Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)  ( 350732 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 73 B


AbdulAziz  25 Fevral 2007, 23:39:24

Shaytanat (to'rtinchi kitob)



Muallif: Tohir Malik
Hajmi: 955 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:18:31



Bismillahir Rohmanir Rohiym


«Ey Odam farzandilari, shayton ota-onangizning avratlarini o‘zlariga ko‘rsatish uchun ustlaridan liboslarini yechib, jannatdan chiqarganidek, sizni ham fitnaga solmasin. Albatta u (ya’nikim, shayton alayhila’na) va uning yordamchilari sizni o‘zingiz ko‘rmaydigan tomondani ko‘rib turadi. Biz, albatta, shaytonlarni iymon keltirmaydiganlarga do‘st qilganmiz».
«U (ya’nikim Olloh) bir guruhni hidoyat qildi. Boshqa guruhga yo‘ldan ozish haq bo‘ldi. Chunki ular Ollohni qo‘yib, shaytonlarni o‘zlariga do‘st tutdilar, hamda o‘zlarini, albatta, hidoyat topuvchilar deb hisoblaydilar.»
(«A’rof» surasining 27, 30-oyatlaridan ma’no tarjima.)

Xudovando, na qildim turfa yozdim,
Shayotin makri birlan yo‘ldan ozdim.
Pushaymonman parishon o‘tgan ishdan.
Bahoru tiyra moh yozu qishdin.
(So‘fiy Ollohyorning «Sabotul ojiziyn» kitoblaridan.)


Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:20:43

Borliq olamlarni yaratish barobarinda bizlarni — odam bolalarini yo‘qdan bor qilgan, iymon, ma’rifat, ilmu adab, hikmat bahsh etgan, o‘zining vahdati zotini, asmai sifatini bizlarga — qullariga bildirgan Xoliqi dahrga madhu tahsinlarimiz va shukrlarimiz bo‘lsin.
Rahim va Rahmon habibi, olamlar nuri, olimlar faxri bo‘lmish Muhammad mustafo salallohu alayhi va sallamga salotu salom va tahiyyat bo‘lsin.
Muhtaram payg‘ambar afandimizning aziz avlodlariga, xonadonlari ahliga, din yo‘lida yordamchilari, dunyoi oxiratda sodiq yorlari martabasidagi ulug‘ birodarlariga salovotlar bo‘lsin. Va jami anbiyo salovatullohi alayhim va avliyoi kirom ruhlariga vosil bo‘lsin va biz miskinlardan rozi va hushnud bo‘lsinlar. Insha Alloh, omiyn. Ammo ba’d:
Shukrlarimiz bo‘lsinkim, necha yillardan beri shaytonga tobe olam ahvolining bayoni bahonasida siz muhtaram kitob muhiblari bilan birgamiz. Sizlardan benihoya minnatdormankim, saxovatingizni ayamaganingiz holda bir ojiz va notavon banda sababi bilan qog‘ozga tushirilgan mazkur bitikdagi sahvul-qalamga kechirimli bo‘ldingiz, uzrlarimizni e’tiborsiz qoldirmadingiz. Yana bir quvonchimiz shuki, shayton vasvasasiga berilmoqlik, shaytonga qarshi jihodda mag‘lub bo‘lmoqlik oqibati Siz — azizlarni loqayd qoldirmadi. Siz bilan biz «Falonchi qo‘shnim (yoki hamkasbim, yoki qarindoshim) mening dushmanim», de-yishga odatlanganmiz. Men buni bir oz o‘zgacharoq tarzda bayon qilgan bo‘lardim. Sababki, Odam bolasining Odam bolasiga dushmanlig‘i durust emasdur. Odamning yagona dushmani — iblisdur! Iblisning eng zo‘r quroli — nafs. Demakki, biz dushmanni atrofimizdan emas, o‘z vujudimizdan, o‘z ruhimizdan izlamog‘imiz joiz. Buyurilmishkim, «la-tazanil xolqa bimizanika, vazzin nafsaka bi mizonil qavm». Ma’nosi budirkim: «Xalqni o‘z o‘lchoving ila o‘lchamagil, bil’aks, o‘z nafsingni qavm (xalq) o‘lchovi (mezoni) ila o‘lchagil». Shunga bizlar amal qilsak, hidoyat yo‘lidan toymasmiz, insha Alloh.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:23:09

