Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)  ( 350920 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 65 66 67 68 69 70 71 72 73 B


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:03:34

XXIV bob

I

Asadbek dastlab Halimjonni tanimadi, uni fotihaga kelganlardan, deb o‘yladi. Ozib ketgan, ko‘zlari kirtaygan, yuzlari, qo‘llariga toshgan yaralar hali butkul tuzalmagan bu yigitdan «boshingdan qanday savdolar o‘tdi?» deb so‘rashga hojat bo‘lmasa-da, Asadbek:
— Ancha mazangni qochirishibdi-ku? — dedi.
— «Kurort»ning qanaqaligini o‘zingiz bilasiz-ku?— dedi Halimjon, keyin Asadbekning «Men qayoq-dan bilaman, bir-ikki marta qamalibmidim?» degan ma’nodagi qarashiga javoban izoh berdi: — Tergovni birdan to‘xtatib, jinnixonaga o‘tkazishdi. Keyin chiqarib yuborishdi.
— Seni men chiqartirmadim, — dedi Asadbek.
Halimjon «unda kim?» deb so‘ramoqchi bo‘ldi-yu, botinmadi. Unga Asadbekning o‘zi izoh berdi:
— Men bunaqa ishlarga aralashmayman. Sen qanaqa laqmasan, o‘zing? Mol olib bor, desa indamay ko‘tarib ketaverasanmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:03:56

— O‘ylab ko‘rishimga ham fursat berishmadi, — Halimjon bo‘lib o‘tgan voqealarni so‘zlab berdi. Asadbek uning gaplarini diqqat bilan eshitsa-da, «bu yigit militsiyaning odamimi yo yo‘qmi?» degan gumonini ajrim qilolmadi. O‘zining «odamga butunlay ishongandan ko‘ra, ishonmayroq turilgani ma’qul», degan aqidasiga amal qilib, ko‘p so‘rab-surishtirmadi. Halimjon hikoyasini tugatgach, faqat:
— Haydar akangga uchrashgandirsan, nima deyapti?— deb so‘radi.
— Hozircha dam ol, — dedilar.
— To‘g‘ri aytibdi. Endi ko‘zingni ochib yur, bola. Ularga o‘chakishma. Ko‘rganlaringni xatto xotiningga ham aytma. Seni qozonga solib bir qovurib, tortib olishibdi. Keyingi safar qozonda jizg‘anak bo‘lib qolib ketishing ham mumkin.
— Xizmat bo‘lsa aytavering.
— Damingni ol.
Halimjon Asadbekning ehtiyotkor bo‘lib qolganini sezdi. Garchi qamoqda barcha azoblarga chidab, birovning nomini tilga olmagan bo‘lsa-da, Kesakpolvon ham unga ishonqiramay qaradi. Halimjon aynan mana shunga tushunmadi. Bekorga azob tortibmanda, degan xayol bilan Asadbekning uyini tark etdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:04:15

Asr namozini masjidda o‘qigan Jalil Muhiddin ota bilan kelayotganda darvozadan chiqib ketayotgan Halimjonga duch keldi. Abgor holatdagi yigitning salomiga alik oldi-yu, orqasidan ajablanib qaradi.
Tunov kungi tavbadan so‘ng Asadbek o‘zini qo‘lga ola boshlagan bo‘lishiga qaramay, ular xavotirlaridan qutulmagan edilar. Kunda bir xabar olish odatlariga xilof qilmay kirib keldilar. Ular hol-ahvol so‘rashishga ulgurmay darvozaxonada avval Kesakpolvon, so‘ng Xongirey bilan Mamatbey, keyin Jamshid ko‘rinishdi.
— Obbo, kaltakessaging keldi-ku, ko‘zing uchib turuvdimi? — dedi Jalil. — Kimlarni boshlab kelyapti?
Asadbek darvozaxona tomon qarab, bir titrab oldi. Yuzlari uchdi. Mushtumini qisdi. Undagi o‘zgarishni Jalil ham Muhiddin ota ham sezishdi. Shuning uchun Asadbekni mehmonlar bilan yolg‘iz qoldirishmadi.
Xongirey kelib, Asadbek bilan quchoqlashib ko‘rishib, hamdardlik bildirdi. Asadbek uni shu onning o‘zida bo‘g‘ib o‘ldirgisi keldi, hatto uni bir oz qisdi ham. Lekin ilojsizligini bilib, Xongireyning o‘lim topadigan baxtiyor kunini nariga ko‘chirdi. Xongirey Asadbekning qattiqroq quchganini sezdi, buni yomonlik emas, yaxshilikka yo‘yib, xushnud bo‘ldi. Mamatbey, uning izidan Kesakpolvon ham quchoqlashishdi. Kesakpolvondan aroq hidi gupurib, Asadbek yuzini chetga burdi. Jamshid salom berib so‘rashdi-yu, iziga chekinib, uch-to‘rt qadam narida, amrga mahtal mulozim kabi qo‘l qovushtirib turdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:04:34

