Kutubxona > O'zbek nasri

Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)

Sahifalar: << < (3/145) > >>

AbdurRohman:

2
Bir kun oldin Asadbek g‘alati tush ko‘rgan edi.
Buni tush deyish ham qiyin. Mashinada kelaturib bir daqiqaning nari-berisida mizg‘idi. Radioda aytilayotgan gaplarni eshitib turdi, demak, uxladi, de-yish mumkin bo‘lmaganidek, tush ko‘rdi, demoqlik ham o‘rinsiz. Balki xayoliga chaqmoq kabi urilgan beo‘xshov manzara unga tushday tuyulgandir. Manzura uyda bo‘lganida borib aytardi, u yo‘yib bir ma’no chiqarardi... Asadbek o‘zicha ma’no qidirib ko‘rdi-yu, «bunaqa bema’ni tushda ma’ni nima qilsin» degan to‘xtamga keldi. Uning fikri to‘g‘ri: aloq-chaloq, ma’nisiz tushlar ko‘p ko‘riladi, ammo bunaqasi uchramaydi.
Nima emish, kafanga o‘rab-chirmalgan Asadbek tobutda yotganmish. Tobut ham qiziq, atrofiga oq mato o‘ralgan emas, shag‘al tashiydigan zambilga o‘xshash, o‘likning ham ko‘nglini aynitadigan bir balo emish. Odam oz emish. Kafanlangan Asadbek «O‘ynab-kulib yurib minglab oshna-og‘ayni orttiribman-u, tobutimni ko‘taradigan yigirmata do‘st topa olmabman-da», deb o‘ylab xo‘rligi kelibdi. Tirik odam xo‘rlansa chorasi oson: birovni urib-so‘kar, yoki yig‘lab olar. Kafanlangan bechora nima qilsin? Asadbek oq surpga emas, alam matosiga o‘ralganicha yotaverganmish. Bu ham mayli, chiday oladigan manzara. Tobut oldidagi manzara jinnining ham esini teskari qilib yuborishi mumkin.


AbdurRohman:

Nima emish: jirkanch tobut oldida qo‘sh surnay, qo‘sh nog‘ora, qo‘sh karnayu qo‘sh childirma! Baka-bakabum avjida. Oldinda esa to‘n kiyib belini bog‘lagan Kesakpolvon yer tepinib o‘ynab boryapti. «Hoy ahmoq, — dermish kafanlangan Asadbek, — bel bog‘lagan odam ham tobut oldida o‘ynaydimi?» Bu savolni eshitgan Kesakpolvon qah-qah otib kularmish. «To‘y bo‘lganidan so‘ng o‘ynayman-da» dermish. «To‘y? — deb ajablanarmish kafanlangan Asadbek, — kimga to‘y, kimga aza?» «Bizga to‘y, — dermish Kesakpolvon, — senga esa aza...»Keyin mozorga olib borishdi. Mozormi yo shahar ahlatxonasimi — ajratish qiyin bo‘lgan bir joy. Agar shu joyni o‘likka ko‘rsatib «so‘nggi makoningni ko‘rib qo‘y» deyilsa, o‘rnidan turib qochib qolishi aniq. Lekin kafanga chirmalgan Asadbek chorasiz emish, qocha olmasmish. Lahadga qo‘yilib, tuproq tortila boshlaganida qorining tilovati eshitilmaydi, bilaks, yana o‘sha qo‘sh surnay, qo‘sh nog‘ora avjiga chiqadi. Hamma o‘ynaydi-quvnaydi. «O‘lik ko‘mishga ham qasam ichirvordilaring...» deb g‘ijinarmish lahaddagi Asadbek. Keyin qarasa lahaddagi boshqa odammish, o‘zi qabr tepasida turganmish. Lahadning og‘zi ochiqmish,     pastda yuzi ochilib, qiblaga moyil qilib qo‘yilgan odamga «Kim ekan?» deb qararmish-u, ammo tanimasmish...»
Ko‘rganlari mana shular. Dahshat desa dahshat emas, fikrlashga, ma’ni qidirishga ham arzimaydigan ta-yinsiz bir manzara... O‘sha onda shu fikrda edi.
Ammo ertasiga, Chuvrindining o‘limini eshitgach, bema’ni sanalgan shu tushni yana yodga oldi. Yuzi ochilib, qiblaga moyil qaratib qo‘yilgan mayitni esladi. Tobut oldida, so‘ng qabr atrofida o‘ynayotgan Kesakpolvon ko‘z oldida gavdalandi. «Bizga to‘y, senga aza», degan gap qulog‘i ostida jarangladi.


AbdurRohman:

