Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282884 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 45 46 47 48 49 50 51 52 B


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:02:21

3

Halimjondan bu xabarni olgan Said Qodirov bir ishonib, bir ishonqiramay o‘ylandi. O‘ylay-o‘ylay Zohidni chaqirdi.
— Bir-birlariga urush e’lon qilmay turib, o‘zaro urushni boshlab yuborganlari rost chiqyapti, — dedi u. So‘ng Chuvrindining Moskvaga borib kelgani, Jamshidning paydo bo‘lgani haqidagi kutilmagan yangilikni aytdi. — Bu yerda g‘alati o‘yinlar bor, iplarni rosa chigallashtirishgan. Chigalni yechishni boshlashimiz kerak.
Bu Zohidning ko‘nglidagi gap bo‘ldi. Ammo endi chigalni yechish oson emasligini u bilib turardi. Ayniqsa Jamshidning paydo bo‘lishi muammosi ajab hol edi.
— Sunnatullaevni kuzating. Hamonki, u o‘lmagan ekanmi, demak ikki cho‘ntaklarida to‘la bahona bor. Meni bir narsa xavotirga solyapti. Bizning odam dastlab Hosilboyvachcha qaerda ko‘milgani bilan qiziqqanda ularning odami aytmagan. Holbuki, u ham o‘sha kuni Asadbekning eski hovlisiga yaqin joyda poyloqchilikda bo‘lgan. U qabristonni uch kundan keyin aytgan. Eng muhimi — gapni o‘zi boshlagan.
— Bizni chalg‘itmoqchi bo‘lgan, demoqchimisiz?
— Chalg‘itishi bir masala. Ikkinchi masala — bizning odamga qarmoq tashlashgan. Undan shubhalanishgan bo‘lsa-chi? Biz o‘sha qabristonni bossak, shubhalari tasdiqlanadi. Ana unda odamimizni ayab o‘tirishmaydi.
— Bu turgan gap. Ponani pona bilan chiqaradi, degan gap bor. Agar ular bizni chalg‘itmoqchi bo‘lsa, biz ham shunday qilaylik.
— Masalan, qanday?
— Masalanmi... Boshqa bir-ikki qabristonni surishtirgan bo‘lamiz-u, ular aytganga yaqinlashmaymiz.
— Butunlay borilmasa ham shubhali. Uch-to‘rt qabristondan so‘ng u yerga ham o‘tish kerak. Hozir qo‘lingizda qanday ish bor?
Zohid Botirovning oxirlab qolayozgan «Ish»i haqida qisqacha ma’lumot berdi.
— Qabristonlar bilan o‘zingiz shug‘ullaning. Go‘rkovlarda gap ko‘p.
Bu tashrifdan so‘ng Zohidning ko‘ngli yorishdi. Ko‘chaga chiqqanda osmon o‘yini avjda edi. Bevosh bulutlar choki so‘kildi-yu, Zohidning ko‘ngliga hamohang ravishda quyosh bir charaqladi...

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:02:44

4

Omadli odamning xo‘rozi ham tuxum qiladi, deydilar. Keyingi kunlarda Kesakpolvon o‘zini ana shunday omadli his eta boshladi. Ular aytgan qabriston emas, boshqalarining tekshirilishi, go‘rkovlarning so‘roq qilinishi Halimjonga bo‘lgan gumon olovini zarracha bo‘lsa ham pasaytirmadi. Xizmatga kelgan dastlabki kunlarida bo‘yin egmagan bu yigitni Kesakpolvon uncha yoqtirmas edi. Endigi qiziqishi tufayli uni qarmoqqa ilintirib, shu bilan Chuvrindi yuziga tarsaki urmoqchi, Asadbekni undan sovutmoqchi edi.
Ana shu tashvishlar bilan yurganida unga yana omad kulib boqdi: uyiga Mamatbey kirib keldi.
Kesakpolvon maishatni barvaqt yakunlab, uyiga tungi soat ikkilarda qaytgan edi. Mamatbey o‘n besh daqiqadan so‘ng darvoza qo‘ng‘irog‘ini chaldi.
Kesakpolvon Asadbekka taqlidan boloxona qurdirgan, unda ikki yigit galma-galdan poyloqchilik qilishardi.
— Xo‘jayiningni chaqir, — dedi Mamatbey poyloqchiga.
— Siz kim bo‘lasiz?
— Xongireyman, Maskovdan keldim.
Kiyimini almashtirayotgan Kesakpolvon yigitning gapini eshitib, «kallang bormi?» deb so‘kindi. Shubhasizki, u Xongireyning kelganiga ishonmadi. Ammo «Xongireyman», degan ahmoq kim ekan?» degan qiziqish bilan yelkasiga to‘n tashlab, darvozaxonaga chiqdi. Mamatbeyni ko‘rishi bilan tanidi.
— Salom, qardoshim, Xongireydan senga ulug‘ salomlar, — dedi Mamatbey u bilan ko‘risha turib.
— Salomat bo‘lsinlar, — Kesakpolvon shunday deb, uni uyga taklif qildi.
— O‘zbeklarga qoyilman, — dedi Mamatbey, mehmonxonaga kirishi bilan, — dasturxoni doimo shay turadi.
Mamatbey izzattalab insonlardan emas edi. Kesakpolvon «Oling» deb taklif qilishi bilan dasturxondagi noz-ne’matlardan betartib ravishda iste’mol qila ketdi.
... Bu xonadonga u o‘z xohishi bilan kelmadi. Xongirey chindan ham Kesakpolvonga salom aytgan edi.
Chuvrindi yurtiga qaytgach, Xongirey bir rejani obdon pishirish uchun bir-ikki kun o‘ylandi. So‘ng Mamatbeyni chaqirdi.
— O‘zbeklarni nima qilsam ekan? — deb so‘rab, unga sinovchan tikildi.
— Ular o‘yin qoidasini buzishdi. Maydondan chiqarib tashlash kerak, — dedi Mamatbey dangaliga.
— Men ularni to‘satdan chiqarib tashlay olmayman.
— Nega?
— O‘zbeklarga qo‘l ko‘tarishga haqqim yo‘q. Ular din qardoshlar, bu bir. Ikkilamchi, ular ustozimga non berishgan. Agar ularga qo‘l ko‘tarsam Zeli og‘amning ruhi chirqiraydi.
— Ularni jazosiz qoldirmoqchimisiz?
— Hosilni Asad o‘ldirgan. Unga tegmasam ham erta-indin o‘zi o‘ladi. Ikkita laychasini nima qilamiz?
— Ochig‘i... bilmayman, — dedi Mamatbey. U oson yo‘lini aytgan edi, hojasi unamadi. Mamatbey uning yashirin niyati borligini payqab, javobdan bo‘yin tovladi.
— Bizga ularning bittasi kerak. Qaysi biri?
— Zo‘rrog‘i-da, — dedi Mamatbey.