Xongirey qadrdonining boshiga tushgan kulfatdan g‘oyat alamda ekanini, otasi o‘lganida ham bunchalik qayg‘urmagani, vaqtida kelolmagani uchun hijolatda ekanini aytayotganida Asadbek uning so‘zlarini eshitmas, ma’nosiz boqayotgan ko‘zlarini ro‘paradagi atirgul g‘unchasiga qadab olgan edi.
Birovlarning yuragida ilon mudraydi, birovlarning yuragida sher na’ra tortadi. Asadbekning yuragida esa bularning barchasi mujassam: ilon uyg‘onsa, sher hamlaga intiladi. Ularni jilovlash uchun Asadbekdan qanchalar kuch talab etilayotganini o‘tirganlarning hech biri xis etolmasdi.
Asadbekning baxtiga mehmonlar uzoq o‘tirishmadi. Xongirey o‘rnidan turib «sog‘ bo‘l», deb qo‘l uzatdi. Uning bu tilagi Asadbekning qulog‘iga «yo‘q bo‘l» kabi eshitilib, vujudiga titroq yugurdi.
Kesakpolvon «sizlar o‘tiraveringlar, o‘zim kuzataman», deb mehmonlarni boshlab ketdi. Asadbek orqasiga o‘girilayotgan Jamshid bilan ko‘z urishtirib olishga ulgurdi. Bir hafta bo‘ldimikin, Jamshid daraksiz edi. Bular bilan boshlashib kirib kelishidan Asadbek bir balo boshlanayotganini sezdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:05:00

Muhiddin ota mehmonlarning tashrifi mezbonga yoqmaganini sezdi. Bosh egganicha sukutga berilgan Asadbekni turli xayollar oqimidan tortish maqsadida so‘z qotdi:
— Haydar oshnangiz ko‘p icharkan, chamasi, a?
— Ko‘p emas, tinmay ichadi, u haromi, — dedi Jalil. — O‘tgan yili ramazondan oldin «baliq yeb, xalqumni tozalayapman», devdi. «Sen Qora dengizning barcha baliqlarini pishirib yesang ham halquming toza bo‘lmaydi», dedim.
— Hay-hay bo‘tam, bandani bunday haqoratlamang.
— Men uni haqoratlamadim. Siz uning qiliqlarini bilmaysiz. Agar Abu Jaxl tirilib kelib shu kaltakessakka ro‘para bo‘lsa, «olamda mendan o‘tadiganlar ham bor ekan-ku», deb ko‘ngli ancha taskin topardi.
Muhiddin ota «hay-hay, astag‘firulloh», deb Asadbekka qarab oldi. Jalil bir kuni Kesakpolvon bilan jig‘illasha turib «senlar ko‘p qon to‘kkansanlar», deganida uning tirjaygancha «qon yorug‘lik, akaxon», deb javob berganini ham aytmoqchi bo‘ldi-yu, oshnasiga gap yoqmayotganini bilib, indamadi.
Asadbek Jalil bilan Muhiddin otaning gaplariga be’etibor edi. Agar xayoli joyida bo‘lganida «Abu Jaxl deganing kim?» deb so‘rar, Jalil esa chala ilmini jamlab, musulmonlarga, xususan Ollohning rasuliga qilingan yomonliklardan gapirib berarmidi...
Ular shom yaqinlashganini bahona qilib o‘rinlaridan turishdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:05:26

