Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282898 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 46 47 48 49 50 51 52 B


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:10:45

                                                                       ENG SO‘NGGI BOB

                                                                                                                                         Zohid, 1990 yil, 3 fevral.
Prokuror imzo chekkanidan so‘ng ham Zohid ishonmadi: nahot adolatga yetishgan bo‘lsa?! Nahot Botirov «Ish»i shu tariqa yaxshilik bilan yakunlansa. «Ishkal»ning gapi nima bo‘ldi? «Topshiriq bilan qamaganmiz, eplay olmaysan» deb edi. Topshiriq bilan qamagani to‘g‘ri. Oqlanishi-chi? Said Qodirov aytmoqchi, o‘zgarishlarning mevasimi? Zamon shunchalik tez o‘zgardimi?
Botirov o‘zining kiyimlarini kiyib, ko‘chaga chiqqach, «Alhamdulilloh, Olloh, o‘zing buyuksan, qudratlisan!» deb qo‘ydi. Zohid uni uyiga qadar kuzatib bordi. So‘ng quvonchini baham ko‘rish uchun Hamdam Tolipovni yo‘qladi. U topshiriq bilan chiqib ketgan, qachon qaytishi noma’lum edi. Shundan so‘ng ilk ustoz sanalgan mayor Solievni ko‘rgisi keldi.
Mayor Soliev uning suyunchilik xabarini eshitib, qo‘lini siqdi-da:
— Adolatga osonlik bilan yetib bo‘lmaydi, — dedi.
Botirovning ozod etilishi Zohid uchun dastlabki muhim g‘alaba edi.
Asosiy kurashlar hali oldinda.
Bu — endi ertaning ishi...
Asadbek, 1990 yil, 3 fevral.
Asadbek qabristondan to‘g‘ri eski shahardagi uyiga bordi.
Sovuq uy. Sovuq tancha. Xuddi qirq yil avvalgi kabi...
Ho‘l paltosini yechmay tanchaga o‘tirib, qunishdi. Eti uvishdi. Deraza orqali ko‘cha eshigiga qaradi.
...Hozir otasi chana ko‘tarib kiradi.
— Toychoq! — deb erkalaydi...
Yo‘q, otasi kirmadi. Ikki noma’lum kishi kirdi.
— Otang — xalq dushmani! — dedi.
So‘ng... maktab o‘qituvchisi o‘quvchilarni boshlab kirdi. O‘quvchilar saf tortgan holda, unga bir-bir yaqinlashib basharasiga tupurdilar...
Asadbek ingrab yubordi.
U har yili o‘ttiz birinchi dekabr kuni shu uyda o‘tirardi. Bu safar odatini kanda qildi — o‘sha kuni tabibnikida bo‘ldi. O‘zi uzoqda bo‘lsa-da, ko‘ngli shu uyda edi. Qaytgach, necha marta kelishga qasd qildi. Ammo o‘z tashvishlari bilan o‘ralashib kela olmadi.
Bugun keldi. Yelkasida bir olam g‘am bilan keldi.
Inson bolasiga xos pokiza tuyg‘ularni quvgan kundan beri oradan qirq yildan oshiqroq vaqt o‘tdi. O‘shanda mitti yuragiga yovuzlik tuxum qo‘ygan, yovuzlikning birinchi ovozini o‘rtog‘i Jalil eshitgan edi:
— Ularni o‘ldiraman!..
Hozir bu ovozni o‘zi ham eshitdi. Eti seskandi.

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:11:12

Ko‘cha eshigi ochildi: Jalil ko‘rindi. Orqasida bir odam.
— Asad!
Jalil odati bo‘yicha hovli o‘rtasiga kelib chaqirdi. Ovoz bo‘lmagach, yana chaqirdi.
— Asad!
— Kiraver, — dedi Asadbek bo‘g‘iq ovozda.
Jalil bilan ham, notanish odam bilan ham o‘tirgan joyida salomlashdi.
— Bu o‘rtoq ijroqo‘mdan ekan, — deb izoh berdi Jalil. — Hozir uyimga kelsam, ro‘yxat qilib o‘tiribdi.
— Qanaqa ro‘yxat?
— Bu joylar buzilarmish. Bu yerdan katta yo‘l o‘tarmish...
Bu gapni eshitib, Asadbek boshini egib o‘yga toldi. Nazarida buldozer ovozi eshitildi. Uyga bostirib kela boshladi... Tom bosib tushdi. Onasi... Samandar qoldi... Asadbek bir seskanib, «ijroqo‘mdan kelgan o‘rtoq»qa qaradi:
— Yo‘lni narigi mahalladan sol, bu yer buzilmaydi.
Notanish kishi ajablanib, Jalilga qaradi-da:
— Ish boshlangan. Loyihani o‘zgartirib bo‘lmaydi... — dedi.

Alqissa:
Ey nafsi havosig‘a giriftor o‘lg‘on,
Shayton ishiga ishing namudor o‘lg‘on,
Ham zuhd ila izzatka sozovor o‘lg‘on,
Ham fisq ila olam elig‘a xor o‘lg‘on.*

