Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)  ( 350930 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 66 67 68 69 70 71 72 73 B


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:08:34

3

Elchin aravachada yurib o‘zini o‘zi eplab qolgani uchun Zaynab kunduzlari onasining yonida bo‘lardi. Tunda esa otasi kabi qiynalib chiqardi. «Men hayotdan to‘ygan edim, jonimni olmading. Akam yashashi kerak edi, o‘limni yubording», deb u ham Yaratganga da’vo qilardi. Da’volari tilga ko‘chmagani sababli uni tavbaga da’vat etuvchi yo‘q edi.
Zaynab otasining xohishiga ko‘ra, peshinga qiymali sho‘rva qildi. Ovqatlanib bo‘lishgach, Asadbek Abdusamadni chaqirdi-da, «kelinlar uyda siqilib o‘tiraverishmasin, shaharni aylantirib kel», dedi. Ular ketishgach, Zaynab onasi bilan birga shiyponni yig‘ishtirdi. Ko‘rpachalarni qoqib, qayta solishayotganida Asadbek chiqib, ona-bolaga «o‘tiringlar», dedi.
— Kecha kechqurun doktor Xudoyor qo‘ng‘iroq qiluvdi, — dedi Asadbek Zaynabga qarab.
Manzuraga bu ma’lum edi. Doktor Xudoyorning nima deyishi mumkinligini ham bilardi. Shuning uchun kechadan beri «u kishi nima dedilar?» deb so‘rashga yuragi betlamayotgandi. Asadbek esa Manzuraning so‘rashini kutayotgandi. Xotinidan sado chiqavermagach, Zaynabga qarab gap boshlagan edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:09:19

— Doktor Xudoyor sal xafa bo‘lib gapirdi.
— Nega? — dedi Manzura.
— Senga nima deb tayinlaganidi? Bir oyda qaytishsin, deganmidi?
— Voy, adasi... — Manzura e’tirozini boshlay olmadi, Asadbek uning gapini shart uzdi:
— Ularga bahonang o‘tmaydi... Men Hamidni... aytmadim. Shu hafta bularni jo‘natishga va’da berdim.
— Shu hafta? — eri bilan bahslashishga odatlanmagan Manzura chorasizlikdan bosh egdi.
— Hamid ham aytuvdi... Ozgina chidagin endi... o‘qishlari chala qolmasin.
Keyingi gapni Asadbek yalinish ohangida aytib, Manzuraning ko‘nglini battar vayron qildi. Asad-         bek — Asadbekligini qilib, qat’iy tarzda xohishini bayon etganida Manzura ham, Zaynab ham ezilishmas edi. Manzura piqillay boshlaganidan keyingina avvalgi Asadbekning ovozi chiqdi:
— Bo‘ldi qil.
— Kelin ham ketadimi?
— Ularning ham o‘qishi bor-ku? Xohlasang birga keta qol.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:09:46

— Voy... — Manzura «o‘g‘limning arvohini chirqiratib tashlab ketamanmi?» deganday eriga qaradi. Asadbek xotinining bir qadam nariga jilmasligini bila turib, bu taklifni aytgan edi. Shu sababli uning qarashiga e’tibor bermadi.
Abdusamadning ham, kelinlarning ham shahar aylanadigan kayfiyatlari yo‘q edi. Otalarining xohishiga ko‘ra chiqqanlari uchun uzoq yurishmadi. Ular qaytib kelishgach, Zaynab akasini xoli xonaga chaqirib, adasining gaplarini yetkazdi.
— So‘rashga uyalib yuruvdim, yaxshi bo‘libdi, — dedi Abdusamad.
— Ketishni xohlayapsizmi? — dedi Zaynab.
— O‘qishni chala tashlashim kerakmi?
— Adam bilan oyimni shu holda tashlab ketaverasizmi?
— Sen borsan-ku?
— Ketmang.
— Nega?
— Adamni yolg‘iz qo‘yish mumkinmas.
— Nega?
— «Nega, nega?» deyaverasizmi?! Tushunmayapsizmi? Hamid akam o‘zlaricha kasal bo‘ldilarmi?
— Nima deyapsan?
— Hamid akamni adamning dushmanlari o‘ldirishgan...