— Shomni machitda o‘qib, o‘shanaqasi uyimga ketaman. Menda gaping yo‘qmi? — deb so‘radi Jalil.
— Samad olib borib qo‘yadi, — dedi Asadbek.
Jalil odatiga ko‘ra «avtobusda ketaveraman, onam meni mashinada tug‘maganlar», demoqqa og‘iz juftladi-yu, mavridi emasligini fahmlab, «Rahmat, oshna», deb qo‘ydi.
Asadbek Jamshidni shu kecha kelib qolar, deb kutdi. Lekin undan darak bo‘lmadi. Ertasiga ham kelmadi. Tunlarni bedor o‘tkazib, vujudining qaqshab og‘rishidan xorigan Asadbek tongga yaqin mizg‘ib olardi. Xongireyning tashrifidan so‘ng bu ham yo‘qqa chiqdi. Bu safar subhi kozibda ham, subhi sodiqda ham Asadbek bedor edi. Tong otdi, ammo uning vujudidagi zulmatga nur oralamadi.
Peshinga yaqin Jamshid keldi. Asadbek maydalab so‘rab-surishtirmasa ham, bir haftaga yaqin nima uchun ko‘rinmaganini tushuntirib berdi. Gapni Xongireyning atayin fotiha o‘qish uchun kelmaganidan boshladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:05:57

2

«Polkovnikning yuragi kasal ekan, o‘ldi», deb Xongirey navbatdagi yolg‘onini ishlatgan edi. Polkovnikning o‘lishi yoki tirik qolishi o‘zi uchun ahamiyatsiz bo‘lgani sababli Mamatbey bu gapning chin yoki yolg‘onligini surishtirib ko‘rmagan ham edi. Xongireyni kutib olgani chiqqanida yonida polkovnikni ko‘rib, «ie, o‘lgan edi-ku?» deb ajablanmadi ham. Kesakpolvon «Xongirey avval fotiha o‘qigani borar», degan maqsadda «oshnasining g‘oyatda qayg‘uda o‘tirgani»ni aytdi. Xongirey mamnun holda Mamatbey bilan ko‘z urishtirib olgach:
— Oldin ishni qilaylik. Fotiha qochmaydi, — degach, shaharda qolmay, yo‘lga tushishdi.
Jamshid ularni Afg‘on urushidan o‘liklari kelgan askarlardan birining uyiga boshlab bordi. Marhumning ota-onalari maskovlik aziz mehmonlarni izzat-ikrom bilan kutib olishdi. Polkovnik «internatsional burchini bajara turib qahramonona halok bo‘lgan vatan o‘g‘loni orden bilan mukofotlanganini, tushunmovchilik tufayli orden vaqtida topshirilmaganini» aytib uni SSSR Mudofaa vaziri nomidan topshirdi. Yaralari yangilangan ota-ona farzandi yuzini silaganday ordenni silashdi. Ular bilishmasdiki, Moskvaning Arbat deb atalmish eski ko‘chasidan bunaqangi ordendan istaganchasini sotib olish mumkin, guvohnomasini esa kompyuter degan beminnat dastyor aslidan ham yaxshiroq qilib tayyorlab berardi.
Ordenni topshirish paytida Mamatbey bilan Kesakpolvon qabristonda edilar. Izma-iz yetib kelgan odamlari yuk mashinasidan qabrtoshni tushirishdi. Ish shoshqich ravishda amalga oshirilib, qabr ochilib, temir tobut teshilganini go‘rkov ham sezmay qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:06:11

Polkovnik temir tobut minalashtirilmaganiga qa-sam ichgan bo‘lsa ham Mamatbey unga yaqinlashishga qo‘rqdi. Qabriston darvozasi yonidagi chog‘roq xonada go‘rkovni gapga solib o‘tirdi. Oq marmardan ishlangan qabrtosh tuproq ustiga o‘rnatilib, ish bir soatga qolmay yakunlandi. Ana shundan keyin Mamatbey marhumning uyiga xabar yubordi.
Shu tarzda boshqa qishloqlarga ham borishgach, ishning zo‘r darajada uyushtirganlari uchun Mamatbey, Kesakpolvon, Jamshid xo‘jayinlaridan olqish eshitdilar.
— Qabrtosh o‘rnatishni zo‘r topibmanmi? — dedi Xongirey, — o‘lik bo‘lishsa ham ular bizning sheriklarimiz. Men sheriklarimning o‘ligini ham hurmat qilaman.
Ish oxiriga yetgach, Asadbeknikiga fotihaga kelishdi.
So‘ng Mamatbeyning qarorgohida ziyofat bo‘ldi.
Ziyofatdan keyin Jamshid polkovnikni mehmonxonaga boshlab ketdi. Polkovnik u yerda ham aroqxo‘rligini davom ettirdi. Jamshidga  uni tashlab kelish emas, ertalabgacha yonidan jilmaslik topshirilgan edi. Yarim kechagacha polkovnikning jag‘i tinmadi. Afg‘ondagi ishlarini aytib, maqtanib, shuning orasida o‘zi bilmagan holda temir tobutlarga qoradorini qanday mahorat bilan joylashtirganini ham oshkor etib qo‘ydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:06:31

