Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)  ( 350906 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 73 B


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:47:04

— Hurmati zo‘r bo‘lsa boshqalarga zo‘r, sen bilan menga u bor-yo‘g‘i bir oshna. Qolgani sen bilan menga sariq chaqa. Ha, biron yoqqa shoshyapsanmi yo akaginangni ko‘rib ishtoningni ho‘l qilib qo‘ydingmi? — Jalil bu gaplari bilan «ma’nili biror gaping yo yumushing bo‘lmasa keta qolganing ma’qul», deganday ishora qildi. To‘lqin buni tushundi, qaynog‘i o‘lmagan choyni ho‘plab, og‘zi kuysa ham yutdi-da:
— Janozaga o‘tib ketayotgan edim, qarasam eshik ochiq ekan, balki sizlar ham borarsizlar, bahonada ko‘rishib qo‘yay, deb kiraverganim, — dedi.
— Kim o‘libdi? — Jalil shunday deb u uzatgan piyolani oldi-da, guldor patnis ustiga qo‘ydi.
— Suhrob ota, bir paytlar pochtachi bo‘lgan odam-chi?
Bu gapdan keyin Asadbek unga yalt etib qaradi. To‘lqin u odamning xatchi ekanini ta’kidlamasa ham Asadbek yaxshi biladi. Krasnoyardan qaytgach, otasining xatlarini kim yoqib yuborganini bilganda uni bo‘g‘ib o‘ldirgisi kelgandi. Shuni esladi-yu «Baribir o‘libdi-a» deb to‘ng‘illadi. To‘lqin uning gapini anglamay «menga gapirdimi?» degan savol nazari bilan Jalilga qaradi. Jalil Asadbekning gapini eshitib, tushungan bo‘lsa-da, e’tiborsiz ravishda fotihaga qo‘l ochdi. To‘lqin qaynotasining huzuriga ilk bor kirgan kuyov kabi dovdirab o‘rnidan turdi. Ostona hatlayotganida Asadbek uni to‘xtatdi:
— To‘lqin, sendan bir iltimos, oshna, o‘sha janozaga borib yurma, u palidni yoqib kulini sovurgan odam savobga qoladi. Sen bollarni to‘plab kel. Osh qilib berishni niyat qilgan edim, bugun bi-ir o‘tirishaylik.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:47:28

To‘lqin «xo‘p» dediyu «gapi chinmi?» deganday Jalilga qaradi:
— Ha, men buni bitta oshga tushirganman.
— Asadbekni shu paytgacha hech kim tushirmagan, senga yo‘l bo‘lsin, — dedi Asadbek, keyin To‘lqinga yuzlandi. — Ko‘chada turgan bolani aytvor, kirsin.
To‘lqin ko‘chaga chiqishi bilan Halimjon ildam yurib kelib uy ostonasida to‘xtadi.
— Sen nima qilib turibsan?! — dedi Asadbek unga qahrli nigohini qadab. — Kim kelsa kiritaverasanmi?
— Bolalikdagi o‘rtog‘ingiz ekanlar, — dedi Halimjon gunohkor odam tovushida.
— Akang men bilan o‘tirganida birovni qo‘yma yoki avval so‘rab, keyin qo‘y, nima deding, ukam?
Jalil vaziyatni yumshatishga urinmasa ham Asadbek xayoliga kelgan fikrdan ko‘ngli bir oz yumshagani tufayli yigitga boshqa tanbeh berish niyati yo‘q edi.
— Bollarga ayt, ikkiyu ikki*ga mo‘l xarajat qilib chiqishsin, — dedi Asadbek.
«O‘tmish esa hamisha totli» deganlaridek, bolalikda orttirilgan do‘stlari, ular yaxshi bo‘ladimi yo ablahmi — farqsiz, ko‘ngil tusab turadi. Bunday nafs xuruji boshqalarga nisbatan Asadbekda kamroq sodir bo‘lardi. Ne ajabki, hozir ezgin bir kayfiyatda o‘tirganda, hatto To‘lqinning tashrifi yoqmay turganida kamnamo sog‘inch uyg‘ondi. Jalil buni tushuna olmas, Asadbekning esa izoh bermoqqa toqati yo‘q edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:48:48

