Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)  ( 350712 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 73 B


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 12:57:04

II b o b

1

Bu dunyoda iblis yetovida yuruvchi odamlar bor ekan, prokuratura tergovchisi ishsiz qolmaydi. Bir uchi Asadbekka borib taqaladigan chigal ishlarni yechish mashaqqatidan rasman ozod etilgan, ammo norasmiy ravishda kuzatuvlarini davom ettirayotgan Zohid Sharipov yaqin orada prokuraturadagi xonasini tark etajagini hali bilmas edi.
Borliqni shom qorong‘uligi yutib, idoradagi rasmiy ish vaqti tugagan onda Zohidni prokuror  yo‘qladi. Bu yerdagi ish vaqtiga «rasmiy» deb nisbat berishimiz bejiz emas. Chunki bu idoradagi ish hajmini ham, ish vaqtini ham belgilab bo‘lmaydi. Ba’zan tunlar tong-larga ulanishini, ba’zan bir necha kunlab uyga borib kelishga ham imkon bo‘lmasligini hamma ham bilavermaydi. Idorada ishlovchilar esa «ish vaqti tugadimi?» deb soatlariga qaramaydilar.
Zohid bu sohaning mashaqqatlariga militsiyada ishlab yurgan kezlariyoq odatlanib ketgan. Shu bois boshliqning kechki yo‘qlovidan ajablanmadi. Shahar prokurori ham sohada boshlangan yangiliklar, o‘zgarishlarning natijasi o‘laroq bu idoraga qo‘yilgan edi. Ozodalik bilan tartibni xush ko‘ruvchi prokuror haqida Zohid yomon gap eshitmagan edi. Zohidni faqat bir narsa ajablantirardi: tartibni xushlovchi prokuror idorasidagi ayrim xodimlarning g‘irrom o‘yin yuritishlaridan xabardormikin? Zohid prokuror bilan asosan majlislarda ko‘rishardi, yuzma-yuz holda gaplashish sharafiga hali muyassar bo‘lmagan edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:08:43

Zohid xonaga kirganida prokuror nimanidir o‘qib o‘tirardi. U bosh ko‘tarib «keling, o‘tiring», deb qo‘ydi-da, o‘qishni davom ettirdi. Zohid salomining javobsiz qolganidan, bunday sovuq tarzdagi muomaladan bir oz og‘rindi. Prokuror qo‘lidagi «Ish»ni oxirigacha o‘qib tugatmaguniga qadar boshini ko‘tarmadi. O‘n besh daqiqa shu zaylda, sovuq sukut hukmida o‘tdi. Prokuror so‘nggi sahifani o‘qib bo‘lgach, «Ish»ni yopdi-da, sovub qolgan qahvadan bir ho‘pladi. Keyin Zohidni ajablantirgan holda o‘rnidan turib u bilan ko‘rishdi. So‘ng hozirgina o‘qib tugatgan «Ish»ni Zohidga uzatdi:
— Bu ishni o‘zimiz yuritmasak bo‘lmaydi. Militsiya achchiq ichakdek cho‘zib yubordi. Ishni cho‘zgan ularu gapni men eshitaman. Diqqat bilan o‘qib chiqing. «Ish» nihoyatda chigal. Gumondagi ikki kishi sakkiz oydan beri o‘tiribdi. «Ugro»da ishlaganingiz uchun bu «Ish»ni sizga ishonyapman. Tezlating, ammo... shoshilmang. Tushundingiz-a? Bu «Ish»ga tegishli hamma masalani faqat men bilan birga yechasiz.
Prokuror shunday degach, yana o‘rnidan turdi-da, ham muvaffaqiyat tilash, ham xayrlashish maqsadida qo‘l uzatdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:09:39

