Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)  ( 350914 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 ... 73 B


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:32:20

Zaynabning qo‘lidagi likopcha tushgan paytda Elchin ham qo‘shiqni diqqat bilan eshitayotgandi. Uni ajablantirgan narsa — Anvar jinnixonada o‘zini osmay turib shu she’rni yozgan, qog‘ozning bir chetiga esa «Dardli do‘stimga bedard Anvardan esdalik», deb imzo chekib bergan edi. Elchin ancha paytgacha ohang izlab, o‘zicha hirgoyi qilib yuruvdi.
Anvarning akasi uning daftarda qolgan she’rlarini gazetaga olib borgan, bu qo‘shiqqa asos bo‘lgan she’r ham e’lon qilingan edi. Elchinni hayratga solgan narsa qo‘shiqning so‘zlari emas, balki aynan u hirgoyi qilgan kuyning yangrayotgani edi. Bu qo‘shiqni o‘zidan bosh-qa hech kim eshitmagan edi. Hatto Zaynab ham...
Inongil, bu sevgi emasdi aslo,
Aldanib o‘rtangan dard edi biroq,
Yolg‘iz sendan— yolg‘iz tasalli— sevinch,
Yolg‘iz sendan— yolg‘iz bedavo— alam.
Axir sen-la birga bo‘lolmasman hech
Axir seni tashlab ketolmasman ham...
...Yolg‘iz osmondandir yupanch— tasallo...

Oshxonadan qaytgan Zaynab erining charchaganini sezib, aravachani karavot yoniga olib keldi. Kech kirib qolgani uchun qo‘shnilarni chaqirishga iymandi. Elchin uning bo‘yniga osilgan holda surila-surila karavotiga o‘tdi. Yostiqqa bosh qo‘yayotgan damda ko‘zlari namlandi. U shu topda yuragining yorilib ketishini istardi. Juda-juda istardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:33:05

XXII b o b

1

Dunyoda million o‘g‘ri bo‘lsa, birining uslubi boshqasinikidan farq qiladi. Xongireyning esa o‘g‘irlik, bosqinchilik uslubidan tashqari yana bir qilig‘i ortiqcha: yolg‘on gapirish bo‘yicha u ja’miki o‘g‘rilarni dog‘da qoldirishi mumkin edi. Kattalar qamoqxonasiga tushgan Aftondil hali Xongirey laqabini olmasdan ancha ilgari ustozi Zelixonning diqqatini aynan shu odati bilan tortgan edi. Zelixon vaqtida ishonarli yolg‘onni to‘qib, yov changalidan qutulib ketishni o‘g‘rining fazilati deb bilardi. Keyinchalik Zelixon shogirdidagi bu fazilatning keragidan ortiq ekanini sezib, ko‘p tanbeh bergan edi. Hatto bir kuni «Hov bola, sen shaytonni dog‘da qoldirib, bir martagina rost gapirsang-chi», degandi. Ba’zilar yolg‘oniga bosh-qalarni ishontirish uchun ko‘p o‘ylashadi, turli bahonalarni izlashadi. Xongirey esa bu bosh og‘riqlardan xoli: tili hech qachon yolg‘on gapga muhtoj bo‘lmaydi.
Markaziy bank xodimining qaynonasiga «Men o‘ynashingdan bo‘lgan o‘g‘lingman», degan Xongirey «Bu gapimga ishonadimi yo yo‘qmi?» deb o‘ylab ham ko‘rmagandi. Chunki xotinning ishonish yoki ishonmasligi u uchun mutlaqo farqsiz, unga muhimi — xotinning boshi qotadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:34:32

Asadbekka otasining vasiyatini bajarish uchun Polshaga ketayotganini aytganida ham «yolg‘onim fosh bo‘lsa-chi?» degan o‘yi yo‘q edi. U Polshaga otasining vasiyatini bajarish uchun ketyaptimi, rostdanam amakisi Krakovda xalok bo‘lganmi — bularni bilish Asadbek uchun ham farqsiz edi. Shu sababli Xongireyning safar haqidagi gapiga uncha e’tibor bermagandi. Xongireyning nima uchun aynan Krakovga borishini u ke-yinroq o‘ylab qoladi.
Xongirey Shaxovskiydagi qarorgohida birodarlarini ziyofat qilgan kuni o‘zi kutmagan holda qarmog‘iga tilla baliq ilinib qolgan edi. Yarim tunga qadar davom etgan ziyofat poyoniga yetib, mehmonlar tarqalgach, yaqinda «jinni» degan tashxis bilan qamoqdan chiqib kelgan birodari ketishga shoshilmadi. O‘z otasini chavaqlab tashlagani uchun «Gamlet» laqabini olgan bu mehmon qolishining sababini darrov aytmadi. Maishatni tongga qadar davom ettirib charchagan Xongirey «Endi dam olamiz», degach, Gamlet muddaoga ko‘chdi:
— Sen qoradoriga astoydil aralashibsan, — dedi u. — Hozir eng to‘g‘ri yo‘l shu. Bir qo‘ling Krasnoyarga bir qo‘ling Lvovga borgani yaxshi. Lekin qulochni yana ham cho‘zishing mumkin. Lvovdagilarning nayrangini bilasanmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:34:51

