Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)  ( 350903 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 62 63 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 B


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:48:41

Mamatbey topshirig‘ini aytib bo‘lgach, Kesakpolvonga «chaqir», deganday qarab qo‘ydi. Kesakpolvon ziyrak va chaqqon dastyor kabi o‘rnidan turib eshikni ochdi-da, Selimni chaqirdi.
Yo‘lda Selim o‘zini mo‘mintoy bola singari tutdi. Jamshidga og‘irligi tushmadi. Mehmonxonaga joylashishgach, restorandan yemoq-ichmoqqa lozim narsalarni buyurib, yaqindan tanishganday bo‘lishdi. Mo‘ljaldan ko‘proq ichib olgan Selim bu yigitga hasrat daftarini ochmoqni istadi. Portlagan temir tobut, kutilmaganda paydo bo‘lib qolgan polkovnik haqida gapirib, o‘zining jabrdiyda ekanini aytib rahm-shafqat uyg‘otishni mo‘ljal qildi. U Jamshidga berilgan topshiriqdan bexabar, ertalab mijozga qo‘ng‘iroq qilish bilan vazifasini uddalab iziga qaytishdan umidvor edi. Mijozning Kozlovga tegishli yigit ekani, uning allaqachon hibsga olingani esa, shubhasiz, Selimga ma’lum emasdi. Dastlab hasratini ochishni istagan Selim fikridan qaytib, tilini jilovlashga harakat qilgan bo‘lsa-da, aroqning kuchi bilan chuldiray-chuldiray, gap orasida Afg‘ondan kelgan temir tobutning portlaganini aytib qo‘ydi. Jamshid buni muhim jiddiy gap sifatida qabul qilmadi. Uyga qaytgach, zimmasiga yangi vazifa yuklatilganda Selimning mastlikda aytib qo‘ygan bu gapini o‘zicha tahlil qildi.
Aroq kuchini ko‘rsatib, Selimni qulatib qo‘ya qoldi. Jamshid uni arang sudrab karavotiga yotqizib «rostdanam qattiq uxlayaptimi yo nayrang qilyaptimi?» degan gumonda tez-tez qarab turdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:49:05

Jamshid belgilangan vaqtda ko‘chaga otlandi. Selim qo‘ldan qo‘ymay ko‘tarib kelgan diplomatga qarab oldi-da, uyqudan uyg‘onganida ko‘rajak tomoshalarni ko‘z oldiga keltirib, unga achindi.
Krasnoyarda ham, Novosibirda ham Asadbekka qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati bo‘lsa-da, Jamshid bundan o‘zini tiydi. Qaytganidan keyin ham unga uchramay, Mamatbey qo‘noq tutgan joyga kelib, hisobot berdi.
Mamatbey uning gaplarini e’tiborsizlik bilan tingladi. Jamshid arzimagan yumushni bajarib qaytib, ko‘pirtirib maqtanayotgan boladay o‘zini noqulay sezdi. U gapdan to‘xtagach, Mamatbey Kesakpolvonga qarab:
— Krasnoyardagilar qo‘ng‘iroq qilishdi, Selim ham qo‘lga tushibdi, — dedi. Keyin arzimagan narsani eslaganday ilova qildi: — Bechoraning yuragi kasal edi, ularning qiynashlariga chidarmikin?
Jamshid ham, Kesakpolvon ham bu achinish zamirida qanday ayanchli oqibat yotganini anglab, bir-birlariga ma’nodor qarab oldilar.
Mamatbey yon cho‘ntagidan qizil jildli guvohnoma chiqarib, Jamshidga uzatdi:
— Sen endi afg‘on urushining faxriysisan. Markaziy kengash a’zosi sifatida afg‘onda o‘lgan uch-to‘rt quroldoshingning oilasidan, qabrlaridan xabar olib kelasan. Esingdan chiqmasin, ularning qabrlari atrofi obod bo‘lsa ham, qarovsiz qolibdi, deb tanbeh berib kelasan, — Mamatbey stol ustida turgan gazeta parchasiga o‘rog‘lik pulni ko‘rsatib, qo‘shib qo‘ydi: — Bu pullarni o‘lganlarning ota-onalariga bo‘lashib berasan. Kiyimlaringni o‘zgartir, ularda yaxshi taassurot qoldirishga harakat qil. Yaqinda Moskvadan maxsus vakil kelishini ham ayt. «O‘g‘illaringga orden berilgan ekan», deb quvontirib qo‘y.
Jamshid boradigan manzillarni yozib olgach, ketishga ijozat so‘radi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:50:19

