‘ydim, — dedi Chuvrindi uning pichingiga e’tibor bermay. — Katta yo‘lda Jamshidni noma’lum odamlar to‘xtatishadi. Behush qilib olib ketishadi. Bir necha oy qorong‘u yerto‘lada saqlashadi.
— Maqsad?
— Maqsadmi... pul talab qilishadi.
— Kimdan?
— O‘zidan.
— Nimaga chiqarishdi. Pul berildimi?

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 18:58:47

— Ha...
— Xom gaplar bu. Ko‘cha-ko‘ydagi odamlar uchun. Uning tirikligini bilsa anovi zumrasha prokuror titib qoladi. Avval seni chaqiradi.
— Yana bir yo‘li bor.
— Qanaqa?
— Qiz masalasi. Qizni aldagan bo‘lishi mumkin. Uylanishga rozi bo‘lgach, chiqarishadi.
— Uylantirasanmi?
— Ha, o‘ziga yoqadigan bittasi bor.
— O‘ylab ish qil.
Jamshid masalasi shu tariqa hal etilgach, Kesakpolvon Sharif Namozov Moskvaga olib ketilganini aytdi.
— Prokuror bolani ertasigayoq chiqarib yuborgan. U o‘zining ishini qilib yuribdi. Sharifni qo‘liga kishan urib olib ketishdi. Indamay qarab tursak bo‘lmas.
— Qilichga tegmabdimi?
— Yo‘q, bir marta so‘roq qilgan. Suvdan quruq chiqdi, xumpar.
— Shunisi g‘alati, — dedi Chuvrindi.
— Nimasi g‘alati? — dedi Kesakpolvon ensasi qotib.
— Suvdan quruq chiqqani. Krasnoyarga yuborgan molning darrov qo‘lga tushgani ham qiziq.
— Molning iziga Xongirey tushgan devdim-ku, — dedi Asadbek. So‘ng bir oz o‘ylandi-da, davom etdi: — Xongireyga Hosil yetkazgan... Hosilga...
— Men senga aytuvdim, — dedi Kesakpolvon. — Qamoqdaligida uni G‘ilay yo‘qlab turgan. Hosilga ham xizmat qilgan u xunasa.
— Buni isbot qilish kerak, — dedi Chuvrindi.
— Qiyin emas. Ruxsat bersang... — Kesakpolvon shunday deb Asadbekka yuzlandi.
— Yo‘q, hozircha jim turlaring. Sharifni nima qilishni o‘ylash kerak.
— Yo‘qotish kerak, — dedi Kesakpolvon.
— Haydar akam to‘g‘ri aytadilar. Vinzavodni kavlashtirish to‘xtatilmasa gazak olib ketishi mumkin.
— Xongireyga aytamiz. O‘zi pishirgan oshni o‘zi ichsin. Shu ish bilan borilsa, o‘zi hal qiladi. Mahmud, otlan, o‘zing borib kel. Ehtiyot bo‘l, yana Sharifning kallasini qo‘lingga tutqazib yubormasin. Haydar, sen Sharifning oilasidan xabar olib qo‘y. Uyi bitganmidi?
— Yo‘q, chala edi, — deb javob berdi Chuvrindi.
— Bitirib berlaring. Bu olimchadan ish chiqarmikin, devdim, bo‘lmadi. Mayli, bola-chaqasi bizdan ranjib yurmasin.

