Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)  ( 350708 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 B


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:58:21

— Ana endi o‘zingga kelding. Sen baxt deb yurgan narsa, aslida baxtsizlik, oshnajon. Chunki sen hayoting-da sira ham baxt izlamading. Sen qasos izlading. Qasos izlab shu baxtsizligingni topding. Bolalikda   adangni qamoqqa olib ketishayotganda «Men ularni o‘ldiraman», deganing hali ham qulog‘im ostida ja-ranglab turibdi.
— Qasos olishim shart edi. Boshqacha yashashim mumkin emasdi.
— Bir donishmandning gapiga qaraganda, agar kerak bo‘lsa, zaharni asal, cho‘chqani tog‘a, eshakni amaki, deyish kerak ekan.
— Eshakni amaki deydigan dono senmisan?
— Gapni boshqa yoqqa aylantirma. Sening yana bitta xatoing — do‘zax azobidan qo‘rqmading.
— Do‘zax azobidan deysanmi?.. Jalil, oshnam, boshimga tushgan balolarni, azoblarni boshqalar bilmasa ham sen yaxshi bilasan. Sen meni do‘zax bilan qo‘rqitma. U yerda odam kuysa balki kuyar, lekin «xalq dushmanining bolasi» deb aftiga tupurishmas, a? Men ko‘rgan azoblar oldida do‘zaxing hech gap emasdir?

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:59:24

— Do‘zax meniki emas... Sen azob, azob, deysan-u, lekin senga dushmanlaringdan ko‘ra ko‘proq do‘st deb yurganlaring zarar yetkazdilar. Chunki dushmandan ehtiyot bo‘lasan, ammo do‘stning dushmanligidan qutulish qiyin...
— Gapirish oson. Sening hayoting boshqa, meniki boshqa...
— Sen hali shuni hayot deb bilasanmi?..
O‘shandagi bu suhbat osoyishta tarzda kechgan edi. O‘shanda Asadbek qalbida imonga moyillik uyg‘onay degandi. Lekin «tun zulmati muvaqqat, qalb zulmati abadiy» deganlaridek, Asadbek qalbi ko‘r sho‘rliklar toifasidan yulqinib chiqolmadi...
Nomus kuchlilik qilib, Asadbek qiziga «o‘zingni os», degan maqsadda arqon tashlab chiqqanida farzand dog‘i nima ekanini idrok qilolmasdi. Balki o‘shanda Zaynab imillamay, ota amrini bajarganida Asadbek hozirgiday azob chekmasmidi, o‘zini oqlashga bahonalar topa olarmidi...
Endi o‘zini oqlay olmaydi.
Ayniqsa Iliko kelib-ketganidan keyin...

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:00:07

Hamdardlik bildirgani kelgan Iliko Asadbekning ahvolini ko‘rib, topshirig‘ining natijasini aytishni lozim ko‘rmagan edi. Asadbek «iltimosim nima bo‘ldi?» deb ikki qayta so‘ragach, turmada qon olgan hamshiraning kim ekanini aniqlagani, lekin uning izsiz yo‘qolganini aytishga majbur bo‘ldi. Shuning o‘ziyoq Asadbekdagi gumonning to‘la haqiqatga aylanishi uchun kifoya bo‘ldi. Olovni olov bilan o‘chirish mumkin emasligini Iliko rad etmas edi, ammo qonni qon bilan yuvish mumkinmasligini tan olishni istamasdi. Shunga qaramay, u qasos o‘tida yonayotgan Asadbekni to‘xtatishni xohlardi. Asadbekka bu on nasihat kor qilmasligini bilib bemaslahat bir ish boshlamay turishni so‘radi.
Abdulhamidning janozasi kuni yomg‘ir bir maydalab o‘tganicha havo ochilib ketdi. Shundan so‘ng osmon bulutdan holi bo‘ldi.
Kunduzlari quyosh porlardi.
Lekin Asadbekning xonadoni zulmat ichra qolaverardi.
Kechalari Asadbek hovlisi ustidan suzib o‘tuvchi Oy chehrasida motam, yulduzlar ko‘zlarida esa alam zohir edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:00:37