Zohid xonasiga qaytib, «Ish»ni varaqladi. Sakkiz oy muqaddam yo‘qolgan beton zavodi direktorining murdasi Bo‘zsuv to‘g‘onidan topilganini eshitgan edi. Beton zavodi direktori Mavlon Shokarimov vino zavodi boshqoni Qilich Sulaymonov kabi shaharga dong taratgan bo‘lmasa-da, bekorga o‘ldirilmagani aniq edi. Shokarimov biron kishining shaxsiy g‘arazi qurboni bo‘lgani yo tasodif bilan o‘lganmi yoki biron to‘daning g‘ashiga tegib qo‘yganmi? To‘daning... Qaysi to‘daning? Dastlabki savollar girdobi Zohidni o‘ziga torta boshladi. «Qotil» deb emas, «Qotillikka dahldor», deb qamoqqa olinganlardan biri Shokarimovning haydovchisi Eshpo‘latov, ikkinchisi esa o‘ynashi Zaripova edi. Shokarimovning uyi shahardan yigirma besh chaqirim narida ekan. Shaharning kunbotar tomonidagi yangi uyda o‘ynashi yashagan. Eshpo‘latov xo‘jayinini oxirgi marta shu uyga olib borgan. Avvallari yarim kechagacha bo‘lsa ham shu yerda kutgan ekan. Oxirgi safar Shokarimov unga «Sen ketaver, ertalab shu yerga kelasan», degan. Eshpo‘latov aytilgan vaqtda kelgan, bir soat kutgan. So‘ng yuqoriga ko‘tarilib, eshik qo‘ng‘irog‘ini bosgan. Zaripova eshikni darrov ochmagan. «Akang kecha kelmaganlar» deganu eshikni yopgan. Eshpo‘latov ichkarida bir erkakni ko‘rgan. Hayron bo‘lib zavodga borgan. Xo‘jayin yo‘q. Uyga borgan — xo‘jayin yo‘q. Kechgacha zavodda kutgan. Keyin uyiga borib xabar bergan. Zaripova avvaliga «hech qanaqa Shokarimovni tanimayman», deb o‘ynashidan tongan. Keyin «ba’zi-ba’zida kelib turardilar, ammo oramizda hech gap bo‘lmagan, o‘sha kuni kelmaganlar», degan. Ertalab uyida erkak borligini ham rad etgan. Tergovchi ham bu dalilga nechundir e’tiborsiz qaragan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:10:15

«Demak, mashinadan tushgan, yo‘lakka kirgan, uyga esa  chiqmagan. Yo‘lakda birov kutib turganmi, yo‘lakda o‘ldirganmi?» Zohid sakkiz oy mobaynida yechilmagan masalaga bir onda oydinlik kirita olmas edi. Uni chulg‘ayotgan savollar militsiya xodimlarini ham gangitgan, masalaning turli yechimlarini izlab ko‘rishgan, ammo boshi berk ko‘chada tentirashdan o‘zga chorani topa olishmagan edi.
Xufton qorong‘uligi hukmi ostidagi sovuq shamol deraza tirqishlaridan bemanzirat kirib turgan  damda Zohid «Ish»ni uchinchi marta o‘qib o‘tirgan edi. Shahar militsiyasi tergovchisining aybi yoki loqaydligi tufayli yo‘l qo‘yilgan xatoni aniqlay olmadi. Zohid «Ish»ni olib borgan tergovchini tanir edi. Mayor Soliev bilan ko‘p yillardan beri hamkorlikda xizmat qiluvchi bu tajribali tergovchi uddasidan chiqolmagan ishni Zohid eplay olarmikin?
Uyga qaytayotgan Zohidni shu savol ham o‘ylantirdi. Tongda idorasiga o‘tmay, ishni shu tergovchi bilan gaplashishdan boshlashga qaror qildi.
Shahar ichki ishlar boshqarmasida qandaydir besaranjomlik mavjudligini Zohid navbatchi xonasiga kirganidayoq sezdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:10:51