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 18:59:06

3

Bo‘tqa eshikni ochib, Jamshid kelganini ma’lum qilgach, kirishga ijozat etildi. Jamshid ichkariga qadam bosib salom berdi-da, ikki-uch qadam bosib, xona o‘rtasida to‘xtadi. Uch juft ko‘z unga tikildi. U esa «Mana, men keldim, yana o‘limga hukm qilasizmi? Gunohim nima mening?» deganday Asadbekka qaradi.
— To‘g‘risini ayt: ko‘nglingda alaming bormi?
— Bek aka, men sizga hech qachon yolg‘on so‘zlamaganman. Hozir ham to‘g‘risini aytaman: ozgina bor.
— Chiqarib tashla. Yana biz bilan birga bo‘lishni xohlaysanmi?
— Xohlayman.
— Bizning ishda gina-qudurat bo‘lmaydi. Faqat... Qadamingni bilib bosib yur, bola. Bor, ishingni qilaver.
Shu bilan «Yarashuv» marosimi yakunlandi. Jamshid kelayotganda «Gunohim nimaligini so‘rayman», deb qasd qilgan, Asadbek ham undan shu savolni kutgan edi. Savol berilgan taqdirda javob berish istagi yo‘q edi. Jamshid eslilik qilib gapni chuvamadi. Bu ishi Asadbekka ma’qul keldi. U «Ishingni qilaver» degani bilan Jamshidni hali kechirmagan edi. Hali ham «Zaynab bilan don olishgan», degan fikr uni tark etmagandi. Avvalo Jamshidga mehri borligidan, qolaversa, a’yonlari o‘rtaga tushgani uchun yon bosdi.
— Bek aka, avvalgidek yoningizda bo‘lsinmi? — deb so‘radi Chuvrindi.
— Yo‘q, — dedi Asadbek bosh chayqab. — Mendan nari yursin. Iloji bo‘lsa, ko‘zimga ko‘rinmagani ma’qul. Mahmud, uning har bosgan qadami uchun sen javob berasan.
Mahmud Moskva safari tadorigini bahona qilib chiqqach, Kesakpolvon Asadbek bilan birpas gaplashib o‘tirdi-da, u ham «Qilichni topib gaplashay», deb o‘rnidan turdi. Ko‘chada, videobar eshigiga yaqin yerda turgan bir ayol ko‘ziga issiq ko‘rindi. Ayol o‘tkinchi emas, videobar eshigiga betoqatlanib qarab-qarab qo‘yardi. Kesakpolvon unga yaqinlashdi-da:
— Ha, singil, birovni kutyapsizmi? — deb so‘radi.
— Shu idorada ishim bor edi, — deya ayol videobarni ko‘rsatdi.
— Kimda?
— Asadbek akada...
— Asadbekda nima ishingiz bor?
— O‘zlariga aytaman.
— Menga aytavering. Asad kasal. Men uning sherigiman.
— Men... Sharif akaning ayoliman.
Kesakpolvon tanidi. Tanisa ham tanimaganga olib so‘radi:
— Qaysi Sharif?
— Haligi vinzavoddagi... Namozov.
— Ha, umi? Qamalibdi, deb eshitdim, rostmi?
— Rost... — Nasiba ko‘ziga yosh oldi. — Har kuni qatnayman. Ko‘rsatishmaydi ham, ovqat ham olishmaydi.
«Moskvaga olib ketilganini bilmaydi shekilli?» deb o‘yladi Kesakpolvon.
— Xavotir olmang, chiqib qolar...
— Sharif akamni olib ketishgandan keyin bitta yigit keldi. Pul talab qildi.
— Yigit? Qanaqa yigit?
— Tanimayman. Juda xunuk... Oldin o‘tirganlarida birga o‘tirgan ekan. Yuz ming so‘radi. Pul yo‘q, devdim, bolamni... o‘g‘irlab ketishdi... — Nasiba ho‘ngrab yubordi.
— Yig‘lamang, singlim, — deb yupatgan bo‘ldi Kesakpolvon.
— Yordam bering, jon aka, sizlardan boshqa kimga boraman.
— Yordammi?.. Bizda bunaqa pul yo‘q, singlim. Qarindosh-urug‘dan yig‘ing. Ja bo‘lmasa uyni soting. Uy azizmi, bola azizmi?
— O‘sha yigitni... bilmaysizlarmi?
— E, yo‘q, singlim. Biz bunaqa jinoyat ishlarga aralashmaymiz. Bizga tinchlik kerak, endi bu yerga boshqa kelmang.
Ezilib ado bo‘layozgan Nasiba so‘nggi umidini shu yerga ko‘mib, orqasiga o‘girilib qayta boshladi. Videobardan chiqib kelgan Asadbek uni ko‘rib Kesakpolvondan:
— Kim u, yig‘lab ketyaptimi? — deb so‘radi.
— Sharifning xotini. Erimni chiqartirib beringlar, deb kelibdi. «Xo‘p, harakat qilamiz», dedim.
— Yaxshi aytibsan, xabar olib tur.


Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 18:59:37

XIX  b o b

1

Chuvrindi Moskvaga bordi-yu, keldi. Xongireyning bu ishga aralashishiga hojat qolmadi.
Unga qadar Sharif Namozov o‘zini o‘rab olgan balo buluti orasida ko‘p azoblar chekdi.
Avvaliga...
Zohid qamoqxonada adolat xususida o‘ylayotganda, Sharif Namozov ham aynan shu haqda fikr yuritardi. Ular bir narsa haqida o‘ylaganlari bilan adolat to‘g‘risidagi tushunchalari turlicha edi. Zohid adolat uchun kurashguvchi toifadan, Sharif esa o‘ziga adolat yuzasidan muomala qilmoqliklarini talab etuvchi xilidan edi. Zohid «Nima uchun adolat toptaladi? Adolatni qanday himoya qilmoq, qanday tiklamoq mumkin?» deb fikr yuritsa, Sharif Namozov «Men iqtidorli olim bo‘lsam, ishlarim bilan chet el ham qiziqsa, nima uchun menga adolat qilmaydilar», deb nolir edi.
Sharif Zohiddan farqli o‘laroq, ikki o‘t orasida edi.
Bir o‘tni qamoqdan kelib, yuz ming talab qilayotgan nusxa yoqardi. Bu o‘tda oilasining kuyishi ehtimoli ham bor. Ikkinchi o‘tni shim kiygan, chigirtkasimon tergovchi xotin yoqardi. Bu o‘tdan ham oilasi jabr ko‘rmog‘i mumkin.
Bu ikki o‘tning baravariga, bir kunda yoqilishi shunchaki tasodifmi yo atayin uyushtirilganmi, bilolmay garang edi. U moskvalik tergovchi bilan yana uchrashishni o‘ylaganida badaniga titroq yugurardi. Nasibani sharmandalikdan qutqarish uchun olmagan pulni oldim, dedi. Endi u «Pullarni topasan», deb zo‘rlaydi. Yana qiynaydi. O‘zini qiynasa mayli, oilasiga tegmasa bo‘lgani... «Ishqilib Nasiba bolalarni olib biror yoqqa qochsin»da», deb orzu qildi.
Sharif Namozov bir fikrning tagiga yeta olmas edi: unga nima uchun osilib qolishdi? Axir u amal talashmasa... Ilmiy ish bilan shug‘ullanib yurgan odam edi. Bosh muhandislikni berdilar. Keyin cho‘ntagiga qora dori solib, qamatishdi. Qamoqdan o‘zlari chiqarishdi. Keyin... birato‘la rahbarlikni berishdi. Kerakmi edi, unga bu rahbarlik? Avvaliga kerak emas edi. Keyin uning shirasi yoqa boshladi. Bosh muhandisligida-ku, haqiqat talab qilgan edi. Endi hech narsa talab qilmadi. Baribir... Aksiga olib portgugaliyaliklar ham jimib ketishdi. Buni ham Sharif shu odamlardan ko‘rdi. O‘zining qora doriga o‘rganib qolganini hisobga qo‘shmadi.
U tergovchi bilan uchrashuvni qo‘rquv bilan kutayotganda eshik sharaqlab ochilib, soqchi:
— Namozov! Chiq! — deb buyurdi.
Dilgir o‘tirgan Sharif soqchining amrli ovozini eshitib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Qamoqxonada yolg‘iz ezilib o‘tirish durustmi yo tergovchi bilan uzundan-uzun suhbat qurishmi — bilmasdi.
Soqchi dahlizdagi sherigiga Sharifni topshirib, o‘zi eshikni sharaqlatib yopdi.
Xuddi avvalgi qamoqdaligi kabi...
Ko‘ngliga «Chiqarib yuborishsa edi», degan umid quyoshi mo‘raladi.
U avvalgi safardagiday yurib bordi. Faqat... Zinalardan pastga emas, yuqoriga ko‘tarildi. Hovliga chiqmadi, balki yana uzun dahliz bo‘ylab yurdi. Endi u tergovchi bilan uchrashuvi aniqligiga ishondi. Soqchi Sharifni chog‘roq xonaga boshladi. Avvalgi safar bunday xonada qaldirg‘och mo‘ylovli yigitga duch kelgan edi. Bu safar bir semiz odamga ro‘para bo‘ldi. Bu semiz ham o‘sha mo‘ylovli yigitga o‘xshab, faqiriga mensimay qaragan podsho kabi ilkis nazar tashlab qo‘ydi. Qandaydir qog‘ozlarga imzo chekdi. Yigit shunday qilib turib:
— Namozov, siz ozodsiz. Ayblaringiz isbotlanmadi, — degan edi.
Bu semizdan ham shunday so‘z kutdi. Ammo uning o‘rniga u odam:
— Qo‘llaringni uzat! — deb buyurdi.
Sharif amrni beixtiyor bajarishi bilan, u chaqqonlik bilan bilaklariga kishan soldi-da:
— Bo‘ldi, olib chiq, — deb orqadagi soqchiga buyurdi.
Avvalgiday bo‘lmadi. Uni hammayog‘i berk mashinaga chiqardilar. Mashina tebranib, ancha yurganidan so‘ng bir joyda ko‘p vaqt to‘xtab turdi. Sharif uchoqlarning ovozini eshitib, ajablangancha o‘tiraverdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 18:59:52