__________
* Hazrat Alisher Navoiydan.


Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:11:26

SO‘NGSO‘Z

Alhamdulillahki, asarga so‘nggi nuqta qo‘yish fursati yetdi.
Men qo‘rquv bilan ish boshlagan edim. Qo‘rquvning boisi — kimlardandir zulm ko‘rishda emas, balki yozganlarimning sizga maqbul bo‘lmay qolishida edi. Birinchi kitob e’lon qilingach, yozayotgan har bir satrimda siz, aziz o‘qig‘uvchilarning nafaslaringizni sezib turdim. Siz menga dalda berib turdingiz, Olloh sizlardan rozi bo‘lsin!
Asarda shubhasiz, siz ishonmaydigan yoki hafsalangizni pir qiladigan yerlar bordir. Buning uchun uzr so‘rayman. Bu — qalamning ojizligi yoki fikr doiramning torligidandir. Xudo xohlasa, bu qusurlar keyingi asarlarda barham topgusidir.
Bundan so‘ng ham Sizlar bilan yangi asarlar orqali ko‘rishmoq niyatim bor. Shar’iy niyatlarga Yaratganning o‘zi yetkazsin. Bir asarga nom bo‘lgan «Shaytanat» endi turkum nomiga ko‘chadi. Bu turkum asarda yana bir necha qissa yaratish umidim bor. Bular sizlarning o‘qiganingiz «Shaytanat»ning davomi emas, balki shu ruhdagi mustaqil qissalar bo‘ladi, inshoolloh.
Menga bir narsa ma’lum: bu asarni o‘qib ma’qul deydiganlar bilan bir qatorda yoqtirmaydiganlar, undan kamchilik, xato qidiradiganlar bor. Shunday bo‘lishi tabiiy. Avvalo, hech qaysi asar barchaga barobar yoqa qolmas. Qolaversa, ojiz qalamim bilan bitilgan bu asar kamchiliklardan holi, degan da’vom ham yo‘q. Mening tanqidchilardan faqat bir o‘tinchim bor: qanday tanqid o‘qlari bo‘lsa, o‘zimga qarating.
Men aziz, ardoqli kitobxonlarga bir necha yil mobaynida birga bo‘lganliklari uchun minnatdorlik bildiraman. Olloh barcha mo‘min bandalarini Shaytanat olamidan o‘zi asrasin.
Bismillahir rohmanir rohiym.
Qul a’uuzu birobbinnasi. Malikinnasi. Ilahin-nasi. Min sharril vasvasil xonnasi. Allazi yuvasvisu fii sudurinnasi. Minal jinnati vannas.*
Omiyn ya Robbil Olamiyn!

______________________
* M a z m u n i  b u d i r: Mehribon va Rahmli Olloh nomi bilan (boshlayman).
(Ey Muhammad) aytingki: «Men barcha insonlarning Parvardigoridan, barcha insonlarning Ilohidan (menga) o‘zi jin va insonlardan bo‘lgan, insonlarning dillariga vasvasa soladigan (qachon Ollohning nomi zikr qilinganida) yashirinib oladigan vasvasachi (shayton)ning yomonligidan panoh berishini so‘rab iltijo qilurman». («An-nos» surasi. Alouddin Mansur ma’no tarjimasi).

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:20:32

ASADBEKLAR FOJIASI

O‘zlaridan ajoyib iforlar taratib, yuzlaridan nur yog‘ilib turadigan, halimdan-halim taqvodor bir pochchamiz bo‘lar edilar. Qodiriy domla Yusufbek hojining fe’lini u kishidan olganmidilar yo o‘zlari shunaqamidilar — hech ajrata olmasdim. Ishqilib, shunaqa xushfe’l, chiroyli mo‘ysafid edilar.
Men u kishi haqda na oldilarida, na orqalaridan yomon gap eshitganman. Faqat fazilat axtarishar edi, hayratlanib charchashmasdi.
Yaxshi asar ham shunaqa bo‘larkan! Fazilat axtarib charchamas ekansiz. Xuddi Qodiriy asarlaridan hanuz fazilat axtarib tolmaganimizdek, har gal yangi-yangi javohirlar topganimiz kabi!..
«Shaytanat»ni o‘qib ham shu o‘ylarga bordim: «Qani edi, hammamizning Yusufbek hojidek otamizu O‘zbek oyimdek onalarimiz bo‘lsa, o‘shalarning qanotida er yetishsak! Asadbeklar shu ko‘ylarga tushmasmi edi?!» Va shunda butun fojia tag zamiri ila ko‘rinib ketgandek bo‘ldi! Bekorga otalarimizdan ayirmagan ekanlar bizni!..
Mulla buvalari omon qolgan bolakaylar baxtli ekanlar! Issiq bag‘irlaridan chiqarmadilar. Nima yaxshi, nima yomon, nima harom, nima harish, harqalay, ajratadigan qildilar.
Ammo mulla buvalari, opoqdodalari sovuq o‘lkalarga surgun etilib, otalari urushda, qamoqlarda qolib ketganlar-chi? Ularning yozug‘i ne edi? Murg‘ak yuragiga yovuzlik urug‘i tuxum qo‘yib ulgurgan bolakaylar, yetimxonalarni to‘ldirgan «zumrasha»larning gunohini kim yelkasiga olgay? Qaysi jamiyatning sud kitobiga yozgaymiz? Asadbeklar shu imonsiz jamiyatning mevalari, uning qasos o‘ti ko‘zini ko‘r qilgan «o‘g‘lon»lari emasmi?
«Shaytanat» muallifining eng birinchi yutug‘i shundaki, u zulmning o‘q ildizini topib, asarga qo‘l uribdi. Tohir ba’zilar o‘ylagandek oldi-qochdi, shunchaki sarguzasht asar yozish uchun qo‘liga qalam olmagan. U ko‘p yillar yashab qoladigan va qancha kishilarni sergak torttirib, shaytanat olamiga kirib qolishdan qaytaradigan chinakam badiiy asar yaratibdi!
«Shaytanat» Tohir Malikning baland asari. Qoladigan asari. Har satri, sahifasidan iste’dod nafasi (chuqur badiiy tadqiq ruhi) ufurib turibdi. Kimdir ilgarigi asarlariga o‘xshata olmayotgan bo‘lsa, uni oxiriga qadar o‘qishga sabri yetmabdi. Yo‘nalishini anglamabdi, mag‘zini chaqolmabdi.
Asar nainki Asadbeklar fojiasi haqida, balki u yaratgan shaytanat olami odamlarining achchiq kechmishi, har bittasining oxiri voy bo‘lguchi taqdirlari haqida o‘ziga xos betakror qissalar hamdir. So‘ng bari jamlanib, yaxlit bir ro‘monni tashkil etayotir...
Holisanilloh ayting: Chuvrindining taqdiri, boshiga tushgan achchiq qismat Asadbeknikidan kammi?! Yoki bo‘lmasa, Anvarning fojiasi-chi, boshiga tushgan ko‘rgiliklar-chi? Kimni, qaysi yurakni titratmaydi? Qolaversa, Asadbekning qizi Zaynabning boshiga tushgan jafo toshi, abri balolar-chi? U ko‘rgan zulm, yovuzliklar qiz bolaniki muhabbat ko‘chasidan chiqarib, qasos ko‘chasiga boshlasa, qaysi jamiyat, tuzumni ayblash kerak? Shariat man etib qo‘ygan hadlarni lang «ochib qo‘ygan» tuzumnimi va yo uni qaytarolmagan, o‘zi qaysi boshi berk ko‘chalarda shayton yetovida ketayotgan Asadbekdek otalarnimi, qasos o‘tida yonib, yo‘lini yo‘qotgan va ustma-ust gunohga botayotgan eri Elchinnimi? Yolg‘iz onaizor Manzura boshini qaysi toshlarga ursin?!

