Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 218722 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:18:08

Manzurani ayni choqda qimtinishga majbur etayotgan yana ikki omil mavjud edi. Biri — uyning hashami bo‘lsa, ikkinchisi — o‘zining libosi edi. Garchi erining davlati bularnikidan kam bo‘lmasa-da, uylari bu darajada emasdi. Bunday uylarda yashab o‘rgangan odamlar Asadbeknikiga borishsa ajablanishlari turgan gap edi. Eri bu qadar hashamni yoqtirmasmidi, yo dang‘illama uy solishdan qo‘rqarmidi, Manzura buni bilmaydi. O‘zi esa hech mahal bunga qiziqmagan.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:18:20

«Qizlar bizning uyimizni nazarga ilisharmikin?»
Ostona hatlab ichkari kirgan Manzuraning xayoliga kelgan dastlabki fikr shu bo‘ldi.
Dunyodagi barcha ayollarda bo‘lganidek, Manzurada ham libosga qarab qo‘yish odati bor edi. U bir qarashning o‘zidayoq, mezbonlar libosining shohona ekanini bildi. Ularnikiga nisbatan o‘ziniki g‘aribgina tuyuldi. Agar qimmatbaho bezaklari bo‘lmasa, uni shu uy xizmatkorlari qatoriga qo‘yish mumkin edi.
Tanishuv so‘ngida ular chekkaroqda iymanib turgan ikki qizga yaqinlashdilar.
— Mening qorong‘u osmonimni yoritib turuvchi ikki yulduzim — biri Cho‘lponoy, biri Mushtariy, — dedi Muzaffarxon faxr bilan.
Qizlar ko‘zlarini yerdan uzmay, baravariga salom berdilar. Manzura alik olgach, doktor Xudoyor so‘z qotdi:
— Inshoollohkim, bu yulduzlar sizning osmoningizda ham nur sochajak!

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:18:30

Qizlar uyalishib, o‘girildilar-da, zina tomon yurdilar. So‘ng ildamlik bilan yuqoriga ko‘tarildilar.
Ularni ko‘rgan zahoti Manzuraning yuragi jiz etdi. Qizlar bag‘oyat go‘zal, istarali edilar. Balki hazrat Navoiy «Ruxsorida lomai malohat, guftorida nash’ai fasohat» deb bitik bitganlarida shunday go‘zallarni nazarda tutdilarmi, Xudo biladi. Manzura hozircha ularning ruxsorigagina bandi bo‘ldi, hali so‘zlarini eshitgach, shunday qizlarni o‘g‘illariga nasib etgani uchun Yaratganga shukrlar qilishi tayin.
Manzura barcha bilan bir sidra tanishib chiqqach, Guluzor begim iltifot qildi:
— Azizlarim, Manzuraxon begim ila meni ma’zur tutgaysizlar, sizlarni bir necha daqiqaga tark etajakmiz.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:18:49

Manzura mezbonga ergashib, avval shinam dahlizga chiqdi, so‘ng mo‘’jaz mehmonxonaga kirdi.
— Bunda orom olmog‘ingiz mumkin, Manzuraxon begim. Chantalaringiz bu yerda. — Mezbon shunday deb, yon eshikni ochdi. Manzura bir kishilik yotoqxonani, karavot yonida turgan jomadonini ko‘rib, «chanta» nima ekanini fahmladi.
— Siz tashrifingiz ila barchalarimizni g‘oyatda sarfaroz ayladingiz, begim, biz bunda ota yurtdan kelgan har bir vatandoshlarimizning nafasiga mushtoq yashayurmiz. Shul bois vatandoshlar tashrifingizga peshvoz yig‘ildilar. Siz hordiq chiqaring, men picha fursat o‘tgach, huzuringizga qaytajakman.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:18:58

Mezbon chiqqach, Manzura yumshoq kursiga omonatgina o‘tirdi. U uyning hashami, mezbonlarning takallufidan hayron, go‘yo begona yurtga, begona odamlarnikiga emas, balki begona dunyoga kelib qolganday edi. To‘yu-ziyofatlarga borib «esonmisiz-omonmisiz...»dan boshlab, kerakli-keraksiz gaplar bilan vaqt o‘tkazishga, ketma-ket kiritiluvchi ovqatlarga, «oling opovsi, oling, ovsin» degan mehribonchiliklarga o‘rganib qolgan ayol uchun bu chindan ham o‘zga dunyo edi. Shu sababli Manzura yo‘ldagi holatini, qizi tashvishidagi xayollarini, o‘g‘illarini bag‘riga bosgan chog‘dagi mas’udlikni bir zum unutib, o‘zini qanday tutmoqligi lozimligini o‘yladi. Guluzor begimning bu xonaga boshlab kirishidan maqsadi yuvinib, kiyimlarini almashtirib olish uchun sharoit yaratmoq ekanini fahmlab, o‘rnidan turdi. Shunda yotoqxona yonidagi eshikning qiya ochiq turganiga, bu yerning yuvinish xonasi ekaniga e’tibor berdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:19:08