Mashina eshigi ochilgandan so‘ng u o‘zini bahaybat uchoq oldida ko‘rdi. Mashinadagilar uni Berger bilan Vladga topshirishdi-da, qog‘ozlarga qo‘l qo‘ydirib olib, izlariga qaytdilar. Vlad kurtkasini yechib Sharif-ning qo‘llarini bog‘lab turgan kishan ustiga tashladi. Bir yonida Berger, bir yonida Vlad bilan Sharif xuddi xavfli jinoyatchi kabi uchoqqa chiqdi. Uning qo‘llari kishanlanganligini uchoqdagilarning ko‘pchiligi sezmadi ham. Ustida plashchi bor odam nega charm kurtkani quchoqlab olibdi, deb o‘ylaguvchilar ham bo‘lmadi.
Uchoqda deraza tomonda Arina Berger, o‘rtada Sharif, chetda Vlad o‘tirdi. Uchoq bekasi suv olib kelganda ham, ovqatlanish paytida ham kishan yechilmadi. Berger «G‘iring desang yoki qimirlasang otaman» degani uchun jim o‘tiraverdi.
Jim o‘tirmaganda nima bo‘lardi?
Deylik, u kishanli qo‘llarini ko‘tarib «Birodarlar, meni qutqaringlar, bular meni begunoh qamashdi! Bularda insof yo‘q! Bular xotinimni ham zo‘rlamoqchi bo‘lishdi!» degani bilan birov o‘rnidan turarmidi? Nari borsa qayrilib qarab qo‘yishadi. Insoflirog‘i «Bechora» deb achinib qo‘yadi. Shu xolos... Adolat istab baqirgani uchun o‘q yemagan taqdirda ham bo‘yniga Vladning gurziday mushti tushishi tayin.
Uchoqdan hammadan keyin tushishdi. Ularni hammayog‘i berk mashina kutib turardi. Berger uni qamoqxona vakillariga topshirib, o‘zi Vladni qo‘ltiqlagancha nari ketdi. Uchoqdan mashinaga chiqquniga qadar Sharif qor bo‘ronida sovqotdi. Tishlari ham takillab qoldi. Mashina avvaliga iliq tuyulgan edi. Dam o‘tmay ayoz zabtiga oldi.
Uni «Matroskaya tishina» degan sururli nomda yuruvchi Moskvaning qadimgi turmasiga olib keldilar. Soqchi ikki tomoni temir eshiklardan iborat dahlizdan o‘tgach, oxirgi eshikni ochdi-da:
— Joy yo‘q, bitta-yarimta bilan galma-gal yotasan, — deb kiritib yubordi.
Bu ogohlantirish Sharifga g‘alati tuyuldi. U mehmonxonalarda «joy yo‘q» degan gapni ko‘p eshitgan, ammo qamoq, ayniqsa, ikki qavatli karavotlar bilan to‘la xonada joy bo‘lmasligi uning uchun ajablanarli edi.
Chindan ham bu katta xonada turgan ham, o‘tirgan ham, yotgan ham ko‘p edi. Havo issiq, nafas olish og‘ir edi. Qariyb ikki soatdan oshiq sovuq mashinada o‘tirgan Sharifga issiq xush yoqib, avvaliga badbo‘yga uncha e’tibor bermadi.
U nima qilishini, qaerga o‘tirishni bilmay eshik yonida qaqqayib turib qoldi.
Qadim o‘tgan shoir:
«Sipoh gardidin bo‘ldi olam siyoh.
Na xurshid ko‘rundi unga, na moh»,
deb yozganida mana shunday qamoqxonadagi tirbandlikni ham nazarda tutganmikin?
Bunda kissavur ham, kallakesar ham, xizmatchiyu olim ham — barchasi jamlangan edi.
Bunda ham maxsus burchak — qimorxona mavjud edi.
Bunda najas, shiptir hidi ham, tamaki, ter hidi ham, xullas, dunyodagi barcha sassiq hidlar to‘plangan edi.
Sharif e’tiborini burchakdagilarga qaratdi: ularning «ish kuni» avjida. «Bular ham tilla tishlarni sug‘urarmikanlar», deb o‘yladi Sharif.
Tura-tura oyoqlari tolgan Sharif cho‘k tushib o‘tirib, devorga suyandi. Dam o‘tmay devorning zaxi badaniga o‘tib, junjikdi. Unga birov «beri kel» deb lutf qilmadi. Bu orada ovqat berdilar. Eplagan oldi, eplay olmaganlar keyingi ovqatga umid qildilar. Sharif shu umidvorlar qatorida qoldi.
Badani zirqirab, yotgisi keldi. Yaqindagina bir kishi yotib turgan karavotga yaqinlashib «Birpas yotay», deb so‘radi.
— E, yo‘q, hozir kelib, hozir yotaman, deb o‘ylayapsanmi? Bu yerda yotish huquqini olish uchun uch-to‘rt kun yerda yotib pishasan, — dedi karavot egasi.
Bu gapdan boshqalar kuldi. «Bir pas yota qolsin», deydigan insof egasi topilmadi. U noiloj devor tomonga qaytib cho‘kdi. Shu ahvolda birpasgina mudradi. Shu mudrashda tush ham ko‘rdi:
— Nimalar qilib qo‘ydingiz, adasi? — dedi Nasiba bosh chayqab.
— Nima qilibman?
— Ularga yaqinlashmang devdim, quloq solmadingiz.
— Adashdim, Nasiba...
— Siz ilmingizga xiyonat qildingiz. Xudo sizga aql bergan edi, siz aqlsizlar bilan qoldingiz...
— Xudo kechirsin...