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:20:57

Men Tohirning ko‘p asarlarini birinchi bo‘lib qo‘lyozmadan o‘qiganman. Hammasining o‘z o‘rni, salmog‘i bor. Vaqtida voqea bo‘lgan asarlar. «Chorrahada qolgan odamlar» ham, «So‘nggi o‘q» ham. Lekin bu galgi asari «Shaytanat»ni alohida bir intiqlik bilan kutdik. Alohida bir titroq-la o‘qib chiqdik. Va men yashirmay ayta qolay. Uchinchi kitobi qo‘lyozmasini ham hayajon-la o‘qib chiqib, qoniqish ila so‘nggi sahifasini yopar ekanman, Yaratganga beadad shukrlar aytdim. Negaki yozuvchini Ollohning o‘zi qo‘llab, o‘zi ilhom ato etibdi. Shaytanat olami fuqarolarining adashuvlarini ochmoqqa o‘zi izn beribdi. Aksincha, bu zo‘ravonlikka qurilgan, yovuzlik barq urib unib-o‘sayotgan o‘ziga xos xufiya saltanat olamini bunchalik tag-zamiri bilan tasvirlab bo‘lmas edi. Adashuvning ildizi ochilmay-da qolishi mumkin edi. Bu qorong‘ilik — zulmat saltanatini chok-chokidan so‘kib yuborguvchi nurni Tohir ko‘ra olibdi va o‘sha nur — chiroq yordamida uning qo‘l yetmas puchmoqlarigacha qarangki, kirib boribdi. Bu nur iymon bo‘lib chiqdi! Agar yozuvchi ko‘ksida shunday bir nur — toza iymon bo‘lmasa edi, uning shaytanat olamiga safari besamar chiqmog‘i ham mumkin edi.
Men sal ilgarilab ketdim, chog‘i. Asli bir boshdan so‘zlamoqchi edim, asarning fazilatlarini ta’min etgan tugunlardan so‘z ochmoqchi edim. Qirq to‘qqizinchi yilning so‘nggi kuni. Sovuq uy, sovuq tancha. Otasi chana, ayajonisi ukacha olib keladigan bir kunda bu uyga kulfat bulutlari bostirib kirdilar. Va bu abri balo bu xonadonni bir umrga ota mehridan judo qilib ketdi. Bola «Dadamga tegmang?! Tegmang dadamga!» deb hayqiroldi-yu, boshqasiga kuchi yetmay tanchali uyda yolg‘iz qolaverdi. Ota bag‘riga olib, yuzini yuziga bosganda tekkan ko‘z yoshgina qoldi. Bir olam xo‘rlik, achchiq alam qoldi. Shu kecha murg‘ak qalbga o‘rmalab kirgan shayton uning o‘ksik, alamzada qalbiga o‘zining yovuzlik tuxumini qo‘yib ulgurdi va u qasos istab, o‘ch hukmini o‘qidi:
— Ularni o‘ldiraman!..
Va bolagina bilmasdiki, bizning dinda o‘ch olmoq harom qilingan edi, qasos yolg‘iz Ollohga tegishli edi.
Shaytonsaroyga birinchi g‘isht o‘sha kuni qo‘yildi! Keyin shaytoni lain bu saroyga boshqa alamzada va valadi zinolarni yetaklab kelib, Asadbek xizmatiga topshirdi. Shu tariqa saltanat ichida norasmiy saltanat tup qo‘yib palak yoydi. Va bu saltanat «eng gullab», og‘izga tushgan kezda uning odamlaridan biri qimorda xonumonini yutqizib qo‘ygan hofizning uyiga bostirib kirib, (kirganda ham nomahram oyoq bosishi man etilgan joyga qadar kirib borib) ayolining nomusini toptagani toptagan, ko‘ksiga pichoq urib ketdi.
Asar har qanday er kishining g‘ururini bukib-da tashlaydigan ana shunday voqeadan, u alamlarini ichiga yutib, sudda gunohni bo‘yniga olib qamalib ketishidan va o‘n yil qasos kunini kutishidan... boshlanadi.
Asar ilk satrlari, sahifalaridanoq u «oldi-qochdi», «quvdi-yitdi», «otdi-ketdi»lar asosiga emas, chinakam ma’naviyatga daxldor masalalar, hayot-mamot masalalari, azaliy or-nomus, adolat, ezgulik va yovuzlik kurashlariga qurilgani ko‘rinib-anglanib turibdi. Barcha kurashlarning markazida o‘ziga xos shaxslar, betakror xarakterlar turibdi. Va qadam-baqadam, sahifama-sahifa o‘zligini namoyon etib bormoqda.
Asadbekning o‘zi betakror xarakteri, xislat va fazilatlari bilan, chigal taqdiri va bukilmas irodasi bilan alohida olam bo‘lsa, Chuvrindi eng qiyin — ekstremal sharoitlarda ham topqirligi, uzoqni ko‘ra olishi bilan, tegirmonga tushsa butun chiqa olishi bilan bizni hayratga soladi. Taqdiri-chi? Uning boshiga tushgan ko‘rgiliklar-chi? Tag‘inam u metin ekan, uning o‘rnida boshqa har qanday inson yovuzga aylanib ketar edi! Lekin Chuvrindi adolat hissini, do‘stga sadoqat hissini yo‘qotmaydi! Shu jihatlari bilan Kesakpolvondan o‘n karra baland turadi. Va shu baland turgani uchun ham raqibi tomonidan yo‘q qilinadi.