XXIII b o b

1

Qish chillasida qaynoq qor yog‘ishini kutgan kabi Asadbek ham, Manzura ham o‘g‘illarining sog‘ayib ketishiga umid qilishardi. Chaqirilgan vrachlar aniq tashxis qo‘yolmay Asadbek qarshisida mulzam bo‘lishardi. To‘yning ertasiga Abdurahmon tabibnikiga borib kelgan Jalil ham tayinli gap aytmadi. Tabib berib yuborgan turkana dori ozgina em bo‘lganday tuyuldi, hatto Abdulhamidning betlariga qizillik yugurdi. Lekin oradan kun o‘tgach, avvalgi ahvoliga qaytdi. Abdulhamid ota-onasi, ahli ayoli huzurida o‘zini tetik tutishga harchand urinmasin, turaridan yotari ko‘payib borardi.
Asadbek Abdurahmon tabibning kasallik haqidagi mujmal javobidan, ko‘rgani kelmaganidan noxushlik isini sezib, yuragi poralandi. «Xudo xohlasa otdek bo‘lib ketadi», deb Manzurani yupatsa ham, bu yupanch so‘zlariga o‘zi ham ishonmay borardi. Vrachlardan biri «Bu kasallik bizga noma’lum, Moskvadan do‘xtir          chaqirganingiz ma’qul», degach, Asadbek Ilikoga qo‘n-g‘iroq qildi. Tavsiya etilgan vrach Abdulhamidni ko‘r-gach:
— Hamkasblarim adashishmagan, — dedi. — Bu tropik bezgak emas, lekin shu turdagi kasallikning bizda hali yaxshi o‘rganilmagan turi. Moskvada sakkiz kishining og‘rigani qayd etilgan.
— Tuzalishganmi? — Asadbek shunday deb so‘radi-yu, keyin afsuslandi. Undan «Yo‘q, hammasi o‘lgan, sizniki to‘qqizinchisi», degan javobni kutib, yuragi poralandi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:50:48

Vrach uning savolini eshitmaganday, javob qaytarmadi.
— Bu kasal yuqumli emas, faqat qondan o‘tishi mumkin.
— Qondan? Qanday qilib?
— Masalan igna orqali... yoki biron doriga aralashib...
— Nima qilish kerak?
— Eng yaxshi dori — umid, azizim, — dedi vrach. — O‘g‘lingiz yosh, baquvvat, kasalni o‘zining quvvati bilan ham yengishi mumkin. Olayotgan dorilarini esa davom ettirish zarur...
Moskvalik vrachni kutib olgan Bo‘tqa uni izzat-ikrom bilan kuzatdi.
Asadbekning ko‘ziga dunyo qorong‘u bo‘lib turganida Jamshid kirib keldi. U xojasining ahvol-ruhiyasini ko‘riboq iziga qaytishga oshiqdi. Lekin Asadbek unga ruxsat berishga shoshilmadi. Hozir yonida sirdosh bo‘lmasa ham, bir odam o‘tirishini istardi. Xuddi motamni boshlab yuborganday tumtayib o‘tirish o‘ziga ham ta’sir qilib:
— Qayoqlarda yuribsan? — deb so‘radi.
— Krasnoyarga borib keldim...
Bu gapdan keyin g‘amnok Asadbek asl Asadbekka aylanganday bo‘ldi. Jamshid safari haqida batafsil ma’lumot bergach, afg‘onda halok bo‘lganlarning qabrlarini ziyorat qilib qaytganini ham aytdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:51:13