To‘rtinchi kitobga jamlanuvchi fikrlarni qog‘ozga tushirish avvalida ayrim izohlarni bayon etmoqqa hojat sezildi. Dastlabki umidimiz — voqealar bayonini uch kitobga jamlash edi. Uchinchi kitobda umidga yetkurgan Tangrimizga shukrlar qilganimiz holda asarga so‘nggi nuqta qo‘yilganini ma’lum etib edik. Yashirmaymiz, dastlabki ahdga binoan o‘zimizni zo‘rlagan holatda asarni yakunlaganday bo‘lib edik. Ana shu zo‘rakilik talabchan kitobxonlarimizga ma’qul kelmabdi. Uchrashuvlarda, maktublarda asar yakun topmagani xususida tanqidiy fikrlar bildirildi. Shu kezlari giyohvandlik oqibatlari muammolari hususida hujjatli film uchun ma’lumotlar to‘plashga to‘g‘ri keldi. Mazkur jarayon ham asarni davom ettirishga da’vat etdi. Bizni endi hijolatga solayotgan bir sabab bor: «Bemaza qovunning urug‘i ko‘p bo‘lar», deganlaridek, asarning cho‘zilishi oqibatida Siz — azizlar hafsalasini pir qilib qo‘ymasak bo‘lgani... Nachora, yaxshi umid bilan yana qo‘lga qalam oldik, rahmli Parvardigorimizdan xayrli nihoyasiga yetkazmog‘ini so‘raymiz.

Munojotimiz budir:
Iloho Parvardigoro! Izzating va jaloling haqqi, anbiyoyu mursalin va avliyoyi solihiyn va ulamoi rosixin raziyallohu anhum ajma’yin arvohi shariflari hurmati, biz zaif va gunohkor qullaringni ham bu qavmdan benasib qilmagil va ul xos naslidankim, bularga nasib etding, bizlarni ham mahrum qilmag‘il. Va shar’iy amallarimizni gunohlarimizga kafforot aylagil va so‘nggi nafasda iymonimizni shayton makridan o‘zing saqlagil. Omiyn ya Robbil alamiyn*!
Shundan so‘ng Haq taolo inoyati bilan bayonlarimizni boshlarmiz, biavnillohi taolo.

_____________
* Farididdin Attor hazratlarining lafzlaridan foydalandik. Olloh u zotdan rozi bo‘lg‘ay.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:27:13

I b o b

1

Lahtak bulutlar qitmirligi tufayli yayrab nur tarata olmayotgan quyosh shom kirishini kutmayoq bota qolganday bo‘ldi. Tongda esa Beg‘ubor osmon umidida kayta bosh ko‘tardiyu yana bulutlar shumligiga uchradi. Olmoniya quyoshining tayinsizligiga, fayzsiz tonglariga Manzuraning chidashi og‘ir kechdi. Zotan, uning qalbi shu quyosh kabi ojiz holatda edi. Garchi o‘g‘illarining to‘yidan ko‘ngli ravshanlashgan bo‘lsa-da, havotir bulutlarining chaqinidan bag‘ri kuyib turardi.
Eri Asadbekning, qizi Zaynabning ayanchli ahvolidan bexabar bo‘lsa-da, o‘ziga ham noma’lum bir tuyg‘u ko‘nglini g‘ashlik buluti bilan chirmab turardi. Asadbekning telefonda to‘ng ohangda gaplashishi uni ajablantirmas, bu holatga yillar bo‘yi ko‘nikib ketgan edi. Uni ezayotgan narsa boshqa — eri har safar «uyga qaytishga shoshilma»,— deb gapni qisqa qiladi. Qudalari esa «Qachon qaytasizlar?» deb ochiq aytishmasa ham ko‘z qarashlaridan shu ma’no sezilib turardi. O‘g‘illari nigohida ham shu savol zuhur edi. Ma’suma ayol savolga javob qaytarishga qodir bo‘lsami edi, bu yerda bir on ham qolmasdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:28:31