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:21:15

Asardagi Elchin, Zaynab obrazlari — ichki olami eng yorqin va ishonarli, butun ziddiyatlari ila chizib berilgan obrazlar sirasiga kiradi. Kumush muhabbatidek pokiza bir muhabbatni ilhaqlik ila, beg‘uborlik ila kutgan bir qalb qasos qurboniga aylansa va sharmandalik chodiridan qutulish uchun o‘sha ishni qilgan odamga uzatilsa, u qaysi dil, qanday yurak bilan yashab o‘tadi bu dunyodan?! Zaynab fojiasiga bag‘ishlangan bob va sahifalar asarni chindan baland mavqega ko‘tarib, badiiyatga daxldor etib turibdi. U chinakam iste’dod mevasi ekanidan hech-hech tonib bo‘lmaydi.
Shu qizining fojiasi tufayli Asadbek ne ko‘ylarga tushib, ne o‘tlarga qovrilmayapti! Shu bahonada yozuvchi Shayton saltanatining eng chirkin go‘shalarigacha kirib borib tasvirlashga muvaffaq bo‘ladi. Bu saltanatda bir to‘da boshqa to‘dani yiqish, sindirish uchun har qanday qabihliklardan qaytmasligini ko‘ramiz. Elchin Asadbekdan o‘ch olish uchun uning qizini o‘g‘irlab, nomusini bukmoqni va bir umr ezilib o‘tishini istaydi. Zaynab shu maqsadda o‘g‘irlanadi. Boshqa bir raqib — Hosilboyvachcha esa, Mardonani ishga solib, Zaynabni ne ko‘chalarga yetaklatadi. Igna ila sarxush ettirib, giyohvandlar qavmiga qo‘shadi va sarxushlik holatida suratga olingan kassetani otasiga «taqdim» etadi. O‘zbek qizlarining bu ko‘chaga kirib kelishi avvalo dahshat! Hech bir ota bu isnod oldida chidab turolmas! Ayniqsa, Asadbekdek qudratli odam! Nima bu? Qaytar dunyomi?! Asadbek o‘z qilmishlarining jazosi, qaytimini shu dunyodayoq, tirikligidayoq topayaptimi?
Adib qahramonlarini shunday chigal va ekstremal holatlarga, ko‘rgiliklarga solib sinaydi, qovuradiki, har biri nimalarga qodirligini tabiiy ravishda, o‘z-o‘zidan namoyon etib boraveradi. Tan olish kerak, Tohir Malik o‘zbek adabiyotida sarguzasht unsurlari badiiyatning ajralmas qismi ekanini birinchi bo‘lib amalda isbot etgan yozuvchidir. Biz shu vaqtga qadar bu unsurlarni mensimay, unga past nazar bilan qarab keldik va adashganimizni endi ko‘rib turibmiz. U chuqur badiiy mushohadaga xizmat etishini endi inkor qilib bo‘lmaydi. «Shaytanat» bunga yorqin dalil.
Tohir asardan asarga bo‘y rostlab borayotibdi. Ayniqsa, shu «Shaytanat»ida chevarligini namoyon etibdi. Chokini chokiga keltirib, voqealarni ulash, taqdirlarni chog‘ishtirib borib uch kitobdan iborat yaxlit asar yaratish har qanday adibning qo‘lidan kelavermaydi. Buni chinakam iste’dod egasi, Xudo yuqtirgan talantgina uddalashi mumkin. Asadbekdek murakkab qahramonning shusiz ham chigal hayoti, havas qilmagulik taqdiri atrofida undan kam ko‘rgiliklar ko‘chasidan o‘tmagan, o‘sha beshafqat hayotda shafqatsizlarcha yashashdan bo‘lak yo‘l topmagan Chuvrindidek, Kesakpolvondek bir guruh boshqa olam farzandlarining qismatlarini shunday ishonarli chizadiki, hayratga tushmay ilojingiz yo‘q. Birgina Zelixon taqdiri, Xongirey qismati, ular bosib o‘tgan yo‘l va yetishgan cho‘qqi, nihoyat biridan ikkinchisiga meros qolayotgan bu xufiya saltanat bilan bog‘liq voqealar nimaga teng?! Ular chinakam topildiq: Shaytanat saltanatining hududlaridan, qudratidan dalolat berguvchi! Ildizlari qaerga borib tutashuvidan, yovuzlikning urug‘i qaerlargacha sochilib, qanday zaharolud mevalar berayotganidan hikoya etguvchi! Va bular barchasi qo‘shilib, Shaytanat olami haqida shunday yaxlit bir tasavvur uyg‘otadikim, bu olam kishisi bo‘lib qolishdan Ollohning o‘zi asrasin! Asarni bobma-bob, kitobma-kitob o‘qiganingiz sari, Ollohga qaytishdan o‘zga to‘g‘ri yo‘l yo‘q! — degan bir nido yangrab kelaveradi! Asar ichidan jaranglab chiqaveradi!
Tohirning eng katta yutug‘i ham ana shunda! Iymonga chorlashida!

