Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)  ( 350937 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 73 B


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:39:03

2

Jamshid taksiga o‘tirib mehmonxonaga yaqinlashganida xojasidan bir narsani so‘rab olmaganini fahmlab, afsuslandi. Shu bois mehmonxona nazoratchisi cho‘ntagiga besh so‘mlikni qistirib ichkari o‘tgach, yuqoriga ko‘tarilmay, telefon ko‘shklari tomon yurdi.
Asadbek a’yonining ovozini eshitishi bilan xavotirlanib:
— Yana nima bo‘ldi? — deb so‘radi.
— Kennayimlarni jo‘natib yubora qolsammikin, deb so‘ramoqchiydim...
Asadbek bu masalani Jamshid aytmasdan ilgariroq hal qilib qo‘ygan edi. Shu sababli javobni hayallatmadi:
— Tayyor turlaring, odam boradi.
Jamshid yettinchi qavatga ko‘tarilib, ayollar joylashgan xona eshigi oldidagi sherigiga yaqinlashdi.
— Aytganingizday choy-poy qildim, — dedi yigit Jamshidning savol nazariga javoban.
— Yig‘i-sig‘i qilishmayaptimi?
— Yo‘q.
— Bitta-yarimta kuzatmayaptimi, sezmadingmi?
— Yo‘q. Birov yaqinlashmadi.
— Ichkarida gap-so‘z bo‘lmadimi? — Jamshid shunday deb shiftga qarab oldi. U ovoz yozib oluvchi uskunalar o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin, degan gumonda sherigini avvalroq ogohlantirgan edi. Yigit hozirgi savoldan Jamshidning maqsadini anglab, «yo‘q» degan ma’noda bosh chayqadi. Shundan so‘ng Jamshid eshikni asta taqillatib, so‘ng qiya ochdi-da:
— Kennayi, kirsam maylimi? — deb so‘radi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:39:46

Qafasga solingan qushlar holatidagi ayollar qiya ochilgan eshikka najot ko‘zlari bilan qarashdi. Jam-shidning ortidan Abdusamat bilan Abdulhamidni ko‘rmoq ilinjida termuldilar. Jamshid ostona hatlab ichkari kirganidan so‘ng ham eshikdan ko‘zlarini uzmadilar. Manzura Jamshidga yaqinlashib, paltosining yoqasini asta ushladi-da:
— O‘g‘illarim qani? — deb yengil siltadi.
— Ozgina qog‘ozbozlik ishlari bor ekan, kelib qolishadi, — dedi Jamshid xotirjam tarzda.
Ona qalbi bu xotirjamlik pardasi ortida yolg‘on yashiringanini sezib, Jamshidning ko‘zlariga tikildi. Asadbekning badanni teshib yuborguday o‘tkir nigohlariga ko‘nikib qolgan Jamshid uchun bu ma’suma ko‘zlarning tikilishi nima ekan? Jamshid xuddi hech qanday voqea yuz bermaganday, o‘g‘illari rostdan ham hozir kirib keladiganday xotirjam tarzda qarab turaverdi, hatto sal jilmaygan ham bo‘ldi.
— To‘g‘risini ayt, — dedi Manzura titroq ovoz-    da. — ularni... qo‘yib yuborishdimi?
Manzura aslida «ularni qamashmadimi?» deb so‘ramoqchi edi. Ammo bu xunuk so‘zni tilga olishdan irganib «qo‘yib yuborishdimi?» deb so‘radi. Jamshid Manzura tilidan uchishi mumkin bo‘lgan savol o‘qlariga javob-qalqonlarini tayyorlab qo‘ygan edi.
— Kennayi, bollarni ushlashgani yo‘q-ku? — Jamshid shunday deb mo‘ltillagancha tikilib turgan kelinlarga qarab jilmaydi. — Biz tomonlarda qog‘ozbozlikni yaxshi ko‘rishadi. Bitta harf noto‘g‘ri tushsa ham qitmirlik qilaverishadi.
— Qoradorichi? — dedi Manzura pastroq ovozda.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:40:36