Asadbek Kesakpolvonning taxtga intilishini kutgan-u, ammo Xongireyning bu maqsadidan bexabar edi. Kesakpolvonning karnay-surnay navosiga emas, balki Xongireyning do‘mbrasiga o‘ynayotganini keyinroq fahmlaydi. Keyinroq fahmlaydiyu ilon chaqib dog‘da qolgan odam holiga tushadi. Ingraydi, to‘lg‘onadi, qani edi bundan bir foyda bo‘lsa?!
Bunga hali vaqt bor. Hozircha ilon uning iliq bag‘rida, ozgina besaranjomligi inobatga olinmasa rohatda deyish ham mumkin.
Janozaga qadar ham, qabrga tuproq tortilayotganda ham Asadbek beixtiyor ravishda Kesakpolvonni kuzatdi. Mayit lahadga qo‘yilayotganda Kesakpolvonning «Voy jigarim! Voy ukajonim!» degan o‘kirigi «Voy, otam!»leb bo‘zlayotgan bolalarning nolasini bosib ketdi.
Asadbek go‘rkov tutgan ketmon yuziga bir siqim tuproq tashlagach, Jalil uni yomg‘irdan panaga, nariroqdagi shiyponga tortmoqchi bo‘ldi. Bu bilan xasta do‘stini ham yomg‘irning savalashidan, ham ruhiy azobdan himoya etmoqchi edi. Asadbek unga norozi qiyofada qaradi. Shunda Jalil namlangan ko‘zlar egasining dardu g‘am dengizi naqadar mavjli ekanini fahmladi. Ko‘zlarining bu kabi dardli boqishini u ko‘p yillar muqaddam ko‘rgandi. Ukasi, so‘ng onasi dafn etilayotganda ham qorachiqni shunday g‘am pardasi to‘sgan edi. Asadbek o‘shanda ham ovoz chiqarib yig‘lamagan edi.
Asadbek Chuvrindining o‘g‘li qo‘lidagi belkurakni olib qabrga besh-olti marta tuproq tashlagach, bir oz chekindi, ammo uzoq ketmadi. «Taborak» o‘qilib, yuzlarga fotiha tortilgach, Jalil tarqalayotgan odamlarga qo‘shilib nari yurdi, so‘ng qabr tepasida yolg‘iz qolgan Asadbekni, u tomon yura boshlagan Kesakpolvonni ko‘rgach, to‘xtadi.
Asadbek «hamma yoqni bo‘ktirib tashlayman» deganday kerilib yog‘ayotgan qor aralash yomg‘irning qilig‘iga parvosiz ravishda turardi. «Bu yer mening joyim edi, Mahmud ukam... Senga qasd qilganni xor qilmagunimcha yoningga kelmayman...»


AbdurRohman:

Qadimda qabristonni ziyorat etmoqqa ijozat yo‘q ekan. So‘ng «bandalar mozoristonni ko‘rib oxiratni o‘ylasin, degan maqsadda ruxsat etilgan ekan. Shunga ko‘ra ertami-kechmi qismati qattiq guvalaga bosh qo‘ymoq bo‘lmish odam tavbani, shayton vasvasasidan qutulmoqni o‘ylashi kerak. Yuzlariga qor zarralari, sovuq yomg‘ir tomchilari urilayotganini sezmay turgan Asadbek esa izmini iblis hukmiga to‘la topshirib, yana toshga aylangan qalbini qasam bilan quvvatlantirgan edi. Zulm-ga zulm bilan javob qilmoq uning nazdida haqiqat edi.
Hukm qat’iylashgan paytda kimdir qo‘lidan ushlab tortdi. O‘girilib qaradi: Kesakpolvon.
— Sen mening yuragimga tupurding, — dedi Asadbek.
— Unday dema, Asad, agar shu mening ishim bo‘l-   sa — Xudo ursin!
— Yo‘qol!
— Asad...
— Yo‘qol dedim!
Kesakpolvon uch-to‘rt qadam chekindi-yu, ammo yo‘qolmadi. Oshnasining shumshayib turishiga toqat qilolmagan Jalil unga yaqinlashib, jiqqa ho‘l yelkasiga qo‘l tashladi.
— Asad, yur, keldi-ketdiga qarab turishing kerak.
Asadbek akasining yo‘rig‘idan chiqmaydigan mo‘min boladay Jalil boshlagan yo‘lga yurdi.
Mashina Chuvrindi yashagan ko‘chaga yaqinlashganda Asadbek Halimjonga:
— O‘ngga burma. To‘g‘riga hayda, — dedi. So‘ng picha sukut saqlagach, qo‘shib qo‘ydi: — Eski uyimga hayda.
Jalilga uning bu qarori g‘alati tuyuldi.


AbdurRohman:

— Sen bu yerda turishing kerak, — dedi u.
— Turolmayman... chidolmayman.
— Bormasang... sendan ko‘rishadi...
Asadbek javob bermadi. Halimjon buraymi yo ketaveraymi, deganday mashinani sekinlatdi. Buni sezgan Asadbek zardali tovushda buyurdi:
— To‘g‘riga hayda, dedim!
Jalil Asadbekning bu buyrug‘iga e’tiroz bildirmadi. Mashinadan tushib oshnasiga ergashganda Asadbek uni ostonada to‘xtatdi:
— Uyingga boraqol.
Juda mayin, dardli, ayni choqda iltimos ohangida  aytdi. Boshqa vaziyat bo‘lganida Jalil «Odamga o‘xshab gapirishni ham bilar ekansan, a» deb uzib olgan bo‘lardi. Hozir esa «ukamdan xabar olay-chi», deb ota hovlisiga kirib ketdi.
Sovuq uy. Sovuq tancha. Xuddi qirq yil avvalgi kabi.
Ho‘l paltosini yechmay tanchaga o‘tirib, qunishdi. Eti uvishdi. Deraza orqali tashqariga qaradi. Osmonu zamin hukmronligi uchun bir necha soatlik olishuvdan so‘ng bemavrid yopirilgan shoshqaloq yomg‘ir qishning so‘nggi sovuq nafasiga dosh berolmay chekingan, qor zarralari esa g‘alabadan mas’ud, shoshmay-shoshmay, yayrab-yayrab, uchib-uchib, so‘ng atalasi chiqayozgan yerga asta qo‘nardi. Ikki yarim oylik qish hukmida tomir-tomirlarigacha muzlayotgan zamin yuziga qo‘nayotgan qor zarralaridan go‘yo junjikardi, ho‘l paltosi bilan sovuq tanchada o‘tirgan odam kabi qunishardi. Oradan ko‘p fursat o‘tmay yer sathi oqardi. Asadbekning xayoliga urilayotgan fikrlar bu beozor qor zarralari kabi emas, balki beayov uriluvchi do‘l singari edi.


Sahifalar: << < (3/145) > >>

Go to full version