— Ha, — dedi Xongirey, — Polsha bilan Ven-griyaga oshirib sotishadi.
— Bilar ekansan. Ular Polshadan men qamoqdaligimda vaqtincha foydalanishdi. Endi u yoqqa borish-  sa — o‘lim topishadi. Men yaqinda Kanadaga ko‘chib ketaman. Agar kelisha olsak, senga Polshani beraman. Yana qoradorining behisob xazinasi ham bor. Uni ham senga topshirgim kelyapti. Kelisha olsak bas.
Bu taklifdan so‘ng uyqu ham o‘chdi, charchoq ham unutilib, shartlar, narxu navolar kelishilgach, birgalashib Polshaga borishga ahdlashishdi.
Asadbekning to‘yidan bir kun avval Xongirey Gamlet bilan birga Varshavaga yetib kelgan, ikki kundan keyin esa Krakov yaqinidagi saroymonand uyda muzokarani boshlab yuborgan edi.
Gamlet «pan Lyubomirskiy» deb tanishtirgan odamning yoshini aniqlash mushkul edi. Siyrak sochlari, baroq qoshi oppoq oqargan, bir oz bukchayib yuruvchi, ammo o‘zini tetik tutuvchi bu odamni birov yetmishdan oshgan demasdi. Gamletning aytishicha, urushdan oldin ham, nemislar xo‘jayinlik qilgan yillarda ham, sovetlar egallab turganida ham pan Lyubomirskiy o‘z kasbiga sodiq qolgan noyob odamlardan edi. Turli jamiyatlar, turli qonunlarga bo‘yin egmagani uchun ham u «O‘lmas Kashchey» laqabi bilan mashhur bo‘lgandi.
Gamlet Xongireyni tanishtirayotgan mahalda maqtov so‘zlariga baxillik qilmadi. Pan Lyubomirskiy — o‘lmas Kashchey bu maqtovlarni Xongireydan ko‘z uzmagan holda tingladi. Uning o‘tkir nigohiga xatto Xongireyning chaqchaygan ko‘zlari ham dosh berolmadi. Gamletning maqtovlari o‘zining ham joniga tegib, «tezroq tugataqol» degan ma’noda unga qarab-qarab qo‘ydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:38:27

— Yangi do‘stimiz bizga qancha miqdorda mol yetkazib bera oladi?— deb so‘radi pan Lyubomirskiy Gamletning gaplari poyoniga yetgach.
— Buyurtma beruvchi — siz. Qancha kerak bo‘lsa, shuncha olamiz. O‘rta Osiyodan oqadigan yo‘l shuniki. Xitoyning sun’iy dorilarini Sibir orqali yetkazishi mumkin.
— Menga sun’iy dori kerak emas. Men yangi do‘stimning o‘z og‘zidan eshitmoqchiman: birinchi galda yigirma kilo yetkazib kela olasanmi?
Xongirey «Ko‘p-ku?» deb Gamletga tezgina qarab oldi. Gamlet va’da beraver, degan ma’noda o‘ng ko‘zini salgina qisib qo‘ydi. Qariyaning sergak nigohidan bu chetda qolmagan bo‘lsa-da, tanbeh bermay, Xongireydan javob kutdi:
— Men yaxshi tushunmadim, — dedi Xongirey pinagini buzmagan ko‘rinishda, — yigirma kilomi yo yigirma tonnami?
Pan Lyubomirskiy Gamlet bilan ko‘z urishtirib olib, kulimsiradi:
— Qanday shartlaringiz bor?
— Shart yo‘q, faqat ayrim masalalarni kelishib olish kerak. Birinchisi: molni olishga odamingiz qachon boradi?
— Odamim bormaydi. Men «Yigirma kilo yetkazib kela oladimi?» deb so‘radim. «Odamim borib keladi», demadim.
— Hisob-kitob-chi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:39:31