— Shunga ishondingizmi? Bojxonaning tomog‘i qichishsa shunaqa qiliq qiladi. Nafsiga urib qo‘ydim, tinchishdi. Agar rostdanam qoradori bo‘lganida qog‘ozlar to‘ldirishardi, hammayoqni vahimaga to‘ldirib yuborishardi. Bitta ham qog‘oz yozishmadi-ku, o‘zingiz  ko‘rdingiz-ku?
Manzura «aldamayapsanmi?» deganday unga qarab turaverdi, paltosining yoqasini bo‘shatmadi. Jamshid esa o‘z onasini quchgan mehribon o‘g‘il kabi Manzuraning yelkasiga kaftini qo‘ydi:
— Hozir aka bilan gaplashdim, — dedi suyunchilik xabari bildirganday.
— Aytdingmi, chaqirdingmi?
Bu savol uning mo‘ljalida yo‘q edi, shu sababli bir oz gangidi. «Chaqirdim, keladilar» desa ishning jiddiyligi sezilib qoladi. «Kelmas ekanlar», desa uyga qaytishganida bu yolg‘oni ham fosh bo‘ladi. Jamshid «Nima bo‘lganda ham uyga yetib borishaverishsinchi» degan fikrda:
— Akam kutyaptilar. Aslida bir-ikki kun Maskovda aylantiray devdim...
Jamshidning gapi chala qoldi. Manzura qo‘lini uning yoqasidan olib salgina chekindi-da:
— Ha, Maskoviyam juvonmarg bo‘lsin! — dedi.
Bu gapdan Jamshid jonlandi:
— Akam ham shunday dedilar. Hozir sizlarni kuzatib qo‘yar ekanman. Bolalar bilan o‘zim izma-iz yetib boraman.
Manzura «shunday qilamizmi?» deganday kelinlariga qarab oldi-da, ulardan javob kutmay qarorini aytdi:
— Birga ketamiz. Bir kun ming kun emas, kutamiz.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:41:37

— Bilmadim... — Jamshid siquvga olib ularning hadikdagi yuraklarini yanada ezmaslik uchun sukut saqladi. So‘ng ilojsiz odamning ovozi bilan davom et-di: — Akam nima der ekanlar. Hozir odam keladi.
— Kim?
Kim kelishini Jamshidning o‘zi ham bilmas edi. Shu sababli mujmal javob qildi:
— Akam shu yerdagi yaqinlariga tayinlabdilar. Agar xohlasangiz telefonni ulay, akam bilan o‘zingiz gaplasha qoling.
Jamshid Manzurani ko‘ndirish uchun atayin shunday dedi. U yanglishmadi — mo‘ljalni aniq oldi. Eri bilan gaplashish haqidagi taklifni Manzura o‘ylab ham o‘tirmay rad qildi:
— Yo‘q... kerakmas.
Manzura xonaga kirishi bilan uyga qo‘ng‘iroq qilishni o‘ylagan edi. Ammo erining qahrli ovozini eshitishdan cho‘chidi. «Bunga sen o‘zing aybdorsan!» degan hukmdan qo‘rqdi. Hozir ham ana shu qo‘rquv tirnoqlari orasida «yo‘q» deb qaytish haqidagi amrga bo‘ysunmoqdan o‘zga chorasi yo‘qligini angladi-yu, bu bilan Jamshidning mushkulini yengil qildi.
Ayollar huzurida qoqqan qoziqdek turish Jamshidga malol kelib, dahlizga chiqdi. Qo‘shni xonadan joy olgan bo‘lishlariga qaramay, bu eshikdan uzoqlashmagan holda soqchi kabi turishdi. Ularni kuzatib qo‘yishi lozim bo‘lgan odam hadeganda kelavermagach, Jamshid toqatsizlandi. Xojasidan «Kimga aytgansiz, kim keladi, kim kuzatadi?» deb so‘rab olmagandi. Bularni so‘rashga haqqi ham yo‘q edi. Bek akasi lozim topsa o‘zi aytardi. Aytmadimi, demak, Jamshid bularni bilmasa ham bo‘ladi. Ayniqsa telefonda har qanday gap aytilavermasligini Jamshid yaxshi biladi. Bilgani uchun ham «shuni so‘rab olmabman-da» deb afsuslanmadi. Jamshidning betoqatligi zamirida «aytilgan odam keladimi yo yo‘qmi?» degan havotir yo‘q edi. Xojasi kim bilan-dir gaplashdimi, kimgadir aytdimi, demak, masala hal. Jamshid masalaning tezroq hal bo‘lishini, ayollarni tezroq sog‘-omon kuzatib, yigitlar holidan xabar olish uchun milisaxonaga qaytishni istayotgan edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:42:54