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:00:14

Boshi chayqalib uyg‘ondi.
Kuni shu zaylda boshlanib, shu zaylda davom etdi. «Karavotingda yotay», deb boshqa yalinmadi. Xuddi ko‘chadagi tilanchilar kabi cho‘nqayib o‘tiraverdi.
Qancha vaqt o‘tganini bilmaydi. Badanida titroq uyg‘ondi. U dorining xumori tutdi, deb o‘yladi. Aslida uning isitmasi ko‘tarila boshlagan edi. Anchagacha chidadi, so‘ng titragan holda o‘rnidan turdi. Burchakda qimor o‘ynayotganlar tomonga najot bilan qaradi. Ularning o‘yin paytida nasha tortish odatlari bo‘lardi. Hech bo‘lmasa bir tortarman, hech bo‘lmasa tutunini hidlarman, deb o‘sha tomonga yurdi. Davraga yaqinlashganda o‘tirganlardan biri o‘girilib qarab:
— Nima deysan? O‘ynamoqchimisan? — deb so‘radi.
— O‘ynardimu... pulim yo‘q-da... — dedi Sharif.
— Puling bo‘lmasa jo‘na.
— Bir torttiringlar...
— Nima?
— Qurug‘idan... faqat bir marta.
— Jo‘na dedim.
Sharif haqoratlangan odam qiyofasida o‘girilganda davradagilardan biri unga marhamat qildi. Chekib ado bo‘layozgan o‘rama papirosni berdi. Sharif yutina-yutina tutatib joyiga bordi. Avval cho‘nqaydi. So‘ng yotib oldi. Nasha ta’sirida sal rohatlanganday bo‘ldi. Nashaning kuchi qirqilib, isitmasi yana ko‘tarilgach, bezovtalana boshladi. U uchoqdan mashinaga chiqquniga qadar, so‘ngra yo‘ldagi sovuqda shamollaganidan, zotiljam xastaligi vujudiga hukm o‘tkaza boshlaganidan bexabar edi.
Sharif og‘zi qurigan, titragan holda qaddini arang ko‘tardi. Picha devorga suyanib o‘tirdi. So‘ng qiynalib bo‘lsa-da, o‘rnidan turib burchakdagi davraga asta yurib yaqinlashdi. Uning bu turishi ko‘cha-ko‘yda xorlanib yuradigan mayparastlarning ayni o‘zi edi. Davradagilardan biri ijirg‘anib:
— Yana nima deysan? — dedi.
— Bitta torttiring.
— Torttiraymi? Hozir, — u shunday dedi-da, Sharifning yuziga musht tushirdi. Keyin uning behush tanasi tepki ham yedi. Sharif shu holida ancha yotdi. So‘ngra atrofdagilar unga rahm qilib, joyiga — devor yaqiniga, muzdek beton ustiga yotqizib qo‘ydilar. Davradagilardan biri yozilib chiqayotib, hali ham qimir etmay yotgan Sharifga e’tibor berdi. Joyiga o‘tirayotib:
— Sasha, nima balo o‘ldirib qo‘yding shekilli, qoravoy qimir etmay qolibdi, — dedi.
Urgan yigit avvaliga qo‘l siltadi, so‘ng «Hozir o‘ziga keltiraman», deb o‘rnidan turdi-da, Sharifning bilagini ushladi.
— Tirik. Qoravoylarning joni qattiq bo‘ladi. Hozir nashatir spirt beramiz, — dedi-da... Sharifning ustiga tahorat ushatdi. U to ishini tugatguncha davradagilar kulgilari bilan quvvatlab turishdi.
Sharif chindan ham tirik edi. Hushi ham o‘ziga qaytgan, faqat holsizligi tufayli qimirlay olmayotgan edi. U kaltaklagan yigitning nima qilayotganini avval tushunmadi. So‘ng xo‘rlik va alamdan bo‘g‘ildi. O‘rnidan turmoqni, uning bo‘g‘ziga chang solmoqni istadi. Bor kuchini to‘plab turishga intildi, biroq gavdasi o‘ziga bo‘ysunmadi: yerparchin bo‘lib qolaverdi. Istakni bajarish uchun quvvat kerak. Uni esa quvvat tark etgan edi. Bir ozdan keyin sudralib quruqroq joyga o‘tdi. Ko‘ngli aynib, o‘qchidi. Ichida hech narsa bo‘lmagani sababli qayt qilolmadi.
Karavoti borlar yotib uyquga ketishdi. Demak, kech kiribdi...
«Men necha kundan beri bu yerdaman? Meni buncha xorlashadi? Bu xorlikdan o‘lganim yaxshi emasmi? Yaxshi... Ammo o‘lishning chorasi bormi?» deb o‘yladi Sharif.
Uning fikri qat’iylasha boshladi. O‘limni chaqirdi.
Qani endi o‘lim hazrati oliylari kela qolsa, shoshila qolsa...
O‘lim-ku kelar, ammo qay holda jon beradi? Hayotda omadsiz edi, o‘limda ham shunday bo‘ladi shekilli? Itday xor bo‘lib o‘ladi, murdasini itning o‘ligiday olib chiqib tashlashadi. Ko‘mishadimi yo kuydirisha-dimi?
«Nima qilsa qilar, shu yerdan qutulsam bo‘ldi», deb o‘yladi u.
Hozir Sharif Nasibani, bolalarini o‘ylamas edi. U azoblardan qutulish yo‘linigina axtarardi...
Qadimning alloma shoiri aytganidek:

Kishidinki qaytti jahon ichra baxt,
O‘zi zor bo‘lur, ishi barcha saxt.
Agar qochsa har sori yeldek, qazo
Anga yetkurur javru dardu balo...