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:10:40

Abdusamadda ham shunday fikr bor, ammo bu gumon aniq tasdig‘ini topmagani uchun ishonmaslikka harakat qilardi. Singlisidan bu haqiqatni eshitib, lol qoldi.
— Kimdan eshitding?
— Birovdan eshitishim shartmi? Men aniq bilaman. Siz bosh o‘g‘ilsiz, qasos olish kerak!
— Zaynab, senga nima bo‘ldi, bunaqa gaplarni gapirma.
— Qasos olmasak, Hamid akam go‘rida tikka turadi.
Zaynabning xuddi otasi kabi keskin gapirishi Abdusamadga ta’sir etdi. Singlisiga bir nima demoqqa qiynaldi. So‘ng so‘z topishga urindi:
— Zaynab, bunaqa demagin. Agar dushmanlarning ishi bo‘lsa ham adam nima qilishni o‘zlari biladilar. Bizni bunaqa ishlarga baribir yaqinlashtirmaydilar. Agar aralashishimizni istasalar bizlarni o‘qitmasdilar. Sen bilan men nimani bilamiz? Limonad tsexlari bor, taksi kooperativlari bor. Yana nima? Qolgan gaplarni mish-mishlar orqali bilamiz. Adam bizning oldimizda ishdan hech gapirmaganlar. Demak, bizni bosh-qa odam bo‘lishimizni istaydilar.
— Qanaqa odam?
— Masalan, olim bo‘lishimizni...
— Qasos-chi?
— Bu gapni xayolingdan chiqarib tashla.
— Hech qachon! Agar siz ketsangiz, o‘rningizga o‘zim qolaman!

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:11:36

Zaynab shunday deb chiqmoqchi edi, Abdusamad yo‘lini to‘sdi. Kesakpolvon «Asadbekning asl qizi», deb yanglishmagandi. Yumshoq ko‘ngilli Abdusamad singlisining yo‘liga g‘ov bo‘lolmadi.
Abdusamad bilan kelinlar safar tadorigini ko‘rishayotganida Zaynab Jamshidni uchratish harakatida bo‘ldi. Uchrashdi ham. Maqsadini aytdi ham. Biroq, Jamshiddan o‘zi kutmagan javobni eshitdi:
— Bu erkaklarning ishi. Agar men o‘lsam, mening o‘rnimga sen kelasan. Ungacha bu gaplarni xayolingdan chiqarib tashla. Bek akamning yonlarida men borman, ko‘nglingni hotirjam qilaver.
Abdusamad ham «bu gapni xayolingdan chiqarib tashla», devdi. Zaynab chorasiz qoldi. Ahdidan otasi ogoh bo‘lsa, o‘zining uy qamog‘iga mahkum etiluvini anglab, Jamshiddan  «Adamga aytmang», deb iltimos qildi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:12:36

XXV b o b

1

Oysanam Erkaevaning uyiga poyloqchi qo‘yish kutilgan natija bermadi. Kesakpolvon bu uyga boshqa kelmadi. Asadbekning davrasidagi bo‘lak odamlardan ham darak bo‘lmadi. Shundan so‘ng Zohid mo‘ljalidagi ikkinchi ishni amalga oshirishdan oldin haydovchi Eshpo‘latovning uyiga borib, uning xotini bilan        gaplashdi. Avvaliga Zohid uchun yangilik bo‘luvchi biron yangi gap chiqmadi. Oldingi tergovchining bayonnomasidagi gaplardan nariga o‘tmadi. Shunda Zohid so‘radi:
— Eringizni tuhmat bilan o‘tiribdi, deb o‘ylaysizmi?
— Unda nimaga o‘tiribdilar?
— Eringizning chiqib kelishini istaysizmi?
— Voy, nega xohlamas ekanman? Bolalarim «adam qachon chiqadilar?» deb siqilib ketishdi.
— Unda yaxshilab eslang: Shokarimov yo‘qolgan kunlari eringiz uyga vaqtida kelgan ekan. Keyin-chi? Kechki payt uni hech kim chaqirmadimi?
Xotin o‘ylanib turib:
— Chaqirdi, — dedi.
— Kim chaqirdi?
— Qayinsinglim, Oysanam.
— Nega chaqirdi?
— Bilmadim.
— Oldin ham chaqirib turarmidi?
— Ha. Mashinasiz bir qadam yurmaydi. Sal narsaga yakshanba kuni ham chaqiraverardi. Boyaqish adamiz dam olish nimaligini bilmasdilar.
— O‘shanda qaysi kiyimda borib-keldilar, eslang.
— Ishga kiyadigan kiyimlari.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:15:20

