Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 282600 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 52 B


AbdulAziz  25 Fevral 2007, 23:32:56

Shaytanat (uchinchi kitob)



Muallif: Tohir Malik
Hajmi: 766 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 08:56:01



MUALLIFDAN
Bismillahir Rohmanir Rohiym.

«Va min-an-nasi man yujaadilu fillahi big‘oyri ‘ilmin va yattabi’u kulla shaytonin mariidin. Kutiba alayhi annahu man tavallahu faannahu yudilluhu va yahdihi ila ‘azabi-s-sa’iyr».*
«Vamtaazul yavma ayyuhal mujrimuun. Alam ‘ahad ilaykum yaa baniy adama alla ta’abudush shayton, innahu lakum aduvvum mubiyn. Va ani’buduni haza sirotum mustaqiym. Va laqod azolla minkum jibillan kasiyro. Afalam takunuu ta’aqilun. Hazihii jahan-     namu-llati kuntum tu’aduun».*
«Shundan so‘ng iblis Rasuli akram (s. a. v.) ga o‘z holatini anglata boshladi:
Ey Muhammad, biron kimsani zalolatga olib borish uchun qo‘limda imkon yo‘q. Men faqat vasvasaga solaman, bir narsani chiroyli qilib ko‘rsataman, xolos. Agar zalolatga olib borish uchun qo‘limda imkoniyat bo‘lsa edi, yer yuzida «la ilaha illallahu Muhammadur rasulillah» deydiganlarni, ro‘za tutadiganlarni, namoz o‘qiydiganlarni holi qo‘ymasdim. Barchasini zalolatga boshlardim. Sizning qo‘lingizda hidoyatga boshlash imkoniyati bo‘lmaganiday, men ham zalolatga boshlay olmayman. Siz faqatgina Ollohning elchisisiz va tablig‘ga (Islom dinini yoyishga) ma’mursiz. Agar hidoyatga boshlash qo‘lingizda bo‘lsaydi, yer yuzida bitta ham kofir qolmas edi. Siz Ollohning yaratganlari uchun bir hujjatsiz. Men ham azaldan buzg‘unchi-       lik, gunohkorlik yozilgan kishilarga bir sabab, vositaman».*

_________________
M a z m u n i  b u d i r: * «Odamlar orasida o‘zi bilmagan holida Olloh xususida mujodala qiladigan va har bir itoatsiz shaytonga ergashib ketaveradigan kimsalar ham bordir. U (shaytonga esa) o‘zini do‘st tutgan kimsani, albatta, yo‘ldan ozdirish va do‘zax azobiga yo‘llash yozib qo‘yilgan — hukm qilingandir» («Haj» surasidan).
* «Ey jinoyatchi kimsalar, mana bu kunda (mo‘’minlardan) ajralinglar! Men sizlarga: «Ey Odam bolalari, shaytonga ibodat qilmangiz, chunki u sizlarga ochiq dushmandir. Mengagina ibodat qilinglar! Mana shu to‘g‘ri yo‘ldir», deb buyurmaganmidim? Aniqki, (shayton) sizlarning ichingizdan ko‘p avlodni yo‘ldan ozdirdi. Axir aql yuritguvchi bo‘lmadingizlarmi?! Sizlarga va’da qilingan jahannam mana shudir!» («Yosin» surasidan Alouddin Mansur tarjimasi.)
* Muhyiddin al-Arabiyning «Shajaratul-Kavn» kitobidan.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 08:57:51