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:22:11

Agar xotirangizda bo‘lsa, «Shaytanat»ning birinchi kitobining ichki muqovalarida bir ajoyib ramziy rasm bor edi. Kitobni bezagan iste’dodli yosh rassom Xurshid Ziyoxonov mozoristoni tark etib borayotgan oq tuyalar — avliyolar ruhini chizib, bizni bir hayratga solgan edi. Ikkinchi kitobning ichki muqovalarida esa, shu rassom undan ham ajoyib manzarani aks ettirdi. Yo‘g‘ongina, lekin halqumining kichikligini xisobga olmagan ilon kattagina bir baliqni yuta boshlagan-u, yuta olmay qolgan. Baliq nochor, jon achchig‘ida dumini asabiy silkiydi, ilon undan nochor — yutib yuta olmaydi, qo‘yib qo‘ya olmaydi... Ramz xo‘b o‘rniga tushgan. Qolaversa, bu rivoyatlarni rassom osmondan emas, asardan olgan. U Tohir Malikning topildiqlari, rassom ham buni haqiqiy iste’dodlarda bo‘ladigan o‘tkir idrok ila anglab, bizga uning aynan mag‘zini yetkazib bera olgan.
Men uchinchi kitobning qo‘lyozmasini o‘qiyotib, rassom navbatdagi kitob muqovalariga qay rivoyatni ramz qilib olar va chizar ekan deb o‘yladim. Inson qulog‘iga kirib borayotgan ulkan mingoyoqnimi yoki qanot bitgan chumolilarnimi? Harqalay menga qolsa, Luqmoni hakim bilan ilon suhbati rivoyatidagi ikki oyoqli — baland qilib yaratilgan, lekin bir-birini chaqqanda bedavo qilib chaqadigan odam maxluqlarni butun dahshati bilan tasvirlay olsa qani edi, dedim. O‘sha rivoyatni eslasangiz, ilon Luqmoni hakimga: «Olloh biz — ilonlarni tuban qilib yaratdi. Ammo biz bir-birimizni chaqmaymiz. Siz — odam bolalarini yuqori qilib yaratdi, siz bir-biringizni chaqib o‘ldirasiz. Uning zahriga hatto Luqmoni hakim ham davo topolmagay», deydi. (Hikmat O‘rolov, Anvar taqdirlarini eslang! Aslida Xolidiylar Asadbeklardan-da xavfli «zot»lardir!).
Hikmat O‘rolov to‘satdan qazo qilib, janoza oldidan ilm dargohidagi do‘stu dushmanlari uning uyiga borishgandagi mana bu manzaraga e’tibor bering. «Anvarning ko‘ziga hamma — do‘st ham, dushman ham ilon bo‘lib ko‘rindi. O‘zini ulkan bir ilonxonada his etib, badaniga muz yugurdi. Nazarida qo‘l qovushtirib, qayg‘uga berilganday bo‘lib turganlar odamlar emas, balki lunjini shishirib, tilini o‘ynatib, bir hamla bilan chaqishga tayyor turgan ilonlar edi go‘yo. «Mana shu turganlarning qay biri qachon qay birini chaqar ekan? Mana shu turganlarning qay biri qachon odam zahrini totib o‘lar ekan? Rostmana ilonlar chaqadiyu qochadi, ikki oyoqlilar esa to ko‘mib tashlamaguncha tinchimaydi. Jasadni ko‘mish bilan cheklansa koshki edi...»
Shayton yetoviga kirib ketgan iymonsiz kimsalarni bundan o‘tkazib tasvirlash mumkinmikan?!
Shu o‘rinda men o‘zimdan bir og‘iz so‘z qo‘shgim keldi. Faqat shayton yetoviga tushganlargina shunday chaqqaylar! Iymonli kishilar bundan mustasnodirlar! Zaharning yolg‘iz davosi iymondir. Ollohga qaytmoqlikdir. Chindan ham solih kishilar, u dunyosini o‘ylagan zotlar bir-birini ayamaganlarini, amal, shuhrat, dunyo ketidan quvgan kishilardek bir-birlarini chaqib o‘ldirganlarini kim ko‘rgan?! Agar inson boshi sajdaga yetib ham, masjidga qatnab ham, hoji bo‘lib ham yomonligini qo‘ymabdi, dilozorligini tashlamabdi — u hidoyat topmabdi. Iymoni sust kimsalardir. Ularni taqvodorlarga tenglashtirmangiz! Tohir Malik asarining mag‘zi-mag‘zidan sizib chiqayotgan xulosa ham shu!