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:03:03

— Qaysi biri zo‘r?
— Bilmayman.
— Shuni aniqlaysan. U ham zo‘r bo‘lsin, ham bizga itoat etsin — Hosilning o‘rnini bossin. O‘yla!
Mamatbey bosh egib, o‘ylangan bo‘ldi. Keyin yelka qisib «Amr hojamdandir», degan ma’noda qaradi.
— Men Mahmudbeyga Asadning o‘rniga sen bo‘lasan, dedim. U bir oz noz qildi. Lekin men bunaqa nozlarga ishonmayman. Hali taxtdan voz kechadigan ahmoq dunyoga kelmagan. Yuragiga cho‘g‘ solganman. Ikkinchi cho‘g‘ni sen Gaydarga solasan. Ana endi ikkisi olishsin. Aqllisi, zo‘ri qoladi. Bizga o‘shanisi kerak.
...Yarim kechada Kesakpolvon uyiga kelgan Mamatbeyning asosiy vazifasi shu — bo‘lajak taxt egasi qalbiga cho‘g‘ solish edi. Aslida bunda cho‘g‘ emas, to‘g‘rirog‘i, olov mavjud edi. Mamatbey endi bu olovga moy sepib alanga oldirmog‘i darkor.
— Mahmudbey Maskovdan qanday gap olib keldi?— Mamatbey shu savolni berib, ayyorona kulimsiradi.
— U Xongireyning sovg‘asini olib keldi, — dedi Kesakpolvon, gapni qisqa qilib.
— Asadbeyning sog‘lig‘i qalay?
— Yaxshi, — Kesakpolvon shunday deb ajablandi.
— Bu kasal yomon... oxiri olib ketadi...
— Nima deyapsiz?
— Rakning davosi yo‘q.
— Rak deb kim aytdi sizga?
— Kim aytishi mumkin? Ha, yana bir savol: Asadbey nima sababdan Hosilbeyni otdi, bilmaysanmi?
— Asadbek otmadi.
— Senga yolg‘on gapirish yarashmaydi. Asadbeyning o‘rniga o‘tiradigan odam haqgo‘y bo‘lishi kerak.
— Haqgo‘y deng... Bitta donishmand aytgan ekan: «Agar ro‘parangdan zaharli ilon bilan haqgo‘y chiqib qolsa, avval haqgo‘yni o‘ldir».
— Biz unday donishmand emasmiz. Biz oddiy odamlarmiz. Haqgo‘ylarni yaxshi ko‘ramiz.
— Haqiqat shuki, o‘sha kuni men boshqa yoqda edim.
— Bilishimizcha, Hosilni sen ko‘mibsan?
— Kim aytdi?
— Kim aytishi mumkin? — deb jilmaydi u. — Umuman savob ish qilgansan. Musulmonni ko‘mib qo‘ygan yaxshi.
— Shu gaplarni... Mahmud aytdimi?
— Aytmaganida... Jamshidbey ikkita kallani ko‘tarib kelgan bo‘lardi. G‘ilay sadoqatliroq ekan, churq etmadi. Senlar o‘rgatgan gapni to‘tiqushday takrorlayverdi.
— Bu gaplarni nima uchun menga aytyapsiz?
— Xongirey Asadbey o‘rnida seni ko‘rmoqchi. Mahmudbeyda shunday harakat borligi bizga ma’lum. Lekin u eplay olmaydi. Asadbeyning eng yaqin odami — sensan. Biz senlarning ishlaringizga aralashmaymiz. O‘zlaring hal qillaring. Men «lalayib o‘tirib, o‘ljani og‘zingdan oldirma!» degani atayin keldim.
Kesakpolvon uning kelishidan maqsadini sezganday bo‘ldi. Shu bois o‘smoqchilab so‘radi:
— Agar yordamingiz kerak bo‘lsa-chi?
— Biz — qardoshlarmiz, — dedi Mamatbey.
Kesakpolvon kelajakda nima bo‘lishi bilan ishi yo‘q, bugun hamnafas topilganidan quvonib, qadahni urishtirib ichdi.


Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:03:58

XXI  b o b

I

Rivoyat qilishlaricha, Muso alayhissalom Bani Isroil qavmi bilan Fir’avn zulmidan qutulmoq niyatida Misrdan chiqib ketayotganlarida yo‘llarini to‘sib turgan dengiz Ollohning qudrati ila ikkiga bo‘linib, barchalari undan eson-omon o‘tib olgan ekanlar. Quvib kelayotgan Fir’avn va uning lashkarlari o‘rtaga kelganlarida dengiz iziga qaytib, qo‘shilib ularni qa’riga yutgan ekan. O‘limi haq ekanini bilgan Fir’avn iymon keltirib «Men musulmonlardandirman — Ollohga bo‘yinsunuvchilardandurman», degan ekan.
Asadbek ham Abdurahmon tabibnikida shu holda edi. Garchi u Fir’avn kabi o‘zini Xudo deb bilmagan bo‘lsa-da, Ollohning birligiga hamisha ishonib kelgan esa-da, iymon chegarasiga ancha kech yaqinlashgan edi. Fir’avn uchun aytilgan «Al ana va qod osoyta qablu va kunta minal mufsidiyn»* oyati karimasini balki Asadbek uchun ham eslamoq joizdir, vallohi a’lam? Bu kabi hukm etmakka bizda (huquq) yo‘qtur. Ammo Rasuli Akram janobimiz Ollohdan rivoyat etgan so‘zda buyurilganki: «Ya bani Adama! Iza vaqaat fil balai zakartani va iza kashaftuhu nasiytani kaannaka maa araftani».*
Asadbek kabilar uchundir, deb fikr qilishimizning boisi shundaki, azon tovshini eshitganda, xususan Abdurahmon tabibnikida ibodatni ixtiyor etgan odam, xastaligi chekina borgani sayin yana asl holiga qayta boshladi. Bu g‘ofil banda shifoga yetishmog‘i bir sinov ekanini, bulutlar orasida ko‘ringan quyosh dillarni bir yayratib, so‘ng yana berkinishini, so‘ng ko‘p o‘tmay tun boshlanayajagini qaydan bilsin?
Abdurahmon tabibnikida «Uyga borgach, har kuni masjidga chiqaman», degan qarorga kelgan Asadbek ahdiga vafo qilmadi, o‘z tashvishlariga berilib ketdi.
Ayniqsa, Xongireyning sovg‘asi uni ko‘p o‘ylamoqqa, tadbir bilan ish yuritmoqqa majbur etdi. Jamshidning ozgina muddat bo‘lsa-da, Xongirey qo‘lida ta’lim olib qaytgani ham unga bir tashvish edi. Shu bois uning izidan odam qo‘ydi, qizini ham kuzatdi. Zaynab ko‘proq ota uyida bo‘lgani sababli uni ortiqcha kuzatishning hojati ham yo‘q edi. Lekin bu kuzatuv boshqa natija berdi: Kesakpolvonning Zaynab atrofida o‘ralashib yurishini Asadbekning o‘zi ham sezdi, yigitlar ham aytishdi. Hamisha buzuqlik botqog‘iga botib yuruvchi Kesakpolvonning Zaynab atrofida ivirsishidan Asadbek boshqa gumonga bordi. Shahar markazidagi uch qavatli imoratning yerto‘lasiga joylashgan idorasida Kesakpolvon bilan yolg‘iz qolganida shu mavzuda gap ochdi:
— Zaynabning atrofida nima uchun o‘ralashib qolding? — dedi Asadbek unga qattiq tikilib.
Kesakpolvon bir kunmas-bir kun shunday savol berilishini kutgani uchun dovdiramadi.
— Men uning amakisiman. O‘z qizimdan a’lo ko‘raman. Bechora ezilib ketdi-ku?
— Sening ishing bo‘lmasin. Ezilib ketgan bo‘lsa, qaraydigan otasi bor.
— Mahmudga ham shunday deysanmi?
— Mahmud men aytgan ishni qiladi.
— Mahmud uni ignaga olib bordi.
— Bekor aytibsan!
— Sen yashirganing bilan devorlarning quloqlari bor. Bizga ham yetib keladi. O‘zing gap ochding, aytay: o‘g‘illaringni olim bo‘lishini istarding — bu o‘zingning ishing. Menda o‘g‘il yo‘q. Qizim yasan-tusandan boshqasini bilmaydi. Lekin Zaynab boshqacha. U sening yo‘lingdan bormoqchi. U senga o‘xshaydi. Aqlli, qo‘rqmas, qasoskor...
— Valdirama! — dedi Asadbek jahl bilan. Keyin bexosdan qizining «Ularni o‘zimga qo‘yib bering» degan ovozini qayta eshitgandek bo‘ldi.
— Endi sen valdiramay eshit: Zaynab o‘ch olmoqchi ekan, men yordam berdim.
— Qanaqa o‘ch?
— U Mardonani o‘ldirdi... o‘z qo‘li bilan.
— Bekor aytibsan! Uni... qaerdan topding?
— U G‘ilayning o‘ynashi edi.
— Hayvon! Sen haddingdan oshyapsan! — deb baqirdi Asadbek.
— Hayvon bo‘lsam ham senga sodiqman. Faqat senga yaxshilik qilishni o‘ylayman.
Yaxshilik qilish... Asadbek farzandlarini bu ishlardan nari bo‘lishlarini istar edi. Nodon a’yoni esa qizini bu yo‘lga kiritib, yana «yaxshilik qildim» deb keriladi... Asadbek qizining odam o‘ldirishi mumkinligini tasavvuriga sig‘dirolmas edi. Hozir ham bir zumgina ko‘zlarini yumib avval to‘pponcha ushlagan, so‘ng pichoq sanchayotgan, so‘ng... bo‘g‘ayotgan Zaynabni ko‘rib ingrab yubordi-da, kuldonni olib, ro‘parasidagi Kesakpolvonga qarab otdi. Og‘ir kuldon yelkasiga tegib, zirillatgan bo‘lishiga qaramay, Kesakpolvon sapchib turib, Asadbekning qo‘llariga yopishdi.
— Asad, o‘zingni tut, jahling chiqmasin!
— Sen... hayvon, maktabdaligingda basharamga tuflagan eding. Endi yuragimga tuflamoqchimisan?

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:08:12

— Unday dema, Asad, men faqat ishimizni o‘yladim.
— He, ishingni!.. — Asadbek bo‘ralab so‘kdi. Kesakpolvonni nari itarib, tepmoqchi edi, kuchi yetmadi. Ilgarigi holi bo‘lganda bu odamchani bulg‘alab tashlagan bo‘lardi. Quvvati yetmagani bois butun qahrini tili orqali sochdi: — Sen kesak polvon eding. Xohlaysanmi, yo‘qmi, shundaysan. Sen odam bo‘lmaysan hech qachon! Yo‘qol, turqingni ko‘rsatma!
Kesakpolvonni avvallari ham Asadbek so‘kib turardi. Lekin bu safargisi oshib tushdi. Avvalgilari Kesakpolvonning o‘ng qulog‘idan kirib chap qulog‘idan chiqardi. Bunisi har ikki qulog‘idan kirib yuragiga qurum kabi o‘tirdi. Asadbekning bu qadar g‘azabga minishi sababini izlab, ko‘z oldiga Chuvrindini keltirdi. Ammo hojasiga sir bermadi. Asadbek uni idorasidan haydab chiqargan bo‘lsa-da, ertasiga nonushta payti hojasinikiga qaymoqxo‘rlikka keldi. Asadbek uni uyidan quvmadi.

_______________
* (Fir’avnga) deyildiki: «Hayotdan umid uzganingda (endi) iymon keltirdingmi? Ilgari Ollohga osiylik qilgan va buzg‘unchilardan bo‘lgan eding?!»
* Ey Odam farzandi, qachon balo va musibatga yo‘liqsang, meni yodga olasan, lekin qachon u baloni sendan ko‘tarsam, meni hech tanimas kishidek esdan chiqarib yuborasan.

