Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 218726 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:15:58

Odam tabiati shunday: ba’zan biron nojo‘ya qadam qo‘yadi-yu, keyin o‘zini oqlash maqsadida bahonalar izlaydi. Birov «nimaga shunday qilding?» deb so‘ramasa ham bahonalarini aytishga shoshiladi. O‘zi to‘qigan, ammo o‘zi ham ishonmagan bahonaga boshqalarni ishontirmoqchi bo‘ladi. «Ishtonsizning hadigi cho‘pdan», deb balki shunga aytilar.
Xonimcha Manzuraning qarab turishidan tutoqdi:
— Nimaga qarayapsiz? Gapim yoqmadimi, yo tushunmadingizmi?
— Tushundim... lekin...
— Nima, lekin?
— O‘zingiz rusmasmisiz?
— Xo‘sh, rus bo‘lsam-chi?
— O‘zingizning yurtingizni shunday deysizmi?
— Xo‘sh, chindan ham yuvuqsiz bo‘lsa-chi? Xo‘sh, o‘zingiz kimsiz, qozoqmisiz, tojikmisiz?
— O‘zbekman.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:16:08

— Agar O‘zbekiston shunaqa bo‘lsa, indamay yuraverasizmi?
— Xudoning o‘zi asrasin!
— Yo‘q, siz menga aniq javob bering: shu gapni aytmaysizmi?
— Tilim kesilsa ham aytmasman.
— Xo‘sh, nimaga? — Xonimcha shunday deb qutidan yana bir sigareta olib, labiga qistirdi. — Faqat «Vatanimni sevaman» demang, bunaqa gaplarni milliard marta eshitganman.
Manzura nima deyishini bilmasdi. Nima desin: kindik qonim to‘kilgan tuproq men uchun muqaddas, unda ota-onam yotibdi, aziz-avliyolar yotishibdi, bir kuni o‘zim ham shu tuproqqa qo‘shilaman, qanday qilib uni la’natlash mumkin? O‘z yurtini la’natlagan tilni kesib, itga tashlansa, it ham bu tildan hazar qilar, yemas?
Manzuraning dilida shu tuyg‘u bor, lekin bunday so‘zlarni maromiga yetkazib ulab, ayta olmaydi. Biroq, xonimcha unga qaltis savol berdi, javob kutyapti.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:16:23

— Shunday deysiz-u, erta-indin yana shu... yuvuqsiz deganingiz joyga qaysi yuz bilan qaytib kelasiz?
— Kim qaytib keladi? Menmi? O‘lsam ham qaytmasman. Tupurdim bunaqa joyga.
— Endi... bu yoqlarda yashamoqchimisiz?
— Ha. O‘ynashim kutib turibdi. Germaniyaga boramanu undan Parijga uchaman. Parijda yashayman!
«O‘ynashim kutib turibdi?» Bu gapni shu tarzda behayolik bilan aytilgani Manzurani titratib yubordi. Manzura nazoratdan o‘tayotganida bu xonimchaning bir yigit bilan quchoqlashib, o‘pishib xayrlashganiga ko‘zi tushgan edi. «Demak, u boyoqish eri... bu yoqda esa o‘ynashi... Voy sharmanda, yo tavba...» Manzura shunday deb o‘yladiyu birdan yodiga Zaynabning Elchinga aytgan so‘zlari yodiga tushib oyoq-qo‘liga muz yugurdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:16:33

«Nahotki mening qizim ham shunday bo‘lsa?!» degan fikr miyasiga yashin kabi urilib, jonini sug‘urib olganday bo‘ldi.
Jism og‘risa chidash mumkin, ruh zada bo‘lsa, ezilsa chidamoq mushkul. Ko‘zini yumib, ingrab yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi.
Xonimchaning boshqa gapirmay jim ketishi bir jihatdan yaxshi bo‘lsa-da, ikkinchi tomondan Manzurani noxush xayollar hukmiga topshirib qo‘ydi. Omadsizlik-da, agar hamrohi bama’ni bo‘lsa, suhbat bilan ovunardi, bu azoblar ham yo‘q edi. Bunday hollarda banda chorasiz. Islomiy ilmdan xabardor bo‘lganida ham, shayton vasvasalaridan panoh izlab, Yaratgan sari intilar edi. Tangriga solih banda bo‘lish tizginsiz xayollarga bandi bo‘lishdan qutqarardi. Bunday panoh yo‘q ekan, azobni tortaveradi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:16:41

