Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)  ( 350953 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 73 B


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:30:37

— Birinchi marta qachon odam o‘ldirgan eding?
— Ha, faraon, bu senga nima uchun kerak bo‘lib qoldi.
— O‘sha paytda qo‘limga tushganingda uch-to‘rt og‘iz gap gapirar edim. Endi foydasi yo‘q. Senga qarab o‘sha paytda o‘q uzilgan. Faqat yuragingga sanchilishi qoldi. Sen balki bugun qutulib ketarsan, lekin bilib qo‘y, o‘q iziga qaytmaydi, senga atab uzilganmi, demak, adashmaydi. Hukmni Ufadagi sud chiqardi, deyapsanmi, bekor gap. O‘sha birinchi qadamingda o‘zingga o‘zing hukm o‘qigansan. O‘qni ham o‘zing uzgansan. Boshqalardan o‘pkalama.
— Shundaymi, u holda o‘lim men uchun najot, sen uchun esa falokat, jazo ekan. Bunga nima deysan?
— Men o‘limning sharpasini sezmayapman.
«Qassob» shunaqami, «sezmasang, sezib ol», deganday panjasidagi bombani Solievning ko‘kragiga qattiqroq bosdi. O‘zini hotirjam tutishga harakat qilayotgan Soliev shundan so‘ng o‘zini behol sezdi. Yo‘q, «hozir bomba portlar, tanam qiyma-qiyma bo‘lib ketar», deb qo‘rqmadi. Xizmati yuzasidan hamisha o‘lim bilan berkinmachoq o‘ynaydigan odamning yengil turtkidan vahimaga tushishi mumkin emas. Alhol, Soliev vujudidagi behollik sababini bilmadi. Bu sababni keyinroq, shiftga tikilib yotgan damlarda anglaydi.
Odam bolasi tug‘ilib, dunyoni ko‘rgan onidan o‘lim bilan quvlashmachoq o‘yinini boshlaydi. O‘lim quvlaydi, odam bolasi esa qochaveradi. Kimdir bu o‘yinda tez charchaydi, o‘lim tezgina quvib yetadi. Ba’zilar esa uzoq, juda uzoq qochadi. Hatto o‘lim tezroq yugura qolsa edi, tezroq menga yeta qolsa edi, deb nolalar qiladi. Hatto yugurib horigani uchun sekinroq yura boshlaydi. Ne g‘amki, shu onda o‘lim ham yugurishni bas qiladi. Yugura-yugura charchagan, hayotdan to‘ygan odam o‘lim yeta qolsaydi, degan ilinjda to‘xtaydi. Ne qayg‘uki, o‘lim ham to‘xtaydi. Chunki... quvlashmachoq o‘yinining nihoyasi, oqibati qochayotganning ham, quvlayotganning ham ixtiyorida emas. Holiqi olam belgilagan vaqt va manzilga yetilgunga qadar bu o‘yin davom etaveradi.
Solievni quvib kelayotgan sayyod — o‘lim ayni shu bekatda saydiga yetib keldimi ekan? Buni yolg‘iz Yaratgan biladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:32:20

