Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)  ( 350844 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 73 B


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:18:46

Dastlabki o‘ljasi — hushsiz ayol va yigit murdasidan o‘n qadamlar uzoqlashgach, Soliev:
— Ayol bilan bolaga qarashsin, — dedi.
— Qarashsin, — dedi «Qassob» marhamatli janob ovozida. So‘ng amr etdi: — Xo‘jayiningni chaqir, talabim bor.
— Xayrullinni chaqiringlar, — dedi Soliev baland ovozda.
Yigitlar orasidan kalta charm palto kiygan odam ajralib chiqdi.
— Sen kimsan? — deb so‘radi «Qassob» undan.
— Ugro boshlig‘iman, — dedi Xayrullin deganlari.
— Men senga xo‘jayinni chaqir, dedim! — «Qassob» shunday deb tizzasi bilan Solievning orqasiga tep-di. — Buningni men etigimga patak ham qilmayman.
— Bu yerda undan kattasi yo‘q. Sen aytaver, u kattamizga yetkazadi.
— Kattangga borib ayt: menga bitta samolyot bilan bir million pul kerak.
Xayrullin Soliev bilan ko‘z urishtirib oldi-da, «xo‘p» deganicha orqasiga chekindi.
— Bir soatda hal bo‘lmasa, sheriging o‘ladi! — deb baqirdi «Qassob».
— «O‘lamiz» degin. Endi yolg‘iz o‘lish yo‘q.
— To‘g‘ri aytasan, yo birga yashaymiz yo birga o‘lamiz. Sen sheriklaringdan umid qilma. Ularing oliftagarchilik qilib to‘pponcha o‘qtalganlari bilan otisholmaydi.
— Nega otisholmas ekan?

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:19:48

— Otishga-ku, otishadi, lekin tegiza olishmaydi. Men qanaqa mashq qilishlaringni bilmas ekanmanmi? Uch oyda uchtagina o‘q otasanlarmi? Uchta o‘q otib mergan bo‘lgan bormi dunyoda? Agar gapimga ishonmasang, garov o‘ynayman: hozir seni qo‘yib yuboramanu to‘pponchani chiqarib otishni boshlayman. Ana o‘shanda ko‘rasan tomoshani: bu tomondagi sheriklaring ro‘paradagilarini otib qo‘yishadi. Kamida besh-oltitang jo‘naysan ashulalaringni ayt-ib.
— Boshqacha yo‘li ham bor, — dedi Soliev. — Sen meni qo‘yib yuborasan, yigirma qadamdan gugurt cho‘pini qo‘yib otishamiz.
«Qassob» tizzasi bilan yana tepdi:
— Yo sen jinnisan yo men ahmoqman.
— Ikkinchisi  to‘g‘ri. Ahmoq bo‘lmasang, samolyot so‘raysanmi, pul so‘raysanmi? Qayoqqa uchib borasan?
— Nima ishing bor, balki Isroilga ucharman?
— Isroilga uchasanmi yo boshqa yoqqami, yerga qo‘nishing bilan ushlashadi-yu, «Petrovka»dagi akalaringga ikki qo‘llab topshirishadi. Sen siyosatchi emassan, senga shafqat qilishmaydi.
— O‘chir ovozingni!
Haq gap hech kimga, hatto odamxo‘rga ham yoqmaydi. Soliev to‘g‘ri gap uchun uchinchi marta orqadan tepki yedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:20:14