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:08:47

2

— Ha, yigitning guli, bormisan bu olamda?
O‘yga tolib o‘tirgan Jamshid Kesakpolvonning ovozini eshitib, yengil seskandi-da, ko‘rishmak uchun o‘rnidan jildi.
Quvg‘indi bo‘lganidan beri taqdir o‘yinlariga ajablanib yurgan Jamshid ovloq ko‘chalarda adashib tentiragan kimsa holiga tushgan edi. Zelixondan o‘zining «fojiali o‘limi», «dafn marosimi»ni eshitganda taajjublangan edi. Voqeaning dahshatini uyida his etdi.
Eng avval o‘gay onasining esi og‘ib qolayozdi. Eriga ovqat yegizayotgan ayol hovlida o‘gay o‘g‘lini ko‘rdi-yu, avval ko‘zlariga ishonmadi. Jamshid uyga kirib, salom bergach, «Voy, voy, xudoyim!» deganicha o‘rnidan qo‘zg‘alolmay qoldi. Tildan, harakatdan qolgan otasi ko‘zlarida esa yosh ko‘rindi. U o‘g‘lining «o‘limidan» bexabar bo‘lsa-da, qalbi bir yovuzlikni sezgan, o‘zini sog‘inib yotgan edi.
Keyin qarindoshlar yo‘qlovi boshlandi. Biri nima gap bo‘lganini batafsil bilishni xohlaydi, biri shunchaki ko‘ngil so‘raydi.
Kesakpolvondan sal oldin kelib ketgan mehmon esa shunchaki so‘ramadi. U bo‘lgan voqealarni ipidan-ignasigacha bilishni istadi. Bu mehmon — Zohid edi.
Zohid so‘roqni uzoqdan — uning birinchi qamalishidan boshlab, gapni «o‘limi»ga olib borib taqadi. Jamshid Chuvrindi bilan pishitgan maslahatiga ko‘ra «noma’lum kishilar mashinasini to‘xtatishganini, urib, behush qilib noma’lum yoqqa olib ketishganini, bir necha oy yerto‘lada saqlashganini» aytdi. Zohid uning uydirmalarini indamay o‘tirib eshitdi. «Bir necha oy yerto‘lada yotganini» eshitib, unga tikildi-da, o‘zicha «Bir necha oy yerto‘lada yotgan odamning rangi bunaqa bo‘lmas», deb o‘yladi. Biroq, gumonini sirtiga chiqarmadi.
— Ular sizni nima uchun urishdi, nima sababdan qamab qo‘yishdi? — deb so‘radi Zohid.
Bu kutilmagan savolga Jamshid qiynalmay javob qaytardi:
— Aniq bilmayman. Yigitchilik... Bir qiz tufayli bo‘lsa kerak.
— Kim u qiz?
— Faqat ismini bilaman. Ko‘chada tanishganman. Uchrashib turardik. Unga hali teginmagan edim.
— Nima uchun aynan shu qiz tufayli deb o‘ylayapsiz?
— Yerto‘lada bir gap bo‘luvdi. «Qizni uzatamiz, agar nomussiz chiqsa — sening o‘lganing» deb shart qo‘yishgan.
— Demak, ular to‘yni kutishgan, shundaymi?
— Shunaqadir.
— Agar qizga sovchi kelmasa, bir-ikki yil yerto‘lada yotarmidingiz?
— Shunaqaga o‘xshaydi.
— Shu qizga o‘zing uylanasan deyishmadimi?
— Bunaqa shart bo‘lmadi.
— Shu aytgan gaplaringizga o‘zingiz ishonasizmi?
— Siz ishonmayapsizmi?
— Xo‘p, ishondim ham deylik. Xo‘sh, unda nima uchun o‘likxonadan murda olib yoqib ketishdi.
— Sababi oddiy: meni qidirishmasin, deyishgan.
— Kim qidiradi?
— Bizda yo‘qolgan odamni kim qidiradi? Milisa-da.
— Sizning bunday yo‘qolganingizni Mahmud akangiz ham bilmasmidilar?
— Hech kim bilmagan.
Zohidning tiliga bir savol keldi-yu, aytishdan oldin o‘ylanib qoldi.

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:09:23

2

— Ha, yigitning guli, bormisan bu olamda?
O‘yga tolib o‘tirgan Jamshid Kesakpolvonning ovozini eshitib, yengil seskandi-da, ko‘rishmak uchun o‘rnidan jildi.
Quvg‘indi bo‘lganidan beri taqdir o‘yinlariga ajablanib yurgan Jamshid ovloq ko‘chalarda adashib tentiragan kimsa holiga tushgan edi. Zelixondan o‘zining «fojiali o‘limi», «dafn marosimi»ni eshitganda taajjublangan edi. Voqeaning dahshatini uyida his etdi.
Eng avval o‘gay onasining esi og‘ib qolayozdi. Eriga ovqat yegizayotgan ayol hovlida o‘gay o‘g‘lini ko‘rdi-yu, avval ko‘zlariga ishonmadi. Jamshid uyga kirib, salom bergach, «Voy, voy, xudoyim!» deganicha o‘rnidan qo‘zg‘alolmay qoldi. Tildan, harakatdan qolgan otasi ko‘zlarida esa yosh ko‘rindi. U o‘g‘lining «o‘limidan» bexabar bo‘lsa-da, qalbi bir yovuzlikni sezgan, o‘zini sog‘inib yotgan edi.
Keyin qarindoshlar yo‘qlovi boshlandi. Biri nima gap bo‘lganini batafsil bilishni xohlaydi, biri shunchaki ko‘ngil so‘raydi.
Kesakpolvondan sal oldin kelib ketgan mehmon esa shunchaki so‘ramadi. U bo‘lgan voqealarni ipidan-ignasigacha bilishni istadi. Bu mehmon — Zohid edi.
Zohid so‘roqni uzoqdan — uning birinchi qamalishidan boshlab, gapni «o‘limi»ga olib borib taqadi. Jamshid Chuvrindi bilan pishitgan maslahatiga ko‘ra «noma’lum kishilar mashinasini to‘xtatishganini, urib, behush qilib noma’lum yoqqa olib ketishganini, bir necha oy yerto‘lada saqlashganini» aytdi. Zohid uning uydirmalarini indamay o‘tirib eshitdi. «Bir necha oy yerto‘lada yotganini» eshitib, unga tikildi-da, o‘zicha «Bir necha oy yerto‘lada yotgan odamning rangi bunaqa bo‘lmas», deb o‘yladi. Biroq, gumonini sirtiga chiqarmadi.
— Ular sizni nima uchun urishdi, nima sababdan qamab qo‘yishdi? — deb so‘radi Zohid.
Bu kutilmagan savolga Jamshid qiynalmay javob qaytardi:
— Aniq bilmayman. Yigitchilik... Bir qiz tufayli bo‘lsa kerak.
— Kim u qiz?
— Faqat ismini bilaman. Ko‘chada tanishganman. Uchrashib turardik. Unga hali teginmagan edim.
— Nima uchun aynan shu qiz tufayli deb o‘ylayapsiz?
— Yerto‘lada bir gap bo‘luvdi. «Qizni uzatamiz, agar nomussiz chiqsa — sening o‘lganing» deb shart qo‘yishgan.
— Demak, ular to‘yni kutishgan, shundaymi?
— Shunaqadir.
— Agar qizga sovchi kelmasa, bir-ikki yil yerto‘lada yotarmidingiz?
— Shunaqaga o‘xshaydi.
— Shu qizga o‘zing uylanasan deyishmadimi?
— Bunaqa shart bo‘lmadi.
— Shu aytgan gaplaringizga o‘zingiz ishonasizmi?
— Siz ishonmayapsizmi?
— Xo‘p, ishondim ham deylik. Xo‘sh, unda nima uchun o‘likxonadan murda olib yoqib ketishdi.
— Sababi oddiy: meni qidirishmasin, deyishgan.
— Kim qidiradi?
— Bizda yo‘qolgan odamni kim qidiradi? Milisa-da.
— Sizning bunday yo‘qolganingizni Mahmud akangiz ham bilmasmidilar?
— Hech kim bilmagan.
Zohidning tiliga bir savol keldi-yu, aytishdan oldin o‘ylanib qoldi.