Qanotlari qayrilgan emas, qirqib olingan qush holatidagi Manzura tunda quyosh balqishini kutgan notavon kabi eridan har daqiqada bir mujda kutardi.
Manzura qamoqdagi mahbus holatida edi, deyilsa yumshoqroq aytilgan bo‘ladi. Chunki mahbus ozodlikka qachon chiqishini biladi, shu kunni, soatni, orziqib kutadi. Kutish ham u uchun bir saodat. Har tunda yostiqqa bosh qo‘yib har tongda ko‘z ochishining o‘ziyoq bir baxt. Manzura esa yana qancha tund tonglarni musofirlikda qarshilashini bilmaydi.
O‘zini qafas temirlariga uraverib qanotlarini majruh etgan qush ahvolidagi Manzuraning dardi qudalariga ayon edi. Shu bois ko‘ngil xiraligi tarqab, dilga bir yorug‘lik mo‘ralarmikin, degan maqsadda Shvetsariyaga safar qilishni taklif etishdi. Mehmonning ixtiyori mezbonda bo‘lgach, Manzura nima deya olardi? O‘g‘illar onadagi tashvish bulutini nari haydash niyatida Alp tog‘larining benazir go‘zalligini madh etishdi. «Bolaning ko‘ngli dalada» deganlari balki shudir. Hozir g‘oyibdan bir ovoz kelib «jannat eshiklari senga ochiladi, kirasanmi yo uyingga borasanmi?» deyilsa u hech ikkilanmay uyga qaytmoqni ixtiyor etardi. Zotan, ahli oilaga muhabbat ham iymonning go‘zal bir ko‘rinishidir.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:29:19

Ikki o‘g‘li, ikki kelini, Guluzor begim hamrohligida maqtalgan yerlarga borgan Manzuraning zimiston ko‘ngliga ravshanlik mo‘ralay olmadi. U farzandlari kichikligida Nanayga bir necha marta chiqqan, suv ombori qurilib, qishloq buzilgach, anchagacha ko‘ngli vayron bo‘lib yurgan edi. Keyinchalik Mahmudning xotini bilan boshqa qishloqlarga ham chiqdi, Shohimardonga ham bordi. Biroq, dastlab chiqqanida diliga o‘rnashgani uchunmi, boshqa joylarni Nanayga o‘xshata olmadi. Shvetsariya Alplari deb nom chiqargan, dunyodagi mana man degan boylarning sevimli maskaniga aylangan bu qorli tog‘lar uning aqlini lol qila olmadi. To‘g‘ri, u yozloqqa chiqqan, qorli tog‘larning havosidan esa nafas olmagan edi. Mahmudning xotini «Opa, bollarni olib Chimyonga chiqaylik, chena uchib kelishsin», deganida «Qishning sovug‘ida tog‘da balo bormi?» deb unamagan edi.
Kelinlari bilan o‘g‘illarining yayrab chang‘i uchayotganlarini ko‘rib ham ko‘zlari quvondi, ham «bular o‘qishyapti, desam chang‘i uchishdan bo‘shashmagan shekilli» degan fikrga keldi. Manzura «o‘g‘illarim chang‘i uchishni shu yerda o‘rganishgan», deb o‘ylab yanglishdi. Cho‘lponoy bilan Mushtariyning shu yerda o‘rganganlari ayni rost. Abdusamad bilan Abduhamidning Jamshid hamrohligida tez-tez Chimyonga chiqib turishganidan u bexabar edi. Bolalari bir safar ijozat so‘rashganida «yiqilib, u yer-bu yerini sindirib olmasin» degan: havotirda ruxsat bermagan, yuragi qaynab turgan o‘g‘illarining yashirincha chiqishlarini esa xayoliga ham keltirmagan edi.
Qorli yonbag‘irdagi odamlar orasidan Manzura o‘g‘illarini nigohi bilan izlaydi. Yiqilib tushayotganlar o‘g‘liday tuyulib, yuragiga bir zirapcha sanchilganday seskanadi. Holatini sezdirmaslikka harakat qilsa-da, Guluzor begim undagi havotirni fahmlab:
— Bu yerning qori xuddi par bolish kabidir, yiqi-lajak o‘lsangda bir huzurlanursan, — deb qo‘ydi.
— Siz ham uchasizmi? — deb so‘radi Manzura ajablanib.
— O, albatta, — dedi Guluzor begim qahva ho‘p-    lab. — Bu shunchaki sho‘xlik mevasi emas, sihhat uchun-da lozim o‘laroq bir amaldir.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:30:28