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:22:55

Fan tilida «intuitsiya» degan atama bor. Oddiy tilda biz buni ichki his bilan sezish, deymiz. Uni qarangki, Ollohga qaytmoqlik — najot ekanligini Xurshidjon ham uchinchi kitobning bezaklarida o‘ziga xos talqinda tasvirlabdi. Asarda tabibga o‘z hukmini o‘tkaza olmagan Kesakpolvon uning chopqir otlarini otib tashlashga buyuradi, otlar o‘ldiriladi. Demakkim, «odamilon» o‘z zahrini sochdi, tabibni ruhan o‘ldirish niyatida uni chaqdi. Qoidaga ko‘ra rasmda    ham shu narsa tasvirlanishi kerak edi. Rassom esa xudoning qudrati  bilan ularga mangulik ato etibdi: o‘q otilyapti-yu,otlarga kor qilmaydi, biror tomchi qon ham yo‘q, ko‘zlar chaqnaydi, yovqur otlar go‘yo qanot chiqarib uchayotgandek yelib borishmoqda. Ya’nikim, imoni basalomat tabib g‘olib chiqdi. Otlar — uning orzulari ham mangulikka daxldor.
Shaytanat olami girdobiga tushgan Elchinning majruh holati, o‘z jonini saqlab qolish uchun sadoqatdan yuz o‘girgan Shomilning oxir-oqibatda kallasi olinib sovg‘a tariqasida qutiga joylanishi tasviri; orzu-armonlari abadiy ko‘milgan Zaynabning achchiq qismati — barcha-barchasi biz uchun, hayot atalmish umr yo‘lining o‘nqir-cho‘nqirlaridanmi, jin ko‘chalariyu ravon yo‘llaridanmi ketayotgan har bir inson uchun hayotiy saboqlardir.
Umuman olganda, Xurshid Ziyoxonovday yosh bir iste’dodning asarni shunday zukkolik bilan tushuna olishi, uning nozik tomonlarini ichki bir hissiyot bilan topib, uchala kitobdagi voqealarni tasvirda bir-biriga bog‘lab bizga yetkaza olganligining o‘zi alohida tahsinga sazovor!
Men «Shaytanat» saviyasi mundayroq o‘quvchilarga mo‘l yozilibdi, shuning uchun qo‘lma-qo‘l o‘qila-yotir, ularga jahon adabiyotining durdonasini bersangiz betiga qaramaydilar deb «kuyunayotgan»larni «O‘zingiz asar davomini qanday kutdingizu qay tariqa o‘qib chiqdingiz?» deb so‘roqqa tutgan bo‘lardim. Va shubhasiz, ular vijdonan, ichki tuyg‘ulariga erk berganlarida edi: «Intiqlik bilan kutdigu chanqoqlik bilan o‘qib chiqdik» degan bo‘lardilar.
Vaholanki, «Shaytanat» olami — yaqin o‘tmishdagi bizning olamimiz, bizning voqeligimiz, bu olamni bir tirik vujud deb qaraydigan bo‘lsak, shu vujuddagi og‘riqlar, dard-xastaliklar bizning dardu alamlarimiz. Shunday ekan, nechun biz bu dardlarga, «dard ustiga chiqqan chipqon»larga befarq qarashimiz kerak? Tabobatda bemor dardiga shifo berish uchun, avvalo, kasallik tub-tubigacha aniqlanib, uning ildizlari ochib tashlanadi. So‘ng muolajaga o‘tiladi. Shuning barobarinda, «Shaytanat» dardlarimizga shifo berishda bir vosita — malhamdir ham. Aytingchi, qaysi bir bemor dardiga davo bo‘lishi mumkin bo‘lgan malhamdan bosh tortgan? Saviyamizning «unday» yoki «bunday»roqligi xususida bosh qotirishning o‘zi joizmikin shunday holatda?!
Yana asar tahliliga qaytamiz.
Avvalo taqdirlarni qarang, biri biriga o‘xshamasligini ko‘ring. Zelixonni Xongireyga chalkashtirmaysiz, Hosilboyvachchani Shilimshiqqa tenglashtirmaysiz. Asadbek bilan Chuvrindi, Kesakpolvonlar-chi? Har biri o‘ziga xos o‘zga olam vakillari. O‘z qahri-zahri, alami, armonlari bilan betakror shaxslar. Shaytanat olamining ustunlari. Qiyofalari, fe’lu ta’bu dunyoqarashlari bilan ham bir-biriga sira o‘xshamaydi. Ular o‘rtasida goh oshkora, goh zimdan borayotgan kurash butun shafqatsizligi bilan qalamga olinishi, ko‘lami bilan hayiqmay tasvirlanishi chiroyli. Asadbekning o‘z otasi qabrini ziyorat etgani borishi, Kozlov bilan aloqalari, Xongireyning dasti uzunligi, u yuborgan tergovchilarning ashaddiy siquvlari va nihoyat Zelixonning qurbon berilishi sahifalari asarni baland pog‘onaga ko‘tarib turibdiki, uncha-muncha yozuvchi Shaytanat olamining bu o‘rdalariga kirib borishga jur’at ham etolmaydi, iqtidori ham yetmaydi. Ayniqsa, Asadbek og‘ir xastalikka chalingandan keyin shaytanat olamida uning o‘rnini egallash uchun boshlangan pinhona va ochiq kurashlar asarga yangitdan «jon va ruh» bag‘ishlab yuborganki, bu Tohirning mahoratidan dalolat berib turibdi.
Mana shu xastalik ayniqsa, Asadbek safdoshlari uchun zo‘r sinov bo‘lib, shu bahonada Chuvrindining sadoqati, Kesakpolvonning hojasining o‘rni uchun «o‘lib-qutilish»lari yana ham yorqinroq ochila boradi. U yolg‘iz da’vogarlik uchun kurashib, o‘zidan necha bosh baland turgan Chuvrindini ustalik-la yo‘qotishi faqat Shaytonsaroylarga xos yovuzlikning bir ko‘rinishidir.
Asadbek Chuvrindining qabri tepasida yolg‘iz qolgandagi manzarani eslang: «Ikki bir xildagi marmar tosh. Birida onasi, ikkinchisida Samandar ukasi. Ularning yoniga ukadek aziz bo‘lib qolgan Chuvrindi qo‘yildi.