Odam taftini odam olishini Asadbek kunduzlari his etardi. Tun kirdi, deguncha uning isitmasi ko‘tarilib, alaxsiray boshlardi. Manzuraga farzand dog‘i azobi kamlik qilib, erining tungi talvasalari ming g‘amiga yana g‘am qo‘shardi. Manzura qaynonasining hajri qarobatga chidolmay aqldan ozganini eshitgan edi. Erining kech kirishi bilan o‘zgarishi uni tashvishga solib, Jalilga aytdi. Jalilning ko‘nglidan ham «onasiga o‘xshab jinni bo‘lsa-ya?» degan tashvish o‘tsa-da, sir boy bermay «tashvishlanma, bu o‘tkinchi narsa», deb qo‘ydi. Do‘stining yonida yotib qolishini aytganida Muhiddin ota «bo‘tam battar qiynaladilar», deb shashtidan qaytardi. O‘zi esa Asadbekning qorovul bo‘lish haqidagi taklifini qabul qilgan bo‘lib, masjidga ko‘chib chiqdi.
Asadbek o‘ziga ham xayrixohlik, ham tashvish bilan tikilayotgan ko‘zlarni his etib turardi. Ammo tungi talvasadan qutulishga o‘zida kuch topolmasdi. Qorong‘u tushishi hamon qorasoch kecha kokillari bilan uni bo‘g‘a boshlardi. Uyga kirdi, degunicha burchakda ko‘zoynakli ilon lunjini shishirib turgandek bo‘laverardi. Sukunatdan panoh topish umididagi Asadbekni sharpalar ta’qib etar, kimdir uning orqa          tomoniga kelib olib, «ux» tortaverardi. Avvaliga «onamlarmikin», deb o‘yladi. Keyin bolaning tovushi keldi.
— Samandar! — deb chaqirib, orqasiga o‘girildi: hech kim yo‘q...
Yana xo‘rsindi. Yana bola...

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:01:01

Kim bu? Abdulhamidmi? Yuragi potrayotgan Asadbek yana o‘girildi: hech kim yo‘q...
So‘ng... ko‘zoynakli ilon o‘rnida otasini ko‘rib, u tomon yurdi. «Adajon!» deb quchoqladi.
— Menman, toychoq, men keldim, — dedi otasi.
— Adajon, sizdan tuproq isi kelyapti.
— Nega ajablanasan? Axir men qabrdan chiqib kel-yapman-ku?
— Ada, siz menga yog‘och chana yasab qo‘yuvdingiz, bolamni olib ketdingiz...
— Bolangni olib ketuvchi men emasman... — Otasi shunday deb stol ustidagi ne’matlardan yeya boshladi.
— Qorningiz ochdimi, ada?
— Ochdi. O‘lik to‘ysa — tirik to‘yadi. Arvohlarni ziyofat qilmaysanmi?
— Albatta, albatta mehmon qilamiz. Hammani chaqiring. — Asadbek shunday deb ochiq deraza yoniga kelib chaqirdi: — Manzura, tez kel, adamlarni mehmon qilamiz... Ada, keliningizning qo‘lidan bir piyola choy iching. Nevara kelinlaringizni ham chaqiraymi?..
Birdan hammasi yo‘qoldi: otasi ham, ilon ham, stol ustidagi ne’matlar ham... Atrofni zulumot bosdi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:01:24

Bomdod azonini eshitib, ko‘zlarini ochdi: shiyponda yotibdi. Yonida qayg‘uli ko‘zlaridan yosh to‘kayotgan Manzura. Asadbek nima voqea yuz berganini idrok etolmay xotiniga tikilib yotdi.
Masjid tomondan Muhiddin otaning tovushi eshitildi:
— Hayya alal falax...
Najotga chorlangan Asadbek joyidan jilolmadi.
Kun yorishganda Jalil bilan Muhiddin ota kirib kelishdi.
— Isitmang bor-ku, ukaxon, — dedi Jalil, Asadbek bilan ko‘risha turib, — shamolladingmi, deyman?
— Shunaqaga o‘xshaydi, — dedi Asadbek.
Kichik xontaxta atrofida nonushta qilishdi.
— Jalil, tushimda adamlarni ko‘ribman, — dedi Asadbek, dasturxonga fotiha o‘qilgach.
— Tushida o‘lik ko‘rgan, o‘ngida tirik ko‘radi. Sog‘ingan odaming kelib qoladi, — dedi Jalil.
— Arvohlarni ziyofat qilish kerak...
— Nima?! Nima deding? — Jalil «isitma aralash valdirayaptimi?» degan ma’noda Muhiddin otaga qarab oldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:01:43