Qazo uni quvib yurgan ekan. Quva-quva shu sassiq qamoqxonada bo‘g‘zidan ushladi.
Sharif sal o‘ziga kelgach, o‘rnidan turib gandiraklaganicha burchakdagi davraga yaqinlashdi.
— Nima, yana tortging kelyaptimi? — deb so‘radi mushtlagan yigit.
— Yo‘q, pichoq berib turinglar.
— Nima qilasan?
— Tuflim qisyapti, orqasini kesib qo‘yay.
Mushtlagan yigit uning oyog‘iga qaradi:
— Yap-yangi tufli ekan, yech, senga boshqasini beramiz.
Sharif o‘tirib tuflisini yechib berdi. Yigit uzatgan tuflini kiyib:
— Bu ham siqyapti, pichoq berib turing, — dedi.
Mushtlagan yigit u tomonga chirt etib tupurdi-da, ko‘krak cho‘ntagidan buklama pichoqcha chiqarib uzatdi. Sharifga go‘yo u najot qayig‘ini uzatgandek bo‘ldi. Sharif joyiga qaytib o‘tirdi. Nimalarnidir o‘ylaganday bo‘ldi. Aslida o‘ylamadi. O‘ylay olmas ham edi. Ham xumor azobi, ham isitma uning miyasini shol qilgan edi.
U o‘tira-o‘tira oxiri avval o‘ng, so‘ng so‘l bilak tomirlarini kesib tashladi.
Shundan so‘ng azob chekinib, huzurlandi.
Shu paytgacha bu qadar huzur ko‘rmagan edi...

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:01:13

XX  b o b

1

Toshbaqa jayronni quvib yetib g‘ajib tashlashi mumkin bo‘lmaganidek, Zaynabning o‘z orzulariga yetmog‘i mumkin emasdi. Ruhidagi Kumushbibini osib, otasi-ning yo‘lini tanlagan kezda, dastlabki qasosning achchiq mevasini tatib, ko‘ngillari ezilganda, ja’miki erkak zotidan nafratlanib yurgan paytlarda Jamshidning tirik ekanini, uyiga qaytganini eshitdi. Eshitdi-yu, osib o‘ldirilgan ruhi tirila boshladi.
Bu xabarni Haydar amakisidan eshitgani uchun darrov ishondi. Kesakpolvon bu xabarni Zaynabga bekor yetkazmadi. Asadbekning «Jamshid mendan nari yursin», degani bir jihatdan ma’qul bo‘ldi. Buni o‘zicha Chuvrindi qanotining qayrilishi deb angladi. Jamshidni o‘z tomoniga og‘dirish rejasini tuza boshladi. U hojasining o‘shandagi g‘azabini uyg‘otgan sababni o‘zicha taxmin etardi. Yangilikni eshitgandagi Zaynabning holatini kuzatib, to‘g‘ri yo‘l tanlaganiga ishonch hosil qildi. U Zaynabga valine’mat bo‘lganiga to‘la ishonardi. Demak, uning muhabbati orqali Jamshidga ta’sir etish mumkin, deb hisobladi.
Chindan ham Zaynabning Jamshidga muhabbati o‘lmagan edi. Jamshidni har eslagan zamonda ruhi hayqirar edi. Endi bu hayqiriq uning qasamlari to‘g‘onini buzdi. Erkak zotiga bo‘lgan nafrati ham istisno tariqasida susaydi. Uning nazarida Jamshid dushmanlarni yengib, suyuklisi bag‘riga qaytgan Otabek timsolida gavdalandi. Faqat... Otabek suyuklisi uchun kurashgan edi. Xomidlarni o‘ldirgan edi. Zaynabning Otabegi esa bir odamning qahridan cho‘chib, jon shirinlik qilib qochvordi...
Xayoliga shu fikrlar kelib, o‘ylandi:
«Hozirgi vaqtda bormi Otabeklar?..»
Zaynab Kumush bo‘la olmadi, ammo Tuproqbibi bo‘lgani rost, tuproqdan-da battar bo‘lgani rost. Otabegi esa... «Nahot ko‘nglida zarracha muhabbat bo‘lmasa...  Nahot qalbida muhabbati yo‘q insonning bu dunyoda yashamog‘i mumkin bo‘lsa?..» — Zaynab yecholmayotgan jumboqlar bular.
Kumushning Otabegi bir go‘zal maktub bitgan edi. Zaynab bu maktubni yod olgan, xayolida Jamshiddan shunga o‘xshash maktublar olib turar edi.
Zaynab Jamshidning tirikligidan bir quvonib, yo‘qlamagani uchun bir ranjib, turli fikrlar o‘tida qovrilib bo‘lgach, sog‘inchdan entikkan yurak yana o‘sha maktubni qo‘msadi-yu, «O‘tgan kunlar»dagi satrlarni o‘ziga mosladi.
«...Suratini ko‘z o‘ngidan ketkiza olmagan, Otabekning (ya’ni Jamshidning) yuzini ko‘rolmay, so‘zini eshita olmasa ham yozg‘an xatini o‘qub eshitish Kumush (ya’ni Zaynab) uchun katta qiymatga molik edi. Otasi (xatni otasi emas, Haydar amakisi berar) yo‘lakdan kirishi bilan latif ko‘kragi kuchlik tin olish ila ko‘tarilib tashlandi-da, go‘yo Otabek (ya’ni Jamshid) bilan uchrashaturg‘ondek yuragi o‘ynamoqg‘a boshladi...»

