Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282693 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 52 B


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:20:16

— Afandim, — dedi doktor Xudoyor, uning so‘zini bo‘lib, — buni men-da durust anglayurman. Biroq, Shermuhammadbek jihodni davom ettirmagi mumkin bo‘lmagan ekan, Vatanda dushman qo‘lidan o‘lim topmog‘i sharafliroq emasmi edi?
— Ajab! Ajab! — deb yubordi Sa’dulloxon, ovozini bir oz balandlatib. — Sizning bu gaplaringiz menga Vatandagi bir sho‘roparastning so‘zlarini eslatdi.
— Sabr etmakni ixtiyor qiling, afandim. Mening-da so‘zim hali intihosiga yetkani yo‘qtur. Siz-da, afandim, hijratni tilga oldingiz, ammo ulug‘ Badr muhoribasini xayolingizdan parishon qildingiz. Anglayurmanki, ulug‘ Badr muhoribasinda shahid bo‘lganlar sharafiga yetmak mushkul bir vazifadur. Ammo ming to‘qqiz yuz o‘n to‘rt sanasinda Chanoq qal’asindagi muhoribani anglayurmisiz?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:20:28

Bir qal’ada to‘rt yuz ellik ming shahid! Uch yuz ellik mingi talabalar! Anglayurmisiz buni?! «Kimi hindu, kimi yam-yam, kimi bilmam ne balo...» Ular-da shahid bo‘ldilar, ammo Turkiya mag‘lub etilmadi. Afandim, anglamak joizki, Vatan bir bog‘dur. Bu bog‘ni inson qoni ila sug‘armak lozimdur. Afandim, men sizga bu xususinda boshqa so‘z aytmasman. Sho‘roparastlar so‘zlarini siz ayting.
To‘planganlar o‘sha sho‘roparastning gapi nima ekan, degan ma’noda kutdilar. Sa’dulloxon hozirgi gaplarga ham munosabatini ayon qilmoqchi edi, biroq doktor Xudoyorning «men sizga bu xususinda boshqa so‘z aytmasman», deb qo‘yishi hamda to‘planganlarning tikilib qolishlari uning shashtini qaytardi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:20:39

— U zoti past aytdiki, — dedi u bir oz o‘ng‘aysiz ahvolda, — it qorni to‘ygan yerda, odam esa Vatanda yasharmish.
Dastlab eshitilganda qo‘pol tuyulgan bu maqol o‘tirganlar etini bir sidra zirillatdi. Bu holatni sezgan Sa’dulloxon mazkur bahsda mutlaq g‘olib bo‘ldim, degan qarorga kelib, atrofidagilarga mag‘rur nazar tashladi. Ammo uning g‘oliblik supasini egallashi bir necha soniyalik edi. Doktor Xudoyor osonlik bilan mag‘lub bo‘luvchi toifadan emas edi. U ham o‘tirganlarga bir qur nazar tashlab olgach, «boshqa so‘z aytmasman» degan va’dasiga xiyonat qilgani holda javob berdi:

— Gumrah ulus ichra o‘zin qotti, axiy,
Dunyoga birovki dunyoni sotti, axiy...


Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:20:49

Hazrat Navoiyga bir so‘z qo‘shmakka hojat yo‘qtur. Sa‘dulloxon, sharafli afandim, qalbimdasiz, siz meni bir muhoriba maydonidan boshqasiga yetaklab o‘tmakni ixtiyor ettingiz. Sho‘roparastning gapi boshqa, biz aytayotgan dard o‘zgadir, Sho‘roparast sizga qozoq birodarlarimizning bir maqolini aytibdi. Buni kamina ham eshitgani bor. Siz sho‘roparast bizlarni itga qiyos etmakdadir, deb g‘azab otiga miniyursiz. Mening anglamog‘im bo‘yicha, maqsad maqolning ikkinchi bo‘lagida. Har bir insonni Vatanda yashamakka da’vat etmakdir.
— Vatanda bo‘lmak?! — Sa’dulloxon chekinishni istamadi. — Otam menga Vatanni qoldirdimi?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:22:05

