Nima emish: jirkanch tobut oldida qo‘sh surnay, qo‘sh nog‘ora, qo‘sh karnayu qo‘sh childirma! Baka-bakabum avjida. Oldinda esa to‘n kiyib belini bog‘lagan Kesakpolvon yer tepinib o‘ynab boryapti. «Hoy ahmoq, — dermish kafanlangan Asadbek, — bel bog‘lagan odam ham tobut oldida o‘ynaydimi?» Bu savolni eshitgan Kesakpolvon qah-qah otib kularmish. «To‘y bo‘lganidan so‘ng o‘ynayman-da» dermish. «To‘y? — deb ajablanarmish kafanlangan Asadbek, — kimga to‘y, kimga aza?» «Bizga to‘y, — dermish Kesakpolvon, — senga esa aza...»Keyin mozorga olib borishdi. Mozormi yo shahar ahlatxonasimi — ajratish qiyin bo‘lgan bir joy. Agar shu joyni o‘likka ko‘rsatib «so‘nggi makoningni ko‘rib qo‘y» deyilsa, o‘rnidan turib qochib qolishi aniq. Lekin kafanga chirmalgan Asadbek chorasiz emish, qocha olmasmish. Lahadga qo‘yilib, tuproq tortila boshlaganida qorining tilovati eshitilmaydi, bilaks, yana o‘sha qo‘sh surnay, qo‘sh nog‘ora avjiga chiqadi. Hamma o‘ynaydi-quvnaydi. «O‘lik ko‘mishga ham qasam ichirvordilaring...» deb g‘ijinarmish lahaddagi Asadbek. Keyin qarasa lahaddagi boshqa odammish, o‘zi qabr tepasida turganmish. Lahadning og‘zi ochiqmish, pastda yuzi ochilib, qiblaga moyil qilib qo‘yilgan odamga «Kim ekan?» deb qararmish-u, ammo tanimasmish...»
Ko‘rganlari mana shular. Dahshat desa dahshat emas, fikrlashga, ma’ni qidirishga ham arzimaydigan ta-yinsiz bir manzara... O‘sha onda shu fikrda edi.
Ammo ertasiga, Chuvrindining o‘limini eshitgach, bema’ni sanalgan shu tushni yana yodga oldi. Yuzi ochilib, qiblaga moyil qaratib qo‘yilgan mayitni esladi. Tobut oldida, so‘ng qabr atrofida o‘ynayotgan Kesakpolvon ko‘z oldida gavdalandi. «Bizga to‘y, senga aza», degan gap qulog‘i ostida jarangladi.