Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)  ( 350899 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 73 B


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:35:24

2

Bir kun oldin Asadbek g‘alati tush ko‘rgan edi.
Buni tush deyish ham qiyin. Mashinada kelaturib bir daqiqaning nari-berisida mizg‘idi. Radioda aytilayotgan gaplarni eshitib turdi, demak, uxladi, de-yish mumkin bo‘lmaganidek, tush ko‘rdi, demoqlik ham o‘rinsiz. Balki xayoliga chaqmoq kabi urilgan beo‘xshov manzara unga tushday tuyulgandir. Manzura uyda bo‘lganida borib aytardi, u yo‘yib bir ma’no chiqarardi... Asadbek o‘zicha ma’no qidirib ko‘rdi-yu, «bunaqa bema’ni tushda ma’ni nima qilsin» degan to‘xtamga keldi. Uning fikri to‘g‘ri: aloq-chaloq, ma’nisiz tushlar ko‘p ko‘riladi, ammo bunaqasi uchramaydi.
Nima emish, kafanga o‘rab-chirmalgan Asadbek tobutda yotganmish. Tobut ham qiziq, atrofiga oq mato o‘ralgan emas, shag‘al tashiydigan zambilga o‘xshash, o‘likning ham ko‘nglini aynitadigan bir balo emish. Odam oz emish. Kafanlangan Asadbek «O‘ynab-kulib yurib minglab oshna-og‘ayni orttiribman-u, tobutimni ko‘taradigan yigirmata do‘st topa olmabman-da», deb o‘ylab xo‘rligi kelibdi. Tirik odam xo‘rlansa chorasi oson: birovni urib-so‘kar, yoki yig‘lab olar. Kafanlangan bechora nima qilsin? Asadbek oq surpga emas, alam matosiga o‘ralganicha yotaverganmish. Bu ham mayli, chiday oladigan manzara. Tobut oldidagi manzara jinnining ham esini teskari qilib yuborishi mumkin.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:36:32

Nima emish: jirkanch tobut oldida qo‘sh surnay, qo‘sh nog‘ora, qo‘sh karnayu qo‘sh childirma! Baka-bakabum avjida. Oldinda esa to‘n kiyib belini bog‘lagan Kesakpolvon yer tepinib o‘ynab boryapti. «Hoy ahmoq, — dermish kafanlangan Asadbek, — bel bog‘lagan odam ham tobut oldida o‘ynaydimi?» Bu savolni eshitgan Kesakpolvon qah-qah otib kularmish. «To‘y bo‘lganidan so‘ng o‘ynayman-da» dermish. «To‘y? — deb ajablanarmish kafanlangan Asadbek, — kimga to‘y, kimga aza?» «Bizga to‘y, — dermish Kesakpolvon, — senga esa aza...»Keyin mozorga olib borishdi. Mozormi yo shahar ahlatxonasimi — ajratish qiyin bo‘lgan bir joy. Agar shu joyni o‘likka ko‘rsatib «so‘nggi makoningni ko‘rib qo‘y» deyilsa, o‘rnidan turib qochib qolishi aniq. Lekin kafanga chirmalgan Asadbek chorasiz emish, qocha olmasmish. Lahadga qo‘yilib, tuproq tortila boshlaganida qorining tilovati eshitilmaydi, bilaks, yana o‘sha qo‘sh surnay, qo‘sh nog‘ora avjiga chiqadi. Hamma o‘ynaydi-quvnaydi. «O‘lik ko‘mishga ham qasam ichirvordilaring...» deb g‘ijinarmish lahaddagi Asadbek. Keyin qarasa lahaddagi boshqa odammish, o‘zi qabr tepasida turganmish. Lahadning og‘zi ochiqmish,     pastda yuzi ochilib, qiblaga moyil qilib qo‘yilgan odamga «Kim ekan?» deb qararmish-u, ammo tanimasmish...»
Ko‘rganlari mana shular. Dahshat desa dahshat emas, fikrlashga, ma’ni qidirishga ham arzimaydigan ta-yinsiz bir manzara... O‘sha onda shu fikrda edi.
Ammo ertasiga, Chuvrindining o‘limini eshitgach, bema’ni sanalgan shu tushni yana yodga oldi. Yuzi ochilib, qiblaga moyil qaratib qo‘yilgan mayitni esladi. Tobut oldida, so‘ng qabr atrofida o‘ynayotgan Kesakpolvon ko‘z oldida gavdalandi. «Bizga to‘y, senga aza», degan gap qulog‘i ostida jarangladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:40:22