— Shunaqa gap bor-ku? — deb izoh berdi Asadbek.
— Gap bo‘lsa, bu bir bid’at! Nima dedingiz, otaxon?
— Ha, bo‘tam, arvohlarni yo‘qlash duo bilan bo‘ladi.
— Meni adam anchadan beri chaqirar edilar, aslida men ketishim kerak edi.
— Bas qil, go‘rdan chiqib, go‘rga  kiradigan gaplarni aytma.
— Ha... to‘g‘ri aytding, go‘rga kiradi...
— Bo‘tam, Ollohga tavakkul qiling, Ollohdan najot so‘rang.
— Hadeb Olloh, Olloh deysiz... Ollohga so‘zingiz o‘tsa, ayting, o‘g‘limni qaytarsin.
Bu gapni eshitgan Muhiddin ota beixtiyor ovozini ko‘tarib «Astag‘firulloh!» deb yubordi. Jalil esa «Voh!» deb nido qilganicha — boshqa gapirmasin, degan maqsadda uning og‘ziga kaftini qo‘ydi:
— Tavba qil, bunaqa ahmoq gapni ayta ko‘rma, tavba qil!
— Bo‘tam, shaytonga bo‘sh kelmang, shaytonni yenging, — dedi Muhiddin ota. — Shaytoni mag‘lub etishning eng oson yo‘li — masjidga chiqing. Masjid qurdirishning o‘zi kifoya emas, unga kirib, sajdaga bosh qo‘ying.
Asadbek do‘stining qo‘lini chetga surib, Muhiddin otaga qaradi. Uning ko‘zlari g‘alati javdiradi:
— Ota, mening Xudo bilan shartnomam bor: endi men uning uyiga qadam bosmayman, u menikiga kirmaydi.
Bu gapdan Muhiddin ota seskanib ketdi. Jalil esa shapaloq tortib yubordi. So‘ng yelkasidan ushlab silkidi:
— Tavba qil, ahmoq! Darrov tavba qil!

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:02:00

Jalilning vajohatini ko‘rgan Muhiddin ota o‘rnidan turib, uni ajratdi-da, Asadbekning yelkasini siladi.
Bu bosh, bu yelka necha yillar mobaynida silovchi bir mehribon qo‘lga muhtoj edi. Shirin so‘z nondek arzanda bo‘lgan kezlari haqorat eshitdi. Otaning mehribon qo‘llari silashi kerak bu betlarga «xalq dushmani»ning o‘g‘li deb tupurildi. Hozir silanayotgan yelka ne malomatlarni, ne tashvish tog‘larini ko‘tarmadi. Jalilning o‘zi ba’zan do‘stining bu dunyo alamlariga dosh berishiga qoyil qolib, «o‘rtog‘im tuproqdan emas, temirdan yaralgan», deb qo‘yardi. Hozir o‘sha ta’rifni eslab, «temirligi rost, yuragi ham temirga aylanib qolibdi», deb afsuslandi. Temir yurakni eritish yo‘lini bilolmay o‘zining boshini changallab, tebranib o‘tirdi.
Bu manzarani ko‘rib turgan Manzura shiypon tomonga bir intildi-yu, qizi bilan kelinlarining ham shu yoqqa tikilib turganlarini ko‘rib, joyida qotdi.
Vujudida mehribon qo‘lning taftini sezgan Asadbek ota qadrdonining ko‘ksiga bosh qo‘yishni, to‘yib-to‘yib yig‘lashni istadi. Ammo yolg‘izligida bostirib keluvchi yig‘i bu safar unga xiyonat qildi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:02:29

