Kutubxona > O'zbek nasri

Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)

Sahifalar: (1/145) > >>

AbdulAziz:

Shaytanat (to'rtinchi kitob)



Muallif: Tohir Malik
Hajmi: 955 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

AbdurRohman:



Bismillahir Rohmanir Rohiym

«Ey Odam farzandilari, shayton ota-onangizning avratlarini o‘zlariga ko‘rsatish uchun ustlaridan liboslarini yechib, jannatdan chiqarganidek, sizni ham fitnaga solmasin. Albatta u (ya’nikim, shayton alayhila’na) va uning yordamchilari sizni o‘zingiz ko‘rmaydigan tomondani ko‘rib turadi. Biz, albatta, shaytonlarni iymon keltirmaydiganlarga do‘st qilganmiz».
«U (ya’nikim Olloh) bir guruhni hidoyat qildi. Boshqa guruhga yo‘ldan ozish haq bo‘ldi. Chunki ular Ollohni qo‘yib, shaytonlarni o‘zlariga do‘st tutdilar, hamda o‘zlarini, albatta, hidoyat topuvchilar deb hisoblaydilar.»
(«A’rof» surasining 27, 30-oyatlaridan ma’no tarjima.)

Xudovando, na qildim turfa yozdim,
Shayotin makri birlan yo‘ldan ozdim.
Pushaymonman parishon o‘tgan ishdan.
Bahoru tiyra moh yozu qishdin.
(So‘fiy Ollohyorning «Sabotul ojiziyn» kitoblaridan.)


AbdurRohman:

Borliq olamlarni yaratish barobarinda bizlarni — odam bolalarini yo‘qdan bor qilgan, iymon, ma’rifat, ilmu adab, hikmat bahsh etgan, o‘zining vahdati zotini, asmai sifatini bizlarga — qullariga bildirgan Xoliqi dahrga madhu tahsinlarimiz va shukrlarimiz bo‘lsin.
Rahim va Rahmon habibi, olamlar nuri, olimlar faxri bo‘lmish Muhammad mustafo salallohu alayhi va sallamga salotu salom va tahiyyat bo‘lsin.
Muhtaram payg‘ambar afandimizning aziz avlodlariga, xonadonlari ahliga, din yo‘lida yordamchilari, dunyoi oxiratda sodiq yorlari martabasidagi ulug‘ birodarlariga salovotlar bo‘lsin. Va jami anbiyo salovatullohi alayhim va avliyoi kirom ruhlariga vosil bo‘lsin va biz miskinlardan rozi va hushnud bo‘lsinlar. Insha Alloh, omiyn. Ammo ba’d:
Shukrlarimiz bo‘lsinkim, necha yillardan beri shaytonga tobe olam ahvolining bayoni bahonasida siz muhtaram kitob muhiblari bilan birgamiz. Sizlardan benihoya minnatdormankim, saxovatingizni ayamaganingiz holda bir ojiz va notavon banda sababi bilan qog‘ozga tushirilgan mazkur bitikdagi sahvul-qalamga kechirimli bo‘ldingiz, uzrlarimizni e’tiborsiz qoldirmadingiz. Yana bir quvonchimiz shuki, shayton vasvasasiga berilmoqlik, shaytonga qarshi jihodda mag‘lub bo‘lmoqlik oqibati Siz — azizlarni loqayd qoldirmadi. Siz bilan biz «Falonchi qo‘shnim (yoki hamkasbim, yoki qarindoshim) mening dushmanim», de-yishga odatlanganmiz. Men buni bir oz o‘zgacharoq tarzda bayon qilgan bo‘lardim. Sababki, Odam bolasining Odam bolasiga dushmanlig‘i durust emasdur. Odamning yagona dushmani — iblisdur! Iblisning eng zo‘r quroli — nafs. Demakki, biz dushmanni atrofimizdan emas, o‘z vujudimizdan, o‘z ruhimizdan izlamog‘imiz joiz. Buyurilmishkim, «la-tazanil xolqa bimizanika, vazzin nafsaka bi mizonil qavm». Ma’nosi budirkim: «Xalqni o‘z o‘lchoving ila o‘lchamagil, bil’aks, o‘z nafsingni qavm (xalq) o‘lchovi (mezoni) ila o‘lchagil». Shunga bizlar amal qilsak, hidoyat yo‘lidan toymasmiz, insha Alloh.