— Menga qara, ukam, mahallachilik degan gaplar bor. Osh pishguncha janozaga chiqib kela qolaylik, — dedi Jalil.
Asadbek qovoq uyub qarab qo‘ydi-yu, indamadi.
— Hali ham alaming bormidi unda. U bechora atay qilibdimi? Musulmon musulmonning gunohini uch kun ichida kechirib yuborishi kerak.
Bu gap Asadbek vujudidagi g‘azab otining bir sapchishiga sabab bo‘ldi. Qo‘li beixtiyor ravishda patnis ustidagi piyolaga yugurdi, beixtiyor ravishda piyolani changalladi, beixtiyor ravishda uni Jalilga qaratib otmoqchi bo‘ldi, ammo ko‘z ko‘zga tushishi bilan fikridan qaytdi, sovub qolgan choyni yon tomonga sepib tashlab, piyolani «to‘q» etib joyiga qo‘ydi.
— Azroilning tug‘ishgan jiyani bo‘lsang ham o‘zingni bosib ol, bola, — dedi Jalil. — Nega to‘xtading? Otavermaysanmi, basharamni majaqlamaysanmi? Qonsiragan bo‘lsang, bira to‘la so‘yib tashlay qol.
— O‘chir! — Asadbek shunday deb baqirdi-da, so‘ng tin oldi. Keyin horg‘in ovozda, xuddi o‘ziga o‘zi gapirganday dedi: — Menga qara, donomaxsum, sen tug‘ilishing bilan kindigingni o‘zing kesgansan, a? Bilib qo‘y, men u haromning gunohini uch yuz yilda ham kechmayman. O‘lganimda shu isqirtning yoniga qo‘ygin, go‘rda ham bo‘g‘ib yotaman. Sen og‘aynimsan-u, ammo darding boshqa. Yuragimni kemirib yotgan qurtlar borligini bilmaysan. Bilmaganingdan keyin pista qilib o‘tir.
Eshik og‘zida Halimjon ko‘rinmaganida ehtimol Jalil ham pista qilib o‘tirish qo‘lidan kelmasligini aytgan bo‘lardi. Halimjon uning qalampirga belanayotgan gaplarini tilga chiqmay qolishiga sababchi bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:50:41

— Bolalarga aytdim, — dedi Halimjon hisobot ohangida. — Yangam telpon qilganmishlar.
Asadbek uchun bu xabar xavotirsiz edi. Shu sababli bosiqlik bilan so‘radi:
— Nima debdi?
— Sizni so‘rabdilar xalos.
Asadbek «bo‘pti, boraver», degan ma’noda ishora qildi. Xotinining bu qo‘ng‘irog‘i ulug‘ qayg‘ular saroyi darvozasi qulfiga solinajak ochqich ekanini uning g‘ofil qalbi sezmadi.

Kesakpolvon aziz farzandidan ayrilib, dunyo ko‘zlariga qorong‘u ko‘rinayotgan ota qiyofasida turar edi. Qabristonga kelganlarning aksari qorining tilovatidan so‘ng tarqalishdi. Uning «qayg‘uli» ko‘rinishiga birov ahamiyat berdi, birov e’tiborsizgina qarab qo‘ya qoldi. U o‘zini motamsaro qilib ko‘rsatishga tirishsa-da, olazarak ko‘zlari g‘amdan yiroq ekanini oshkor etib turardi. Yaqinroq tanishlar «bandalik», deb ta’ziya bildirib qo‘yardi. Uning olazarak ko‘zlari esa odamlar orasidan Asadbekni qidirardi. Yuragi ayriliq azobi bilan emas, xavotir tashvishi bilan tepardi.
Asadbekning qabr tepasidagi gapi, hozir esa ko‘rinmay qolishi uni qafasga tiqilgan mahluq holatiga soldi. «Sen mening yuragimga tupurding», degan gapning mag‘zini chaqmoqchi bo‘ldi. Bolalikda «xalq dushmanining o‘g‘liga nafratini izhor etish uchun» yuziga tupurgani nechundir esiga kelmadi. Asadbek ilgarilari achchiqlanganida ham uni «yo‘qol!» deb haydab qolardi. Ammo bugungisi boshqacharoq ohangda, «butunlay yo‘qol» degan mazmunda jarangladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:51:26