III b o b

1

Uchoq bekasi Maskov o‘n ikki darajali sovuq bilan qarshilayotganini e’lon qilib, ehtiyot kamarlarini bog‘lagan holda qo‘nishga tayyorgarlik ko‘rishni iltimos qildi.
G‘ildiraklar yerga do‘qillab tegib, uchoq silkinganida Manzura «Xudoga shukr», deb pichirladi. Uyiga yetib olishiga hali fursat bo‘lsa-da ayriliq kunlarining tugayotgani uning qalbini quvonch nuri bilan yoritdi. Shuning barobarida shodlik quyoshi yuzini tashvish buluti to‘sishga urindi.
Chuvrindining o‘limi haqidagi xabarni eshitgach, qaytish ixtiyorini bildirdi-yu, uyiga qo‘ng‘iroq qilib ahdini eriga bildirishdan cho‘chidi. Ana shu damlarda Asadbekning o‘zi qo‘ng‘iroq qilib mushkulini bir oz yengillashtirdi. Odatdagi salom-alikdan so‘ng Manzura yurak yutgan holda so‘ramoqchi bo‘ldi:
— Adasi, Mahmudjonga...
Savolini oxiriga yetkaza olmay erining to‘ng javobini eshitdi:
— Ishing bo‘lmasin...
Darvoqe, Manzura erining hayotiga, ishlariga aralashmoq huquqidan mahrum ekanini unutibdi. Asadbek, faqat u emas, balki boshqa erkaklar ham «umr yo‘ldoshi» deb atalguvchi xotinlarining chegarasini aniq belgilab qo‘yishadi. Halqadan iborat bu hudud orasidagina ayollar erlarining umrlariga yo‘ldosh bo‘lishlari mumkin, ya’nikim, to‘shakda erning ko‘nglini olish, bolalar tug‘ib berish, farzandlarni tarbiyalash, erning issiq-sovug‘idan xabardor bo‘lib turish huquqi ularga to‘laligicha berilgan. Bu huquq halqasidan bir qarich chiqish yoki chiqishga urinish, agar omadli bo‘lsalar so‘kish bilan, sho‘rpeshona bo‘lsalar kaltak bilan mukofotlanadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:32:42

Har bir ayol kabi Manzura ham bilib-bilmay ba’zan chegara chiziqlariga yaqinlashib qoladi. Erining «ishing bo‘lmasin», yoki «aqling yetmaydigan ishlarga aralashma» deb to‘ng‘illashi unga chegarada turgan askarning «To‘xta, otaman!» degan hayqirig‘iday eshitilib, yalang oyog‘i bilan cho‘g‘ni bosib olgan odam holatida iziga qayta qolardi. Asadbek so‘nggi marta qo‘ng‘iroq qilganida ham o‘z odatiga sodiq qoldi: savolining yarmini ichiga yutib «ishing bo‘lmasin», degan javobdan qanoatlana qoldi. Eri «Yana nima gaping bor?» degach, ahdini aytishga qiynalib, bir zum tildan qoldi.
— Nima, o‘lib qoldingmi? Gapir, gaping bo‘lsa! — degan amrdan so‘ng tiliga jon qaytganday bo‘ldi-yu, tutila-tutila maqsadini ma’lum qildi. Bu xabarni eshitgan Asadbek jimib qoldi. Manzura vulqon otilishini kutgan bechora holida, barmoqlaridagi qaltiroqni oshkor qilmaslik uchun go‘shakni mahkamroq qisib, qulog‘iga qattiqroq bosdi-da, ro‘parasidagi o‘g‘illariga najot ko‘zlari bilan boqdi. Abdulhamid onasidagi o‘zgarishni sezib «aybni bizga yuklayvering» degan ma’noda ko‘rsatgich barmog‘ini ko‘kragiga nuqib qo‘ydi.
Manzura kutgan vulqon portlamadi, vazmin, dardli ovoz eshitildi:
— Seni birov haydadimi?
— Yo‘q, adasi, o‘g‘illaringiz...
— Samadga ber.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:33:15

O‘g‘lining salomiga sovuq tarzda alik olgan Asadbek qachon uchishlarini so‘rab, Maskovga kutib oluvchi odam yuborajagini aytishdan nariga o‘tmadi
Asadbek o‘g‘illariga indamaydi, zahrini Manzuraga sochadi. Manzura ishonchli qalqoni bilan o‘zini himoya qilishga har on shay bo‘lsa-da, eri otgan zaharli so‘z toshlari bu qalqonni yorib o‘ta olmasligini yaxshi bilsa-da, baribir zirillab turadi. Nikoh kechasi  Asadbek chimildiqqa kirib kelishidan sal oldin yangasining «nima bo‘lsayam hamisha bitta gapdan qolishni o‘rgan», degan o‘giti butun umr davomida unga ishonchli qalqon sifatida xizmat qildi. Agar har safar bitta gapdan qolganida bittadan gugurt cho‘pi tashlab qo‘yaverganidami shaharni cho‘p bosib ketishi aniq edi. Erinmagan odam bu cho‘plarni temir yo‘li singari terib chiqsa Yer yuzini necha bora aylanar ekan...
Erga tegib kaltak yemaganining bir sababi Asadbekning onasi taqdirini unutmagani bo‘lsa, ikkinchisi ana shu «bir gapdan qolish» deb ataluvchi qalqon himoyasida ekanligi edi.
Maskovning muzlagan yeriga qadam qo‘ygan Manzu-ra navbatdagi «bir gapdan qolish» uchun uyiga oshiqardi.
Chegarachilar nazoratidan o‘tib, bojxona rasm-rusm-lari maydonchasiga o‘tishganida Manzura to‘siq orti-  da turgan Jamshidni ko‘rdi-yu, toshday qotdi. Hatto kipriklar ham harakatdan qoldilar. Abdusamad jomadonlar bilan ovora edi. Akasiga ko‘maklashishga hozirlangan Abdulhamid onasidagi o‘zgarishni sezib, to‘xtadi. Onasi tikilib turgan tomonga qarab Jamshidni ko‘rdi-yu, jilmayganicha qo‘lini havolatib, salomlashgan bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:33:38