Qamoqdan qochgan jinoyatchini ushlash — militsiyaning oddiy vazifalaridan biri. «Tezkor guruh» deb atalgan yigitlar «oddiy vazifa»ning bunaqa yakun tomon burilishini sira kutishmagandi. Bular-ku, yosh yigitlar, hatto Soliev ham ko‘p yillik tajribasida bunday holga duch kelmagan edi. Bir militsionerning o‘ldirilishi, zobitning garovda ushlab turilishi, jinoyatchining bomba bilan tahdid qilishi bir necha daqiqa ichida katta-kichik idoralarga ma’lum bo‘ldi. Avval o‘rinbosarlar kelishib «Qassob» bilan muzokara yuritmoqchi bo‘lishdi. So‘ng vaziyatning naqadar jiddiyligi inobatga olinib, kattalarga xabar berildi. Kattalarning ham samolyot bilan pul va’da qilmoqdan o‘zga choralari yo‘q edi. «Qassob» avvaliga yana bir soat kutishga ko‘ndi. So‘ng qor yog‘ayotgani, samolyot uchmayotgani tufayli yana kutadigan bo‘ldi. Pulni esa beto‘xtov keltirilishini talab qildi.
Bu o‘lim halqasidan qutilib ketishiga «Qassob»ning ishonchi yo‘q edi. Samolyotlarda qochayotganlarning qismati, Soliev eslatmasa-da, unga ma’lum. Qamoqdan qochayotganida chet eldan panoh topish niyati ham, rejasi ham yo‘q edi. «Endi tavbamga tayandim, burnimga suv kirdi, ko‘zdan yiroqroq biron ovloqda tinchgina yashayman», degan maqsaddan ham yiroq edi. Toshlardan toshlarga urilib oquvchi bebosh irmoq suvi kabi qismatni a’lo deb bilgan «Qassob» yana qassobchiligini davom ettirmoqdan boshqa narsani o‘ylamasdi. Agar militsioner yigitga duch kelib qolmaganida bir necha kundan so‘ng qaysi bir laqma juvon go‘shtidan o‘zi tukkan chuchvarani yeb rohatlanib o‘tirgan bo‘lardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:20:53

Endi esa qo‘lidagi bombani changallaganicha najot kutardi. Najot qaydan keladi — o‘zi bilmaydi. Najot bilan birgalikda qaysi bir tuynukdan o‘q otilib chiqib qanshariga sanchilishini ham kutadi. Talab qilgan samolyot  bilan million pul o‘rniga mergan otgan o‘q hadya etilmog‘i mumkinligining haqiqatga yaqinroq ekanini ham ko‘ngli sezadi. «Bu faraon samolyot bilan million pulga arzirmikin o‘zi? Arzimasa nimani kutishyapti?  Shartta otib tashlasha qolishmaydimi? — deb o‘ylagan «Qassob» mergan yashirinishi mumkin bo‘lgan tomonlarga javdirab qaraydi. Jon olishni xush  ko‘ruvchi odam jon berishni istamaydi. Najot kutayotgan bu odam o‘zi uchun eng yaxshi, eng maqbul najot ana shu mergan otgan o‘q ekanini tan olgisi kelmaydi. Qo‘lidagi bomba emas, go‘yo o‘zining yuragiga o‘xshaydi. Panjasini ochsa tamom — yurakdagi jon chiqadi-yu, uchadi-ketadi. Uchib borib qo‘nar manzili ham aniq — azoblar otashi. Zulmdan rohatlanuvchi jon uchun o‘zgacharoq manzil yo‘q.
Ne ajabki, mayor Solievga ham bu bomba ayni damda yurakka o‘xshab ko‘rinib ketdi. Bomba ixtirochilarining qaltis yoki shum hazilimikin bu? Hozir necha juft ko‘z yurakka o‘xshovchi bu bombaga tikilib turibdi. Balki ko‘zga ko‘rinmas Azroilning ko‘zlari ham shunga qadalgandir? Vaqt-soati yetganida uning amri bilan panjalar ochilar, bomba portlar... Balki portlamas... Balki Azroilga bitta jon kerakdir? Balki kimdir tirik qolar?..
«Hozir pul olib kelinadi» degan va’dadan so‘ng jimlik hukmronligi boshlangan edi. Kutilmaganda zinapoya panjarasiga suyanib turgan yigitlar ovozlarini ko‘tarib bahslashib qolishdi:
— Otish kerak,— dedi biri,— bitta o‘q bilan o‘ldirilsa panjasini ochishga ulgurmasligi ham mumkin.
— Bu ishonchsiz, — dedi ikkinchisi, — o‘q otilishi bilan bomba ushlangan panjaga mahkam yopishishi kerak.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:21:53