I b o b

1

Asadbek Hosilboyvachcha taqdirini hal etish rejasini tuzayotgan damlarda Kesakpolvon kutilmagan bir muammoni yechish bilan band edi. Musaffo osmonda ohista suzayotgan uchoq bulutlar to‘dasiga kirib asabiy titray boshlagani kabi, keyingi voqealar uni bir-ikki silkib qo‘ygan, bu voqealarni bo‘yiga mos farosati bilan qarichlab, shunga yarasha xulosa chiqarib yurganida Chuvrindining yigitlaridan biri kutilmagan masalaga ro‘baro‘ qildi.Shu paytgacha Chuvrindining yigitlari Kesakpolvonga, yoki aksincha, Kesakpolvonning zo‘rlari Chuvrindiga biron-bir masalada murojaat qilishmagan edi. Yozilmagan qonun asosida bunga haqlari yo‘qligini yaxshi bilishardi. Agar Kesakpolvon Chuvrindining yigitiga (yoki aksincha) bir yumush buyurguday bo‘lsa ham, bu yigit vazifani ado etishga kirishishdan oldin o‘z hojasini albatta ogoh etardi. 

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 08:58:08

Chuvrindi buyurgan ishni bajarmay Kesakpolvonga murojaat etish, aniqrog‘i, buyruqdan bo‘yin tovlashni favqulodda holatlar sirasiga kiritish mumkin. Yana ajablanarli tomoni shundaki, shiltasi chiqadigan ishni Chuvrindi Kesakpolvon zimmasiga oshirishga urinardi. Shiltaroq ish rahm-shafqat degan tushuncha bilan murosa qila olmagani sababli Chuvrindida uyg‘onib turguvchi bu tuyg‘u pand berib qo‘yishi mumkin edi. Buni bilgani uchun ham Kesakpolvon Chuvrindining bu kichik hiylasidan og‘rinmasdi. Qasamni buzgan tabibning o‘limga hukm qilinishi Kesakpolvon uchun bir muammo bo‘lsa, hukmni ijro etishni Chuvrindining o‘z zimmasiga olgani yana bir topishmoq edi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 08:58:35

Kesakpolvon bu yangilikni eshitgach, yigitga ko‘zlarini lo‘q qilganicha topishmoqqa javob izladi. Chuvrindining bu yigiti shaharda, balki butun mamlakatda ko‘rinishi jihatidan yagona bo‘lsa ehtimoldan holi emas. U o‘n-o‘n ikki yoshga qadar barcha qatori bo‘yga o‘sgan-u, so‘ng erinibmi yo yana o‘sish lozimligini unutibmi, bola gavdasida qolgan edi. Bu holdan bexabar kalla esa kattalashib boravergandi. Agar u bir oz harakatsiz tursa, qaysi noshud haykaltarosh yosh bolaga katta odamning xumday boshini o‘rnatib qo‘yibdi, deb o‘ylash ham mumkin edi. Gavda bilan kallaning nomutanosibligiga botindagi shafqat va bemehrlik ziddiyati qo‘shib qaralsa, Mirodil degan ismning naqadar noo‘rin ekanini fahmlash mumkin. Dunyodagi bir qancha noo‘rinliklarni o‘zida mujassam etgan bu yigit Chuvrindining maxsus topshiriqlarini bajarar edi. Hamisha ikki-uch baquvvat yigitlar bilan birga yuruvchi Mirodil har qanday odamga tap tortmay tik borardi. Qisqagina gapirib, qo‘qqisdan naq kindikni mo‘l mushtlardi. Unga bu zarbani birov o‘rgatganmi, yoki ikki qosh o‘rtasiga urush uchun bo‘y kaltalik qilganidan kindikni mo‘ljallashga majburmi edi, aytish mushkul.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 08:59:09