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:23:13

Asadbek osmonning ko‘z yoshlari ostida picha turdi. Paltosi ivib ketdi. Yuzlarini, ko‘z yoshlarini qor aralash yomg‘ir yuvdi.
«Bu yer mening joyim edi, Mahmud ukam. Sen kelding. Yoningda yana bir joy bor... «Mastlikda bo‘lgan» deyishyapti. Men bunga ishonmayman. Senga qasd qilganni xor qilmasam, otimni boshqa qo‘yaman. Qasos olmagunimcha yoningga kelmayman...»
Kimdir uning qo‘lidan ushlab tortdi.
O‘girilib qaradi: Kesakpolvon.
— Sen mening yuragimga tupurding, — dedi Asadbek.
— Unday dema, Asad, agar bu mening ishim bo‘lsa, Xudo ursin!
— Yo‘qol...
— Asad...
— Yo‘qol, dedim!..»
Ha, busiz ham o‘zini Xudo urib qo‘ygan Kesakpolvonning ishi edi bu. Asadbek uni ichki bir tuyg‘u ila his etib, sezib turibdi.
Qolaversa, u Asadbekning yuziga birinchi tupurishi emas. Boshda topishgandayoq, bolalikdayoq tupurib ulgurgan edi. Eslang, o‘g‘ri to‘g‘rining yuziga, valadi zino alamdiydaning yuziga tupurgan edi.
Bu beshafqat tasvirlar qahramon ichki olamiga dahldor bo‘lmay nimaga dahldor ekan? Nega bizni shunchalik larzaga solyapti ekan, agar chinakam badiiyatga aloqador bo‘lmasa! Qalbning nozik pardalariga tegib titratmasa?
Asadbek kechagi beshafqat tuzumning alamzada farzandi. Achchiqma-achchiq beshafqatlik ko‘chasiga kirgan, qasdma-qasdiga jamiyat qonunlarini oyoq osti qilib, qasos-la qalbiga malham topib yurgan va hech kimga bo‘y bermay kelayotgan odam. Agar u vaqti-vaqti bilan eng to‘g‘riso‘z do‘sti Jalilni ko‘rgisi kelib qolmaganida, tanchasi pisillagan o‘sha eski uy — otasidan qolgan yolg‘iz xotirani qo‘msab bormaganda, bilmadim, uni shu ko‘chada yurgan boshqa yovuzlardan farqi qolmasmi edi! Lekin u ham tirik inson, ojiz banda ekanini biz og‘ir xastalikka chalinib, mungli bir qiyofaga kirganida, qo‘li qisqaligini sezib qolganida yaqqol ko‘ramiz. Ayniqsa, Asadbekning o‘sha xastalik boshlanganda ko‘rgan tushi, ruhi shodlar va qabr azobini tortayotganlar diyorida kezib, onaizorining «oh»ini eshitib, qabri ustida olov tillarini ko‘rishi, xasta Samandarni, otasini uchratishi, ular bilan muloqotlari shunaqa jonli, ishonarli tasvirlanganki, o‘qib lazzatlanasiz. Muallif bizni Asadbek qalbining qahrdan xoli, armon to‘la puchmoqlarigacha yetaklab kiradi.
«— Ada, — deb ajablanadi Asadbek. — Siz ham shu yerdamisiz?
— Hammamiz birgamiz, toychoq, — deydi otasi jilmayib.
— Yaqinda men ham kelsam kerak, — deydi Asadbek.
— Kelasan... Men kutyapman. Senga chena yasab qo‘yibman... chenada uchishni sog‘indingmi?
— Sog‘indim, ada.
— Bolam, qiynalib ketdingmi? — deydi onasi.
— Qiynaldim, — deydi Asadbek.
— Kela qol, adang... yog‘och chena yasabdilar o‘zlari.
Asadbek atrofga alanglaydi. Chena ko‘rinmaydi. Ba’zi qabrlar ustida charx urayotgan oq qushlarga ajabsinib qaraydi.
— Bular qanday qushlar? — deb so‘raydi.
— Bular... ruhlar... u dunyoda solih farzand qoldirganlar.
— Siznikida olov ko‘rdim?..
— Oh, bolam... sen qabr azobi nima ekanini bilmaysan...
— Sizlar bu dunyoda halol yashadingiz, umrlaringiz azob bilan o‘tdi. Yana qanday azob?..
—...Solih farzand — amali...
—...Nima bu?..
Onasi javob o‘rniga «oh!» deb qo‘yadi.
Qabriston etagida oq tuyalar ko‘rinadi. Tuya karvoni asta yurib, qabristonni tark eta boshlaydi.
— Oq tuyalar ketishyapti, — deydi onasi afsus bilan.
— Ularni qaytarish kerak, — deydi otasi.
— Mozorlarimizdan avliyolar ketib qolishyapti. Odamlardan iymon ko‘tarilyapti.
Asadbek avval ham eshitib edi bu gapni... Manzura aytib edi. Onasi ham aytyapti.
— Tuyalarni qaytaraman, — deydi Asadbek.
— Qaytarolmaysan, — deydi otasi...»