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:01:27

Haydar amakisidan xatni olgach, u ham Kumushbibi singari uyalib-netib turmaydi. «...qizarg‘an, qizargan emas, ich-ichiga botgan shahlo ko‘zlari, yosh bilan sing‘an jingala kipriklari, chimirilg‘an to‘sdek qora qoshlari uni allaqanday bir holga» qo‘yadi. «Qoshi ustiga to‘zg‘ib tushgan sochlarini» tuzatmayoq xatni o‘qiydi.
Kumushning Otabegi «oy yuzli rafiqam, qunduz qoshli ma’shuqam Kumushxonimga!» deb boshlagan edi. Jamshid akasi soddagina qilib: «Salom, Zaynab!» deb boshlasa ham mayliga.
Kumushning Otabegi:
«Shayton ustasi bo‘lgan Xomidning manim otimdan sizga yozg‘an taloq xatisi ila menga qarshi yonib ketgan yurakingizning nafrat o‘ti ehtimol endi o‘cha tushkandir. Soxta taloq xatini olg‘an so‘ngingizda menga xitob qilib yozg‘an fikrlaringizdan ehtimol endi qaytayozg‘andirsiz... Bu xatni yozar ekan, muhabbatingiz bilan to‘luq bo‘lg‘an yuragim mudhish bir haqiqat ehtimolidan yafroq kabi titrar va o‘zining to‘lib-toshqan hasratlarini, faryodlarini ifodasidan adashar edi...»
«...Menim uchun ko‘yingizda va oyog‘ingiz uchida jon berish juda shirin edi va ko‘bdan beri g‘oyam edi. Shuning uchun yaqinrog‘ingizda o‘lmak uchun, o‘lar ekanman, so‘ng daqiqamda yana bir martaba bo‘yingizni olib o‘lish uchun dushman tomonidan uyingizga ochilgan tuynukchaga kirdim. Kirdim-da, sizning bo‘yingizni oldim, hafif tin olg‘andag‘i latif uxlag‘an tovshingizni eshitdim...»
«...Ba’zi ehtimollarga qarshi siz bilan ko‘rishmak menga muyassar bo‘lmadi. Umrimda birinchi martaba ko‘ngil orzusig‘a qarshi bordim. Chunki manimcha oradag‘i qora tikon supirilgan edi. Mundan so‘ng hamisha meniki edingiz. Men Toshkandda yurarman, ammo ko‘zim o‘ngida sizning haykalingiz! Ajabo, busiz menga mumkinmi?»
Zaynabning xayolidagi Otabegi shu xilda yoza bilarmi edi? Chiroyli so‘zlar topolmasa-da, xunuk dag‘al so‘zlar ila yozsa-da, mayli edi. Nima deb yozsin? «Otang meni o‘limga hukm etdi», desinmi? Otasini «dushmanim» atasinmi? Taloq xati-chi? Taloq xati bermoq uchun nikoh lozim. Nikoh esa... yo‘q. O‘rtada faqatgina Zaynabning arosat muhabbati bor. Kumushning Otabegi uchun ma’shuqasining oyog‘i uchida jon berish shirin edi. Uniki esa... Akalari «qoch!» deb edi, qochdi...
«Mundan so‘ng hamisha maniki edingiz...»
Qani endi shunday desa. Oddiygina qilib, bir buyumga nisbatan aytganday «Sen — menikisan!» desa ham mayli.
Yo‘q... yozmadi, yozmaydi ham.
Otabeklar bormi o‘zi dunyoda?..
Osmonda uchg‘uvchi qushlarning barchasi burgut bo‘la olarmi ekan?
Osmonda burgutlar bormi ekan?..
Bularni ko‘p o‘yladi. Oxiri «xat yozmasalar ham mayli, bir kelib-ketsalar-chi, hech bo‘lmasa uzoqdan ko‘ray» deb umid qildi. Bechora juvon Jamshid uchun bu ko‘chadan o‘tish ta’qiq etilganini qaerdan bilsin?
Xat olish umidi sarob ekaniga o‘zini ishontirgach, tunning halovatsiz og‘ushida suygani bilan ko‘rishmoq onlarini xayolida jonlantirdi...
«—Zaynab, men seni sog‘inib keldim... Esingdami, oxirgi uchrashuvimizda «Mening o‘rnimda hayvon bo‘lganida xo‘rlanishiga chidolmay, hech bo‘lmasa o‘kirardi. Egasining rahmi kelardi. Egasi xo‘rlatib qo‘ymas edi», deganding. Sen ko‘p xo‘rlanding, bunga men aybdorman. Meni kechir, men sen uchun o‘ch olaman! — deydi.
— Qanday o‘ch olasiz?
— Avval otarchini o‘ldiraman, bilaman, seni u zo‘rlagan.
— U mening erim. O‘ch olishingizga yo‘l bermayman.
— Men seni undan tortib olaman.
— Yo‘q... Endi kechikdingiz. «Sen singlimsan», degan edingiz. Siz... akam bo‘ling...»
Shunday deydi...
Ammo xayolidagi bu gaplar ham amalga oshmaydi. Jamshidni yana ancha vaqt ko‘rmaydi. Faqat... Janozada uzoqdan bir ko‘radi. Ko‘radi-yu, ammo yuragi «jiz» etmaydi. Ruhidagi Kumushbibini osgan Asadbekning qizi bu paytga kelib qalbini muhabbatdan tozalashga erishgan edi.