Ming yillik qari toshbaqa singari sudralayotgan vaqt betoqat yuragini siqayotgan damda ayollar xonasidagi telefon jiringladi. Manzuraga ham, kelinlarga ham telefonning bemavrid jiringi xuddi ro‘paralarida pinakka ketgan bo‘g‘ma ilonning behos uyg‘onib, bosh ko‘tarishiday tuyulib, cho‘chib ketishdi. Go‘shakni ko‘tarmoqqa hech birlari jur’at etishmadi. Telefon to‘rtinchi marta jiringlaganda Jamshid eshikni taqillatib, kirib keldi. Go‘shakni qulog‘iga tutib «allo» deyishi bilan qo‘ng‘iroq qilgan odam salom-aliksiz, muddaoga ko‘cha qoldi: tezlik bilan Domodedovoga yetib borishlari lozimligini tayinladi. Gap qisqa va aniq edi. Jamshid «xo‘p, yaxshi» deyishga ham ulgurmay aloqa uzildi.
Ko‘chaga chiqishganda mijozga mahtal bo‘sh taksilarga o‘tirishmadi. Biroz kechikibroq chiqqan Jamshidning sherigi xuddi begona odamday ularga e’tibor bermasdan ko‘chaning narigi betiga o‘tib ketdi. Kelinlar bo‘sh mashinalardan biriga o‘tirmay izg‘irinda kutib turishlari sababini bilmay hayron edilar. Manzura ham ehtiyot chorasi ko‘rilayotganini bilmay, tanishlarning mashinasi kelsa kerak, degan o‘yda turardi. Qarshi tomondan uch-to‘rt bo‘sh taksi o‘tgandan so‘ng, yigit navbatdagisiga qo‘l ko‘tardi. Manzura uning mashinaga o‘tirganini ko‘rib «ishi bo‘lsa boshqa yoqqa ketayotgandir» deb o‘yladi. Ammo oradan bir qancha muddat o‘tgach, ayni shu mashina ro‘paralarida to‘xtagandan so‘ng Manzura yigitlarning maqsadini tushundi. Old o‘rindiqdagi yigit o‘rniga Jamshid o‘tirdi, ayollar orqadan joy oldilar. Jamshidning sherigi boshqa mashina to‘xtatib, izma-iz yurdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:43:45

«Domodedovo» deb atalmish havolanida ularni hech kim kutib olmadi. Shunday bo‘lsa-da, Jamshid qandaydir ko‘zlar ta’qib etayotganini his qildi. Telefondagi topshiriqqa binoan pattalarni rasmiylashtiruvchi ikkinchi bo‘limdagi oltinsoch juvonga hujjatlarni uzatdi. Juvon bir hujjatga, bir unga qarab oldi-yu, patta ilinjida soatlab mo‘ltillab turgan yo‘lovchilarga e’tibor ham bermay ishga kirishdi.
Jamshid ayollar oldida, sherigi sal orqaroqda nazoratchining to‘sig‘idan o‘tib, uchoqqa chiqishdi. Ayollar joylashib olishgach ham Jamshid yo‘lovchilarga zimdan ko‘z tashlab kuzatib turdi. Uchoq bekasi «Siz nega turibsiz, joyingiz qaerda?» degach, Manzura bilan xayr-lashib, pastga tushdi. Zinapoyalar olinib, uchoq uchish maydoniga qarab yurganidan so‘nggina iziga qaytdi.    Yigitga «Sen Bek akamni kut», deb o‘zi  milisaxonaga ketdi.
Uchoq bulutlar oqimi bilan olishib, titray-titray yuqoriga ko‘tarilgani sayin Manzuraning yuragi ham titrab-titrab, parcha-parcha bo‘lib uzilib yerda qolayotganday zirillayverdi. Uyga qaytmoq umidining bu tarzda amalga oshayotganidan alamda bo‘lgan ona qalbining xotirjam tepishi mumkin ham emasdi.
O‘ldi deb yurgani yigitning tirik holda ko‘rgandagi ajablanishi ham unutildi, uyga qaytgach amalga oshajak suyunchli orzu-havaslar yuzini esa qora bulut to‘sdi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:44:29