Harholda, uning toshday mushtidan tatib ko‘rgan odam baraka topmasdi. Musht zarbi keragidan zaifroq bo‘lgan taqdirda ham baquvvat yigitlarning tepkilari bu kamchilik o‘rnini to‘ldirib qo‘yardi. Kesakpolvon Mirodilning nimalarga qodir ekanini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmasa ham, ko‘p eshitgan, bilardi. Bilgani uchun ham Chuvrindining topshirig‘i nechog‘li muhim ekanini anglab yetdi.
«Do‘xtirning gunohi nima ekan? — deb o‘yladi Kesakpolvon. — Bekka bir balo bo‘ldimi, sal narsaga «o‘ldir» deb yuboryapti. Bunaqada shaharda tirik zot qoladimi? Balki do‘xtir o‘ladigan odamdir, unda nima uchun mendan yashirdi? Mahmud nima qiliq qilib yuribdi? Yo bu Xumkallani menga ro‘para qilib bir hunar ko‘rsatmoqchimi? Yo bunaqa ishlarni sen eplay olmaysan, deyishmoqchimi?..»
Xumkalla dardini aytishga aytib qo‘ydi-yu, Kesakpolvonning o‘yga tolganini ko‘rib, xavotiri uyg‘ona boshladi. Uning nazarida bu fikrlab o‘tiriladigan masala emas, «ha» yoki «yo‘q» deb qo‘yish bilan bitadigan osongina ish edi. Kesakpolvonning xayol sahrosida ilonlar kabi o‘rmalayotgan gumonlarini bu bechora qaydan bilsin?

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 08:59:38

Xumkalla tashvish jariga tomon qadam qo‘ygan paytda Kesakpolvon tilga kirdi:
— Qanday gum qilishni o‘ylab qo‘ydingmi?
— Yo‘q hali...
— Senga ish topshirilgan edi?
Xumkalla uning o‘tkir nigohidan ko‘zlarini olib qochdi.
Xumkalla Kesakpolvonga bir qarab olishga jur’at etdi.
— Gapir! Balodan qaytmaydigan bola eding-ku, nimaga ammamning buzog‘iga o‘xshab qolding?
— Aka, nima desangiz deng, men ishdan qochadigan bolamasman. O‘rniga o‘zing o‘l, deng, o‘lmagan o‘g‘il bolamas.
— Namuncha, o‘v o‘g‘il bola? — dedi Kesakpolvon kesatiq ohangida. — Do‘xtir kim o‘zi, ammangning erimi yo kindigingni kesganmi? Yo...
— U... oyimlarga qaragan. Halol qaragan.
— Oying o‘lib ketgan shekilli?
— Ha... Lekin o‘sha do‘xtirni doim duo qilardilar.
— Oying duo qilgani uchun o‘ldirishga qo‘ling bormadimi? Shunaqa ko‘ngilchan oyimchaxon bo‘lib qoluvdingmi? Xo‘sh, nima uchun gum qilish kerak ekan, bilasanmi?
— Yo‘q...
— Nima uchun Mahmudning o‘ziga aytmading dardingni?
— Gaplarini darrov qaytara olmadim.
— Endi men dallollik qilayinmi?
— Sizdan maslahat so‘rab keldim.
— Men ham yo‘qot, desam-chi? Yo yigitlarimga aytsam-chi?
— U yomon odam emas, gunohi bo‘lsa kechirish mumkinmasmi?
— Sen bola, menga aql o‘rgatma. Bor, jo‘na, turqingni ko‘rmay. Mahmudga borib ayt, «Men hezalak bo‘lib qolganman», de.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 08:59:52

Xumkalla qo‘lidagi umid chinnisini tushirib sindirgan nochor odam holida o‘girilib bir-ikki qadam qo‘ygan edi, Kesakpolvonning amri eshitildi:
— To‘xta! Mayli, sazang o‘lmasin. Do‘xtirni Oqterakdagi joyga olib borasan. Bexit bo‘lsin. Qani, gaplashib ko‘ray-chi.
Xumkalla ta’zim qilib, minnatdorchiligini izhor etgan bo‘lsa-da, Kesakpolvonning birdan yumshab qolishi ko‘nglida shubha uyg‘otdi. Shu bois ko‘chaga chiqqach, bir necha nafas harakatsiz turdi. «Bekor kelibman, — deb o‘yladi u. — Hech kimga aytmay qochirib yuborsam bo‘larkan. Bunaqa zo‘r do‘xtir Maskovga borsayam xor bo‘lmaydi, nonini topib yeydi. Hali ham bo‘lsa shunday qilsammikin? «Bordim, yo‘q ekan, topolmadim», desam-chi?» Xumkallaga o‘zining shu fikri ma’qul kelib, mashina tomon yurishdan avval odati bo‘yicha atrofga alanglab oldi. O‘zidan ikki qadam narida tirjayib turgan yigitga ko‘zi tushgach, shashtidan qaytdi. «Bulardan endi qutulib bo‘lmaydi. Hirotdan bo‘lsa ham topishadi. Hozir izimga tushishadi. Endi qochirib bo‘lmaydi. Ish atala bo‘ldi. Oqterakka olib boray-chi, harholda u yer odam o‘ldiradigan joy emas...» Xumkalla aniq bir qarorga kelib, mashinasiga o‘tirdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:00:14