— Sen kim bilan ishlayotganingni bilasanmi? — dedi polkovnik Jamshidning bo‘yniga qo‘l tashlab olib.— Xongirey!  U haqiqiy erkak! Selimni bilarmiding? U meni laqillatmoqchi bo‘ldi. Men esam unga minalashtirilgan tobutni ro‘para qildim. Menga qara, ahmoqqa o‘xshaymanmi, a? Ha! Men o‘ljaga bir to‘da odamning tashlanishini bilardim. Xongirey mardlik qildi. Selim bilan teng sheriklikka kelishuvdim. Xongirey o‘ttiz foiziga ko‘ndi. Menga yetmish foiz tegadi. Tushunyapsanmi? Men eng boy polkovnik bo‘laman. O‘sha yetmish foiz hisobidan Xongirey menga Shaxovskiydagi uyini berdi. Men seni o‘sha yoqqa birga olib ketaman, uyni yuvamiz...
Tun yarimlaganda Mamatbey qo‘ng‘iroq qilib, polkovnikning ahvoli qandayligi bilan qiziqdi. Jamshidning «ichib, sayrab o‘tiribdi», degan javobini eshitib amr qildi:
— Ziyrak bo‘lib tur, mazasi qochsa, «tez yordam» chaqir. To‘rtinchi kasalxonaga olib borasan.
Oradan bir soat o‘tmay, polkovnik yuragi qattiq sanchayotganini aytgach, Jamshid «tez yordam»ni chaqirdi. Bemor kasalxonaga yetkazilganidan so‘ng ham Jamshid iziga qaytmadi. Ertalabga yaqin vrach chiqib, polkovnikning «uzilgani»ni aytgach, Mamatbeyga qo‘ng‘iroq qildi-da, «o‘sha yerdan jilma», degan buyruq oldi...
Jamshid shu voqealarni Asadbekka batafsil bayon qilgach:
— Polkovnik uchun maxsus tobut yasatibdi. Uni Xongireyning o‘zi olib ketdi, — dedi. — Nazarimda yig‘ilgan qoradorilarning yarmi shu tobutda ketdi. Polkovnikning ixtirosi o‘zining boshini yedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:07:20

— Yarmi ketganini qaerdan bilasan, ko‘rdingmi?— deb so‘radi Asadbek.
— Ko‘rmadim, meni bu ishga yaqinlashtirishmadi. Qaerga yashirishganini ham bilmayman. Xongirey ketadigan paytda Mamatbeyga «qolgan yarmi uchun boshing bilan javob berasan», deganini eshitdim.
— Nima uchun hammasini olib ketmadi?
— Tobut og‘ir bo‘lib ketarmikin?
— Yo‘q... unday emas... Mamatbey shu yerda bo‘lsa, demak, ishning chalasi bor.
— Bu ishning bir uchini Halimga aytaymi?
— Nega?
— Agar xitlarga xizmat qilishi aniq bo‘lsa, darrov xabar yetkazadi. Ular Moskovga darak berishadi. Maskovliklar o‘likni ochib ko‘rishadi.
— Keyin-chi?
— Keyin?.. — Jamshid «bilmayman» deganday yelka qisdi.
— Keyin Xongirey senga yopishadi. Hozircha indama...
Asadbek bedor tunda o‘ylay-o‘ylay, chekinib xatoga yo‘l qo‘yganini anglab yetgan edi. Harna bo‘lsa ham o‘rnida mahkam turmagani uchun o‘zini la’natladi. Endi paysalga solmay xujumga o‘tishni mo‘l, qarorgohini shahar markazidan Eski jo‘vadagi vassajuftli uyga ko‘chirishga ahd qilgan edi. Hozir o‘sha ahdiga binoan Jamshidga topshiriq berdi: Eski jo‘vadagi uyni qanday topishni tushuntirib, Tarzanni yoniga olishni buyurdi.

Qayd etilgan