— Hisob-kitob shu yerda bo‘ladi. Molni qo‘yasiz, pulni olasiz. Xohlang dollarda, yoki funt sterlingda, yoki markada oling. Istasangiz Shvetsariya bankiga o‘tkazamiz. Ha, shart og‘irlik qilyaptimi? Bilaman, bu ish og‘ir, lekin shunga yarasha haq to‘layman.
Bu yerga kela turib Gamlet «shartlashishda juda chuqurlashma, asosiy masala hal etilsa bas, mayda-chuydalarga e’tibor qilma», deb ogohlantirgan edi. Shunga ko‘ra, Xongirey gapni cho‘zmasdan, kelishganining ramzi sifatida o‘rnidan turib, qo‘l uzatdi. Pan Lyubomirskiy yoshi ulug‘ligining imtiyozidan foydalanib, o‘tirgan yerida qo‘l uzatdi.
— Biz Gamlet bilan yaxshi ishladik, — dedi u. — Siz tomondagi ba’zi odamlar «Polshalik hamma narsasini sotishi mumkin», deb gapirib yurishadi. Polshalik boshqa narsalarni pullasa ham ahdga sadoqatini sotmaydi. Gamlet buni bilardi. Siz ham shu haqiqatni unutmasangiz ikkalamiz birgalikda uzoq yashaymiz.
Ular Krakovda yana ikki kun mehmon bo‘lishgach, Moskvaga qaytishdi. Va’dasining birinchi bosqichini bajargan Gamlet ahddagi belgilangan haqini olgach, ikkinchi bosqichga o‘tishdan oldin «O‘lmas Kashcheyni dog‘da qoldiraman, boshqa shaharlar bilan ham o‘zim gaplashaman», deb o‘ylama. U tirik ekan, Krakovdan nariga sen uchun yo‘l yo‘q» deb ogohlantirdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:41:09

2

Moskvadan «Tez yetib kel!» degan buyruqni olgan Selim bu chaqiruvdan bir oz sarosimaga tushdi. U Kesakpolvondan yashirincha eski tanishlari orqali kamroq bo‘lsa-da, oldi-sottisini boshlagan edi. Kesakpolvondan maxfiy tutilgan ish u tomonga ma’lum bo‘lib qoldimikin, degan tashvishli o‘y uni Xongireyning huzuriga kirgunicha ham tark etmadi. Ochko‘zligi uchun o‘zini o‘zi la’natlab, bundan bu yog‘iga halol xizmat qilishga qasam ichib bordi. Qarorgohda emas, «Lebedinaya pesnya» deb ataluvchi restoranda kutilajagi ham uni anchagina tashvishlantirdi. Taksichi so‘rab-surishtirib, uni manzilga tashlab ketgach, u «Lebedinaya pesnya» degan yozuvga tikilganicha bir oz harakatsiz turdi. So‘ng «Tavakkalchining ishini Xudo o‘nglaydi», degan fikrda pastga olib tushuvchi zinaga oyoq qo‘ydi.
Katta xonadagi dasturxon atrofida o‘tirganlarga bir-bir qarashga botina olmadi. To‘rda o‘tirgan Xongireyning yonidagi polkovnikni ko‘rishi bilan yuragi urishdan naq to‘xtaganday bo‘ldi. Moskvaga shoshqich chaqirilganining sababini anglab, Xongireyga «Rahm qiling, jonimni olmang», deganday mo‘ltillab qaradi.
— Odobli bolalar kirganda salom berishlari kerak, — dedi Xongirey uni o‘tli nigohi bilan qarshilib.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:41:34