Zohidning talabi bilan xotin o‘sha kiyimlarni javondan olib ko‘rsatdi. Zohid uning ijozati bilan boshqa kiyimlarini ham ko‘zdan kechirib, ayrimlarini tekshirtirish uchun oldi. Tekshirish natijasi o‘sha kuniyoq ma’lum bo‘ldi: pidjakning yengidagi qon dog‘i, shimdagi tuproq qoldiqlari Zohidni gumon sahrosidan haqiqat vodiysi tomon boshlaganday bo‘ldi. U shosh-qich ravishda tintuvga ruxsatnoma olib, qidiruv guruhi bilan Shokarimovning uyiga bordi. Yerto‘ladagi kavlab, jasad ko‘mib qo‘yilgan joy uning barcha savollariga javob berdi.
Erining o‘sha kuni barvaqt kelgani, so‘ng orada mashmasha chiqib, katta janjalga aylangani, oqibat musht ishga tushganini Oysanam uyda emas, qamoqning so‘roqxonasida aytdi. «Men o‘zimni himoya qildim. «Bo‘g‘aman», deb yopishganlarida itarib yubordim, yiqilib, boshlari dazmolning uchiga tegdi. Shu bilan... jonlari chiqdi», deb uvvos tortib yig‘lashni boshladi.
Masala yechilgach, necha oy davom etgan ish Zohidga oddiy gapday bo‘lib ko‘rindi. Zaripovani ozod qilish haqidagi qarorni yozib berdi. Bir ko‘ngli qarorni o‘zi olib borib, bu jabrdiyda ayolni kuzatib qo‘ymoqchi ham bo‘ldi. Lekin bahsda yengilganini tan olib borishni istamadi. Buning ustiga respublika prokuraturasidan Said Qodirov yo‘qlab qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:16:09

Zohid «Ish»ning yakuni haqida hisob berganidan so‘ng Said Qodirov:
— Asadbeklarning ishi yangi bosqichga kiryapti, — dedi. — Ularning orasidagi odamimiz topildi. Uni narkokurer sifatida Krasnoyarga yuborishgan ekan. Nazarimda sinab ko‘rishmoqchi bo‘lishgan. Uning xabariga qaraganda, Asadbek o‘zining eng yaqin sherigidan uzoqlashgan. Oraga Moskva mafiyasi aralashgan. Demak, ishi yana ham qiyinlashadi. Moskva jinoiy guruhining militsiya bilan aloqasi yaxshiga o‘xshaydi. Biz bir yangi gap topib u yoqqa yuborsak, yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Krasnoyarda bizning odamni mol bilan qo‘lga olishgan. Lekin uning uyiga tekshiruv kelmagan. Biz tomonga xabar ham berilmagan. Keyin uni qamoqdan chiqarishgan. Hozir unga ish buyurmay qo‘yishgan.
— Chaqirib olish kerakdir?
— Hali vaqt bor. Asadbekning «Kesakpolvon» laqabli sherigi Moskva guruhi bilan qoradori bo‘yicha katta ish boshlaganga o‘xshaydi. Asadbek chetda emish. Nega? Shuni aniqlash kerak. Yana bir gap: Mirodil degan odamning xotini bizga murojaat qildi: eri yo‘qmish. Mahmud Ehsonovning janozasidan keyin yo‘qolgan. «KamAZ»dan tushgan odam o‘shanga o‘xshaydi: past bo‘yli, kallasi katta. Laqabi ham shunga yarasha — Xumkalla.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:16:57