Soliev ularning maqsadini, nima demoqchi bo‘lishganini angladi. «Qassob» o‘zbekchani tushunmasa ham ko‘ngli bir shumlikni sezib:
— Jim bo‘llaring! — deb baqirdi.
Soliev esa asta bosh chayqab, sheriklariga «otmang-lar» degan ishora qildi.
— Sheriklaring nima deyishdi? — deb so‘radi «Qassob».
Soliev «Qassob»ni hayron qoldirib to‘g‘risini ayta qoldi:
— Seni otish kerakmi yo yo‘qmi, deb tortishishyapti. Xo‘jayinlarning senga yon bosayotganlaridan norozi bo‘lishyapti.
Soliev shunday deyishga dedi-yu, «Qassob»ning vujudida tutayotgan gumonga moy sepib, yondirib qo‘yganini anglab, tilini tishladi.
Samolyot bilan pulning unishiga o‘zi ham uncha ishonmayotgan «Qassob» atrofdagilarning g‘imirlab boshqa chora izlashayotganiga amin bo‘ldi.
Oqu qoraga, pastu balandga bo‘lingan bu dunyoning ishlari qiziq. Qochgan ham Xudo derkan, quvgan ham. Qoraning bag‘rida oqqa qarshi fitna yasaladi, oqning bag‘rida qorani mahv etmoq rejasi pishadi. Atrofdagilar bombani changallab turganning hayoti yakunini tezlashtirishni qanchalar xohlashsa, bunisi umrining yanada uzayishini shunchalar istaydi. Har ikki tomonning o‘z haqiqati, o‘z adolati bor. Atrofdagilarning haqiqati shuki, sudning hukmi to‘xtovsiz amalga oshirilishi shart. O‘zga chora bo‘lmog‘i mumkin emas.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:24:55

Ufada uning bo‘yniga to‘qqizta xotinning joni ilinganida u yana sakkiztasining nomini, o‘ldirilgan joyini aytib berdi. Bu sakkiztasining qotili sifatida sakkizta odam allaqachon hukm qilib yuborilgan edi. Ufada bu sakkiztani «Ish»ga tirkashni avvaliga xohlashmadi. Yopig‘liq qozonning yopig‘liq qolmog‘ini ma’qul ko‘rishdi. «Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi» deganlaridek, Ufadagilar sakkizta shahardagi hamkasblarining sharmanda bo‘lishlarini istashmadi. Sakkizta beayb odamning azoblanishi ularni mutlaqo qiziqtirmadi. «Qassob» esa ularning taqdirini o‘yladi, demoq to‘g‘ri emas. «Yana sakkiztasining go‘shtini yeganman», deb o‘jarlik qilib turishiga boshqa sabab bor edi. To‘qqiztaga ham, o‘n yettitaga ham bir xil jazo bo‘lganidan keyin sal shov-shuv bilan, o‘zining qarichi bilan  o‘lchaganda «mardlik» bilan ketishni ma’qul ko‘rdi.
«Qassob»ning o‘n yetti ayol go‘shtidan chuchvara tugib yegani haqiqat edi. Ammo o‘ldirilganlar soni o‘n yetti emas, o‘n sakkizta edi. Birinchi ayolni o‘ldirib, go‘shtini yemagan edi. Chunki uning birinchi o‘ljasi — o‘zini tuqqan onasi edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:25:33