— Otam menga Vatanni qoldirdimi? — deb qaytardi u. — Yo‘q, otam menga Vatan sog‘inchini meros qoldirdi. Sho‘roparastlar buni anglamaslar! Ularda nainki sog‘inch, ularda Vatan tuyg‘usi yo‘qtur. Buni men angladim! Ular so‘qir! Sho‘ro yetagida qayga borajaklarini bilmaslar!
— Siz ularni bunda ayblarsiz, ular bizlarni unda ayblarlar. Kun shu tarzda o‘taverar. Vatan esa kundan-kun botqoqqa botaverar. Afandim, agarchi ular sizni, siz tufayli bizlarni ayblar bo‘lsalar, haqlidurlar. Chunki biz bunda Vatan uchun biron nima qilmakdan ojizdurmiz.
— Biz nimalar qilaylikki, yo‘llar to‘siq bo‘lsa. Yo‘llar ochilsa edi, men Vatanning besh yerida besh ulug‘ mag‘oza ochsam, Lutfullaxon yana necha yerinda supermarket ochsalar...

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:22:14

— O‘h-ho‘!.. — doktor Xudoyor baralla kulib yubordi.— Afandim, afandim, siz o‘n emas, o‘n ming do‘kon quring, Vatanga nafi ozdir. Mag‘ozalar qurg‘uvchi tujjorlar Vatanda ham bisyordir. Siz Vatanga ilm olib boring. Vatanning qaddini ko‘targuvchi birinchi vosita — ozodlik, ikkinchisi esa ilmdur. Dunyo yurtlariga bir qarang-chi, ular mag‘ozalari ila baquvvatlarmi yoinki ilm ilami? Siz bilan biz yashab turgan Olmoniyani urushdan so‘nggi xaroblikdan bu darajaga ilm ko‘tarmadimi? Siz bilan bizning aybimiz shuki, Vatan yo‘llari ochilsin, Vatan ozod bo‘lsin, deb bunda orzu qilib kutib o‘tirmakdamiz. Sho‘rolarning hukmidagi Ovrupo jumhuriyatlarining xorijdagi biz kabi muhojirlari esa vaqtli hukumat tuzib, o‘z Vatanlarini ozod qilish qasdida kurashmakdalar. Nima uchun siz bilan biz kurashmaymiz? Chunki bizlar — siz mehr qo‘ygan Shermuhammadbekning avlodlarimiz. Na-da Shermuhammadbek kurashdi, na-da amir Said Olimxon kurashdi, na-da biz kurashyapmiz. Sizni bilmadim, sharafli afandim, ammo men Vatan qarshisida uyatlidurman.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:22:26

— Siz andak yanglish gap aytdingiz, janob Xudoyor. Bizning jamiyatimizni nazarga ilmaganingiz chakki. Biz ham Vatan uchun qayg‘urmakdamiz.
— Qayg‘urmak durust, ammo kurashmak lozim. Vatandan kelgan ashulalarni eshitib, «o‘yna yor, o‘yna!» deb o‘tirmakdan naf yo‘qtur. Agar mening so‘zlarim malol tuyulsa, ana, vatandoshimiz muhtarama xonim afandim aytsinlar...
Manzuraning kutilmagan tarzda suhbatga chorlanishi faqat uning o‘zinigina emas, o‘g‘illarini ham shoshirib qo‘ydi. Ikkovi baravariga najot istab, Guluzor begimga qaradilar. Guluzor begim bu qarashning ma’nosini uqib, jilmaygani holda doktor Xudoyorga murojaat qildi:
— Muhtaram doktor janoblari, bizlarga dasturxon muntazirdir. Bahs nonushtadan so‘ng davom etmagi durustmikin?
Bu luqma cho‘kayotgan odamni kemaga chiqarib olish savobi darajasiga yetishdi. Doktor Xudoyorning murojaati ham sog‘inch, ham xavotir dengizida cho‘kish azobini tortayotgan ayolni yanada og‘irroq ahvolga solgan edi. Avvaliga Manzura ularning suhbatlariga unchalik ahamiyat bermadi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:22:39