Bu yangiliklarni eshitgan Asadbek o‘yga toldi. Qabr-lar bilan qiziqqan Xongireyning maqsadini anglaganday bo‘ldi. U qoradorini shahardan shaharga, mamlakatdan mamlakatga olib o‘tishning turli yo‘llarini eshitgan edi. Hatto qo‘ylarga nasha barglari yedirib, qumaloqlarini olib o‘tuvchilarni ham bilardi. Lekin bunaqasi... Hatto o‘likni tinch qo‘ymasliklari... Asadbekning vujudi bir to‘lg‘onib oldi-yu, ammo o‘zini bosishga kuch topdi.
Jamshid yangiliklarini bayon etish jarayonida Xongireyning maqsadini anglaganiga ishora qilgandi. Shu sababli Asadbek o‘ylaganlarini, gumonlarini, xulosalarini unga oshkor qilmadi. Faqat «Sergak bo‘lib tur», deb ogohlantirdi.
Jamshid ketgach, Asadbek uning gaplarini yana fikr tarozusidan bir-bir o‘tkazdi. Uning Selim bilan yaqin salom-aligi bo‘lmasa-da, qoradori bilan shug‘ullanishini yaxshi bilardi. Hosilboyvachcha bilan kelisholmay yurishidan ham xabardor edi. O‘tgan yilgi g‘alvalardan so‘ng uning izini yo‘qotgan edi. Bu yil kutilmaganda paydo bo‘lishi, yana Kesakpolvon bilan osh-qatiq bo‘lishligi sabablarini Asadbek hali tushunib ulgurmay, ish bu tomonga aylanibdi. Mamatbey «yuragi chatoq» degan bo‘lsa, demak, Selimga birinchi so‘roq ham nasib etmaydi. Militsiyaga ko‘p gaplarni aytishi mumkin bo‘lgan odamning ko‘p yashashiga yo‘l berilmaydi.
Bu masalada Asadbek yanglishmagan edi.
Jamshid Novosibirdan uchgan paytda bir kishilik qamoqxonada o‘tirgan Selimning baquvvat yuragi urishdan to‘xtagan edi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:51:35

Selim Xongireyning qahrli nigohiga ro‘para kelgan ondayoq uning ko‘zlaridan o‘lim hukmini o‘qigan edi. Restorandagi talvasasi bejiz emasdi. Lekin Mamatbeyning gapiga ishonib, shafqatga umid qildi. Krasnoyarga jo‘natilishida ham bir zulmni sezib tursa-da, yana umidga aldandi. Hatto militsiya mashinasiga o‘tirayotganida, qamoq xonasiga kirganida ham umidini uzmagandi. Xongireyning atrofida zir qaqshab yashagandan ko‘ra, turmada umr kechirish unga rohatday ko‘rinib, bu qismatidan rozi bo‘ldi.
Boshidagi garanglik chekinib, xayoli bir oz ravshanlashgach, ko‘rguliklarini idrok etmoqchi bo‘ldi. U Mamatbey aytganiday, katta ovga bir martagina qo‘l urmoqchi bo‘luvdi. Og‘zi kuyib, tavba qilib, qatiqni ham puflab ichadigan bo‘lib qolsa-da, baribir hali u tomondan, hali bu tomondan turtkilayverishlariga u hayron edi. «Onangni ko‘rsataman», deb yurgan Hosilboyvachchaning o‘zi ko‘radiganini ko‘rdi. Zelixon ham o‘ldirmoqchi edi, u ham nasibasiga yarashasini oldi. Endi Xongirey... U «o‘ldiraman», degani yo‘q... Selim shunisidan qo‘rqdi...
U «So‘roq qachon boshlanarkin, qiynasa ham chidashim kerak, Xongireyni sotsam, shu yerda chiritadi», deb o‘ylab o‘tirganida eshik ochilib, ikki yigit kirib keldi-yu, ura boshladi. Selim buni «so‘roq oldidan tayyorgarlik», deb bilib, bukchayib, boshini qo‘llari orasiga olganicha chidadi, ovoz chiqarmadi. Yigitlar tez charchashdimi yo birinchi galdagi «ishlov» shunday kamroq belgilanganmidi, urishni bas qilishib, chiqib ketishdi.
Selim shundan keyingina ixranishini boshladi. Shunday keyingina kaltak zarblari o‘z kuchini ko‘rsatdi. Ko‘ngli ag‘darildi. «Ichimda bir nima yorildi», deb o‘yladi u. Oradan yarim soat o‘tmay, yigitlar qaytib kirishdi. Selim avvalgi safar e’tibor bermagan edi, yigitlar uning yuziga tegishmay, faqat qorni, biqiniyu ko‘kragini mo‘l urishardi. «Selim «nega shunday?» deyishga ulgurmadi. Hushidan ketdi. Shu asnoda yana qancha tepki, qancha musht yeganini bilmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:51:52