U yashaydigan uy Sochi deb atalmish go‘zal shaharning dengiz qirg‘og‘iga yaqin go‘shasiga joylashgan edi. Go‘zal shahardagi bolaning hayoti go‘zal bo‘lavermas ekan. Ba’zan yarim tunga qadar, ba’zan tongga qadar ko‘chalarda sanqib yurishga majbur bo‘lardi. Ko‘chada qancha yurishi bir xonadan iborat uylaridagi maishatning qancha davom etishiga bog‘liq edi. Go‘daklik chog‘larida hali esi kirmagan paytlarda «otam kim, otam qani?» deb ko‘p so‘ragan. Oqu qorani ajrata boshlagach esa «otamning kimligini o‘zi ham bilmaydi» degan to‘xtamga kelib, bu savollarini bas qildi. Qo‘shni sinfda o‘qiydigan oltinsoch qiz uning o‘smirlik yuragida muhabbat deb atalmish tuyg‘uni uyg‘otganida hali onasiga nisbatan nafrati to‘lib toshmagandi. Maktabni bitirish        kechasi yurak yutib muhabbat izhor etganida oltinsoch malak labini burib «meni onangga sherik qilib olasanmi?» degach, aqlini tamom yo‘qotdi. U damlarda maktabni bitiruvchilar «Sochining sururli tongi» deb   nomlangan bayramni nishonlashardi. Bo‘lg‘usi «Qassob» bayramni rad etilgan muhabbatiga motam tutgan holda shampan vinosi ichish bilan boshlab, «sururli» tongni qonli barmoqlariga tikilgan holda militsiya xonasida qarshiladi. Yo‘q, u kuni onasini o‘ldirmadi. Onasi bag‘ridagi erkakka pichoq urdi xalos. Onasini qamoqdan qaytgach o‘ldirdi. U hukmni qamoqdaligida qabul qilgan edi: «bolaligimni o‘g‘irlagani uchun...» Hukm ayovsiz edi. Jinoyatga oid qonunlarda bemehr onalarga bunday jazo qo‘llanilmaydi. Nari borsa «onalik huquqidan» mahrum etiladi. Agar ona go‘dagini jismonan mahv etsa, shubhasiz, qamaladi. Ammo o‘zi dunyoga keltirgan bolasining bolaligini o‘g‘irlasa, bolaligini bo‘g‘ib o‘ldirsa — unga jazo yo‘q. Shu bois onasiga jazoni «Qassob»ning o‘zi o‘ylab topdi, o‘zi hukm qildi, o‘zi ijro etdi.
Bu hukm va ijro hech bir so‘roq qog‘ozlarida qayd etilmagan. Umri fohishalik bilan o‘tgan ayol jasadining mayda-mayda bo‘laklari huzurini shahar ahlatxonasidagi itlar ko‘rishdi. Shubhasizki, bu itlardan hech kim «Sen bugun kimning go‘shtini yeding?» deb so‘ramaydi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:25:54

Onasiga doir voqealar, o‘smirlikning sururli damlari uning uchun olis o‘tmish bo‘lsa-da, unutilgan xotiralar emasdi. Uning pokizaroq ko‘ngil mulki shugina edi va undan birovning bahramand bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasdi. Ufadagi tergovchiga, sud raisiga bu ko‘ngil mulki eshiklarini ochgan taqdirda ham, birinchi qadamga undagan, majbur etgan ruhiy holat baribir inobatga olinmas edi. «O‘zi yaxshi bola ekan, muhit majburlabdi», degan fikr yoki to‘xtam uning jonini saqlab qololmasdi.
Hozirgi chorasi ham cho‘kayotgan odamning xasga tirmashishi kabi ekanini fahmlasa-da, chiqmagan jondan umidi bor edi.
— Menga qara, faraon, — dedi «Qassob» Solievning orqasiga yengil turtib. — Sheriklaring seni sariq chaqaga ham olmas ekan. O‘lishing tayin bo‘lib qoldi.
— O‘lishimiz, degin.
— Ha, albatta birga o‘lamiz.
— Xuddi egizaklar  kabi, — Soliev shunday deb mahzun tarzda kulimsiradi. «Qassob» bu alamli chehrani ko‘rmadi. Shu nuqtaga tikilganicha har qanday tasodifga shay turganlarning ayrimlari ilg‘ashdi-yu, ammo uning nima sababdan kulimsiraganini  fahmlashma-di.
— Yo‘q, faraon, — dedi «Qassob» yumshoqroq ohang-da. — Egizaklar uch-to‘rt daqiqa farqi bilan tug‘ilishadi. Sen bilan men esam bir nafasda o‘lamiz. Men-ku baribir itday otib tashlanadigan odamman. Ha, senlar meni bir hayvon qatorida ko‘rsalaring ham odamman. Quturgan itni otib tashlab qanday rohatlansalaring meni ham o‘ldirib shunday huzurlanasanlar. Faqat sengina maza qila olmaysan. To‘g‘rimi, alam qilyaptimi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:26:42