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:02:04

2

Muhiddin ota ketayotgan chog‘ida Kesakpolvon bilan suhbatlashib turgan Jalilni chetga tortib «Ogoh bo‘lib turing. Hozircha shifoga umid bor. Ammo bir sabab bo‘lib, yana orqaga siljib ketish ehtimoli mavjud ekan», deb shipshigan edi. Kesakpolvon «Oqsoqol nima dedi?» deb so‘rayvergach, Jalil aytdi. Har holda Asadbekning davolatish ishida ular hamfikr edilar. Shu sababli ham Jalil uning bu haqiqatdan ogoh bo‘lishi foydadan holi emas, deb o‘yladi.
Bu xabar chindan ham Kesakpolvon qalbining mog‘or bosgan qismida payt poylayotgan niyati uchun foydali edi. Kesakpolvon «Baribir o‘ladi, shekilli», deb taxt sari yo‘ldagi g‘ovlarni surish harakatini tezlashtirdi.
Qadimda mushriklar sanamlarning haykallarini yasab olib sig‘inishar ekan. Ularning aqidasiga ko‘ra, bu sanam — Xudoning qizi. Ular ana shu sanamga sig‘inish bilan uning otasiga — Xudoga yaqinlashmoqni niyat qilar ekan.
Kesakpolvon rejalarining biridan ana o‘sha mushriklarning hidi kelib turardi. Taxtni egallash yo‘lidagi muhim masalalardan biri — Zaynab bilan yaqinlashuv edi. Garchi Mardona voqeasida Zaynabning otasi yo‘liga yaqinlashuvi hali uzoq ekanini anglagan bo‘lsa-da, fikridan voz kechmadi. Bil’aks, u bilan ko‘proq uchrashadigan bo‘ldi. O‘z xayolida Zaynabni qayta tarbiyalay boshladi.
Ana shu kunlarning birida Xumkalla unga g‘alati xabar yetkazdi. Halimjon degan yigit u bilan suhbatlasha turib, gapni aylantira-aylantira «Hosilboyvachcha qaerga ko‘mildi?» deb so‘rabdi.
Bu xabar Kesakpolvon uchun kutilmagan yutuq edi. Hosilboyvachchaning qaerga ko‘milgani bilan hatto Asadbek ham qiziqmadi. Murdaning qaerga ko‘milganini Chuvrindi ham bilmaydi. G‘ilay unga aytmagan bo‘lish kerak.
«Halimjon deganiga bu nima uchun kerak?» — deb o‘yladi Kesakpolvon. «Bunga faqat Xongirey yoki o‘rganning odami qiziqishi mumkin. Halimjon kim o‘zi? Uni Mahmud topgan. Mahmud... Chuvrindi ukaginam... Seni siylasam, chorig‘ing bilan to‘rga chiqyapsanmi?.. Shunaqa qilaversang, bitta chorig‘ing bilan qoldiraman, bola. Bek akang seni «aqlli» deydi. Ishqilib aqling seni go‘rga yetaklamasin-da... Men ham seni yaxshi ko‘raman. Senga ko‘p xizmatim singgan. Lekin oyog‘im orasida o‘ralashaversang, xalaqit bersang, Bek Jamshidni ayamagandek, man ham senga rahm etmayman!»
Kesakpolvon bir necha fursat o‘z xayoliga bandi bo‘lgach, javobga, aniqrog‘i maqtovga ilhaq Xumkallaga qaradi:
— Qaerga ko‘milganini so‘radimi?
— So‘radi.
— Aytdingmi?
— Bilmayman-ku?
«Ha, bu bilmaydi», deb o‘yladi Kesakpolvon. So‘ng so‘radi:
— Bilsang aytarmiding?
— E, men jinnimanmi? Bunaqa gaplarning birovga aytilmasligini bilaman men.
— Gap bunday: sen Hosilboyvachchaning qaysi qabristonga ko‘milganini bilasan, — Kesakpolvon shunday deb qabriston nomini aytdi. — Ko‘mishga G‘ilay birga borgan. Sen o‘shandan eshitgansan. Shu gapni qanaqasiga bo‘lsa ham unga aytasan. Keyin besh-olti yigit shu qabristonni poylaydi. Qani bilaylik-chi, murda nima uchun kerak bo‘lib qoldi ekan?
— Qoyillatamiz! — deb tantanali va’da bergan Xumkalla chindan ham bu gapni ishonarli qilib yetkazdi. Go‘yoki Asadbek Hosilboyvachchaning bu qabristonga ko‘milganini bilib, «Boshqa mozorga qo‘yish kerak edi», deb so‘kkan emish.
Halimjon bu xabarni kutilmagan muvaffaqiyat deb bilib, kerakli joyga yetkazdi.
Bu uning jiddiy xatosi bo‘ldi.

Qayd etilgan