uni Xongireyning ro‘parasidagi stulga o‘tqazdi. Xongirey hol-ahvol so‘ramagani uchun Mamatbey ham indamadi. Selimning qarshisidagi katta qadahga to‘ldirib aroq quygach, past ovozda «ich» deb buyurdi. Selim qadahni yarimlaganda Xongirey:
— Polkovnikni tanidingmi? — deb so‘radi.
Kutilmaganda berilgan bu savoldan Selim qalqib ketib, yo‘taldi. Labiga sochiqni bosib, o‘ziga kelgach, «taniyapman», dedi.
— Shunday ajoyib qahramon bilan tanishligingni bizga aytmovding? Nega aytmovding, a?
Selim «bilmadim», deganday yerga qaradi.
— To‘g‘risini aytaver, sen buni o‘lib ketgan deb o‘ylagansan, a? Ha, umuman... to‘g‘ri o‘ylagansan. Polkovnik sen tiqib qo‘ygan qamoqxonada o‘lgan edi. Biz uni tiriltirib olib chiqdik. Buni qaraki, polkovnik seni o‘lgan, deb yurgan ekan. Sen qanday qilib tirik qolding, bunga aytib ber. Axir tobutni ochganingda portlab ketuvding-ku, to‘g‘rimi?
Selim aybdor bola kabi yerga qaradi.
— Tobut portlaganmidi, deb so‘rayapman?!
— Ha...
— Sen buni qamatding, qamoqda o‘lib ketadi, deb o‘ylading, bu esa tobut minalashtirilganini senga aytmadi. Ikkoving ham g‘irrom o‘yin qilgansanlar. Birinchi galda sen o‘lishing kerak. Nafsi nahangnikidan battar ablah o‘lsa, yer ham mazza qiladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:42:02

Selim asta qaddini ko‘tardi, so‘ng stulni surib tashlab, tiz cho‘kdi-da, jazavaga tushib, tavba qila ketdi. Uning bu qilig‘i Xongireyga yoqmay, Mamatbeyga qarab qo‘ygan edi, u Selimning gardanidan ushlab turg‘izib, joyiga o‘tqazdi. Xongirey unga nafrat bilan tikildi. Selim uning tilidan o‘lim xabarini kutib, nafas yutdi. Xongirey uni lol qoldirib, hukmini oshkor qilmadi, Gamlet bilan ko‘z urishtirib olgach, o‘rnidan turdi. Gamlet bu qarashning ma’nosini anglab, qadahini yarimlatgan holda tashlab ketgisi kelmay, bir ko‘tarishda bo‘shatdi-da, u ham o‘rnidan turib mezbonga ergashdi. Ular chiqib ketishgach, endigi taqdiri nima bo‘lishini bilolmayotgan Selim polkovnikka qaradi. Polkovnik xumorbosdi qilolmaganidan garangmidi, har holda esi og‘ib qolgan odam kabi o‘tirardi.
Selim uni dastlab shu holda ko‘rganidayoq qoradorisiz turolmaydigan toifadan ekanini sezgan edi. Hordiq chiqarish maqsadida Qora dengiz sohiliga kelgan Selim mehmonxonaning eng yaxshi, eng qimmatbaho xonasida maishat qilardi. Afg‘onistondagi qahramonona xizmatlari uchun ta’til berilgan polkovnik ham sanatoriydagi davolanishini tugatgach, iziga qaytishga shoshilmay, mehmonxonaga joylashib, ayshini surib yurgan edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:42:24

Taqdirning o‘yinini qarangki, dahlizning bir tomonidagi eshik Selimniki, ro‘parasidagi esa polkovnikniki edi. Ular dastlab ayni shu dahlizda uchrashdilar. Ikkovi ham kun yoyilgan mahalda, ayni bir xil yumush bilan — tungi mehmon «qushcha»ni kuzatgani eshikni ochgan edilar. O‘sha kuni peshinda restoranda uchrashdilar. Keyin bir-birlariga ro‘para kelganlarida salomlashdilar. Shu zaylda bo‘lajak hamkorlikning eshigi qiya ochila boshladi. Bir kuni kechasi polkovnik Selimning eshigini taqillatdi. Ko‘zlari kirta-yib, bezgak tutganday titrayotgan polkovnikni boshqa odam ko‘rsa «bechoraning tobi qochib qolibdi», deb o‘ylashi mumkin edi. Lekin bunaqa xolatlarni ko‘p uchratgan Selim uning maqsadini darrov angladi. Polkovnik u damda Selimning qoradori bilan shug‘ullanishini bilmas edi. U tunda qoradori ilinjida emas, pul so‘rab chiqqandi. Selim «yarim tunda pulni nima qilasiz?» deb o‘tirmay, so‘raganini berdi. Qoradorini shu mehmonxonaning o‘zidan topish mumkinligini bilgani uchun ham gapni aylantirmadi.
Ertasiga peshinga yaqin polkovnikning eshigini taqillatdi. Ichkaridan javob bo‘lavermagach, xonasiga qaytib, telefon qildi. Go‘shakda polkovnikning uyqusiragan ovozini eshitib:
— Polkovnik, yaxshi damlarni uyqu bilan o‘tkazib yuborish gunoh, eshikni oching, — dedi.

Qayd etilgan