So‘ng onasiga:
— Jamshid akam kelibdilar, oyi, — dedi.
— Voy tavba, astag‘firulloh! — dedi Manzura pichirlab.
— Ha, oyi? — dedi ajablangan Abdulhamid.
— Rostdanam Jamshid akangmi?
— Ha, tanimadingizmi?
Tanimaganida bunchalik holsizlanmas edi. Boshqa a’yonlarga nisbatan yaqinroq, suyumliroq bo‘lgan Jamshidning o‘limini Manzura o‘g‘illariga aytmagandi. Ku-yib, qovjirab, deyarli ko‘mirga aylangan jasad uchun Chuvrindining uyida o‘zi o‘rin solganini, g‘assol kelguniga qadar ona qatorida murdaning yonida o‘tirganini, so‘ngroq esa Jamshidning o‘limini eshitgan Zaynabning o‘zini osganini aytganida Abdulhamid bunday deb so‘ramagan bo‘lar edi.
O‘g‘li tanidi. Demak, to‘siq ortidagi yigit — Jamshid. Unda Chuvrindining uyida kimning o‘ligiga o‘rin soldi? Yo tirilib qaytdimi bu yigit? Ko‘mirga aylanganini ko‘rmaganida ham «tirilibdi» degan gapga ishonishi mumkin edi. Balki ko‘rayotgani arvohdir? U holda... o‘g‘liga ham arvoh ko‘rindimi?
Bojxonachilarga jomadonlarni ochib ko‘rsatayotgan Abdusamad gap talashib ovozini balandlatgach, ona-bola beixtiyor o‘sha tomonga qarashdi. Abdulhamid «Sizlar shu yerda turinglar», deb kelinlar bilan Manzurani qoldirib, o‘zi akasi tomon yurdi. O‘g‘illarining gap talashayotganidan, bojxonachilarning zarda qilayotganlaridan xavotirlangan Manzura kelinlariga «shu yerda jilmanglar», deb farzandlariga yaqinlashdi. O‘rischani durustroq bilmagani sababli nima voqea yuz berganini darrov anglamadi. Anglamasa-da, yarim o‘rischa, yarim o‘zbekchalab bolalarini himoya qila ketdi. Go‘shtdor malla bojxonachi «grajdanka, siz nari turing» deb Manzuraning bilagidan ushlaganida Abdulhamid qizishib «Nega onamni turtasan!» deganicha uning qo‘lini siltab tortdi. Dahanaki jang Manzura kelishi bilan rosmana olishuvga aylanib ketay dedi. Abdusamad ukasini chetga tortib tanbeh berayotganida Jamshid to‘siq eshigi oldidagi soqchi yigit kaftiga pul qistirdi-da, shoshganicha yigitlarga yaqinlashdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:34:07