— Tinchitib yuborishganmi?
— Shunaqaga o‘xshaydi. Bu ishlar bo‘yicha ma’lumot yuqori idoraga qadar yetib bordi. Yangi kattamiz bu masalada juda qattiq talab qilyapti. Biz sizni bu yoqqa ishga chaqirish maslahatini pishirib qo‘ydik. Asadbeklar doirasiga bog‘liq yopilgan hamma ishlar qayta qo‘zg‘otiladi. Nima deysiz?
Zohid yangi rahbarning talablari haqida mayor Soliev aytgan gaplarni eslab, «demak, asosiy ishlar endi boshlanadi», deb qo‘ydi.
— Nega o‘ylanib qoldingiz? Taklif yoqmadimi? Yo Qo‘rqyapsizmi?
— Qo‘rqyapman. Shu ishning chala qolishidan qo‘rqyapman.
— Endi bundan qo‘rqmang. Vaqtincha, aldovchi chekinish tugadi.
Said Qodirovning bu gapidan Zohidning ko‘ngli yayrab:
— Qahva ichmaymizmi? — deb so‘radi.
— Ha, albatta, endi aqlni peshlab olish kerak.
Ikki kundan so‘ng Zohid Said Qodirovning yonidagi xonadan joy oldi. Ularga harakatning asosiy yo‘nalishini o‘n kun ichida ishlab chiqish topshirildi. Ular guruhning jinoyatlarini bir-bir bayon qilib berishlari mumkin edi. Ammo ularning zimmasida buni isbot etish, guruhning barcha a’zolarini jinoyat ustida qo‘lga olish vazifasi turardi.
U damda Zohid o‘zining bu urinishdagi birinchi qurbon bo‘lishini bilmas edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:17:46

2

Zohid ish joyini o‘zgartirgan kuni Asadbek o‘g‘li, kelinlari bilan Moskvaga qarab uchdi. Uning qaroridan Kesakpolvon Xongireyni ogoh etib, «Jamshid birga kelsin», degan topshiriqni oldi. Jamshidning shaharda Tarzan bilan qiladigan ishlari bor edi. Shuning uchun Asadbek uning o‘ziga xamroh bo‘lishini noxushlik bilan qabul etdi.
Moskvada ularni Ilikoning o‘zi kutib olib, ikki kundan so‘ng Abdusamad bilan kelinlari o‘zi kuzatdi.
Kuzatadigan kuni ertalabdan Asadbekning ko‘ngli g‘ash bo‘ldi. Nazarida farzandini, kelinlarini so‘nggi marta ko‘rayotganday edi. «Sheremetevo-2»ga yetib borishganda bolalari tekshiruvdan o‘tayotgan ekan. O‘g‘lini bag‘riga bosib o‘pganida, kelinlari Ovrupo odatiga ko‘ra uning yonog‘idan o‘pishganda, ayniqsa Mushtariy yig‘idan ovunolmagan holda asta-asta uzoqlashayotganida undagi g‘ashlik alanga oldi. Chap ko‘kragidan bir nima uzilganday bo‘ldi. U hatto «yuragim hozir yoriladi, bu ayriliqqa chiday olmaydi», deb o‘yladi. Yuragi yorilib o‘lganlarni ko‘p eshitgan: avval ko‘z oldi qo-rong‘ulashadi, nafasi qaytadi, keyin chap kuragida qattiq og‘riq sezadi... Asadbek aynan shunday bo‘lishini istadi. Hammasidan birato‘la qutulgisi keldi. Lekin ko‘z oldi qorong‘ulashmadi, nafasi qaytmadi, kuragida og‘riq sezmadi. Faqat bo‘g‘ziga bir nima tiqilib, yig‘lagisi keldi. Ko‘zlaridan yosh oqqanini o‘zi ham sezmadi.

Qayd etilgan