...Darvoza ostonasidan to mehmonxonaga qadar oq poyandoz to‘shalgan... Boshlariga oq harir ro‘mol tashlagan kelinlari qutlug‘ qadamlari bilan poyandozni bosib ostona hatlaydilar. Ichkariga bir qadam qo‘yadilaru egilib salom beradilar — taomil shunday: xonadonga, mehmonlarga, shuning barobarinda muborak kunda yo‘qlab kelgan ruhlar hurmatiga salom beriladi. Kimdir «hayotlari shirin bo‘lsin» degan niyat bilan kelinlari boshi ustidan shirinlik sochadi. Adasi (ya’ni Asadbek!) «hayotlari to‘kin bo‘lsin», degan niyatda pul sochadi. Keyin avval kelinlarining, so‘ng o‘g‘illarining peshonasidan o‘padi. Agar birov kelib Manzuradan «Bu dunyoga nega keldingu nega yashading?» deb so‘rasa u «mana shu baxtli onlarni ko‘rish uchun yashadim» deb javob bermog‘i aniq edi. Endi-chi?
Poyandoz solish birovning xayoliga kelarmikin?
Sochqi sochish-chi?
Eri, Asadbek nimani sochadi, pulmi?
Endi pul emas, zahrini sochadi...
Manzura erining qay holda qarshilashini ko‘z oldiga keltirib, battar ezildi.
Bulutlar bag‘ridan yulqinib chiqqan uchoq titrog‘i bosildi. Lekin Manzuraning yuragidagi titroq so‘na qolmadi. Ko‘z ilg‘amas kenglikdagi osmon uning ko‘ziga tor ko‘rindi. Pastdagi bulutlar o‘rkachining go‘zalligi uni maftun etmadi, balki do‘zax o‘tlarining tutuni bo‘lib ko‘rindi ko‘ziga. U uchoqda uchmadi, badbaxtlik tikonlari ustidan yalangoyoq yugurib yetdi manziliga.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:45:36

Uchoq qo‘ngach, o‘rnidan turishga shoshilmadi. Savol nazari bilan qarashgan kelinlariga «odamlar tushib olaverishsin, turtinib yurmaylik», deb izoh berdi. Agar orada tashvish olovi yonmaganida, o‘g‘illari bag‘rida bo‘lganida bunday demasdi, o‘zi birinchi bo‘lib oshiqib tushardi, qush kabi oshiqib uchardi uyi tomon. Hozir esa eri bilan uchrashish onlarini bir necha soniyaga bo‘lsa-da, ortga surishni istadi. Go‘yo sal kechroq tushsa, o‘g‘illari ortdagi uchoq bilan izma-iz yetib kelib, uni erining qahrli nigohidan qutqarib qoladiganday edi.
Uchoq zinapoyasidan o‘ttiz qadamcha naridagi ikki oq «jiguli» yonida turgan Kesakpolvon Manzurani ko‘rishi bilan unga peshvoz chiqib, so‘rashdi. Keyin kelinlarning salomiga alik olib, «qiynalmay keldilaringmi?» deb qo‘ydi. Manzura erining kutib olishiga unchalik ishonmasa-da, «keldilarmikin?» degan ham ilinj, ham xavotirda mashinalarga qarab oldi.
— Kelinlarning naq shkaladidan topibsan, Manzur! — dedi Kesakpolvon tirjayib.
Bu gap Manzuraga malol kelsa ham, yuragidagi g‘amni sezdirib qo‘ymaslik uchun bosh irg‘ab jilmayishga urindi. Cho‘lponoy ham, Mushtariy ham «Manzur» deb sensirashidan bu past bo‘yli jikkak odamni yaqin qarindoshlardan shekilli, deb o‘ylashib «kelinlarning naq shkalad»i qanday ekanini anglashmagan bo‘lishsa-da, asta jilmayib qo‘yishdi. Garchi Asadbek bir necha marta «Bu senga kennayi bo‘ladi, sizla» deb tanbeh berganiga qaramay «sen oshnamsan, bu singlim», deb o‘z bilganidan qolmagan Kesakpolvonning sansirashiga avvallari Manzura befarq qarardi. Ammo hozir kelinlari huzurida malol keldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:46:25