— Kennayi, siz kelinlaringizning yoniga borib tura qoling, — dedi. Keyin Manzuraning nari ketishini kutmay, Abdulhamidning yelkasini ushlab silkitdi: — Kallang bormi, kimga osilyapsan?
— O‘zini ko‘rmaysizmi?
— O‘chir, ahmoq!
Manzura joyiga qaytgach, Jamshid aka-ukalarni ham qoldirib bojxonachilar bilan o‘zi gaplasha boshladi. Oqibat shu bo‘ldiki, o‘zi bilan kelgan yigitga ayollarni topshirib mehmonxonaga jo‘natdi. Aka-ukani esa yuklari bilan birga milisaxonaga olib ketdilar.
Ular bilan izma-iz yetib kelgan Jamshid milisaxonaning kattalari bilan til topishga urindi. Bojxonada taftish qaydnomasi yozilmagani uchun bu yerda ish oson bitar, deb o‘ylab yanglishgan edi. Milisaxonada ham tergovchi so‘roqni boshlamay aka-ukalarni «izolyator» deb atalmish vaqtinchalik qamoqqa qamadi. Jamshid «Ish»ning rasmiylashtirilishiga shoshilishmayotganidan, gaplarini bee’tibor tinglashayotganidan bir shumlikni sezdi. Shu bois ular qarshisida ko‘pam elanmay, iziga qaytdi. Telegrafga kirib Bek akasiga noxush xabarni bildirdi-da:
— Yuklaridan qora dori chiqqanmish, — deb izoh berdi.
Bu gapdan so‘ng Asadbekdan bir necha soniya sado chiqmadi.
— Xongireyga aytsammikin? — deb so‘radi Jamshid.
Bu safar javob hayallamadi:
— Yo‘q, — dedi Asadbek bo‘g‘iq ovozda. — Sen aralashmay tur, o‘zim yetib boraman.
Milisalarga gapi o‘tmagach, Jamshid Xongireyga uchrashmoqni o‘yladi-yu, ammo «Xongireyning ishi bo‘lsa-chi, bu?» degan savol xayolini bir yoritib o‘tdi. «Agar bu ishda Xongireyning qo‘li bo‘lsa, gapimni sariq chaqaga olmaydi, Bek akamning oyoqlariga bosh urib kelishlarini xohlaydi, degan fikr uni to‘xtatdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:35:14

Jamshiddan sovuq xabarni eshitgan Asadbek ham birinchi galda Xongireyni esladi. Esladi-yu, maqsadini ham angladi: endi oyoqlariga bosh urib borishdan o‘zga chorasi yo‘q. Shu topgacha erkakman, deb qaddini g‘oz tutib yurgan Asadbek endi egilishga majbur. Bu qimor o‘yiniga anov-manov narsa emas, o‘g‘illarining jonlari tikilgan. Ko‘ngli shu xorlikni sezardi. Sezgani uchun ham ularning qaytishlarini istamayotgan edi.
Xojasiga shumxabar yetkazgan Jamshid «Bek akamning jahllari chiqdi» deb o‘yladi. U jahl emas, naq jonning o‘zi chiqayozganini fahmlamadi. Shumxabarni eshitgan topda Asadbek bo‘lajak xorlikni, ta’zim qilib borib balchiqqa bulg‘anishini o‘ylamadi. Yo‘q, buni ancha keyin o‘ylaydi. Hozir uning ko‘zlariga faqat bolalarining joni ko‘rindi. «Bolalar qamoqda» degan gap unga «bolalar tobutda» deyilganday eshitilib, vujudiga muz yugurdi. Jamshidning «gaplashdim, ancha yumshatdim», deyishi ham bu muzni erita olmadi. O‘zining tezda yetib borajagini aytgach, «Kennayingga indamay qo‘ya qol», dedi.
Hojasi ogohlantirmasa ham Jamshid nima voqea yuz berganini yangasiga aytmas edi. Vahima to‘riga o‘ralib yig‘iga bandi bo‘lib o‘tirgan ayollarga «ahvol chatoq, yukinglar orasidan ancha qoradori chiqibdi» de-yishining oqibatini yaxshi bilardi.


Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:35:56

Manzura mehmonxonaga joylashguniga qadar, yuragi yorilib ketguday darajada potirlab urayotgan bo‘lsa-da, alamli yig‘i bo‘g‘zidan bo‘g‘sa-da, o‘zini tutishga kuch topdi. Xonaga kirib oromkursiga omonat o‘tirdi. O‘tirdiyu mushuk panjasidagi onasiga mo‘ltillab tikilayotgan kabutar poloponlari holidagi kelinlarining ko‘zlariga ko‘zi tushgach boshqa chiday olmadi. Yuvinish xonasiga o‘tib unsiz yig‘ladi. Qalbidan nido vulqoni portlagan bo‘lsa ham ovoz chiqarmadi. Unsiz yig‘lamoq — uning qismati. Yaratgan unga shu azobni ravo ko‘rgan ekan, dardini kimlarga aytsin?
Hamma uni baxtli hisoblaydi. Agar yemoq-ichmoq, kiyinmoq, bezanmoq baxt hisoblansa Manzurani eng baxtli ayollardan biri demoq mumkin. O‘lchovi, zamoni, makoni bo‘lmagan baxt atalmish tushunchaga Manzuraning o‘zi ham tushunmaydi.
Manzurani baxtli deb hisoblovchilar, «shu ayolga nasib etganingdan menga ham ber», deb Tangriga tavallo qilg‘uvchilar uni hozirgi ahvolda bir ko‘rsalar edi, «agar baxt shu bo‘lsa baxtsizligi qanday ekan?» degan muammoga javob topa olmay yana Yaratganga yuzlanar va bu ayolga o‘xshatib qo‘ymasligini so‘rar edilar.
Manzuraning qorni to‘q, usti but bo‘lishi barobarida tashvish sandig‘i ham to‘la edi. U tanish-notanish odamlar og‘zidan ba’zan to‘g‘ri, ba’zan mish-mishlarni eshitib qolganida «bundan ko‘ra qimor o‘ynab yurganlari ma’qul edi», deb qo‘yardi. Qaytar dunyo, deganlaridek, boshqalarga ravo ko‘rilgan zulm farzandlariga qaytishi mumkinligini o‘ylaganda esa badaniga muz yugurib «qimor o‘ynab, meni yutqizib yuborganlari ming marta afzal edi», deb qo‘yardi. Deyishga derdi-yu, ke-yinroq noshukrlikka yo‘l qo‘yganini fahmlab, tavba qilardi. Shu topgacha xonadoni boshiga qora kunlar tushmagani balki shu tavbalar, duolar tufaylidir? Shiddat bilan bostirib kelayotgan qora kunlar seli qarshisida endi uning tavbalari, duolari ojizlik qilib qolgandir?

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:36:14

Roviylar ayturlarkim, cho‘pon suruvni qaytargach, sovliqlarni sog‘ib, bir qultum sutga ham xiyonat qilmay, xo‘jasiga berarkan. Xo‘jayin esa sutga suv qo‘shib, pullarkan. Cho‘pon xo‘jasini haromdan qaytarmoqchi bo‘lganida da’vati evaziga orqasidan tepki yebdi. Bir kuni suruv o‘tlab yurganda qo‘qqisdan sel kelibdi-yu, qo‘ylarni surib ketibdi. Oqshomda so‘ppayib qaytayotgan cho‘ponini ko‘rib, xo‘jayin «Qo‘ylar qani?» deb so‘rabdi. «Siz sutga qo‘shgan suvlar yig‘ilib selga aylandi-yu, suruvni surib ketdi», debdi cho‘pon.
Har qanday aybli ishlar, gunoh amallar yig‘indisining tomchilardan vujudga kelgan ko‘l kabi sel qudratiga ega bo‘lishini va bu qudrat jazo darvozalarini ochib yuborajagini ko‘p qatori Manzura ham bilmasdi. Qizi Zaynab o‘g‘irlangan kuni bu jazo darvozasining qiya ochilganini, endi esa baralla ochila borayotganini u fikr qilib ko‘rmadi. Boshlari uzra jazo shabadalari esa boshlaganda er-xotin tavba bilan sajdaga bosh qo‘yganlarida balki ibodatlari jazo seli yo‘liga to‘g‘on bo‘la qolarmidi, vallohi a’lam?
Endi esa kech.
Yoz chillasi o‘rnini navbahor qayta egallay olmagani kabi g‘am-tashvish bulutlaridan yog‘ila boshlagan alam do‘llariga chora yo‘q endi.
Manzura bugungi holatdan eziladi. Yuragi esa ertaning alamlaridan so‘zlamoqni istab behalovat tepadi. U esa tilsiz yuragining faryod bilan aytayotgan so‘zlarini anglamaydi.
Ularni kuzatib kelib, mehmonxonaga joylashtirgan yigit chaqirtirgan restoran xodimlari dasturxon tuzadilar. Manzuraning ham, kelinlarining ham tomoqlaridan ovqat yoki bir tishlam non tugul, bir qultum choy ham o‘tmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:37:32

