Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)  ( 350811 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 63 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 B


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:54:15

— Ada, — dedi Abdulhamid, — Moskvalik do‘xtir «umid qiling», dedi, a? Agar ustozimiz doktor Xudoyor bo‘lganlarida «Ollohning rahmatidan umid qiling», derdilar. Bir sharafli hadis bor ekan: Olloh-taolo rahmatini yuz qismga bo‘lib, to‘qson to‘qqiztasini o‘ziga olib qolib, faqat bittasini yer yuziga tushirgan ekan. Yaralganlar, ya’ni butun odamlaru jonli zotlar bir-birlariga rahm qilishlari uchun shunday bo‘lgan ekan. Ot tuyoqlarining bolasiga tegib ketishidan qo‘rqib, tuyoqlarni ko‘tarib yurishi uchun ham shunday ekan...
Asadbek o‘g‘liga «sen shunaqa gaplarni ham bilasanmi?» deganday ajablanib qaradi. Abdulhamid otasining bu qarashidagi yashirin ma’noni uqib, kulimsiradi.
— Doktor Xudoyor bizga dunyoviy ilm berardilar. Bir kuni «siz eng asosiy ilmdan uzoqsiz», dedilar. Biz ajablandik. Shunda hadis aytib berdilar. Abdulloh ibn Musavvir Hoshimiydan rivoyat qilingan ekan: Bir kishi Payg‘ambarimiz huzurlariga kelib, «menga ilmning g‘aroyiblaridan o‘rgatmog‘ingiz uchun huzuringizga keldim», debdi. Shunda unga: «Ilmning avvalida nima ishlar qilding?» debdilar. U: «Ilmning avvali nima?» deb so‘rabdi. «Ulug‘ va qudratli Robbingni tanidingmi?» debdilar. «Ha» deb javob beribdi. «Ollohning haqqiga nima ishlar qilding?» deb so‘rabdilar. «Olloh hohlaganicha ishlar qildim», deb javob beribdi. Keyin «O‘limni bildingmi?» debdilar. «Ha», debdi u kishi. «O‘lim uchun nima hozirlik ko‘rding?» debdilar. «Olloh xohlaganicha», debdi. «Borgil va u yerda ham shu tarzda davom et, keyin kelsang, senga ilmning g‘aroyiblarini o‘rgataman» debdilar. Bir necha yillardan keyin u kishi yana kelganda Payg‘ambarimiz unga: «Qo‘lingni qalbingga qo‘y, o‘z nafsing uchun rozi bo‘lmagan narsani musulmon birodaring uchun ham rozi bo‘lma, o‘zingga ravo ko‘rgan narsani musulmon birodaringga ravo ko‘rgin, mana shu ilmning g‘aroyibidir», degan ekanlar... — Abdulhamid toliqib, ko‘zlarini yumdi. Qurigan labini tili bilan namlagan bo‘ldi. Asadbek ilib qolgan choydan quyib ichirdi. Shundan so‘ng Abdulhamid gapini davom ettirdi: — Yana bir hadisda Pay-g‘ambarimiz va’z aytgan ekanlar: «Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat bil, — debdilar u zot, — qariligingdan oldin yigitligingni, bir ishga mashg‘ul bo‘lib qolishingdan oldin bo‘sh vaqtingni, faqirligingdan avval boyligingni, o‘limingdan oldin tirikligingni, kasal bo‘lmasingdan oldin sog‘lomliging-ni g‘animat bil...» Payg‘ambarimiz aytgan shu besh narsada ko‘p ilmlar jam qilingan ekan...