«Nima uchun darrov mendan gumonsiradi?» deb o‘yladi Kesakpolvon. Keyin o‘zidan o‘zi nafratlandi: «Asad, agar shu mening ishim bo‘lsa — Xudo ursin!» degan gapi endi o‘ziga g‘alati tuyuldi. «Nega darrov qasam ichdim. Nega o‘zimni oqlashga urindim?» deb g‘ashlandi. «Qo‘rqoq, oldin musht ko‘tarar» deganlari kabi xatoga yo‘l qo‘yganini fahmlab, qafasdan chiqish yo‘llarini izlay boshladi. Agar Asadbek shu yerda bo‘lganida yonida turib, bir-ikki gaplar bilan yumshatishga harakat qilarmidi... Shunday o‘ylardi-yu, ammo Asadbekni qanday gaplar yumshata olishi mumkinligini bilmas edi. Shuning barobarida darg‘azab xojasining qayda qolganini yoki qayga jo‘naganini ham bilmasdi.
Kesakpolvon beo‘xshov pildirak kabi xizmat qilib yurgan Xumkallani ko‘zi bilan imlab, mashinasi tomon yurdi. Xumkalla hayallamay, tezgina yaqinlashdi.
— Bek akang ko‘rinmay qoldi-ku? — dedi Kesakpolvon labiga sigaret qistirib.
Xumkalla cho‘ntagidan chaqqonlik bilan yoqqich olib unga olov tutdi:
— Jalilxon akamiz bilan billashib moshinaga o‘tiruvdilar. Keyin bilmadim, hayronman, qayoqqa ketishdiykin? — dedi.
— Bu akangni nima deb chaqiruvding? — Kesakpolvon unga o‘qdek ko‘zlarini qadadi.
— Bek akam chaqiryaptilar, tez yetib keling, dedim.
— O‘ziga aytganmiding?
— O‘zlari hali kelmagan ekanlar, o‘g‘illariga ta-yinlovdim. Og‘zimga ro‘molcha tutib gapirdim, meni tanimadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:52:07

— Hayvon! — Kesakpolvon shunday deb barmoqlari orasida tutayotgan sigaretni uning yuziga otdi. Xumkalla bir seskanib, orqasiga tislandi. Atrofda odamlar bo‘lmaganida uch-to‘rt tepki mazasini totib ko‘rmog‘i tayin edi.
— Hayvon, yo‘qol! — dedi Kesakpolvon. U ham Asadbek kabi g‘azab bilan gapirdi. Xumkalla shoshib iziga qaytdi-yu, «yo‘qol!» degani oddiy haydash emas, balki hukm ekanini fahmlamadi.
Kesakpolvon Asadbekning nima uchun darg‘azab bo‘lganini endi tushundi. Xojasining yuragini bir-ikki gap bilan yumshatish mumkin emasligini ham angladi. Shu paytga qadar Asadbek bilan necha marta xafalashgan, arazlashgan bo‘lsa, bularning barchasi holva ekani, qabr tepasida aytilgan gaplar til uchida emas, yurak qa’ridan otilib chiqqanini ham fahmladi.
Yarim tunda Moskvaga, Xongireyga qo‘ng‘iroq qilib «Mahmud tinchidi» deb suyunchilaganda bo‘lajak xojasining «ehtiyot bo‘l, o‘zing ham tinchib qolmagin», degan ogohlantirishini esladiyu eti bir seskandi. Bu seskanish yengil qo‘rquvning zarbidanmi edi yo ivigan paltosidan o‘tib badaniga sanchila boshlagan sovuqdanmi — farqlay olmadi. Xumkallaning orqasidan bir zum tikilib turib, bu befahmni tuqqan onasini eshakka ro‘para qilib so‘kindi-da, mashinasi eshigini ochib, orqa o‘rindiqqa o‘tirdi. Old o‘rindiq g‘ilofining cho‘ntagidan bir uchi chiqib turgan konyak shishasini olib qopqog‘ini ochdi, piyolaga quyishga  qanoat qilmay, shundayligicha ko‘tarib, nafasi qaytguniga qadar qultillatib ichdi. Bu bilan nafsi orom olmagani sababli yana ko‘tardi. So‘ng o‘rindiq orqasida turgan ikki nokning birini olib karsillatib tishladi. Konyak badaniga iliqlik bergach, shisha uchinchi marotaba ko‘tarildi, ammo bu safar kamroq ichdi. Qopqoqni burab mahkamlagach, shishani joyiga qo‘ydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:52:53