Asadbek Kesakpolvonning taxtga intilishini kutgan-u, ammo Xongireyning bu maqsadidan bexabar edi. Kesakpolvonning karnay-surnay navosiga emas, balki Xongireyning do‘mbrasiga o‘ynayotganini keyinroq fahmlaydi. Keyinroq fahmlaydiyu ilon chaqib dog‘da qolgan odam holiga tushadi. Ingraydi, to‘lg‘onadi, qani edi bundan bir foyda bo‘lsa?!
Bunga hali vaqt bor. Hozircha ilon uning iliq bag‘rida, ozgina besaranjomligi inobatga olinmasa rohatda deyish ham mumkin.
Janozaga qadar ham, qabrga tuproq tortilayotganda ham Asadbek beixtiyor ravishda Kesakpolvonni kuzatdi. Mayit lahadga qo‘yilayotganda Kesakpolvonning «Voy jigarim! Voy ukajonim!» degan o‘kirigi «Voy, otam!»leb bo‘zlayotgan bolalarning nolasini bosib ketdi.
Asadbek go‘rkov tutgan ketmon yuziga bir siqim tuproq tashlagach, Jalil uni yomg‘irdan panaga, nariroqdagi shiyponga tortmoqchi bo‘ldi. Bu bilan xasta do‘stini ham yomg‘irning savalashidan, ham ruhiy azobdan himoya etmoqchi edi. Asadbek unga norozi qiyofada qaradi. Shunda Jalil namlangan ko‘zlar egasining dardu g‘am dengizi naqadar mavjli ekanini fahmladi. Ko‘zlarining bu kabi dardli boqishini u ko‘p yillar muqaddam ko‘rgandi. Ukasi, so‘ng onasi dafn etilayotganda ham qorachiqni shunday g‘am pardasi to‘sgan edi. Asadbek o‘shanda ham ovoz chiqarib yig‘lamagan edi.
Asadbek Chuvrindining o‘g‘li qo‘lidagi belkurakni olib qabrga besh-olti marta tuproq tashlagach, bir oz chekindi, ammo uzoq ketmadi. «Taborak» o‘qilib, yuzlarga fotiha tortilgach, Jalil tarqalayotgan odamlarga qo‘shilib nari yurdi, so‘ng qabr tepasida yolg‘iz qolgan Asadbekni, u tomon yura boshlagan Kesakpolvonni ko‘rgach, to‘xtadi.
Asadbek «hamma yoqni bo‘ktirib tashlayman» deganday kerilib yog‘ayotgan qor aralash yomg‘irning qilig‘iga parvosiz ravishda turardi. «Bu yer mening joyim edi, Mahmud ukam... Senga qasd qilganni xor qilmagunimcha yoningga kelmayman...»

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:41:14

Qadimda qabristonni ziyorat etmoqqa ijozat yo‘q ekan. So‘ng «bandalar mozoristonni ko‘rib oxiratni o‘ylasin, degan maqsadda ruxsat etilgan ekan. Shunga ko‘ra ertami-kechmi qismati qattiq guvalaga bosh qo‘ymoq bo‘lmish odam tavbani, shayton vasvasasidan qutulmoqni o‘ylashi kerak. Yuzlariga qor zarralari, sovuq yomg‘ir tomchilari urilayotganini sezmay turgan Asadbek esa izmini iblis hukmiga to‘la topshirib, yana toshga aylangan qalbini qasam bilan quvvatlantirgan edi. Zulm-ga zulm bilan javob qilmoq uning nazdida haqiqat edi.
Hukm qat’iylashgan paytda kimdir qo‘lidan ushlab tortdi. O‘girilib qaradi: Kesakpolvon.
— Sen mening yuragimga tupurding, — dedi Asadbek.
— Unday dema, Asad, agar shu mening ishim bo‘l-   sa — Xudo ursin!
— Yo‘qol!
— Asad...
— Yo‘qol dedim!
Kesakpolvon uch-to‘rt qadam chekindi-yu, ammo yo‘qolmadi. Oshnasining shumshayib turishiga toqat qilolmagan Jalil unga yaqinlashib, jiqqa ho‘l yelkasiga qo‘l tashladi.
— Asad, yur, keldi-ketdiga qarab turishing kerak.
Asadbek akasining yo‘rig‘idan chiqmaydigan mo‘min boladay Jalil boshlagan yo‘lga yurdi.
Mashina Chuvrindi yashagan ko‘chaga yaqinlashganda Asadbek Halimjonga:
— O‘ngga burma. To‘g‘riga hayda, — dedi. So‘ng picha sukut saqlagach, qo‘shib qo‘ydi: — Eski uyimga hayda.
Jalilga uning bu qarori g‘alati tuyuldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:42:14