...Og‘riqlar vujudini tark etib, qush kabi yengil tortdi. Hatto ucha boshladi. Dalalar, tog‘lar ustidan uchib o‘tdi. Rohatlandi. Farg‘onadagi uyigacha bordi. Qo‘ndi. Lekin... Uyga qo‘ndim, deb o‘ylab quvonuvdi. Yo‘q... qarasa, qamoq xonasiga qo‘nibdi... Eshik og‘zida kimdir turibdi. Urgan yigitlarga o‘xshamaydi. Diqqat bilan tikildi: Zelixonmi? Ha, Zelixon...
— Boshingga itning kuni tushibdi-ku? — dedi Zelixon kulib.
— Men bunchalik bo‘larini kutmagan edim, — dedi Selim.
— Qanaqa bo‘ladi, deb o‘ylovding?
— Bilmayman.
— Sen non berganlarga xiyonat qiluvding. Endi haqini to‘la.
— Ayb menda emas.
— Mening bobomga, Ismoilbey og‘amga kafanni o‘zbeklar berishgan edi. Sen esa kafanga zor bo‘lib o‘lasan. Shu narsaga aqling yetadimi sening?
— Ha, tushunaman.
— Tushunmaysan. Sen nafsingga qul bo‘lib yashagan eding, endi kafanliging ham nafs bo‘ladi.
— Meni o‘ldirasizmi?
— Ha. Esingdami, Farg‘onadan qochayotganingda qayoqqa borsang ham izlab topib, otaman devdim.
— Zeli og‘a, unday demang, men sizni hurmat qilaman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:52:11

— Ha... o‘shanda ham shunday devding. Sen meni hurmat qilolmaysan. Chunki men o‘lganman. Eshitmovdingmi?
— Eshitganman.
— Oxirgi ko‘rishganimizdagi gapim esingdami? «Sen meni kutgin, bir kunmas bir kun uyingga kirib boraman. Agar bir balo bo‘lib qamalib ketsam, odam yuboraman. Seni o‘ldirish — men uchun qiyomat qarz!» demaganmidim? Men seni topdim. Endi qarzni uzish kerak. To‘pponchadagi o‘q seni kutaverib zanglab ketdi.
Zelixon shunday dedi, ammo qo‘lida to‘pponcha ko‘rinmadi. Panjalarini ochgan ravishda unga yaqinlashdi. So‘ng bo‘g‘di...
Xaridorgir do‘zax ahli qatorida umr kechirgan Selimning hayoti shu tarzda poyoniga yetdi. Shoir aytmoqchi:
Seskanmay shum nafsning xohishlaridan,
Mast bo‘lib shaytonning olqishlaridan,
Qo‘rqmasdan mazlumning qarg‘ishlaridan
Umri ham o‘tdi...
Selimning so‘nggi nafasi shu tarzda kechib, «yurak xurujidan jon berdi», deb rasmiylashtirildi.
Asadbek Selimning Xongirey qarmog‘iga qanday ilinganini o‘ylab o‘tirgan paytda «shaxsi noma’lum» deb topilgan narkokurerning jasadi kuydirishga tayyorlanardi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:53:07