— Sabr qiling, bo‘tam, toqatliga tog‘lar bosh egarkan. Ollohning «ey Odam farzandi, sabrli bo‘l va o‘zingni past tut, seni o‘zim oliy darajaga ko‘taraman», degan va’dasi bor. Bu ko‘rgulik siz bilan biz uchun Oldohning bir sinovi.
«Faqat sinov emas, qilgan gunohlari uchun olgan mukofoti» deb o‘yladi Jalil. Muhiddin ota esa yig‘loqi bolani yupatayotganday mehribonlik bilan davom etdi:
— Olloh biz, g‘ofil bandalarga aytadiki: «men bir mo‘’min kishini biron musibat yetkazib imtihon qilsam, u menga hamd aytib, mening imtihonimga sabr qilsa, gunohlardan onasi tuqqan kunidagidek pok bo‘lib turadi...» Ollohning shu marhamatiga yetishmoq siz bilan bizga nasib etgan.
Jalil bu gapdan so‘ng armon bilan bosh chayqadi-da, yalindi:
— Jon oshna, bir marta «tavba» deb qo‘ygin...
— Ha, bo‘tam, «astag‘firulloh» deng...
Ular Abdurahmon tabibnikida shifo topayotgan Asadbekning iymonga kirishiga ishonib, Yaratganga shukrlar aytishgan edi. Undan sal ilgariroq gap talashib qolishganda Asadbek iymonga da’vat etilishiga javoban yarim hazil, yarim chin ohangida «Ko‘ramiz, sening iymoning kuchlimikin yoki mening shaytonim qudratliroqmikin?» deb javob qaytarib, Jalilning dilini xufton qilgan edi. O‘shanda ham Jalil tavbaga undagan, biroq do‘sti gapni hazilga burib yuborgan edi. Bu gap Jalilning yuragiga qirrali toshcha kabi o‘rnashib qolib, gohi-gohida qo‘zg‘olib azob berardi. Tabibning uyida do‘stining ruhi ham shifo topayotganini bilgan ondan bu toshcha eriy boshladi. Jalil uni butunlay erib bitdi, deb yanglishgan ekan. Asadbekning hozirgi gapidan so‘ng toshcha yana qo‘zg‘olib, shaytanatdan diyonatga o‘tmoq oson emasligiga imon keltirdi. Bu safar qirrali toshcha Jalilning yuragini qattiq tildi. Uning ruhi qaqshagandan qaqshadi. Agar oshnasi dard iskanjasida ezilmayotganida uni do‘pposlab qolishdan qaytmasdi, xumordan chiqish uchun ham do‘pposlardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:02:49

Agar bu onda Ollohning kalomini mukammal biluvchi olim ular huzurlariga kelib:
— Siz shayton yetovidagi shu muhabbatsiz qalbga achinyapsizmi? G‘aflat uyqusidagi bu bandaning iymon sari yurishi aldamchi manzara edi. U Islomdan faqat foyda ko‘zladi. U iymon yo‘li bilan tijorat yo‘lini chalkashtirib yubordi. Manfaat va ziyon tarozusiga qarab yurmoqni ixtiyor etdi. Siz bilmaysizmiki, Olloh: «Odamlardan Ollohga bir tomonlama ibodat qiladiganlari ham bor. Agar unga yaxshilik yetsa, ko‘ngli to‘lur. Agar unga balo yetsa, yuz o‘girib ketur. U dunyoda ham, oxiratda ham ziyon ko‘rur. Ana o‘sha ochiq-oydin ziyondir*», deganida aynan shu birodarimiz kabilarni nazarda tutgan, — desa Jalil ham, Muhiddin ota ham unga zid gap aytolmagan bo‘lishardi.
Muhiddin ota ikkinchi marta tavbaga da’vat etganidan so‘ng Asadbek xayolini jamlab, aytgan gapining ma’nosini angladi-yu, o‘zi ham qo‘rqib ketib, tavba kalimasini aytmoqni ixtiyor qildi. Biroq, «Azzz...» dedi-yu, u yog‘iga tili aylanmadi. Buni sezgan Muhiddin ota uni quvvatladi:
— Xudoyim o‘zing kechir, deng, bo‘tam.
Asadbek duduq bola kabi aytdi.
Jalil bundan bir oz yengil tortib, o‘rtog‘iga qaradi-yu, uning terga botganini, og‘zida ko‘pik paydo bo‘lganini ko‘rib qo‘rqib ketdi. Muhiddin ota ham cho‘chib, shoshilganicha unga dam soldi.

________________
* «Haj» surasining 11-oyatidan ma’no tarjima. («Tafsiri hilol»-dan)

Qayd etilgan