— Yo‘q.
— Quloqqa lag‘mon ilma.
— Bo‘ladigan gapni aytyapman: o‘limdan qo‘rqmayman. Gap qachon o‘lishda emas, qanday o‘lishda.
— Ha... hali shunaqami? — «Qassob» bir oz o‘yga toldi. So‘ng tizzasi bilan yana tepdi. — Men bilan birga o‘lishdan hazar qilyapsanmi? Taqdiring shu ekan, faraon, chida. Sen menga o‘xshaganlardan nafratlanib yashading. Men esa senga o‘xshaganlardan nafratlanib yashadim. Men qaerda tug‘ildimu qanday hayot kechirdim? Men boshqa olam edim, sen boshqa dunyo eding. Qara, taqdir meni shu yerlarga haydab kelib, qo‘llarimizni bog‘ladi. Demak, taqdirimiz bir ekan. Senga o‘zingning yo‘ling ma’qul edi. Shu yo‘lingni to‘g‘ri deb bilding. Menga esa o‘zimning yo‘lim ma’qul edi. Endi nima deysan?
— Nima derdim, qo‘llarni bog‘lab turgan bu kishan sen aytgan taqdir zanjiri emas.
Soliev «Qassob»ning yashagan olami haqida, bu olamning falsafasi haqida uch-to‘rt og‘iz gap aytmoqchi edi, ammo fikridan qaytib, gapni shu tarzda qisqa qilib qo‘ya qoldi. Umr bo‘yi balchiq suvidan bahra olgan odamga buloq suvining afzalligini gapirishdan ne naf? Jarga qulayotgan, halokati aniq bo‘lgan kimsani «jarga yaqinlashma», deb ogohlantirishdan ne naf?
— Faraon, sen Xudoga ishonasanmi?
Kutilmagan savolga Soliev darrov javob bera olmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:28:20

— Faraon, o‘lib qoldingmi, javob ber, Xudoga ishonasanmi?
— Ishonaman.
— Ahmoqsan. Men esa  ishonmayman. Xudoga ishonsang ayt-chi, nima uchun meni bunaqa qilib qo‘ydi?
— Xudoga ishonmaganing uchun.
— Laqillama, faraon, ishongan sen ham, ishonmagan men ham bir xilda o‘lyapmiz-ku?
— Men hali o‘layotganim yo‘q.
— O‘lyapsan... o‘lib bo‘lding, faraon. Faqat o‘limingni rasmiylashtirish qoldi. Joning ishonganing Xudoning emas, mening qo‘limda. Istasam hozir o‘lasan, xohlasam ertalabgacha yashaysan. Sen o‘zingni yaxshi odam deb hisoblaysan-a? Men esa sening nazaringda eng yovuz, eng tuban, eng iflos odamman. Sen meni tanimasang ham shunday deb hisoblaysan. Chunki men — odamxo‘rman. Sen shu ma’lumotga ishonib meni o‘ldirish maqsadida bu yerga kelgan eding. Sendan oldin-roq men sherigingni otdim. Bunga ham men aybdormanmi? Yo‘q, bir so‘takning qo‘liga to‘pponcha berib qo‘ygan sen aybdorsan. Men o‘zimni himoya qildim, uni o‘ldirmasam o‘zim o‘lardim. Xotinni garovga olmaganimda o‘sha zahoti otarding meni. O‘ylab ham o‘tirmay otarding, a? Axir sen u xotinning kimligini bilmaysan-ku? Balki u mendan ham battardir? Balki u yigirmata erkakni avrab, to‘shagiga olib kirgandir, keyin o‘ldirib, go‘shtini yegandir? Senlar men o‘ldirgan xotinlarga achinasanlar, a? Kimlar edi ular, bilmaysan-ku? Bilmay turib achinaverasan. Hammasining erlari bor edi, bolalari bor edi. Erlari bo‘la turib men bilan o‘ynashishdi. Buzuqliklari uchun erlari ham indamaydi, senlar ham jazolamaysanlar. Eriga xiyonat qilish jinoyat emasmi? Jinoyat. Odam o‘ldirishdan ham battar jinoyat. Shuning uchun men ularni jazoladim. Bu yaxshiligim uchun senlar meni o‘limga hukm qildinglar. Bu adolatdan emas, faraon. Hozir seni qo‘yib yuborsam boshimga yuzlab o‘qlar yog‘iladi. Badanimni ilma-teshik qilib tashlaysanlar. Menga bittagina o‘q kifoya qilishiga aqllaring yetmaydi. Faraon, nega jimsan? Mening haqiqatim oldida Xudoying ham jim qoladi. Sen «Xudoga ishonaman», deysan. Laqillama, faraon, sen Xudoga emas, to‘pponchangga ishonasan. Sening Xudoying shu to‘pponcha, payg‘ambaring manavi kishan. Ana, sening Xudoying ham, payg‘ambaring ham menga xizmat qilyapti. Dodingni kimga aytasan?

Qayd etilgan