U o‘zini ko‘ngilsiz xayollar panjasidan qutqarmoq uchun ko‘zini ochganida xonimcha Zaynab bo‘lib ko‘rinib yana ingrab yubordi. Shu bo‘yi yana ko‘zlarini yumganicha, to uchoq qo‘ngunicha ochmadi. Uchoqdan tushar mahalida ham xonimchaga qaramaslikka tirishdi. U o‘zini ham, ko‘zlarini ham hamrohidan olib qochar, ammo aksiga olganday, xonimcha dam yonida, dam ro‘parasida paydo bo‘lib qolardi.
Xonimcha boshqalarni turtib-surtib bo‘lsa-da, nazoratdan avvalroq o‘tdi. Shunda Manzura uning o‘ynashini ko‘rdi. Kamida oltmishni urib qo‘ygan, kal, malla bashara semiz odamni ko‘rib, «O‘l-a, topganing shumidi?» deb qo‘ydi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:17:25

3
Manzura kelinlikka nomzodlar ham kutgani chiqishsa kerak, deb faraz qilgan edi. Shu sababli sog‘intirgan o‘g‘illarini bir-bir bag‘riga bosib, xuddi go‘dagini erkalagani kabi suyib, o‘payotganida nigohi ko‘z yoshlarining xira pardasi orqali o‘sha qizlarni izladi. Manzura o‘g‘illarini qayta-qayta bag‘riga bosgani bilan sog‘inch sahrosida tashnalik azobida qiynalgan ko‘ngli qoniqmayotgan edi. Bu uchrashuv, bu ko‘rishuv sahro yuziga uch-to‘rt yomg‘ir tomchisi tushgani kabi edi. U farzandlarini birma-bir quchoqlashga qanoat qilmay qulochini keng yoydi-da, so‘ng jo‘jalarini ikki qanoti ostiga olib avaylaganday baravariga quchoqladi.
Ko‘zlardan oqqan sog‘inch, baxtiyorlik yoshlari tinib, hayajon tafti sal bosilgach, ulardan ikki qadam narida o‘rta bo‘yli, qorachadan kelgan tilla halli ko‘zoynak taqqan odam yaqinlashib, qo‘lidagi bir dasta gulni Manzuraga uzatdi:
— Marhabo, xonim afandim, xush keldingiz, — dedi u Manzura uchun begona bo‘lgan lutf bilan.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:17:35

— Doktor Xudoyor ustozimiz bo‘ladilar, — dedi Samad, uni onasiga tanishtirib.
— Yodingizdadir, biz siz ila telefon orqali so‘zlashmak sharafiga muyassar bo‘lgan edik. Bu tashrifingiz cho‘x go‘zal bo‘lmish. Cho‘x minnatdorman, cho‘x baxtiyor bo‘lmisham, xonim afandim.
Manzura bunday iltifotga nima deb javob qaytarishni bilmay, bosh silkib qo‘ya qoldi. Erida, xonadoni atrofidagilarda bunday lutf bo‘lmagani sababli ham u javobga ojiz edi. Doktor Xudoyor uchun bu hol qorong‘u edi. Shu bois ayolning bosh silkib qo‘yishini uning hayajoniga yo‘ydi.
— Abdusamad, inim, siz yuklar ila mashg‘ul bo‘ling, biz bora turamiz, — dedi doktor Xudoyor.
To‘ng‘ich o‘g‘liga «Samad» deb ism qo‘yib, shu yoshga qadar «Samadjon», deb erkalab chaqiruvchi onaga «Abdusamad» deyilishi ajab tuyuldi. U o‘g‘lining doktor Xudoyorga dastlab uchrab «Ismim Samad» deganida «As-Somad — Ollohning sifatlaridan biri, ya’nikim, butun maxluqotning ishini bitiruvchi, barcha hojatlarni so‘raydigan zot, demakdir. Siz bilan biz esa Ollohning qullarimiz. «Samad» desangiz Xudo bo‘lib qolasiz. Ismni to‘g‘ri talaffuz etmak joizdur. Siz «Samad» emas, «Abdusamad» siz», deb tanbeh eshitganini bilmas edi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:17:43