Ular o‘tirgan qahvaxona osoyishta, taralayotgan yoqimli ohang ham shunga mos edi. Guluzor begim boshini egganicha nimanidir o‘yladi, hatto huzurida aziz mehmon o‘tirganini ham unutganday bo‘ldi. So‘ng boshini ko‘tarib deraza osha tashqariga qaradi-da, xuddi o‘ziga o‘zi gapirganday pastroq ovozda:
— Neki vor, xapsi cho‘x go‘zaldur, — dedi. Keyin yuzini qudasi tomon burib, qo‘shib qo‘ydi: — Ammo xapsidan Vatangina go‘zalmishdir!
Keyingi jumlada armon zuxur edi. Biroq, o‘z yog‘iga qovrilib yurgan Manzura buni «uyingizni sog‘ingandirsiz?» degan ma’noda tushunib yengil seskandi.
Taqdir iplari farzandlari tufayli go‘yo bog‘langanday bo‘lgan bu ikki ayolning sog‘inchlari, armonlari bir-biriga sira o‘xshamas edi. Ta’bir joiz bo‘lsa Vatan sog‘inchi Guluzor begimga ota meros, qon bilan kirgan, jon bilan chiqg‘uvchi fazilatdir. O‘zining emas, volidayn kindik qoni to‘kilgan Vatan tuprog‘iga qadam qo‘ymay, havosidan nafas olmay turib sog‘inish qanday bo‘lishini tasavvurimizga sig‘dirishimiz, bayon etishimiz g‘oyat mushkul. Vatan — ya’ni ota yurtni sog‘inish darajalarini belgilamoqda «musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘lmas», degan hikmatni hisobga olmoq balki joizdir? Deydilarki, bulbulni «gar oltun qafas ichra» saqlasangiz ham sayramas ekan.
Manzuradagi sog‘inch hislari esa butunlay o‘zga. Vatan ismli o‘lchovsiz tuyg‘udan holi, demoqlik noo‘rindir. Chunki u sog‘inayotgan oila, hovli, yaqinlari — Vatanning zarralaridir.
Yaratganning mo‘’jizalariga aql bovar qilmaydi: shu kabi tog‘, shu kabi qor ko‘pgina yurtlarda mavjud. Guluzor begim aytganlariday, bu yerning qori par yostiqday yumshog‘u boshqa yerniki toshday qattiq emas. E’tiborli jihati shundaki, qorli tog‘larning har biri o‘sha yurt egasi uchun suyumliroq. Shu bois ham Manzurani bundagi manzara lol qoldira olmadi. Balki eri, qizi ham yonida bo‘lsa bu chiroyni ilg‘armidi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:31:47

Qahva ichayotgan Guluzor begim bilan ta’msiz tuyulgan bo‘lsa-da, mezbonning hurmati uchun o‘zini zo‘rlab choy ho‘playotgan Manzurani bog‘lab turuvchi bir narsa bor: bu qalblardagi hislarni yuqori maqomda bayon etolmaslik, bu hislar to‘lqinida jo‘sh urib suhbatlasholmaslik yoki bahslasha olmaslik.
Shaharchani aylanish ham, qahvaxonada o‘tiraverish ham Manzurani zeriktirdi. Mehmonning o‘g‘illari bilan shahar sayriga chiqqanidan foydalangan Guluzor begim esa qizlariga qo‘shilib chang‘i uchdi, ko‘ngil chigilini yozib oldi. Bir hafta — o‘n kunga mo‘ljallangan sayohat Manzuraning ko‘ngliga qarab, uch kundayoq nihoya-siga yetdi.
Shvetsariyadan ketmay turib Mahmud — Chuvrindiga qo‘ng‘iroq qilib muammoni oydinlashtirmoqchi bo‘ldi.
— Mahmudjon, akangizning dardini siz yaxshi bilasiz, kelaman, deb o‘zlari kelmayaptilar, qaytib ketay desam, unga unamaydilar, siz biron nima bilsangiz ayting, — dedi.
Chuvrindi nima desin? Yangasi «akangizning dardini siz yaxshi bilasiz», deydi. Zohiriy dardini-ku biladi, ammo ayta olmaydi. Botiniy dardini esa gumon ko‘zlari bilan ko‘radi. «Akam dard bilan yolg‘iz o‘zlari olishib, yolg‘iz o‘zlari mag‘lub bo‘lmoqchilar.        Yangamning ko‘z yoshlari to‘kib o‘tirishlarni istamayaptilar», deb tahmin qiladi. Tahminida ozgina jon        bo‘lsa-da, xojasining asl maqsadini u ham aniq bilmaydi.
So‘nggi onlari yaqinlashganini sezgan mag‘rur burgut o‘limni inida kutib olmay osmonga parvoz qilib so‘ng o‘zini qoya toshlariga urar ekan. Chuvrindi xojasini ana shu burgut misolida ko‘rardi. Unga faqat bir narsa: so‘nggi parvozning qachon va qanday bo‘lishi noma’lum edi. Chuvrindi bularni ham ayta olmadi. Shuning uchun:
— Akam tayyorlanyaptilar. Bu yerda zarur ishlar chiqib qoldi. Akamdan avval Zaynab borsalar kerak. Bir-ikki kundan keyin ruxsat tegadigan bo‘lib turibdi, — deb qo‘ya qoldi.
Bu mujmal javob Manzurani qanoatlantirmay Olmoniyaga qaytgan kunning ertasiga uyiga qo‘ng‘iroq       qildi. «Adasi, siz keyinroq kelarsiz», degan taklif hamda qaytmoqlik ahdini ma’lum qilib qo‘yish niyatida edi. Boloxonadagi yigitning «Bek akam janozaga ketganlar» deyishi yuragidagi xavotir uchqunini o‘t oldirdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:33:07