Manzura kelinlariga nima deb izoh berishni ham, nima deb yupatishni ham bilmas edi. Uning o‘zi shu topda bir dononing izohiga, bir mehribonning ovutishiga muhtoj edi. Mushtariy quyib uzatgan choyni olishga oldi-yu, ko‘ngil uchun labiga ham olib bormadi. Ko‘zi kelinlarining nigohlari bilan to‘qnashgach, shu bolalarni tug‘ib katta ayb ish qilib qo‘yganday boshini xam qildi.
Cho‘lponoy ham, Mushtariy ham savol muhrlangan nazarlariga qaynonalaridan javob talab qilmayotgan edilar. Ota-onalarining hikoyalari orqali bu mamlakatni och, vahshiy bo‘ri ko‘rinishida tasavvur etgan, bir havotir bilan yo‘lga chiqqan kelinlarning yuragi qush hadigi bilan tepardi. Ota-onalari yurtlariga kimlar hukmron ekanliklarini bilib tursalar-da, mamlakatdagi keyingi o‘zgarishlarga umid bilan qarab, Asadbekning o‘g‘illarini kuyov qilmoqlikka jazm etgan edilar.
Bo‘rilar hukmidagi o‘rmonda qashqiru shoqollar ham davr surishini ular hisobga olmagan edilar. «Mubham u diyorda qanday yashab ketarkinmiz?» degan tashvishdagi kelinlarga bu hodisa kutilmagan, ajabtovur tuyulmadi. Ularning yuraklari qandaydir noxush voqeaning albatta sodir bo‘lajagini sezgan edi. Ammo «mamlakat tuprog‘iga qadam qo‘yishga ulgurmay erlarimiz hibsga olinarlar» deb o‘ylashmagan edi. Yaxshiki ular Olmon polisi bilan Moskva milisasi orasida osmon bilan yercha farq borligini bilishmaydi. «Advokatlar ishtirokidagi savol-javobdan so‘ng hademay chiqib kelishadi» degan o‘y ularni bir oz bo‘lsa-da, xotirjamlikda ushlab turardi. Erlarining zax va sovuq, qorong‘u va badbo‘y qamoq xonasida qunishib o‘tirishganini bilishsami, buni Manzura ham bilsami, uchovlarining azador xotin holatiga tushmoqliklari aniq edi. Yurt sog‘inchi bilan umr kechirayotgan ota-onalarining armonlari soyasida ulg‘aygan qizlar nikohdan so‘ng tanmahramlaridan vatanlari haqida eshitgan nurli hikoyalarga bir ishonib, bir ishonmay safarga otlanishgan edilar. Abdusamad ham, Abdulhamid ham ularni aldamagan edilar. Ular Rusiya istilosida unsiz ingrayotgan Vatan nolalarini emas, quyosh nurida yashnayotgan yurt tabiatini maqtagan edilar. Buning uchun ularni yolg‘onchiga chiqarmoq noo‘rindir, chunki Vatanda turib ular Vatan nolalarini eshitmas edilar. Bu azobli ingroqni armonda yashayotganlar jon quloqlari bilan tinglab, yuraklaridagi nolalari bilan jo‘r bo‘lar edilar. «Bedardning oldida boshimni og‘ritma», deganlaridek to‘kin dasturxon atrofida ulg‘aygan bolalarning Vatan alamlaridan voqif bo‘lmoqliklari mumkin emas edi. Abdusamad bilan Cho‘lponoyni, Abdulhamid bilan Mushtariyni bir-birlariga aynan shu to‘kin dasturxon birlashtirib turardi. Dunyoni anglamak, Vatan taqdiriga kuyunmak borasida ularning qalblari boshqa-boshqa edi. Shuning barobarinda Asadbek bilan Muzaffarxon, Manzura bilan Guluzor begim ham bu masalada o‘zga-o‘zga olamning fuqarolari edilar.

Qayd etilgan