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:09:34

«Siz Mahmud akangiz bilan bir samolyotda kelibsiz, siz qamalgan yerto‘la Moskva tomonlarda edimi?» — deb so‘rashning ayni payti edi. Lekin bu xabarni Said Qodirovga yetkazgan odam shubha ostiga tushib qolishini hisobga olib, savolni keyingi uchrashuvlar uchun asrab qo‘ydi.
Zohid sukutga berilgani holda Jamshiddan ko‘z uzmas edi. Sezgirlikda ancha-muncha odamga dars bera oluvchi Jamshid esa bu qarash zamirida ko‘p gaplar yashirinib yotganini fahm etardi. Shuning asnosida to‘qigan uydirmalari puch ekanini ham his etib, o‘zidan o‘zi norizo bo‘lardi.
Zohidning sukuti uzoq cho‘zilmadi.
— Siz televizor ko‘rib turasizmi? — dedi u.
— Ha, unda-bunda... — dedi Jamshid savoldan maqsadni uqmay.
— Bir e’lon berishyapti. «Xayrli tun, kichkintoylar», degan ko‘rsatuvlari bor. Shu ko‘rsatuvni olib borish uchun yaxshi ertakchi odam kerak ekan. Bir xabarlashing. Shu ish aynan siz uchun, — Zohid shunday deb zaharli jilmaydi-da, xayrlashish uchun qo‘l uzata turib qo‘shimcha qildi: — Ertaklaringizning muxlisiman. Yana uchrashamiz. Yangilaridan eshitaman, degan umidim bor.
Hamisha dangal gaplashishga o‘rgangan, so‘z kelmagan taqdirda musht tilida gaplashgan Jamshid bu kinoyani hazm qila olmadi. Bunday uchrashuv hali ko‘p bo‘lishini anglab, g‘ijindi. Murdani osib yoqib yuborgan akaxonlarining katta xatoga yo‘l qo‘yganlariga unda shubha yo‘q edi. Ularning olamida katta xatolar qon evaziga tuzatilguvchi edi. Bu xato kimning qoni evaziga tuzatiladi?
Jamshid shu savolga javob izlab o‘tirgan damda tanish ovozni eshitdi:
— Ha, yigitning guli, bormisan bu olamda?
Jamshid Kesakpolvonni Asadbek huzurida ko‘rgandan beri uchrashmagan edi. Uning uyga kirib kelishidan ajablangan holda salomlashdi. Kesakpolvon batartib xonaga ko‘z tashlab olgach, divanga o‘tirdi.
— Haydar degan akaxonim bor edi, deb bir yo‘qlab ham qo‘ymaysan-a? — dedi u gina ohangida.
— Bizdan nariroq yursin, degan gapni eshituvdim,— dedi Jamshid xuddi shu ohangda.
— Bu Bek akangning gapi. Sen undan xafa bo‘lma. Hozir kasal, yuragiga hech narsa sig‘mayapti.
— Bek akamdan xafa bo‘lgan kunim — o‘lgan kunim.
— Bu gapni yaxshi aytding. Asadday odam bu dunyoda boshqa yo‘q. Sen o‘zimizning odamsan. Shuning uchun seni o‘limdan olib qoldim. — Kesakpolvon «o‘limdan olib qoldim» degan gapga alohida urg‘u berib, «tirikliging uchun Mahmud akangga emas, menga qulluq qil», deb shama qildi. — Hozir ishlarimiz biroz notinchligini bilarsan? Har holda Krasnoyarlarda bekor yurmagandirsan?
— Kozlovni qidirdik.
— Buni bilaman. Sen Xongireyning qo‘liga qanday tushib qolding?
Jamshid bu tafsilotni yashirmay, barchasini aytib berdi.
— Xongirey bilan hech gaplashdingmi?
— Yo‘q.
— Senga ular qanday topshiriq berishdi?
— Hech qanday. Yurtingga jo‘na, deyishdi, vassalom.
— Kuzatib yur, biron gap bo‘lsa yetkazasan, deyishmadimi?
— Men gap yetkazadigan xotinchalish emasman.
— Erkaksan, erkak! — Kesakpolvon unga bir oz tikildi-da, so‘ng gapini davom ettirdi. — Maskovdan Mahmud akang bilan otamlashib kelibsan-da, a? Mahmud akang senga qanaqa topshiriq beryapti?
— Hozircha uyda o‘tir, deganlar.
— Sen uyda tuxum bosib o‘tirishni xohlamasding, shekilli?
— Ish bo‘lsa, ayting, qilay?
— Bir ish bor. Lekin buni ikkalamiz bilamiz. Bek akang ham, Mahmud akang ham sezmasligi kerak. Shu shartga ko‘nsang, aytay.