Manzura yuvinib, taranib bo‘lgach, mezbonni yana o‘n daqiqa kutdi. So‘ng Guluzor begimga ergashib, tanishuv marosimi bo‘lib o‘tgan katta xonaga qaytdi. Davra qurib o‘tirganlar Manzuraning tashrifini jilmayib, bosh irg‘ab qo‘yish bilan sharaflashdi. Davra to‘rida, ikki o‘g‘il o‘rtasida ikki joy bo‘sh edi. Manzura bilan Guluzor begim o‘tirishlari hamon xizmatchi kelib qahva tutdi.
Manzura kirganda uzilgan suhbat, qahvadan bir ho‘plagan onda davom qildi. Doktor Xudoyorning yonida o‘tirgan ozg‘in odam ham qahva ho‘plab olib, fikrining davomini izhor etdi:
— Men jannatmakon Shermuhammadbekning butun bo‘y-bastlari ila aks etgan haykalni-da borib ko‘rmakni ixtiyor etdim. Axir men Shermuhammadbek hali holi-hayot ekanliklarida bir necha bora suhbatlaridan bahramand bo‘lmak sharafiga yetushganman. Men lol qoldimki, aynan o‘zlariga o‘xshabdi. Yana lol qoldimki haykalni o‘rnatmakka yurt og‘alarida rag‘bat yo‘qtur.
Guluzor begim Manzuraga qarab, past ovozda: «Sa’dulloxon Vatanga borib qaytib edilar. Taassurotlarini aytmakni ixtiyor etiyurlar», deb izoh berdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:19:19

Sa’dulloxon deganlari taassurotini intihosiga yetkazmay, doktor Xudoyor e’tiroz bildirdi:
— Azizim, agarchi menda-da hukm bo‘lgan chog‘inda ham haykalni o‘rnatishga izn bermas edim.
Fikrining qabul qilinishiga ishongan Sa’dulloxon bu qadar keskin e’tirozni kutmagani uchun ajablandi:
— Nima uchun? — dedi u norozi ohangda.
— Buning bir necha sabablari vordur: ilk sabab shulkim, haykal o‘rnatmaklik — Islomga tamomila yotdur. Butparast mushriklarning yo‘lidur. Islomdan narida so‘zlamak istasak, Shermuhammadbek bundayin sharafga noloyiq shaxsdir.
— Ajab! Ajab! — deb yubordi Sa’dulloxon. — Shermuhammadbekning kimligini bilurmisiz o‘zingiz?
— Biliyurman, azizim, — dedi Xudoyor, xotirjam ohangiga xiyonat qilmay. — U muhtaram zotning ma’lum harakatlari uchun hurmatimni izhor etganim holda deyurmanki, siz aytgan sharafga loyiq emasdurlar. Ya’nikim, Madaminbekni shahid qilmoqda ishtiroklari bo‘lganini kechirmoq aslo mumkinmasdir.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:19:41

— Agar Madaminbek xoinlik ko‘chasiga kirgan bo‘lsalar-chi?
— Sa’dulloxon, azizim, qalbimdasiz. Siz bilan bu xususinda avval ham bahslashib edik. Madaminbekning sho‘rolar bilan bitimidan asl maqsadi siz bilan bizga qorong‘u bo‘lgani sababli ajrim qilmoqqa huquqimiz yo‘qtur. Siz bilan men bu xususinda bir bitimga kela olmaganimiz bois, bahsni yangilamaylik. Fikrimning davomi shuki, Shermuhammadbek amiralmusliminni shahid etib qochganidan so‘ng...
— Qochganlari yo‘q, hijrat qildilar. Hijrat qilmoqlik esa sunnatdir. Yoinki janobi Rasulillohning hijratlarini-da inkor etajakmisiz?
Bu savol doktor Xudoyorga yoqmagani uchun zaharli jilmayib qo‘ydi. Ammo gapidagi bosiqlik ohangini yo‘qotmadi:
— Azizim, siz meni bir toqqa, bir boqqa boshlamakdasiz. Payg‘ambar afandimiz, sallollohu alayhi vasallam, hijratlari bilan Shermuhammadbekning qochoqliklarini tenglashtirmoqning o‘ziyoq gunoh sanalur.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:19:49

Siz muhtaram afandimga eslatmagim joizdurki, payg‘ambar afandimiz hijrat qilganlaridan so‘ngra ulug‘ g‘azotning rahbari bo‘ldilar. Shermuhammadbek esa, — doktor Xudoyor yana jilmaydi, — mayli, siz aytganingizcha bo‘la qolsin, «hijrat qilganlaridan» so‘ngra tan oromidan o‘zga narsani bildilarmi? O‘zlarini amiralmuslimin, deganlari holda nechun jihodni davom ettirmadilar?
Sa’dulloxon javobga og‘iz juftlagan chog‘da uy egasi Muzaffarxon gapga aralashib, bahsni yumshatmoqchi bo‘ldi:
— Doktor Xudoyorning qarichlari uzunroq, — dedi u kulimsirab, — o‘lchovni hamisha baland olvoradilar. Rosmana o‘lchov bilan qarasak, Madaminbekning ham, Shermuhammadbekning ham omi odamlardan bo‘lganliklarini unutmasligimiz durustdir.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:20:05

Ularda harbiy ilm bormi edi? Shermuhammadbek miltiq otishni Madaminbekdan o‘rganib edimi? Ular qo‘llariga ilk marta miltiq oliboq kim bilan olishdilar, eslang! Jahon muhoribasinda chiniqqan o‘rus askarlari bilan jang qildilar-ku?! Ular to o‘sha kunlarga qadar siyosat nima ekanini bilarmi edilar? Yo‘q, azizlarim, bilmas edilar. Harbiy ilmdan uzoq, siyosatning aldovdan iborat bir narsa ekanini bilmagan holda jang qildilar. Ha, ularda na harbiy, na siyosiy ilm bor edi. Ammo u ulug‘ zotlarning muborak qalblarida Vatanni sevmak tuyg‘usi bor edi. Biz, azizlarim, ana shu tuyg‘uni sharaflamagimiz shartdur.

Qayd etilgan