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:54:33

Abdulhamid «men bu ilmlarni egallay olmadim», degan afsusini tiliga chiqarmadi. Buning o‘rniga chuqur nafas oldi.
Asadbek o‘g‘lining armonini anglab, ko‘ngliga malham bo‘lguvchi so‘z aytmoqni ixtiyor etdi-yu, shunday so‘z tiliga kelmadi. Buyruq berishga, ba’zan haqoratlashga o‘rganib qolgan til o‘z farzandiga tasalli so‘zlarini aytmoqqa ojizlik qilib qoldi.
Umri kuzagining adog‘iga yetib qolganini anglab yetgan Abdulhamid yolg‘iz qolgan kezlari o‘y o‘ylab ota-onasiga ba’zi gaplarni aytmoqlikni istardi. U onasini qanday ovutishni bilmasdi. Onalik baxti nimaligini endi ko‘raman, deb turgan ayol kulfat bo‘roniga duch kelganda uni qanday yupatish mumkin?
«Oyijon, mendan rozi bo‘ling. Sizday onaga o‘g‘il qilib dunyoga keltirgani uchun Ollohga hazor-hazor   shukrlar aytaman. Sizning xizmatingizni qilish qismatda yo‘q ekan... Xudo sizga sabrni mo‘l-mo‘l qilib bergan. Oyijon, keliningizning boshi qorong‘u, agar Xudo qiz bersa unga «Yodgora» deb ism qo‘ymanglar. O‘zingizga o‘xshasin, «Manzura» deb qo‘ying... Keliningiz istagan yerida yashasin. Turmush qursin, meni deb yolg‘iz o‘tmasin, gunoh bo‘ladi...»
Abdulhamid shunga o‘xshash allaqancha gaplarni hozirlab qo‘yardi-yu, onasi kirib kelishi bilan o‘ylari bug‘ kabi ko‘tarilib ketardi. Bu gaplaridagi har bir so‘z zaharli o‘qqa aylanib, onasi yuragiga sanchilib, uni yaralab, beadoq azoblarga giriftor etmog‘iga aqli yetarli.
Ona o‘g‘lini quchoqlab, o‘pib, ko‘z yosh to‘kardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:54:44

O‘g‘il onani quchoqlab, o‘pib, ko‘z yosh to‘kishdan o‘zini tiyardi...
Dunyoga kelganida olam-olam quvonch baxsh etgan farzand onasini olam-olam anduhi furqat dengiziga g‘arq qilib, tarki jon qilishga hozirlanardi.
Abdulhamid ayniqsa otasiga ko‘p gaplarni aytmoqni istardi. U otasi haqidagi mish-mishlarga uncha ishonmasa ham, bu boylik, bu e’tibor haromlik soyining oqavalari ekaniga aqli yetib turardi. Xorijga ketmasidan avval, ayniqsa doktor Xudoyorning qanoti ostiga o‘tmasidan oldin bu boylik, bu shon-shuhratni Xudo tomonidan berilgan tabiiy ne’mat deb bilardi. Keyin-keyin Xudo emas, shayton alayhila’na mukofoti ekanini anglay borib, ko‘p siqildi. O‘g‘il haddida turish uning uchun g‘oyat og‘ir kechdi. Uning ruhi ikki o‘t oralig‘ida jizg‘anak bo‘ldi. Shaytonning mukofotlaridan shodon yashaganliklari evaziga Yaratganning ajri halitdan berila boshlaganini Moskvadagi turmada o‘tirganidayoq his etdi u.
Abdulhamid otasiga aytar so‘zlarini Muhiddin ota vositasida yetkazmoqni xayol qildi. Muhiddin ota kirganida u o‘zini ancha yengil his etardi. Xuddi doktor Xudoyor huzurida ruhiga quvvat olganday.
Asadbek o‘g‘lini yupatuvchi so‘zlarni izlab o‘tirganida Muhiddin ota kirib, mushkulini oson etdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:55:04

— Ada, ishingizga boravering, bugun ancha tetikman. Otam bilan gaplashib o‘tiraman, — dedi Abdulhamid jilmayishga harakat qilib.
Jilmayishga uringan lablar bilan hayot nuri so‘nayotgan ko‘zlar orasidagi masofa juda qisqa, ota bilan farzandning ayriliq onlari esa bundan-da yaqin edi. Asadbekning g‘ash ko‘ngli nimanidir sezganday bo‘l-    di-yu, lekin ayriliq omburi ishga kirishganini idrok eta olmay, o‘g‘lining gapiga ishondi. Hovliga chiqqanida Manzuraning odatdagiday «ahvoli yaxshimi?» degan savol nazari bilan qarshilandi.
— Ishga borib kelavering, deyapti, bugun ancha tetik, a? — dedi Asadbek.
Bir necha daqiqa avval o‘g‘lining huzuridan chiqqan Manzura unda tetiklik nishonasini ko‘rmagan bo‘lsa ham, erining gapiga ishongan bo‘lib:
— Xudoga shukr! — deb qo‘ydi.
Hakimlar aytadilarki: to‘rt narsaning qadrini to‘rt kishi bilgay: yoshlikning qadrini yoshi o‘tib qolganlar, tinchlik-xotirjamlik qadrini boshiga balo tushganlar biladi. Sog‘liq-salomatlik qadrini xastalanib, hech narsaga yaramay qolganlar, tiriklik qadrini o‘tganlar bilgaylar. Agar bularga qo‘shimcha joiz bo‘lsa, farzand qadrini farzandining so‘nggi nafaslarini kuzatayotganlar biladi, demoqlik balki mumkindir?