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:09:51

— Siz... ulardan yashirincha ish yuritmoqchimisiz?
— Aqling o‘tmaslashib qolibdi, bola. Xayolingga darrov buzuq fikr keldimi? Men sheriklarimga qarshi ish qiladigan nomardmanmi?
— Unday deganim yo‘q.
— He, seni ustozingni... — Kesakpolvon ikki og‘iz «shirin so‘zlar»dan so‘ng muddaosiga yaqinlashdi.— Bir odamda shubha bor. Shuni kuzatish kerak. Xitlarning xizmatini qilayotganini sezgan zahoting yo‘qotasan.
— Kim?
— Sen avval shartimga roziligingni ayt.
— Roziman.
— Halim degan bola. U sening o‘rningni bosmoqchi edi. Bek akangga, Mahmud akangga ham yaqin. Burni uzunga o‘xshaydi. Bir nimalarning hidini olib yuribdi. Sen aziyat chekkan bolasan. U bilan oshna bo‘lib olib, bir-ikki ming‘irlab hasrat qil. Xullas, ilon bo‘lib qo‘yniga kirib ol. Chaq, deyishim bilan chaqib o‘ldirasan.
Kesakpolvon bir o‘q bilan ikki quyonni urmoqchi edi. Avvalo Jamshid topshiriqni bajarsa, Halimjonni yo‘q qilishi mumkin. Lalaysa, eplay olmasa, Halimjon uni gumdon qiladi. Har ikki holatda ham yutuq Kesakpolvonda bo‘ladi.
U o‘ylab topgan tadbiridan benihoya shod edi.
3

A’yoni bilan bo‘lgan mojaro Asadbekning dilini xufton qildi. U o‘zining xastaligi a’yonlari orasiga rahna solishi mumkinligini taxmin qilib yurardi. To‘rt-besh yil ilgari eshitgan bir latifani takrorlab turishni yaxshi ko‘rardi. Tabibdan qaytganidan beri Kesakpolvonning Chuvrindiga nisbatan aytayotgan gaplari uni ancha sergak torttirdi. Ikkovini yoniga olib: «Men hali tirikman. Hozirdan bir-biringni g‘ajishni boshlamalaring», demoqchi ham bo‘ldi. Keyin «balki men adashayotgandirman», deb o‘ylab fikridan qaytdi. Faqat bir latifa aytib berdi.
Bu achchiq haqiqatdan iborat latifani sharhlab o‘tirmadi. «O‘zlari tushunib, xulosa chiqarib olishar», deb o‘ylab, nodonlik qildi. U adashdi: zulm mevasidan bahramand odamlarni latifa aytib tarbiya qilmoq mutlaq mumkin emasdir. Tashnalikni suv qondirishi qanchalik haqiqat bo‘lsa, Kesakpolvonga bu gaplarning ta’sir etmasligi ham shunchalik haqiqat edi. Xongireyning suhbatidan so‘ng o‘zini ahyon-ahyonda bo‘lsa-da «taxt» ustida ko‘ra boshlagan Chuvrindiga ham endi bunday gaplar ta’sir etmas edi.
Asadbekning g‘azab otiga minishi faqat Zaynab tufayli emas edi. U a’yonlarining taxt talasha boshlaganiga ishonib borayotgan edi. Xongirey bilan munosabat buzilganda bularning xurmacha qiliqlari oshiqcha edi. Garchi Xongirey u bilan telefonda so‘zlashgan bo‘lsa-da, Asadbek uning yuborgan «sovg‘a»sidan shum niyatini angladi. Hosilboyvachchani o‘ldirib, xatoga yo‘l qo‘yganini ham fahm etdi. Vaziyat keskinlashgan damda Kesakpolvonning Zaynabni bu olamga tortishi unga mudhish hol bo‘lib tuyuldi.
Kesakpolvonni haydab chiqargandan so‘ng Zaynabni tezlik bilan Olmoniyaga jo‘natmog‘i lozimligini angladi.
Shu fikrda uyga qaytganida, hovli o‘rtasida turib olib Zaynabga aql o‘rgatayotgan Jalilni ko‘rdi. Jalil darvozaga orqa qilib turgani uchun Asadbekning kelayotganini sezmay va’zini davom ettirdi:
— Shunaqa, qizim, ota o‘tirgan uyning tomiga chiqib bo‘lmaydi...
Zaynab otasiga salom bergach, Jalil orqasiga o‘girildi.
— Endi ketmoqchi bo‘lib turuvdim, ahvoling qalay?— dedi oshnasi bilan so‘rashib.
— Yaxshi, — dedi Asadbek tumtaygan holda.
Oshnasining kayfiyati buzuq ekanini sezgan Jalil, uyiga qaytish fikridan voz kechib, unga ergashdi.
Asadbek ichkari kirdi-yu, lo‘labolishni qo‘ltig‘iga olib, yonboshladi.
— Ha, mazang qochdimi? — deb so‘radi Jalil, uning ro‘parasidan joy olib.
— Birpas jim o‘tir.
— Gapim yoqmayotgan bo‘lsa, keta qolay!
— Birpas jim o‘tir, deyapman!
Jalil «xo‘p» deb tiz cho‘kkanicha, itoatkor talaba singari indamay o‘tirdi.
Xonadagi sukunat to Zaynab choy olib kirgunicha cho‘zildi.
— Ada, ovqat olib kelaveraymi, oldin doringizni ichib olasizmi?
— Ha, albatta, oldin dorini ichadi, — deb Asadbek o‘rniga javob berdi Jalil.
Asadbek dorini ichdi-yu, ammo ovqatga qaramadi. Ilon kukuni solingan qaynatma sho‘rvani xo‘rillatib ichib olgan Jalilni ter bosdi.
— Bo‘ldi, endi ja oshirvording. Seni tumtayishingni ko‘rgan odam, bu kuyovto‘raning xotini qari chiqibdi, deb o‘ylaydi. Ovqatingni ich.
— Ovqat o‘tmaydi.
— Bo‘lmasa, yorila qol: nima bo‘ldi?
Jalilning gapida jon bor: yorilmasa, dardini aytmasa bo‘lmaydi.
— Jalil... — shunday deb tin oldi. — Jalil... men og‘irlashganimda... Hech nimani sezmadingmi?
— Nimani?
— Haydar bilan Mahmud o‘rtasida gap o‘tmadimi?
— Ha, bumi... — Jalil uning maqsadini angladi. — Endi, og‘ayni, o‘zing gap ochding, aytay: mol achchig‘i — jon achchig‘i, degan maqol bor. Podsho kasal bo‘lsa, merosxo‘rlar payt poylashadi.
— O‘limimni kutishyaptimi? Shunaqa demoqchimisan?
— Men ularning ichidagi maqsadlarini bilmayman.
— Haydar Mahmudni tinch qo‘ymaydi, deb cho‘chiyapman.
Cho‘chiyapman... Hech narsadan qo‘rqmaydigan Asadbekning cho‘chishi qiziq... «Cho‘chiyotgan bo‘lsa, yuragi bir narsani sezgan», deb o‘yladi Jalil.
— Haydaringning qo‘lidan har balo keladi. Senga necha marta «Shu pakanangning turqi sovuq, o‘zingdan uzoqlat!» deb aytuvdim-a?
— Vaqtida menga kerak edi. Yordami ko‘p tekkan. Endi zamon o‘zgardi, lekin u o‘zgarmayapti. Zamonga qarab ish yuritmaydi.
— O‘shaning o‘zgararkanmi? Bukirni go‘r to‘g‘rilaydi. Senga anchadan beri aytishga tilim bormayotgan edi. Sen uning bir qilig‘ini bilib qo‘yishing kerak.— Jalil shunday deb uning Abdurahmon tabibga uchrashgani, so‘ng otlarini ottirganini aytdi. Bu gaplarni eshitgan Asadbek qahr otiga mindi:
— Xunasaning chotini ayirib tashlayman! — deb baqirdi.
Jalil uni fikridan qaytarishga urinmadi. Agar Kesakpolvon hozir shu yerda bo‘lganida bir baloga uchrashi naqd edi. Baxtiga orada tun bor. Tun va sokinlik Asadbek uchun maslahatchi bo‘ldi. U o‘ylay-o‘ylay Kesakpolvon bilan hozircha murosa qilmoq joiz ekanini angladi. Shu bois ham ertalab Kesakpolvon qaymoq ko‘tarib kirganida uni quvmadi, g‘azab otidan tushmagan bo‘lsa-da, qahrini sochmadi.
Qaymoq ustiga non to‘g‘rayotgan Kesakpolvonga sinovchan tikildi-da:
— Haydar, sen otlarning farqiga borasanmi? — deb so‘radi.
Kesakpolvon bu savoldan so‘rag‘uvchining maqsadini anglagan bo‘lsa-da, sir boy bermadi.
— Qanaqa otlar?
— Ha, endi otlar har xil bo‘ladi: aravaga qo‘shadigani, uloqchisi.
— Qaziga bopi...
— Ha, bilar ekansan.
— Men otlarning farqiga bormayman. Nega so‘rayapsan?
— Zo‘r uloqchi otlardan ikkitasini topish kerak. Narxi osmon baravar bo‘lsa ham sotib olamiz.
— Nima balo, uloq chopmoqchimisan?
— Meni davolagan tabib uloqqa ishqiboz ekan. Shunga sovg‘a qilamiz.
— Yaxshi o‘ylabsan. Gap yo‘q, topamiz.
— O‘sha tabibning otlarini kimdir otib ketibdi...
Qaymoqqa bo‘kkan nonni huzurlanib chaynayotgan Kesakpolvon bir ho‘plam choy bilan luqmasini yutdi-da:
— Jalil aytdimi? — dedi bepisandlik bilan.
— Ha, aytdi.
— Bekor aytibdi. Meni bilasan-ku, g‘ashimga tegsa o‘zini otaman. Otlari bilan nima ishim bor?
— Jalilning gapi yolg‘onmi yo senikimi?
— Uyingda Qur’on bo‘lsa ber, Qur’on ursin, agar yolg‘on gapirsam.
Asadbek uning qasamiga ishonganday bo‘ldi. Ko‘nglidan «Hali bu gapga qaytamiz», degan fikrni o‘tkazib:
— Qaymog‘ingni ye. Bir haftada zo‘r otlardan topasan, bu sening qo‘lingdan keladi, — dedi.
Kesakpolvon uch kunda otlarni topdi. Abdurahmon tabibga yetkazdi. Ammo u otlarni olmadi, iziga qaytardi. Bundan g‘ashi kelgan Kesakpolvon ularni so‘ydirib, qazi qildirdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:10:17