Zohid avvaliga mayor Solievni so‘radi. Navbatchi qisqagina qilib «yo‘qlar» dedi-yu, «boshqa narsa so‘ramang», deganday yuzini burdi. Zohidga kerak bo‘lgan mayor Ilyosov ham yo‘q edi. Ichkariga o‘tmoqchi bo‘lgan Zohidni navbatchi to‘xtatib «aka, kirganingizning foydasi yo‘q, hozir hamma temir yo‘l bekatida», — dedi.
«Nimaga?» deb so‘rashning hojati yo‘q edi. Hamma bekatdami, demak, favqulodda xodisa ro‘y bergan. Aytish mumkin bo‘lmagan sirni aytib qo‘ygan navbatchi endi Zohidga cho‘chinqirab qarab turardi. Uning ahvolini sezgan Zohid «Xavotir olma, men hech nimani eshitmadim», dedi-yu, iziga qaytdi.
U dastlab ishxonasiga bormoqchi edi. Lekin qandaydir kuch uni bekat sari undayverdi. U g‘ayritabiiy bu kuchga bo‘ysunib, yo‘lovchi mashinaga qo‘l ko‘tardi.
Bekatning asosiy binosi o‘rab olingan, tamoshatalab odamlarning yaqinlashishiga yo‘l berishmayotgan edi. Zohid birinchi halqadagi soqchi yigitlarga o‘zini tanitib o‘tdi-yu, ikkinchisida to‘xtatildi. Guvohnomasini ko‘rsatib, «aka, kattalaringiz ichkarida, sizning kirishingizga hojat yo‘q», degan javobni oldi. Nima qilarini bilmay, atrofiga alangladi-yu, yer osti yo‘lagiga olib tushuvchi zinapoya yaqinida turgan mayor Ilyosovni ko‘rib, o‘sha tomon yurdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:14:16

2

Shokarimov o‘limiga doir «Ish»ni Zohid ikkinchi marta o‘qiyotganida mayor Soliev uyga ketishga otlanayotgan edi. Shoh bekatdan uzatilgan xavotirli xabar temir javonga qo‘yilgan qurolni qayta qo‘lga olishga majbur etdi. Ufadagi qamoqxonadan «Qassob» laqabli jinoyatchi qochganini ular eshitishgan, ammo tez orada bu yerda paydo bo‘lib qolishini kutishmagan edi. Qamalmasidan ilgari «Qassob» qaysi shaharlarda yashagan, «ov» qilgan bo‘lsa, o‘sha yerlarda pistirmalar qo‘yilib, poylanayotgan edi. Biz «jinoyatchi» deb atovchi odamlarning ayrimlarida bo‘rining sezgirligi bo‘ladi. Tuzoq qaerga qo‘yilganini oldindan fahmlaydi-yu, pistirmadagilarni dog‘da qoldiradi. «Qassob» shu toifadan edi. Adashib kirib qolgan pashsha ham iziga yo‘l topa olmay qoladigan qamoqxonadan qochib qutilishga aqli yetgan odamning pistirmalar qo‘yilganini anglamasligi mumkin ham emasdi. U o‘zi bo‘lgan shaharlarni aylanib o‘tdi-yu, asr chog‘ida shu bekatda poezddan tushdi. «Qassob» pistirmalarni aylanib o‘tdi-yu, ammo taqdir yozug‘ini chalkashtira olmadi. O‘n yetti juvonning go‘shtini yeb, otuvga hukm etilgan, jazodan qutuldim, deb erkin nafas olayotgan «Qassob» suratlari bu yerlarga ham yetib kelganini fahmlasa-da, «ko‘pchilik orasida birov meni tanimaydi», deb o‘ylardi. Xizmatga yaqindagina kirgan militsioner yigit rasmini ikki soatgina burun qo‘lida ushlab turganini, «rostdanam o‘n yetti xotinning go‘shtini yeganmikin?» deb o‘ylanganini esa bilmas edi. Milisa yigit ham suratdagi odamxo‘rga ikki soatdan so‘ng bekatda ro‘para kelarman, deb o‘ylamagandi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:15:31