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:55:34

Asadbek Zaynabni sharmandali holda uchratganida otib tashlangan yigit ham kimningdir farzandi edi. Hosilboyvachcha, Elchin ham... Elchinga ro‘para qilingan Shilimshiq ham, o‘limga hukm qilinib, tirik qolgan Jamshid ham... O‘z o‘g‘lining qayg‘usiga bandi Asadbek bularni o‘ylamasdi. Jalilning «Xudodan qaytibdi», degan gapi ham qulog‘i ostida jaranglamay qolgan. Bu ko‘rgulikni Xudodan emas, Xongireydan ko‘radi. Undan o‘ch olish rejalarini tuzadi. Ba’zan insof uyg‘ongan paytlarida esa «o‘g‘lim tuzalib ketsa bas, hech kim bilan hisob-kitob qilmayman», deb o‘zicha ont ichadi.
Abdulhamid «ishga boravering», degani bilan Asadbekning boradigan ishi yo‘q edi. Shu sababli nima bilan mashg‘ul bo‘lishni bilmay, shiyponga chiqib o‘tirdi.
Bu paytda Abdulhamid Muhiddin otaning yordami bilan yostiqlarni kamaytirib, bamaylixotir cho‘zilib olgan edi.
— Umr yonayotgan shamga o‘xsharkan. Bir puflasa o‘charkan... — dedi Abdulhamid.
— Hay-hay, bo‘tam, asti bu gapni tilga olmang. Bu umrini yashab bo‘lgan keksalarga atab aytilgan, — dedi Muhiddin ota.
— Tez yonib, tez o‘chadigan shamlar ham bo‘ladi-ku?
— Bu Ollohning irodasiga bog‘liq, bo‘tam. Odamning ko‘ziga sham tez yonganday ko‘rinishi mumkin, aslida esa o‘zgacha bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:56:01

— Siz ustozim doktor Xudoyorga o‘xsharkansiz. U kishi bilan uchrashib, bir suhbat qursangiz, biz bu suhbatdan bahramand bo‘lsak...
— Shunaqangi saodatli kunlarga Olloh yetkazsin.
— Doktor Xudoyor aytib beruvdilar: Olloh Yusha’ ibn Nuh alayhissalomga vahiy qilibdi: «Albatta men sening qirq mingta yaxshi ummatingni o‘z ixtiyori bilan xalok qilg‘uvchiman va yomon ummatingdan ham oltmish mingtani!» Shunda Yusha’ alayhissalom «Yomonlarni jazolashing mumkin, ya Rabbim, yaxshilarga nega bunday jazo berajaksan?» deb so‘rabdi. Shunda Olloh «Ular mening g‘azabim keladigan ishlardan g‘azablanishmadi. O‘shalar bilan birga yeyishdi, ichishdi», deb javob bergan ekan. Ota, biz shundaylardanmizmi? Biz o‘zimizni yaxshilardan deyishga haqlimizmi? Ollohning rahmatiga umid qila olamizmi?
Kutilmagan bu savol Muhiddin otaning butun vujudini zirillatib yubordi. Hushini yig‘ib, javob qaytarishga ulgurmay Abdulhamid gapini davom etdi:
— Payg‘ambarimiz «Albatta odamlarning bir toifasida yomonlikni yopuvchi yaxshilik kalitlari bordir, — degan ekanlar. — Odamlarning ba’zisida yaxshilikni yopuvchi yomonlik kalitlari bordir. Yaxshilik kalitlarini Olloh ularning qo‘llariga tutgan kishilar qanday ham yaxshi odamlardir! Vayl bo‘lgay, Olloh-taolo yomonlik kalitlarini qo‘llariga tutgan kishilarga!» Bu hadisdan mening tushunganim — yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaruvchilar mo‘’minlardan bo‘lishar ekan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:56:17

Abdulhamidning tin olganidan foydalangan Muhiddin ota uni quvvatladi:
— Ustozingiz go‘zal xulqlarni o‘rgatgan ekanlar. Har bir ongli inson birodarini yomonlikdan qaytarishi kerak. Olloh taolo aytadiki: «Val mo‘’minuuna val mu’minoat ba’duhum avliyau va ba’din ya’muruna bilma’rufi va yanhavna anil-munkari...» ya’nikim, mo‘’min va mo‘’minalar bir-birlariga do‘stdirlar. Ular yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan to‘xtatadilar...
Bu gapdan so‘ng Abdulhamid Muhiddin otaga yalinuvchi bolaning ko‘zlari bilan tikilib qaradi. Ke-yin:
— Jon otajon, siz shunday do‘stlardan bo‘ling. Tavba fasli o‘tib ketmasin, hech kimning boshiga Fir’avnning kulfati tushmasin, — deb chuqur nafas oldi.
Uning «adamga shunday do‘st bo‘ling, tavbaga yetaklang, iymonsiz ketmasinlar» demoqchi ekanini Muhiddin ota tushundi. So‘nggi nafaslarini olayotgan yigit otasining zulm yo‘lidan qaytishini istab, bobo qadrdoniga vasiyat qilayotganini ham angladi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:56:50