— Sen bu yerda turishing kerak, — dedi u.
— Turolmayman... chidolmayman.
— Bormasang... sendan ko‘rishadi...
Asadbek javob bermadi. Halimjon buraymi yo ketaveraymi, deganday mashinani sekinlatdi. Buni sezgan Asadbek zardali tovushda buyurdi:
— To‘g‘riga hayda, dedim!
Jalil Asadbekning bu buyrug‘iga e’tiroz bildirmadi. Mashinadan tushib oshnasiga ergashganda Asadbek uni ostonada to‘xtatdi:
— Uyingga boraqol.
Juda mayin, dardli, ayni choqda iltimos ohangida  aytdi. Boshqa vaziyat bo‘lganida Jalil «Odamga o‘xshab gapirishni ham bilar ekansan, a» deb uzib olgan bo‘lardi. Hozir esa «ukamdan xabar olay-chi», deb ota hovlisiga kirib ketdi.
Sovuq uy. Sovuq tancha. Xuddi qirq yil avvalgi kabi.
Ho‘l paltosini yechmay tanchaga o‘tirib, qunishdi. Eti uvishdi. Deraza orqali tashqariga qaradi. Osmonu zamin hukmronligi uchun bir necha soatlik olishuvdan so‘ng bemavrid yopirilgan shoshqaloq yomg‘ir qishning so‘nggi sovuq nafasiga dosh berolmay chekingan, qor zarralari esa g‘alabadan mas’ud, shoshmay-shoshmay, yayrab-yayrab, uchib-uchib, so‘ng atalasi chiqayozgan yerga asta qo‘nardi. Ikki yarim oylik qish hukmida tomir-tomirlarigacha muzlayotgan zamin yuziga qo‘nayotgan qor zarralaridan go‘yo junjikardi, ho‘l paltosi bilan sovuq tanchada o‘tirgan odam kabi qunishardi. Oradan ko‘p fursat o‘tmay yer sathi oqardi. Asadbekning xayoliga urilayotgan fikrlar bu beozor qor zarralari kabi emas, balki beayov uriluvchi do‘l singari edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:42:57

Krasnoyarga borib qaytguniga qadar bu uyga har kelganida, shu yerda o‘tirib deraza osha ko‘cha tomonga qaraganida go‘yo eshik ochilardi-yu, chana ko‘targan dadasi ko‘ziga ko‘rinardi. U bir-ikki qadam bosardi-yu, ammo uy ostonasiga yetib kelolmasdi. Uning izidan o‘sha ikki odam paydo bo‘lardi. Dadasining «Toychoq!» degan xitobini ularning «Biz do‘stlarimiz, otang — xalq dushmani!» degan sovuq saslari bo‘g‘ib o‘ldirardi. Otasining qabrini ziyorat qilib qaytgach, o‘zi ham tushunmagan holda, bu manzara ko‘rinmay qoldi. Kimdir uy ichida xo‘rsindi. Bir emas, bir necha marta xo‘rsindi. Asadbek bu holatdan bir oz cho‘chidi ham. Uyda uzoq o‘tira olmadi.
Hozir ham dadasini ko‘rish ilinjida yana qaradi. Eshik ochildi...
Eshik ochildi-yu, Jalil ijroqo‘m vakilini boshlab kirdi. Asadbek «yo‘lni narigi mahalladan sol, bu yer buzilmaydi», degach, «ijroqo‘mdan kelgan o‘rtoq» beixtiyor ravishda «ish boshlangan, loyihani o‘zgartirib bo‘lmaydi», deb yubordiyu tilini tishladi. Asadbekning o‘qrayib qarashiga dosh berolmay, iziga chekindi. Jalil unga ergashgan edi, Asadbek zaharli ovozi bilan uni to‘xtatdi:
— Jalil!
— Kuzatib qo‘yay, — dedi Jalil, ostona hatlab.
— Jalil! — zaharli ovoz endi tahdid libosiga o‘raldi. — O‘tir. Chaqirilmagan mehmon, o‘zi ketaveradi.
— Tanchaga cho‘g‘ olib chiqaman.
— O‘tir dedim, senga!