Manzura «qizlar kutgani chiqmadimi?» degan o‘yda atrofga bir alangladi. Uning fikrini anglamoq uchun doktor Xudoyorga shuning o‘zi kifoya qilib, kulimsiradi:
— Xonim afandim, uzr etmagingizni so‘rayman. Sizga peshvoz chiqmak uchun qizlarni-da taklif etmish edik. Ular tashrifingizdan sarfaroz esalar-da, bunga chiqmoqdan uyatdilar. Ularning cho‘x go‘zal odoblari vordur. Ularni uzr etmak, duo qilmak joizdur, xonim afandim. Buyuring xonim, Abdulhamid, keching.
Bunday so‘zlarni eshitganida Asadbek qanday ajablangan bo‘lsa, hozir Manzura ham shunday taajjublandi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:17:51

4

Bu shaharning boshqa yerlarga nisbatan orastaligi bilan ajralib turishini har qanday odam yo‘l-yo‘lakay bilib oladi. Mashinaning orqa o‘rindig‘ida, ikki o‘g‘lini ikki qanoti ostiga olib borayotgan Manzura atrofga suqlanib boqmasa-da, buni sezdi. G‘ildiraklarning do‘qillamay, mashinaning chayqalmay, sakratmay ohista suzishini, odamlarning yo‘l chetlarida tartib bilan yurishlarini, ozodalikni bir necha daqiqalik safar chog‘idayoq sezish mumkin edi.
Oldingi o‘rindiqda o‘tirgan doktor Xudoyor shahar oralab yurishayotganda orqasiga o‘girildi:
— Xonim afandim, biz-da olmonlarning shul kentinda musofirlik ichinda istiqomat etmakdamiz. Qarang, kent cho‘x go‘zaldir. Sizlar bularni nima deb ataysizlar? — doktor Xudoyor kulimsiradi. — Chiriyotgan kapitalizmmi? Qarang, qanday chirimakda!
Manzura bu kabi siyosatdan behad uzoq bo‘lsa-da, radiodan aytiluvchi shunga o‘xshash gaplar qulog‘iga kirib turardi-yu, ammo mulohaza qilib, fahm etishga urinmas edi. Doktor Xudoyorning hozirgi kinoyasiga ham tushunmagani sababli javob o‘rniga yengilgina jilmayib qo‘ya qoldi. Bu jilmayish doktor Xudoyorga ilhom berib, shaharni maqtayverdi. Ayrim binolarning tarixini ham bayon qilishni unutmadi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:18:00

Bir soatlardan so‘ng baland binolar safi siyraklasha boshladi. Ana shunda doktor Xudoyor izoh berdi:
— Xonim afandim, Muzaffarxon Marg‘iloniy janoblari sizni kent hududidan tashqaridagi villada kutmakdalar.
Villa deganlari g‘oyatda ozoda bog‘, uch qavatli imorat, marmar hovuzdan iborat edi. Villa odam bo‘yi keladigan panjara bilan o‘ralgan, bu qo‘riqlash maqsadida o‘rnatilgan devor emas, balki ko‘cha hamda qo‘shni villadan chegaralab turuvchi ramziy to‘siq edi. Manzurani Muzaffarxon ahli ayoli Guluzor begim bilan peshayvonda kutib olishdi. Ichkarida, shoxona bezatilgan keng xonada o‘ndan ziyod erkagu ayol — Olmoniyada istiqomat qiluvchi o‘zbeklarning yuqori tabaqa vakillari mehmon kutish bahonasida to‘plangan edilar.
Sohib bayt lutf qilib, ularni bir-bir tanishtirdi. Erkaklar yengil ta’zim hamda jilmayish bilan mehmonni sharaflashdi. Ayollar o‘zlarigagina xos bo‘lgan qiziquvchanlik, ziyraklik bilan Manzuraning kiyimiga, barmoqlaridagi uzuklarga, bo‘ynidagi dur-marjonga qarab olganlaridan keyin jilmaygan holda qo‘l uzatdilar. Bunday marosim, bunday tanishuvni endi ko‘rib turgan Manzura qanday harakat qilishni, nima deyishni bilmay xijolat bo‘ldi, o‘zini noqulay his etdi. Doktor Xudoyor buni sezib, tanishtiruv chog‘ida gap qo‘shib, hazillashib, kulgu uyg‘otib, noqulay vaziyatni chekintirishga harakat qildi.

Qayd etilgan