— Kimning janozasi? — deb so‘radi ovozi titrab.
Yigit «bu shumxabarni aytish mumkinmi yo yo‘qmi?» degan mulohazada sukut saqladi. Aslida u «Bek akam yo‘g‘idilar-a», deb gapni qisqa qilmog‘i joiz edi. Xayoli kutilmagan fojia bilan band bo‘lgani uchun beixtiyor ravishda «janozaga ketganlar» deb yuborgan edi.
— Kimning janozasi? — deb qayta so‘radi Manzura.
— Mahmud akamniki, — dedi yigit bir oz dovdiragan holda.
— Qaysi Mahmud? — Manzura «Qaysi Mahmud» ekanini anglagan bo‘lsa-da, «ishqilib men tanimaydigan boshqa odam bo‘lsin», degan ilinjda qayta so‘radi. Yigitning navbatdagi sukuti bu ilinjga quvvat berganday bo‘lib, so‘ng esa g‘ippa bo‘g‘ib qo‘ya qoldi: Chuvrindining fojiasi haqidagi shumxabar hushini oldi.
Manzura go‘shakni joyiga qo‘ygach «ko‘nglimning xijilligi bekorga emas ekan», deb o‘yladi. Tug‘ishgan ukasiday bo‘lib qolgan odamning fojiasi dastlab uni gangitgan bo‘lsa, so‘ng o‘zi yashayotgan olamda halokatlar tasodifiy bo‘lmasligini bilgani uchun ham xavotir o‘tida qovrila boshladi. Erining safarni paysalga solishi, Mahmud — Chuvrindining ikki kun avvalgi mujmalroq javobi, nihoyat fojia haqidagi xabar yuragining bir chekkasini jizillatib turgan xavotir cho‘g‘iga moydek sepilib alanga oldirgan, endi bu o‘tni o‘chirish mumkin emas edi. Mana shu tashvish gulxani undagi mutelik chegarasini buzdi. Manzuraning beorom qalbi uni kamdan kam hollarda yuz beruvchi inqilobga da’vat etdi. Faqat qudalarini emas, o‘g‘illarini ham ajablantirgan holda safari yakun topganini ma’lum qildi. «Mehmonning izzati uch kun edi, to‘y bahonasida shuncha qolib ketdim, qizlarimni darrov bag‘ringizdan yulib olgim kelmadi», deb lutf qilmoqchi bo‘ldi-yu, ammo lablaridagi yengil titroq, ko‘zlaridagi parishonlik ko‘ngil notinchligini ayon qilib qo‘ydi.
Manzuraning shu kunga qadar qaytishga shoshilmayot-gani qudalarga malol kelmayotgan bo‘lsa-da, «u tomonlar tinchlikmikin, ishqilib?» degan xavotirlari mavjud edi. Qudalarining qaytmoqlik xususidagi ahdi bu xavotirni nari surgani bilan ro‘paralariga ayriliq balosini ko‘ndalang qilib qo‘ydi. «Buncha shoshmasangiz, hali sizga to‘yganimiz yo‘q», degan soxtaroq lutf qudani ahdidan qaytara olmasa ham aytildi.
Yurtni sog‘ingan yuraklar qalblarining ikki parchasini yulib olib yurtga uzatishdi.
O, bu baxtga tashna yuraklar ro‘parada balo bulutlarining yamlashga shay turganini bilishsami edi...
Inqilobga jazm etgan mushtipar o‘z qarori bilan qayg‘u-alamlar ko‘chasiga burilganini bilsami edi...

Qayd etilgan