2

Jalil Abdulhamidning kundan kun so‘lib borayotganini ko‘rib, Asadbekka bildirmay, Muhiddin otani olib keldi. «Hozir oshnamning yonida suyanadigan bir odam bo‘lishi kerak. Mening tilim yomon, suyanaman, deganida bir gap aytvorib, dilini battar xira qilaman», deb qo‘ydi. Otaning kelishi Asadbek uchun ayni muddao bo‘ldi. Suhbatlashib o‘tirgan choqlari Asadbek g‘am-tashvishdan bir oz uzoqlashgan bo‘lardi-yu, lekin yolg‘iz qolganida iztirobli xayollar yana band etaverardi. U moskvalik vrachning kasallik haqidagi gapini ko‘p o‘yladi. O‘ylay-o‘ylay gumonlari oqimi Xongirey tomonga burilavergach, Abdusamadni chaqirib, gapga tutdi. Abdusamad xorijda ekanliklarida do‘xtir zotiga yaqinlashmaganlarini ayta turib, Moskvada tut-qun bo‘lgan kechasi bilak tomiridan qon olishganini aytdi. Asadbek esladi: o‘shanda ham aytishuvdi, qoradori iste’mol qilinganini aniqlash uchun olishgan ekan. O‘shanda bunga ishongan edi. Abdusamadning gapidan so‘ng gumon haqiqatga aylanib, Asadbek Ilikoga qo‘ng‘iroq qildi. «O‘g‘limga yomon kasallik yuqqan. Moskvadagi qamoqxonada qon olishganda yuqtirishgan», deyishining o‘ziyoq Ilikoga kifoya qildi. Asadbekning «ikki-uch kundan keyin borayinmi?» degan taklifini butunlay rad etdi.
Moskvalik vrach «eng yaxshi dori — umid», deb bu xonadondagilarning umidiga quvvat berganday edi. Biroq, umid saroyi go‘yo muzdan barpo etilganday kun sayin erib borardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:53:46

Manzura tunu kun mijja qoqmay o‘g‘lining qoshida o‘tirmoqni istardi. Asadbek «bolasining rangiga qarayverib kuyib kul bo‘lmasin», degan fikrda uni chaqirib, turli yumushlar buyuraverardi. Xotinining qo‘li ishda-yu, xayoli bolasida ekanini ko‘ravergach, uni o‘z holiga qo‘ydi.
Asadbek o‘g‘lining yoniga kirganida unga ko‘ngil ko‘taruvchi gaplarni aytishni istardi. Lekin tilga gap kela qolmasdi. Mo‘ltillab o‘tirish o‘ziga ham yoqmay, o‘qishdan gap ochaverardi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Uning domlalari haqidagi gapiga o‘g‘li kutilmagan javobni berdi:
— Ada, bizga berilgan ta’til cho‘zilib ketdi. U tomonlarda «ha, hechqisi yo‘q», deyilmaydi. Doktor Xudoyor ham ayamaydilar. Akam bilan yangamga ijozat bering, xo‘p desangiz, keliningiz ham birga ketsin. Men sal o‘zimga kelvolsam, yetib boraman.
Asadbek bir oz o‘ylanganday bo‘ldi, biroq, aniq qarorga kelmadi. O‘g‘lining javob kutib, tikilib yotganini ko‘rib:
— O‘zlari bilan maslahat qilay-chi, — deb qutulmoqchi bo‘ldi.
— O‘zlari bilan maslahat qilmang, — dedi Abdul-hamid. — Ertaga yo‘lga chiqishsa, indinga u yoqqa uchishlari mumkin. Bo‘lmasa, yana bir hafta yo‘qotishadi.
Asadbek «gaping to‘g‘ri», deganday o‘g‘lining boshini silab qo‘ydi.

Qayd etilgan