— Pattani ber, yuklaringni bolalar oladi.
— Yuklarni... ukalaringiz olib kelishadi.
— Ha... Asad aytuvdi.
Manzura old o‘rindiqqa, Halimjonning yoniga o‘tirdi. Kelinlar orqa o‘rindiqdan joy olishdi. Kesakpolvon o‘tirgan mashina izma-iz yurdi.
Darvoza ostonasidan to mehmonxonaga qadar bo‘lmasa-da, uch-to‘rt qadam uzunlikda poyandoz solingan edi.
...faqat sochqi sochilmadi.
...Manzuraning baxtiga g‘azabli nigohdan ta’na o‘qlari ham yog‘ilmadi.
...kelinlarining peshonalaridan o‘pib, qutlashi lozim bo‘lgan Asadbek ko‘rinmadi.
Poyandoz adog‘ida jilmayib kutib olgan Zaynab avval kelinoyilari bilan ko‘rishib, so‘ng onasining bag‘riga singib ketdi. Bunday onlarda ona-bolaning yig‘lab ko‘rishmog‘i ayb sanalmaydi, birov ajablanmaydi ham. Bunday yig‘i shodlik nishonasi deb izohlanadi. Biroq, hozirgi yig‘i faqat sog‘ingan yuraklarning emas, balki alamga to‘la qalblarning nidosi ham edikim, buni atrofdagilar anglashmadi. Onaning qalbi ham, qizning qalbi ham faqat o‘zigagina ma’lum  g‘am zahridan azoblanib nola qilardi. Agar Manzura qizi boshiga tushgan qora kunlarni bilsami, agar Zaynab akalarining nima sababdan Moskvada qolganlaridan xabar topsami — bu yig‘ilar yanada bo‘lakcha bo‘lar edi.
— Qani, Manzur, fotiha ber, qassob qarab qoldi, — dedi Kesakpolvon ona-bolaning unsiz dil roziga barham berib.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Noyabr 2007, 18:47:28

Manzura qizini  bag‘ridan bo‘shatib, yonog‘idagi ko‘z yoshlarini kafti bilan artdi-da, Kesakpolvonning kibrli boquvchi xotini, yana «qutlug‘ bo‘lsin»ga chiqishgan qo‘shni xotinlar bilan yengil-elpi ko‘rishib, o‘ng qo‘lida pichoq bilan fotihaga tayyor turgan qassobga, oyoq ostida bo‘ynini cho‘zib, bo‘g‘ziga pichoq qadalishini kutib yotgan qo‘yga qaradi.
— Qani, ovmiyn! — dedi Kesakpolvon baland ovozda.
Manzura ham fotihaga qo‘l ochib, pichirlaganicha duo qildi. «Ya olamlar Robbisi, o‘zingning roziliging uchun atadik, dargohingda qabul et, har na bo‘lganda ham yolg‘iz o‘zingga shukr qilamiz, yolg‘iz o‘zingga sig‘inamiz, yolg‘iz o‘zingdan umidvormiz, yolg‘iz qudrat sohibi o‘zingsan!» demadi. «Ey Tangrim, bolalarimni o‘zing panohingda asra!» deb munojot qildi. Onaning diliga ham, tiliga ham bundan bo‘lak iltijoning kelmog‘i mumkin emasdi. Pichirlagan lablardan uchgan qalb nidosini atrofdagilar eshitishmadi. Eshitishlari shart ham emas, chunki tinglovchi ham, duolarni ijobat etuvchi ham Tangri taolodir.
Cho‘lponoy ham, Mushtariy ham bu ajabtovur marosimdan gangigan holda, iymanibgina turishardi. Manzura boshga oq ro‘mol tashlashni, ostona hatlagach salom berishni ularga tayinlamagan edi. Oq ro‘mollar jomadonda, jomadon esa Moskvada. Salom berish va boshqa urflarni Moskvadan uchganda yo‘l-yo‘lakay o‘rgatarman, deb o‘ylagan edi, aytish ko‘ngliga sig‘madi.

Qayd etilgan