Muhiddin ota ayvonga chiqishi bilan Asadbek unga yalt etib qaradi: otaning salla o‘rniga do‘ppisi atrofiga bog‘lab yuruvchi oq chit ro‘molning yo‘qligi unga yomonlikdan xabar berib, tanasidan jon chiqib ketganday bo‘ldi. Qimirlashga ham, so‘z aytishga ham holi qolmadi.
Mehmonxonada ivirsib yurgan Manzura ayvonga chiqib turib qolgan otani ko‘riboq, «Voy, bolam!» deb yugurib qolganini o‘zi ham sezmadi.
Muhiddin ota er-xotin kelgunicha joyidan jilmadi. So‘ng:
— Olloh sizlarga sabri-jamiil ato etsin. Inna lillahi va inna ilahi rojiu’n*, — dedi-da, ilova qildi: — Olloh farzandu arjumandingizga imon kalimasi bilan jon taslim etmoq baxtini berdi...
O‘sha onda na Asadbek, na Manzura bu baxtning ma’nosini angladilar...

_____________
* Ma’nosi budir: «Biz barchamiz Ollohnikimiz va unga qaytguchimizdir.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:57:16

3

Kamalak — chiroyli, lekin isitmaydi. Astoydil yoki til uchida aytilgan hamdardlik so‘zlari qanchalar ko‘p bo‘lsa-da, qalb yarasiga malham bo‘la olmas edi. Asadbek zaif jismiga quvvat, majruh va dardli ko‘ngliga sihhat yetishmay bu dunyoni tashlab ketgan o‘g‘li hajrida o‘rtangan kezlari o‘zicha bir haqiqatni kashf etdi: har qancha qiyinchilikka duch kelsa bayon etarga bir mehribon do‘st, boshiga har qanday qattiqchilik yetsa izhor qilarga sirdosh o‘rtoqlar zarur ekan. Birgina Jalil uning yarasiga malham bo‘la olmas ekan. Har kim aybsiz do‘st qidirsa, do‘sti kamayaverarkan, do‘stlarini ranjitaversa, dushmani ko‘payarkan. Asadbek shundaylardan ekaniga ishondi. Bir kuni Jalilga hazil aralash «Sen meni yaxshi ko‘rasanmi?» deganida, oshnasi jiddiy tarzda «Yaxshi ko‘raman, lekin Xudoni ko‘proq yaxshi ko‘raman», deb uni mulzam qilgan edi.
Donishmandlar «dunyo nadir?» deb so‘rashganida, u «bir ohga arzimas matoh», degan ekan. O‘g‘lining o‘limidan so‘ng butun topgan-yiqqanlari yarimta ohga arzimasligini tushundi. Hayot bor joyda o‘lim ham muqarrar mavjudligini barcha bilsa-da, xuddi bundan bexabarday dunyodan ko‘ngil uzmay, tirishgandan tirishadi. Bilmaydiki, barcha xatolarning asli aynan shu dunyoga muhabbatdir.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:58:02

Asadbek xastalanib, hayotdan umidini uzib qo‘ygan paytda, aniqrog‘i, Jalil Buxorodan tilla tanga olib kelgan kuni, ikki oshna hayot haqida ezilib suhbatlashishgan edi.
— Shu tilla tanga necha yuz yil avval quyilgan ekan. Nechta qo‘ldan o‘tgan, nechta odam shuni deb bir-birini o‘ldirgan ekan. Agar hozir ko‘chaga chiqarib tashlasang, yana nechta odam shuni deb bir-birining go‘shtini yerkin?
— Odamlar tilla uchun olishmaydilar, aslida yashash uchun olishadilar. Bu tilla yaxshi yashashning bir vositasi, — deb javob bergandi.
— Birovni abgor qilib yaxshi yashashdan ko‘ra, birovning qarg‘ishiga qolmay kambag‘allikda umr kechirgan a’lo emasmi? Payg‘ambarimiz «kambag‘alligim — faxrim» degan ekanlar. Eshitmaganmisan?
— Odam o‘zini majburlab kambag‘allikda yashashi shartmi? Men kambag‘al odamning baxtli bo‘lganini ko‘rmaganman.
— Unda sen baxtli ekansanda, a?
— Mening o‘zimga yarasha baxtim bor.

Qayd etilgan