«Qassob»ning olazarak ko‘zlari dastlab xatardan ogoh etuvchi hech qanday harakatni ilg‘amadi. Shunday bo‘lsa-da, bekat binosini tark etib ko‘chaga chiqishga shoshilmadi. Yukxonaga tushib sumkasini qo‘ydi. So‘ng hojati bo‘lmasa-da, chiptaxonadagi turnaqator navbatda turdi. Uning fikricha, pistirma qo‘yilgan bo‘lsa, ko‘chada, odam siyrakroq yerda qo‘lga olishga urinishadi. Odam ko‘p yerda otishma bo‘lishidan qo‘rqishadi. «Qassob» shu sababli ham tashqariga chiqishga shoshilmadi. Uning yo‘l qo‘ygan xatosi ham aynan shunda edi: shoshqich chaqiruvga binoan yordamchi kuchlarning yetib kelishiga o‘zi sharoit yaratib berdi. Xatosini tushunganda esa kechikkan edi. Chiptaxonadan chiqib o‘zini gavjumroq to‘daga urganda ikki kuragi o‘rtasiga to‘pponcha tiralib, «Qimirlama, qo‘lingni ko‘tar!» degan buyruq yangradi. U amrga itoat etdi: qo‘llarini ko‘tardi-yu, boshini burib orqasiga qaradi. Ikkinchi qavatda turib «Qassob»ning harakatlarini kuzatayotgan mayor Soliev shoshqaloq yigitning o‘zboshimchaligidan g‘azablandi. «Qassob»ning orqasiga o‘girilib qarashi esa zulm vulqoni otilajagidan uni ogoh etdi. U beixtiyor ravishda to‘pponchasini yalang‘ochlab yugurdi. «Qassob»ni o‘zim ko‘rdim, o‘zim ushlayman», degan niyati amalga oshay deb turgan yigit yuqoriga ko‘tarilgan qo‘llardan birining qanday qilib aylaganicha gardaniga urilganini sezmay ham qoldi. To‘pponcha ushlashga ko‘nikmagan titroq barmoqlari tepkini bosishga ham ulgurmadi. «Qassob» esa to‘pponchani uning qo‘lidan tortib olishga ham, tepkini bosishga ham ulgurdi. Shu onning o‘zida qochmoqqa shaylangan bolalik ayolning sochlariga chang solib to‘xtatdi-da, to‘pponchani chakkasiga tirab:
— Qayt, qaytlaring! Bir qadam bossalaring otaman! — deb tahdid qildi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:15:59

Ham qo‘rquv, ham sochlari qattiq tortilganidan uyg‘ongan og‘riq sabab bo‘lib, ayol bag‘riga bosgan bolasini tushirib yubordi. Bir yoshdan endigina oshgan go‘dak oq marmar ustiga tushib chirillab yig‘ladi. Peshonasida qon ko‘rindi. Ayol talvasaga tushib tipirchilay boshlaganida «Qassob» uning boshiga to‘pponcha dastasi bilan qattiq urdi-da, ikkinchi qo‘lini uning bo‘ynidan aylantirib bo‘g‘ib oldi. Ayolning xushsiz gavdasi osilib qoldi. Talvasaga tushgan odamlar o‘zlarini turli tomonga urib panoh izladilar. Shu topda hammaning joni o‘ziga shirin edi. «Birovni turtib yuborarman, birov yiqilib mayib bo‘lar», degan o‘y hech kimning xayoliga kelmas edi. Peshonasidan qon oqayotgan go‘dakning chirillashi ham birovning qulog‘iga kirmasdi.
Hamma o‘limdan qochardi. Bugun bo‘lmasa qachondir o‘lim sharobini totishlarini bilsalar ham qochardilar.
Bu onda «Qassob»ga boshqalarga nisbatan Soliev yaqin kelib qolgan edi.
— Ayolni qo‘yib yubor! — deb baqirdi u to‘pponcha o‘qtalganicha.
— Qayt! To‘pponchani tashla, bo‘lmasa otaman! — deb baqirdi «Qassob».
Mayor Soliev bir nafas ikkilandi, so‘ng yumshoqroq tarzda gapirdi:
— Yaxshi, tashlayman, ayolni qo‘yib yubor. Bolaga qarasang-chi!
— Bolasiga o‘zing qarayver. Qurolingni tashlamasang ikkalasi ham o‘ladi.
— Yaxshi, — Soliev shunday deb to‘pponchasini qo‘ltig‘i ostidagi g‘ilofga solmoqchi bo‘ldi.
— Yerga qo‘y, — deb buyurdi To‘ng‘iz. — Sherikla-ringga ayt, to‘pponchalarini joyiga solib, chetga chiqishsin. Bilib qo‘ylaring, senlarning o‘qing jonimni olgunicha tepkini bosishga ulguraman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:16:49