XXII  b o b

1

Jamshid «Xongireydan hech qanday topshiriq olmadim», deb yolg‘on gapirgan edi. G‘ilay o‘limi oldidan Hosilboyvachchani o‘ldirgan Elchinni otganini aytgan bo‘lsa-da, uning gaplariga uncha ishonishmagan, Hosilboyvachchani Elchin o‘ldirishi ular uchun haqiqatdan uzoq bir gap edi. Jamshidning vazifasi esa ayni haqiqatni bilish edi.
Kesakpolvon kelib-ketgan kunning ertasiga Elchin yotgan kasalxonani qoralab borib kuzatdi. Keyingi kun oqshom chog‘ida Elchinni yo‘qlash maqsadida kelib, Asadbekka tegishli mashinalardan birini ko‘rdi-yu, o‘zini panaga oldi.
Oradan o‘n-o‘n besh daqiqa o‘tgach, Zaynab ko‘rindi. Boshini egib yurib kelgan Zaynab hech qayoqqa qaramay mashinaga o‘tirdi. Jamshid haydovchini tanimadi. «Haydar akam aytgan yigit shumi?» deb o‘yladi.
Jamshid «buyoqqa kirish mumkin emas», degan hamshiraning cho‘ntagiga pul solib qo‘ydi-yu, o‘z uyiga kirib borayotganday eshikni bemalol ochib, ostona hatladi.
Elchining ko‘zlari yarim yumuq — uning o‘lik yoki tirik ekanini bilish mushkul edi.
Elchin ko‘z oldini qoplagan xira parda orqali Jamshidni tanidi. Bu jingalak sochli yigitni unutish mumkin emasdi.
Hozirgina Zaynab kelib ketdi. Tabib Elchinni behush deb o‘yladimi, «Eringizni uyga olib ketganingiz ma’qulmikin?» dedi. Elchin bu gapni eshitdi. «Ishim xurjun shekilli?» deb o‘yladi. Keyin Zaynabning ovozini eshitdi:
— Agar erimga bir nima bo‘lsa, hammangiz quriysiz!..
Ovoz Zaynabniki... lekin ohang... Zaynab bu ohangda gapirmas edi...
Elchin xotinining qalbdagi Kumushbibini osib, Asadbek qiziga aylanmoqchi bo‘layotganidan bexabar edi. Shu bois gap ohangi unga begona tuyuldi.
Zaynab chiqib ketishi bilan... Jamshid kirdi. Elchin orada o‘tgan yarim soatni sezmadi. Nazarida Jamshid izma-iz kirib kelganday bo‘ldi.
«Darrov topishib olishibdimi? O‘shanda Zaynab to‘g‘risini aytganmidi?
«— Men Jamshid akamni yaxshi ko‘rardim... Sizga xiyonat qildim!..»
Zaynabning bu faryodi yodidan ko‘tarilgani yo‘q. Bu faryod o‘qtin-o‘qtin qo‘zg‘olib yurak yarasiga tuz separdi. Shunday paytda Elchin ruh azobida bir ingrardi-yu, «Zaynab jon achchig‘ida aytdi», deb o‘zini-o‘zi ishontira boshlar edi.
Hozir esa...
O‘zini o‘zi ishontirishga harakat ham qilmadi.
Chunki... ro‘parasida xotini yoqtirib qolgan o‘sha odam turar edi.
Jamshid unga yaqinlashdi.
«Nimaga yaqin kelyapti? Bo‘g‘ib o‘ldirmoqchimi? Birato‘la Zaynabga ega chiqmoqchimi?»
Jamshid yaqinlashib, u tomon engashdi:
— Hofiz aka, eshityapsizmi?
Elchinning yuziga uning nafasi urilib, yengil seskandi.
— Hofiz aka!
— Gapirolmaydilar, — dedi xonaga kirib kelgan hamshira.
— Tildan qolganmi?
— Kelganlaridan beri gapirmaydilar. Gapirmasalar ham kerak.
— Nima uchun?
— Bilmasam, do‘xtirlar shunaqa deyishyapti...
Yarim ochiq ko‘z yumildi. Ovozlar uzoqlashdi. U yana ucha boshladi. Qush kabi yengil uchdi. Uchdi, uchaverdi...
2