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:43:58

Jalil qaytib, tanchaga omonat o‘tirdi. Keyin o‘rnidan turib qo‘shni xonaga kirdi-da, elektr pechi olib chiqib qo‘ygach:
— Ahmoqlik ham evi bilan-da. Sen ahmoqqa qo‘shilib shamollashga tobu toqatim yo‘q, — deb yana tashqariga chiqdi. Uch-to‘rt daqiqadan so‘ng xokandoz to‘la cho‘g‘ ko‘tarib kirib tanchaga soldi. Chap panjasida siqimlab turgan isiriqni cho‘g‘ ustiga tashlab, joyiga o‘tirgach, «gaping bo‘lsa, ana endi gapir»deganday oshnasiga qarab oldi.
Asadbekning unga aytadigan gapi yo‘q edi. Faqat bir necha daqiqalik yolg‘izlikdan so‘ng do‘stining yonida bo‘lmog‘ini istab qolgandi. Bir zumlik sukutdan keyin Jalil qarashiga yarashiqli javob oldi:
— Ilgari ham shunaqa ahmoqmiding yo endi ahmoq bo‘lyapsanmi?
— Ha, ukaxon, nimaga achishib qoldi?
— O‘rtog‘ingni boshlab kirishing shartmidi?
Jalil noto‘g‘ri ish qilganini anglab tursa ham aybiga iqror bo‘lgisi kelmadi:
— Uyma-uy yurgan ekan, men boshlab kelibmanmi?
Jalil avj pardasini ozgina ko‘tarish evaziga dahanaki olishuvni debochasidayoq o‘z foydasiga hal qildi. Itining fe’li egasiga ma’lum deganlaridek, oshnasining qilig‘ini yaxshi bilgan Asadbek «yana bobillab bermasin», degan havotirli o‘yda mag‘lublik tamg‘asiga itoat etib, bitta gapdan qola qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:44:52

Oyog‘idan issiq o‘tgach, badani bo‘shashdi. Uyqu bosib mudray boshlaganda ko‘cha eshik ochilib, ostonada to‘n bilan telpak ko‘targan Halimjon ko‘rindi. Jalil o‘rnidan turayotganida Asadbek ko‘zlarini ochib, tashqariga qarab oldi-da, oshnasining mehribonligidan iyib ketdi. To‘n, telpak, issiq jun ko‘ylak, jun paypoq olib kelishga Halimjonni jo‘natish hatto o‘zining ham xayoliga kelmagan edi. Asadbek kiyimlarni almashtirib olgach, dekchada qaynoq sho‘rva, issiq non, choy kiritildi. Asadbekning ishtahasi bo‘lmasa ham o‘rtog‘ining zo‘ri bilan sho‘rvani xo‘rillatib ichib oldi-yu, peshonasidan ter chiqib, tanasi yayradi.
Ikki piyola choyni ketma-ket ichib olgach, Jalil lo‘labolishga yonboshladi:
— Kambag‘alning to‘ygani — chala boy bo‘lgani, — dedi u kekirib. — Senga qo‘shilib men ham boy bo‘ldim, xudoga shukr.
— Men-chi? — dedi Asadbek.
— Sen mendan batarroq kambag‘alsan.
— Sho‘rva ichgandan keyin hammi?
— Sen kambag‘al-boy deganda nimani tushunasan o‘zing? Puling ko‘p bo‘lsa boysan-u, yo‘q bo‘lsa kambag‘almisan? Pul deganing qo‘lning kirimi? Sobitxonning gaplarini eshitganmisan? Odamning cho‘ntagi emas, iymoni boy bo‘lishi kerak. Egamning oldiga shu boylik bilan borib ro‘para bo‘lasiz.
— Sho‘rva ichsa, iymon boy bo‘ladimi?
— Kallang joyidami? Sho‘rva nimayu iymon nima, farqiga borasanmi o‘zing?