Soliev to‘pponchani yerga qo‘ydi-da, atrofga qarab oldi. Bu qarashdagi ma’noni anglagan yigitlar to‘pponchalarini g‘ilofga soldilar.
— Agar bu tovuqqa rahming kelayotgan bo‘lsa, mayli uni qo‘yib yuboraman, ammo o‘rniga o‘zing kelasan. Rozimisan?
— Yo‘q, bormang, — dedi yigitlardan biri.
Soliev bir qo‘lini ko‘tarib «jim» degan ishora qildi.
— Foydasi yo‘q bu qilgan ishingning. Hamma yoq o‘rab olingan. Baribir qocholmaysan.
— Sen menga aql o‘rgatma. Beshgacha sanayman. Menga baribir, men o‘limga hukm qilingan odamman. Bir... ikki...
«Qassob» quruq tahdid qilmayotgan edi. O‘limidan oldin ham ikki jonni bahridan o‘ta olishga qodir edi. Soliev qonga belanib yotgan militsioner yigitga qarab oldi, nazarida u hali tirik edi. Peshonasidan qon oqayotgan go‘dak ham najot tilaganicha unga qarab yig‘layotganday bo‘ldi. «Qassob» esa sanardi: to‘rt... Yana bir soniyadan so‘ng bu boshi buzuqning tepkini bosib yuborishidan hech nima qaytarolmasligi mumkin.
— Roziman, qo‘yib yubor uni, — dedi Soliev oldingga bir qadam bosib.
— To‘xta, sen avval ikkita kishan ol, — deb buyurdi «Qassob».
— Ikkita kishanni nima qilasan?
— Ishing bo‘lmasin, aytganimni qil!
Soliev cho‘ntagidan bir kishan chiqarib, orqasiga qaradi. Yigitlardan biri unga ikkinchi kishanni uzatgach, «Qassob» tomon yurdi. To‘rt qadam qolganda «Qassob»:
— To‘xta! — deb buyurdi. — Qo‘llaringni kishanla!

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:17:16

Buyruq ado etilgach, Soliev yana ikki qadam bosdi.
— Endi o‘ng bilagingga kishanning bir halqasini sol, — deb buyurdi «Qassob». Bu buyruq ham so‘zsiz bajarildi.
— Orqangga o‘girilib, ikki qadam tisaril.
Solievga «Qassob»ning maqsadi ayon bo‘lgan edi. Uning xayoli hozir «Qassob»ni ushlashda emas, azoblanayotgan go‘dakning hushsiz onasi bilan qonga belangan yigitni qutqarishda edi. Shu bois buyruqlarga so‘zsiz  itoat etayotgan edi. Uning maqsadini anglamayotgan yigitlar esa otishga shay turishardi. Soliev orqasiga o‘girilgan damda ularga bir qarab olib «zinhor ota ko‘rmanglar» deb nigohi bilan ishora qildi.
— To‘xta! — Solievning gardaniga «Qassob»ning sassiq nafasi urildi.
Uch soniyaning o‘zida kishanning bir halqasi «Qassob»ning chap bilagiga ilindi, ayol qo‘yib yuborildi. Shunda Soliev chakkasiga to‘pponcha tiralishini kutgan edi. Ammo kutgani sodir bo‘lmadi. Shu nuqtaga tikilib turgan o‘nlab ko‘zlar uchun hech bir kutilmaganda to‘pponcha qo‘yin cho‘ntakka solindi, o‘rniga esa panjalari «limonchik» deb erkalab ataluvchi, o‘smirning mushtumidek keladigan bujir bombani oldi. «Qassob» bombani ehtiyot halqachasini tishlari bilan uzib tashladi-da, uni Solievning ko‘kragiga bosdi:
— Qani endi otlaring, xunasalar! Ha, otmaysanlarmi! — dedi u hansirab.
— Baqirma, nega o‘kirasan? — dedi Soliev xotirjam ohangda. Bu xotirjamlik, talvasadan yiroqlik «Qassob»ni bir oz ajablantirdi. Solievning ahvolidagi boshqa odam qo‘rqmagan taqdirda ham asabiylashmog‘i lozim edi.

Qayd etilgan