2
[/u]

Shaharning kunbotar tomonidagi etakdan boshlanuvchi Oqterak qishlog‘ining choyxonasi kechayu kunduz ochiq bo‘ladi. Bu yerda istagan odam istagan paytda choyxo‘rlik, hamyon ko‘tarsa oshxo‘rlik ham qilishi mumkin. Hovuz labidagi majnuntolning chilvir sochlari ostiga qo‘yilgan ikkita temir so‘ri kun bo‘yi qishloq qariyalari bilan band bo‘ladi. Tekin choy-nonga, ba’zan oshxo‘rlar himmati bilan uzatilib turuvchi oshga o‘rgangan qariyalar hojatxona yonidagi yo‘lak qaysi uyga olib borishini, u yerda qanday savdolar bo‘lishini fahmlashsa ham, birovga churq etib og‘iz ochishmaydi.
Kuzning sovuq nafasi sezilib qolgani uchunmi, so‘rilardan biri bo‘sh, ikkinchisida esa besh qariya yonboshlab olib, mudrardi. Kesakpolvon ularga bir qaradi-yu, salom bermay, hojatxona ortidagi uycha tomon yurdi. Bu xona ham boshqalaridan aytarli farq qilmaydi. Jihozlariga ziraga to‘yingan oshning, yog‘, aroq, sigaret tutunining hidi singib ketgan. Boshqa xonalar faqat kunduzi gavjum bo‘lsa, bundagilar tunu kun uyg‘oq, hamisha sergak. O‘choqboshidagi bir qozonda faqat shu xona egalari uchun ertayu kech turli taomlar qaynab turadi.

Qayd etilgan


Murod_bek  27 Oktyabr 2007, 09:00:32

Bu yer Kesakpolvonning ta’biri bilan aytganda — «qozixona». Asadbek «Bu hunaringni tashla», deb buyurgan bo‘lsa-da, u «tarki odat — amri mahol» deganday bilganidan qolmaydi. Kesakpolvon javobgarlarning mo‘ltillab qarashlarini, yig‘lashlarini, tavbalar qilib emaklashlarini tomosha qilishni yoqtiradi.
Kesakpolvonning o‘zigagina tobe bo‘lgan bu «qozixona» gavjum edi. Qozilik vazifasini ado etayotgan yigit hojasi kirib kelishi bilan o‘rnidan bir qo‘zg‘oldi-yu, «davom etaver» degan ishorani ko‘rib, joyida qotdi. Qosh-ko‘zlari qop-qora, soqoli o‘ziga yarashgan bu yigitni ko‘chada ko‘rgan odam taqvodor, imon egasi deb o‘ylaydi. Bu ko‘rinish, bu aldamchi soqol ko‘pchilik fikrini chalg‘itadi. Ayniqsa, bu «qozi» boshiga oq hojido‘ppi kiyib olsami, bas, uning so‘zlarini da’vogarlar ham, javobgarlar ham shariat hukmi sifatida qabul qilaveradilar. Tili hali imon kalimasiga kelmagan, peshonasi hali sajdaga bormagan bu yigitni «qozi»likka Kesakpolvonning o‘zi tayin etgan, Halimjonni sinab berishni ham aynan shunga topshirgan edi.

Qayd etilgan