Shu damda u faqat «Jigari»ning o‘liminigina emas, balki navbatdagi ikki saydning taqdiridan bo‘lak hamma narsani unutgan edi. Tezlik bilan ovlanajak jonning avvali — Xumkalla. Uning umr bayoniga nuqta qo‘yish Kesakpolvon uchun og‘ir ish emas. Chirt etib yuborganday bir gap. Faqat «qaerda, qachon, qanday?» degan savollarga javob topsa bas.
«Jigari» Mahmud taqdiriga doir bu uch savolga javob topgan onda «ukaxoni»ga biroz achingan edi. Xumkallaga esa achinmadi. Odam tuproqda o‘rmalayotgan qumursqani behos bosib olmay deb rahm qiladi. Ne qayg‘uki, Yaratgan bunday fazilatni barcha bandalariga bir xilda beravermas ekan. Kesakpolvonni yaxshi bilgan odam Tangrining bu mo‘’jizasiga lol qolib, kichkinagina gavdaga shunchalar ko‘p beshafqatlik, berahmlik, zulm cho‘g‘i qanday jo bo‘lgan ekan, deb yoqa ushlaydi.
Qonni qon bilan yuvib bo‘lmaydi, degan oddiy haqiqatni anglashga qaldirg‘och mo‘ylovini silagancha o‘yga tolgan Kesakpolvonning aqli qosirlik qilar edi. U kecha qonga belangan qo‘lini ertaga yana qon bilan yuvmasa o‘z qoni daryosiga g‘arq bo‘lishinigina bilardi. Jonini asrab qolish uchun jon olmoqdan o‘zga yo‘l unga ko‘rinmas edi.
U necha kunlardan beri gumoni ta’qibida bo‘lgan Halimjonni ham o‘yladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:53:48

Hosilboyvachchaning qaysi go‘rga tiqilgani bilan qiziqib yuruvchi bu yigitga ham qat’iy bo‘lmasa-da, hukm chiqarib qo‘ygan edi. Halimjon faqatgina «militsiyaga sotilgan» degan gumon to‘rida ekani uchun emas, balki Kesakpolvonga bo‘ysunmay, Chuvrindi bilan Asadbekka sodiq bo‘lgani uchun ham bu dunyoda yashab yurish huquqidan mahrum etilgan edi.
Kesakpolvon shu hukmni ijro etmoq fursati yetdi, degan to‘xtamga keldi. Halimjon  bilan Xumkallani bir-biroviga qayrab qo‘ysa bas, qaysinisi aqlliroq bo‘lsa yana uch-to‘rt kuncha tirik qoladi. Keyin esa o‘zi ham qurbonining izidan yetib boradi.
Kesakpolvon bundan o‘zgacha niyat, o‘zgacha reja qilishi mumkin emasdi.
Idoraning yangi rahbari xona ashyolarining o‘rnini o‘zgartiradi. Bu barchaning ko‘z o‘ngidagi zohiriy ishi. Botiniy ishi esa xodimlarning ma’lum qismini haydab, ular o‘rniga o‘ziga sadoqatli odamlarni to‘plashdan iborat bo‘ladi. Kesakpolvon zohiriy ishlarga muhtoj emasdi, shu bois botiniy yumushlarni hali taxtga o‘tirmayoq boshlab yuborayotgan edi. Shaytanat olamining o‘zga dunyodan farqi ham shunda: saroyga yolg‘iz emas, ishonchli ayonlar bilan birga kirib boriladi. Dahlizga to‘shalmish chiroyli ensiz gilamni emas, murdalar ko‘ksi bosib o‘tiladi. Birinchi bo‘lib Chuvrindining murdasini bosib o‘tgan Kesakpolvon hushini taxt jilvasi o‘g‘irlagan edi. Bu jilva fohishaning ishvasi kabi aldamchi ekani, olam yaralganidan beri taxt hech kimga vafo qilmaganini fahm etmoqqa u qodir emasdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:54:22