Asadbekning muomalasidagi o‘zgarish Kesakpolvonga ma’qul kelsa-da, ayni choqda sergaklantirdi. Nazarida «Chuvrindi ukaginasi» undan o‘zini olib qochayotgandek tuyuldi. Chuvrindi Sharif Namozov masalasida Moskvaga borib kelgach, Kesakpolvonni Mamatbey yo‘qladi. «Ukang hokimiyatni o‘z qo‘limga olaman, bu ishni mendan boshqa hech kim eplay olmaydi», deb Xongirey bilan shartlashdi. Xongirey Asadbekni ham, seni ham tan olmaydi!» deb tutab turgan olovga moy sepdi. Kesakpolvonni bu gapga ishontirish uchun telefonda Xongirey bilan uladi.
«— Xongirey og‘a, bu men, Haydarman!
— Qanaqa Gaydar?
— Asadbekning sherigi.
— Men hech qanaqa Gaydarni ham, Asadni ham tanimayman. Menda ishing bo‘lsa Mahmudbeyga uchrash. Men Mahmudbeyni taniyman!»
Kesakpolvon uchun shu gap kifoya edi. U «Xongireyning o‘zi bilan gaplashdimmi yo biror yigiti meni laqillatdimi?» deb o‘ylab ham ko‘rmadi. Chuvrindi Moskvaga borganida bu gapning teskarisi bo‘lganidan, ya’ni «Sen taklifimizga darrov javob bermading. Biz endi seni tanimaymiz. Gaydar bilan shartnomamiz bor», deyishganlaridan ham bexabar edi.
Chuvrindi Xongireyning qarorini Asadbekka aytmoqqa jur’at etmadi. Hali haqiqat ekani tekshirib bilinmagan gapni yetkazib «akang ustidan mag‘zava ag‘darma», degan ta’na eshitmay, deb o‘yladi.
Bu uning eng so‘nggi, hal qiluvchi xatosi bo‘ldi.
Asadbekni uyiga kuzatishgach, Kesakpolvon «Bi-ir otamlashishni» taklif qildi. Chuvrindi akasining ra’yini qaytargisi kelmadi. Ular yarim tungacha ulfatchilik qildilar. Chuvrindining kayfi oshdi. Uyga qaytganda darvozani ochgan o‘g‘li «Asadbek amakimnikidan telpon qilishdi, tez yetib borar ekansiz», dedi. Chuvrindi darrov mashinani orqaga burdi. Katta ko‘chaga chiqib, tezlikni oshirgan mahalda ro‘parasida yuk mashinasi ko‘rinib, chiroqlarini yoqdi...
«Kamaz»dan tushgan Xumkalla old tomoni pachoqlanib butunlay yo‘q bo‘lib ketgan «Jiguli»ga picha qarab turdi-da, o‘zini sal narida kutayotgan mashina tomon yurdi.
3

Dafn marosimiga kelganlarning barchasi tarqaldi. Qor aralash yomg‘ir sevalab turgani uchun domla ham «Taborak» surasini yarim qilib o‘qib qo‘ya qoldi.
Odamlar tarqalishgach, Asadbek qabr boshiga keldi. Ikkita bir xildagi marmar tosh. Birida onasi, ikkinchisida Samandar — ukasi. Ularning yoniga ukadek aziz bo‘lib qolgan Chuvrindi qo‘yildi.
Asadbek osmonning ko‘z yoshlari ostida picha turdi. Paltosi ivib ketdi. Yuzlarini, ko‘z yoshlarini qor aralash yomg‘ir yuvdi.
«Bu yer mening joyim edi, Mahmud ukam. Sen kelding. Yoningda yana bir joy bor... «Mastlikda bo‘lgan», deyishyapti. Men bunga ishonmayman. Senga qasd qilganni xor qilmasam, otimni boshqa qo‘yaman. Qasos olmagunimcha yoningga kelmayman...»
Kimdir qo‘lidan ushlab, tortdi.
O‘girilib qaradi: Kesakpolvon.
— Sen mening yuragimga tupurding, — dedi Asadbek.
— Unday dema, Asad, agar shu mening ishim bo‘lsa — Xudo ursin!
— Yo‘qol...
— Asad...
— Yo‘qol, dedim!
Kesakpolvon uch-to‘rt qadam chekindi-yu, ammo yo‘qolmadi.

Qayd etilgan