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:45:35

Jalilning chala mullaligi tutib, u yer-bu yerda eshitganlarini dastak qilib «amri ma’ruf»ni boshlab yubordi. Asadbekning jimgina o‘tirib tinglashi Jalilga ilhom berdi — hali u, hali bunisidan cho‘-qilab-cho‘qilab, bo‘zchi bilganini to‘qiganiday gapiraverdi.
Asadbekning someligi zohiran edi. Xayoli Chuvrindining o‘limiga doir muammolar chigilini yechish bilan band bo‘lgani sababli aytilayotgan nasihatlar u qulog‘idan kirib bunisidan chiqar, miyaga o‘tishga, fikr xazinasidan joy olishga uning ojiz holati yo‘l qo‘ymas edi. Uning uchun eng ma’quli — Jalilning tinmay «sayrab» turishi. Nima desa ham mayli, gapirsa bas, hozirgi holatida Asadbekning vayron ko‘ngli yolg‘izlik azobiga dosh berolmaydi. Jalil uyiga kirib chiqqunicha buni his qildi — uy devorlari o‘rnidan siljib, uni siqa boshladi. Jalilning jim o‘tirishi esa, yolg‘izlikdan ham yomonroq.
Tosh bo‘lib qotgan, muhrlangan qalbni eritmoq fursati o‘tganini fahmlamagan Jalil oshnasining o‘ziga xos mamlakat fir’avni ekanini, oxirat qismati ham fir’avnniki kabi ekanini o‘ylab ko‘rmagan edi.
— Xudo sening joningni qaytib berdi, bir o‘lib, bir tirilding, — dedi Jalil. — U dunyoga o‘tishingga bir qarich qoluvdi. O‘lsam nima bo‘laman, deb o‘yla-dingmi hech?
Bu savol Asadbekning someligi soxta ekani, «amri ma’ruf»ni tinglamayotganini fosh qilib qo‘ydi.
— Senga gapiryapmanmi yo devorgami? — dedi Jalil zardali ohangda.
— Gapingni qaytar, tushunmadim, — dedim Asadbek yengil yo‘talib.
— Eshitsang tushunarding, —Jalil shunday degach, savolini takrorladi.
Asadbek xayolidagi parishonlikni yashirish uchun javobdan bo‘yin tovladi:
— O‘limni o‘ylash uchun kasal bo‘lish shartmi, o‘zing o‘ylamaysanmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:46:06

— Mening o‘ylashim boshqa, seniki boshqa. Olloh chaqirsa, «labbay!» deb ketaveraman. Mening bu dunyoda achinib tashlab ketadigan matohim yo‘q. Senga qiyinroq, shuncha to‘plangan mol-dunyoni tashlab ketish o‘zi bo‘ladimi? Hali bu topgan-tutganlaringni hisobini berishing ham bor. U yoqda yumshoq karavotu par yostiqlar yo‘q. Muzdek yerda yotasan...
Bu gapni eshitgan Asadbek xuddi lahadda yotgandek seskanib ketdi:
— Gapingning sovuqligini qara, oying muzxonada tuqqanlarmi seni?
— Gapim sovuq bo‘ladimi, issiqmi — haqiqat shu!
Ko‘cha eshigi ochilib, To‘lqin ko‘rinmaganida ularning bu «shirin» suhbatlari so‘kish bilan yakunlanishi aniq edi. To‘lqin ularning sinfdoshi, aynan shuning yo‘qolgan perosi tufayli bolalar Asadbekka tupurib, «xalq dushmanining bolasi»ga o‘z nafratlarini izhor etishgan edi.
Jalil tanchaning cho‘g‘xonasidagi choynakni olib choy quyib uzatdi. Asadbek To‘lqinni har ko‘rganida o‘sha tupurish voqeasini eslab, bir ijirg‘anib olardi. Ayni damda, yuragi zardobga to‘lib ezilib turgan onlarda uning tashrifi dard ustiga chipqonday bo‘ldi. To‘lqin bemavrid kirganini fahmlab, qanday turib ketishni bilmay kalovlandi.
— Asadbek aka, qalay, yaxshi yuribsizmi?— dedi-yu, ko‘zlarini undan olib qochib, najot umidida Jalilga qaradi. Asadbek «ha» deb qo‘ya qolsa, osmon uzilib yerga tushmas edi. Shunday bo‘lsa ham indamadi. Oradagi bir lahzalik sovuq sukutni Jalilning ovozi quvdi:
— Qachondan beri Asad senga aka bo‘lib qoldi? — dedi u bir oz kinoya ohangida.
— Ha, endi hurmatlari bor-da.

Qayd etilgan