Qayd etilgan


Murod_bek  17 Dekabr 2007, 19:23:32

Keyin Asadbekning atay Krasnoyarga — otasi tutqunda yotgan joylarni izlab borib, ovloq o‘rmon chetidagi mozoristondan qabrini topib, ziyorat etishi— uncha-muncha dunyo ko‘rgan, dunyo kezgan farzandlarning ham xayoliga kelmagan ish. U shu jihatlari bilan ham o‘z zamondoshlaridan bir pog‘ona yuqori turadi. Qalbi ham ayrim paytlari yumshab ketadi, olijanob ishlarga qodirday ko‘rinadi-yu, qalbiga bir vaqtlar tuxum qo‘yib ulgurgan yovuzlik uyg‘onib ketganda tamomila sitamkor va qasoskorga aylanadi. Uning Muhiddin otaga aytgan gaplarini eslang.
«Men namoz o‘qimasam ham Xudodan qo‘rqadigan insonman. O‘lganimdan so‘ng do‘zaxda kuyishimni bilaman. Sizni bilmayman-u, ammo men sho‘ro hukumatidan butunlay noroziman. Do‘zaxda avval shu hukumat kuyishi kerak!» deydi u. Asadbek qanaqa murakkab shaxs ekani xuddi mana shunday nozik pallalarda butun bo‘y-basti bilan ko‘rinib ketadi. Uning tabibdan shifo istab borganida (xuddi Zelixon singari) qariyalarga qo‘shilib, namozga o‘tgisi kelishi... o‘tishi qanchalik tabiiy bo‘lsa, tuzalib, dard orqaga chekingach, Xudoni unutib, shaytanat olamiga sho‘ng‘ib ketishi shunchalik ishonarlidir. Qalblarini yovuzlik zardobi bosib ketgan bunday kishilar osonlikcha iymonga kela qolmaydilar. Asadbek fojiasining butun dahshati ham shunda, sabog‘i ham shunda.
«Shaytanat» asarida nurga yo‘g‘rilib, san’atkorona chizilgan bir talay obrazlar ham borki, ular ro‘monga o‘ziga xos ohang desammi, mung desammi, nur desammi taratib turibdilar. Bu eng avvalo Anvar, Zaynab, Elchin obrazlaridir. Anvarning zauraliklar bilan muloqotlari, ruhlar olamiga sayohatlari va nihoyat uning yozib qoldirgan xatlari asarga bir oydinlik bag‘ishlab, haqiqat nurini sochib turibdi.
«Hurlik nimaning evaziga berildi? — deb yozadi u.— Qonlar evazigami? Jonlar evazigami? Jon berishga tayyor azamatlar bormi bu ulug‘ Turkistonda? Xumoyun Mirzo xastaligida tabib Bobur Mirzoga «Eng qadrli narsangizni atang», deganda shoh Bobur «Eng qadrli narsa — jonim, jonimni berayin», degan ekan. Xasta ona Turkistonga kim jonini fido qiladi? O‘limdan qo‘rqmas, botir o‘g‘lonlar nahot butunlay qirilib bitgan? Bu qanday hayot o‘zi? Kun bor — quyosh yo‘q. Osmon bor — yulduzlar yo‘q. Vatan bor — vatanparvar yo‘q...
Alixonto‘ra Sog‘uniy domla aytgan ekanlar: «Agar o‘zbeklar oshning atrofiga birlashganday birlashganlarida edi, allaqachon erkka erishgan bo‘lar edilar. Men bu aqlli satrlarga ozgina tahrir kiritmoqqa jazm etdim:
«Agar o‘zbeklar to‘planib, to‘y-ma’raka oshiga oshiqqanlari kabi iymonga oshiqqanlarida edi, mustaqillikka shubhasiz erishardilar».
Ulug‘ Turkistonni faqat iymon birlashtiradi...»
O‘sha kechagi sho‘rolar jamiyatida shunday odam jinni deb e’lon etilishi va o‘zini osibgina ruhiga erk berishi tabiiy edi. U shunday fojiona qazo topdi. Zamonga sig‘magan Anvarni ozod ruhlar chaqirib oldilar.
Bu mungli qissa shaytonsaroyning gunoh kitobiga abadiy yozilib qoldi. Xuddi Asqar Qosim qissasi kabi... Elchin fojiasi kabi... Boyaqish Elchin. Shunday iste’dodli hofiz. Qaysi shayton uni yo‘ldan ozdirdi? Xonumonidan, suygan xotinidan ajratgani, o‘n yil qamoqxonalar tuzini tottirgani kam ekanmi? Qasos ko‘chasiga ro‘baro‘ qilmasa? Mana endi Asadbekni o‘tday kuydirib, sal taskin topdim deganda... Noilasi rozi emas. Axir uning ruhini rozi etish uchun qilmabmi edi shu ishni?
Asarda haqiqatni oydinlashtirib kelaturgan ruhiy holatlar, parvozlar, o‘tgan yaqinlarning ruhlari bilan uchrashuv-muloqotlar nozik, muxtasar tasvirlarda aylanib-aylanib keladiki, ular ro‘monga yangi fazo va yangi havoday tushgan. Esingizda bo‘lsa, muallif o‘sha Farg‘onadagi ur-sur tasvirida birinchi bor shu uslubga murojaat etgan edi. Zelixon hushidan ketganida tushga o‘xshagan g‘alati bir narsa ko‘rganini o‘n og‘izgina so‘z bilan ifodalagan edi: «Boshimga zarba tushishi bilan hammayoq gir aylandi. Keyin atrofni zulmat o‘radi. Ikkita sharpa kelib, qo‘ltiqlab ko‘tardi. «Yaxshi bo‘ldi, bulardan qutqaradi», deb o‘yladim. Sharpalar qo‘ltiqlab ko‘targancha meni chir aylantirib balandga, juda balandga olib ketishdi. Xuddi sahrodagi girdobga tushib qolganday bo‘ldim. Keyin birdan zulmat tugab, yorug‘likka chiqdik. Atrof shu darajada yorug‘ ediki, ko‘zlarim qamashib ketdi. «Buni nimaga olib keldilaring, hali muhlat bor», degan g‘alati ovoz eshitildi. Keyin yana girdobga tushdim, yana zulmatda qoldim. Sharpalar meni yerga yotqizib, yo‘q bo‘lishdi. Keyin ko‘zimni ochsam... Yigitalining ayvonida yotibman.
Zelixon javob kutib, Ismoilbeyga tikildi. Ismoilbey bir oz o‘yga toldi, chuqur xo‘rsindi. So‘ng:
— Buning ta’birini aytishga fikrim ojiz, — dedi. — Vallohi a’lam, Tangrim joningni qaytarib beribdi. Buning ma’nosi shuki, endi sayoq yurishingni tashla. Qalbingni zangdan tozala...
— Qalb zangi? — Zelixon kulimsiradi. — Rosa zo‘r gaplarni topib gapirasiz-da, tog‘a. Hozir namoz o‘qiyotganingizda nima uchundir mening ham o‘qigim keldi...»

Qayd etilgan