U biroz o‘ylangach, rejasi xom tuyulib, undan voz kechdi. Halimjon xoin bo‘lsa ham Asadbek qo‘njida tura turgani ma’qul, deb fikr qildi. Undan tashqari «quturgan it oldidagi suyakni tortib olishga urinish xavfli» degan to‘xtam o‘ziga ma’qul keldi.
Hali bir o‘rin sovumay turib, ikkinchi to‘shakni yetim qoldirmoqni qasd qilgan Kesakpolvon bu yerga nima uchun kelganini ham unutgan edi. Ko‘zi fotihaga kelayotganlar tomonga qadalgan bo‘lsa-da, xayoli Xumkallaning kallasini olish muammosi bilan band edi. Birovni beayov urib rohatlanuvchi Kesakpolvon ko‘p yillardan beri o‘zi odam o‘ldirmasdi. Bu «qora ish»ni mulozimlari risoladagiday bajarar edilar. Masalaning mushkul tomoni shundaki, ular begonalarning yoki raqiblarning jonlarini rohatlanib sug‘urar edilar. O‘z sheriklarining yuragini ham shundayin rohat ila sug‘ura oladilarmi yo yo‘qmi — Kesakpolvon uchun aynan shunisi qorong‘u edi.
Fotiha o‘qib chiqayotganlar orasida Qozini ko‘rgan Kesakpolvon mashinasi eshigini qiya ochdi. To‘dadan ajrab mashina sari yura boshlagan Qozi qadamini ildamlatdi. Eshikdan bosh suqib salom bergach, xojasining «o‘tir!» degan amriga itoat etdi — chaqqonlik bilan mashinaning orqa tomonidan aylanib o‘tib, Kesakpolvonning yoniga o‘tirdi.
«Yo‘qol!» deb haydalganidan ko‘ngli g‘ashlangan, mashina tomon damba-dam qarab qo‘yayotgan Xumkalla bu manzarani ko‘rib joyida picha qotdi, kiprik qoqmagan holda mashina tomon tikildi. Bezovta ko‘ngli uni aldamayotgan edi. Chindan ham bu onda uning taqdiri hal etilayotgandi.
Kesakpolvon mulozimidan hol-ahvol so‘rash o‘rniga piyolaga konyak quyib uzatdi:
— Ma, isinib ol.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:55:04

Qozi sovqotmagan bo‘lsa ham, xojasining bu marhamatidan mamnun bo‘lgan holda piyolani bir ko‘tarishda bo‘shatdi-da, labini yalab qo‘yib, egasiga termulgan it kabi qarab turdi.
— Xumkallani ko‘rdingmi? — deb so‘radi Kesakpolvon.
Qozi bu tagdor savol zamirida qanday ma’no yashiringanini anglamay «Ha»deb qo‘ydi.
— Shu bola menga yoqmayapti, — dedi Kesakpolvon.— Odam desang odamga o‘xshamaydi, maymun desang maymunga o‘xshamaydi. Bu xumday kallani ko‘tarib yuraverishdan gavdasi ezilib ketdi. Gavdasiga rahm qilsakmikin?
Xojasining maqsadini uqqan Qozi javobni hayallatmadi:
— Savob bo‘lardi.
— Savobning dodaxo‘jasi degin! Xumkalla akaxoniga ja-a sadoqatli edi-a? Ja-a kuyib, ezilib ketdi-ku, boyaqish. Shu bugundan kechikmay borsin yoniga, akaxoni zerikib qolmasin.
— Mashina urib ketsinmi yo poezd-moezd bosib olsinmi?
— Izi qolmasin. Lekin mozorga tiqma, xitlar aylanib yurishibdi.
— Gap yo‘q,  yo‘lini qilaman.
Qozi shunday deyishi bilan Kesakpolvon uni yoqasidan oldi:
— Isi chiqmasin, buni faqat senu men bilaman. Agar sal nari-beri bo‘lsa orqasidan o‘zing ham jo‘naysan, — Kesakpolvon shunday deb uni bir-ikki silkidi, so‘ng yoqasini bo‘shatmagan holda, ammo muloyimroq ohangda qo‘shib qo‘ydi: — Choyxonani o‘zing ishongan bolaga topshir. Endi mening yonimda sen yurasan.
Qozi mansab pillapoyasidan ko‘tarilib, noiblik darajasiga yetgani, bu martabaning bahosi Xumkallaning joni ekanini angladi-yu, xojasiga qulluq qildi.

__________
* «Ikki kilo go‘shtu ikki kilo guruch» demoqchi.

Qayd etilgan