AbdurRohman:

To‘rtinchi kitobga jamlanuvchi fikrlarni qog‘ozga tushirish avvalida ayrim izohlarni bayon etmoqqa hojat sezildi. Dastlabki umidimiz — voqealar bayonini uch kitobga jamlash edi. Uchinchi kitobda umidga yetkurgan Tangrimizga shukrlar qilganimiz holda asarga so‘nggi nuqta qo‘yilganini ma’lum etib edik. Yashirmaymiz, dastlabki ahdga binoan o‘zimizni zo‘rlagan holatda asarni yakunlaganday bo‘lib edik. Ana shu zo‘rakilik talabchan kitobxonlarimizga ma’qul kelmabdi. Uchrashuvlarda, maktublarda asar yakun topmagani xususida tanqidiy fikrlar bildirildi. Shu kezlari giyohvandlik oqibatlari muammolari hususida hujjatli film uchun ma’lumotlar to‘plashga to‘g‘ri keldi. Mazkur jarayon ham asarni davom ettirishga da’vat etdi. Bizni endi hijolatga solayotgan bir sabab bor: «Bemaza qovunning urug‘i ko‘p bo‘lar», deganlaridek, asarning cho‘zilishi oqibatida Siz — azizlar hafsalasini pir qilib qo‘ymasak bo‘lgani... Nachora, yaxshi umid bilan yana qo‘lga qalam oldik, rahmli Parvardigorimizdan xayrli nihoyasiga yetkazmog‘ini so‘raymiz.

Munojotimiz budir:
Iloho Parvardigoro! Izzating va jaloling haqqi, anbiyoyu mursalin va avliyoyi solihiyn va ulamoi rosixin raziyallohu anhum ajma’yin arvohi shariflari hurmati, biz zaif va gunohkor qullaringni ham bu qavmdan benasib qilmagil va ul xos naslidankim, bularga nasib etding, bizlarni ham mahrum qilmag‘il. Va shar’iy amallarimizni gunohlarimizga kafforot aylagil va so‘nggi nafasda iymonimizni shayton makridan o‘zing saqlagil. Omiyn ya Robbil alamiyn*!
Shundan so‘ng Haq taolo inoyati bilan bayonlarimizni boshlarmiz, biavnillohi taolo.

_____________
* Farididdin Attor hazratlarining lafzlaridan foydalandik. Olloh u zotdan rozi bo‘lg‘ay.


AbdurRohman:

I b o b

1
Lahtak bulutlar qitmirligi tufayli yayrab nur tarata olmayotgan quyosh shom kirishini kutmayoq bota qolganday bo‘ldi. Tongda esa Beg‘ubor osmon umidida kayta bosh ko‘tardiyu yana bulutlar shumligiga uchradi. Olmoniya quyoshining tayinsizligiga, fayzsiz tonglariga Manzuraning chidashi og‘ir kechdi. Zotan, uning qalbi shu quyosh kabi ojiz holatda edi. Garchi o‘g‘illarining to‘yidan ko‘ngli ravshanlashgan bo‘lsa-da, havotir bulutlarining chaqinidan bag‘ri kuyib turardi.
Eri Asadbekning, qizi Zaynabning ayanchli ahvolidan bexabar bo‘lsa-da, o‘ziga ham noma’lum bir tuyg‘u ko‘nglini g‘ashlik buluti bilan chirmab turardi. Asadbekning telefonda to‘ng ohangda gaplashishi uni ajablantirmas, bu holatga yillar bo‘yi ko‘nikib ketgan edi. Uni ezayotgan narsa boshqa — eri har safar «uyga qaytishga shoshilma»,— deb gapni qisqa qiladi. Qudalari esa «Qachon qaytasizlar?» deb ochiq aytishmasa ham ko‘z qarashlaridan shu ma’no sezilib turardi. O‘g‘illari nigohida ham shu savol zuhur edi. Ma’suma ayol savolga javob qaytarishga qodir bo‘lsami edi, bu yerda bir on ham qolmasdi.


Sahifalar: (1/145) > >>

Go to full version