Aniqroq aytilsa, bahsning sababini anglamadi. Mashoyixlar bedardning oldida boshimni og‘ritma, deganlaricha bor. Asosan oila tashvishlari bilan yashovchi ayolning bu odamlar qalbidagi dardni his qilishi mumkin ham emas edi. Qo‘qonda Sobitxon Asadbekni yo‘qlab, unda Vatan himoyachisini ko‘rishni istab yanglishgani kabi, bu izdihomdagilar ham Vatan xususidagi gaplarimiz vatandoshni befarq qoldirmas, deb adashdilar. To‘plangan mezbonlarning qalblari Vatan, Vatan sog‘inchi dardi bilan, Manzuraning qalbi esa erining tashvishi, qizining sog‘inchi bilan tepardi. Qalblarning tepishi hamohang emas edi. Manzuraning suhbatga chorlanishi ana shu sirni oshkor etmog‘i mumkin edi. Guluzor begimning luqmasi uni bu noqulaylikdan ham qutqardi.
Doktor Xudoyor tanbehni anglab, o‘rnidan turdi-da, qulochlarini yoygan holda dedi:
— O‘, sharafli xonim afandim, qalbimdasiz, sizning so‘zlaringiz biz uchun amrdir. Nonushtadan so‘ngra ham bahslashmakdan bo‘yin tovlayajakman. Bahsda sharafli Sa’dulloxon afandimni yengib bo‘lmas!

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:22:53

Doktor Xudoyorning keyingi gapida taslimga nisbatan kinoya ohangi zuhur edi. To‘planganlar bu gapdan «Sa’dulloxonga gapirish befoyda, baribir tushunmaydi», degan ma’noni uqishgan bo‘lishsa-da, hech narsa anglamaganday kulimsirab qo‘ydilar.
Shu onda yon tomondagi devor asta surildi. Manzura bu devorni oynavand javon deb o‘ylagan edi. Devor surilgach, ular dasturxon tuzog‘liq xonaga o‘tdilar. Dasturxon ustida ortiqcha lutf, «oling, oling», degan qistashlar bo‘lmadi. Manzura tortinib, qimtinib o‘tirgani uchun Guluzor begim lutf ko‘rgazib ikki marta «marhamat qiling», dedi. Taomlanib bo‘lganlar birin-sirin yon xonaga chiqa boshladilar. Manzura qarasaki, o‘g‘illari bilan yolg‘iz qoladigan. Shu bois o‘zi uchun fotiha o‘qib, o‘rnidan turdi-da, Abdulhamiddan astagina:
— Uyga telpon qilsa bo‘ladimi bu yerdan? — deb so‘radi.
— Hozirmi? — dedi Abdulhamid.
— Ha. Nimagadir ko‘nglim g‘ash, bolam.
— Uzoq yo‘l yurib keldingiz. Charchagansiz. Mehmonlar hademay ketishadi Xotirjam dam olasiz. Men hozir telefonga buyurtma berib qo‘yaman. Xavotirlanmang.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:23:08

Abdulhamid aytganiday mehmonlar tez ketishmadi. Erkaklar hovlini aylanish bahonasida chiqdilar. Shundan so‘ng ayollar gurungi boshlanib, faqat ayollarga xos masalalar muhokama qilindi. Bu izdihomning avvalgisidan farqi shunda ediki, bunda «tomonlar bir-birlarini to‘la anglagan holda, do‘stona suhbat qurdilar».
Mehmonlar ketishgach, sohib bayt ham shaharda yumushlari mavjudligini bahona qilib qaytdilar. Villa Manzura bilan o‘g‘illari ixtiyoriga topshirildi. Manzura o‘g‘illarini tergash imkoniga ega bo‘lib, bu imkoniyatdan endi foydalanaman, deganida telefon jiringladi. Ayni shu onda Zaynabning uyida ham telefon jiringladi...

Qayd etilgan