Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)  ( 350928 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 67 68 69 70 71 72 73 B


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:18:27

Uchoq uchib ketganidan so‘ng ham Asadbek iziga qayt-gisi kelmay turdi. Iliko shu yerdagi restoranda joy tayyorligini aytgach, unga noiloj ergashdi.
Iliko «ularning parvozi bexatar bo‘lsin», deb qadah ko‘targach, bo‘g‘zida qadalib turgan narsadan qutulish uchun ham ichdi. Aroq tomog‘ini kuydirib o‘tdi-yu, ammo qadalib turgan narsa yo‘qolmadi.
Jamshidning soatga qarab olganini sezgan Iliko:
— Ishing bo‘lsa boraver, Bekni o‘zim kuzatib qo‘yaman, — dedi.
Jamshid «ijozatmi?» deganday xojasiga qaradi. Asad-bek uni Xongirey chaqirtirganini bilardi. Shu sababli ko‘z qarashi bilan «boraver», deb ruxsat berdi.
Iliko bobosining so‘nggi damlarini, Sulikoni ko‘p eslaganini ayta turib:
— Seni ham ko‘p yodga oldilar, — dedi.
Asadbek cholning armonlarini xayoliga keltirib:
— Bobong senga nasihat qilib qo‘yishimni istagandilar, — dedi.
— Qanaqa nasihat?
— Bobong seni yo‘lingdan qaytishingni, boshqacha yashashingni xohlardilar.
— Buni bilaman... o‘zimga ham aytganlar. Endi or-qaga qaytish yo‘q. Orqada faqat o‘lim bor. Endi o‘yindan chiqish mumkinmas, bu o‘zingga ham ma’lum.
— Oldinda ham o‘lim bor, — dedi Asadbek o‘ychan tarzda.
— To‘g‘ri aytding. Istaymizmi, istamaymizmi, endi ikki o‘lim oralig‘ida «lezginka»ga o‘ynayveramiz.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:18:47

— Men ungacha ozgina bo‘lsa ham odamga o‘xshab yashab olmoqchiman. Mening oshnam bor. Bir kuni «sen baxt izlab umr kechirmading, qasos deb yashading», deb ta’na qildi menga. Umuman u to‘g‘ri aytdi. Endi men uchun bitta qasos qoldi. Keyin baxt izlab ko‘rsammikin? — Asadbek shunday deb ayanchli kulimsiradi.
Iliko sigaret tutatib, tutundan nimadir o‘qiganday tikildi.
— Yo‘q, — dedi u. — Endi kechikding, Bek. Bizning baxtimiz — zo‘r bir dushmanning qo‘lidan o‘lim to-pish.
— Baxtga kechikdim... — dedi Asadbek xo‘rsinib, — Qasosga kechikmasam bas.
— Qasosing — Xongireymi?
— Ha. Yana bir kishi.
— Shoshilma. Xongireyni menga qo‘yib berasan. Unga eng avval men haqliman. Ish pishyapti. Yaqinda u o‘lim farishtasi bilan o‘pishadi. Sen menga halaqit bermay tur.
— Yo‘q, Iliko, sen menga halaqit berma. Sendan ko‘ra men ikki, yo‘q, uch karra haqliman. O‘rtada sen uchun akang bor, xolos. Mening esa do‘stim bilan o‘g‘lim bor. Yana tutingan ukam ham bor.
— Sen nimaga qasd qilayotganingni bilmayapsan. Bu yerda Xongireyni chivin chaqishi ham qiyin.
— Shuning uchun u biz tomonga borishi kerak. Yaqinda borganida g‘aflatda edim. U yana bir boradi.
— Men bexabar qolmay.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:19:23

Ilikoning kuzatuvida «Domodedovo»ga kelgan Asadbek Jamshidni kutib, hatto keyingi uchoqda uchmoqchi ham bo‘ldi. Lekin Iliko bunga ko‘nmadi.

Jamshid ikki kundan so‘ng qaytib, ushlanib qolishi sababini aytdi.
Jamshidni yo‘qlagan Xongirey oldinda katta ishlar turganligidan gapirib, Kesakpolvondan ko‘ngli to‘lmayotganini bildirdi:
— U bir merov, laqma ekan. Bek akang qanday qilib uni yonida olib yuribdi?
Jamshid «bilmayman» deganday yelka qisdi.
— Men uning o‘rnida seni ko‘rmoqchiman, — dedi Xongirey o‘tkir ko‘zini unga qadab.
Jamshid bu kutilmagan gapdan noqulay ahvolga tushib, undan nigohini olib qochdi.
— Mening ustozim Zelixon og‘a odam tanlashni bilardi. Seni menga bekorga tavsiya etmagan. Sen noz qilib o‘zingni u yon-bu yon tashlamaginu, Bekning o‘rniga tayyorlan. Bek seni o‘ldirmoqchi edi. Istasang uni o‘ldirishing mumkin. Men uni senga sovg‘a qildim.
Xongirey bu maqtovlardan so‘ng Jamshidga bo‘lajak vazifani tushuntirdi:
— Kecha Moskvaga polshalik talabalar kelishdi. Komsomolning «Sputnik» degan sayyohlik xizmati bor, bilasanmi? Polshaliklar shularning taklifi bilan kelishgan. Ertadan keyin ular sening yurtingga uchishadi. Ularning orasida krakovlik bir yigit bor. Sen Krakovda bo‘lganmisan?
— Yo‘q.
— Adashma, bo‘lgansan, esingdan chiqdimi? Axir «yuksak askarlik burchingni» Krakov yaqinidagi Sovet qo‘shinlari safida o‘tagansan-ku?

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:19:52

Jamshid Xongireyning nima demoqchi ekanini ang-lab, «davom etavering, maqsadingizni tushunyapman», deb qarab turaverdi.
— Polshaliklar «Yunost» mehmonxonasiga joylashishgan. Sening xonang o‘sha krakovlik yigitning ro‘parasida. Yigitning ismi — Valdemar Vilchek.
Xongirey shunday deb unga surat ko‘rsatdi. Keyin «Krakov» degan suratli kitobni qo‘liga tutqazdi.
— Kechgacha ko‘rib, o‘qib, suv qilib ichib yubor. Kechqurun u bilan restoranda tanishasan. Qolgan topshiriqni Mamatbeydan vaqti kelganda olasan,— dedi Xongirey.

Xongireyning topshirig‘ini, Valdemar bilan tanishib kelganini bayon qilib bo‘lgach, Jamshid «Endi nima qilamiz?» deganday Asadbekka qaradi.
Jamshid «Krakov» degan so‘zni tilga olganidayoq Asadbek Xongireyning Krakovga borishi haqidagi gapini esladi. Otasining vasiyati, amakisining Krakov uchun bo‘lgan janglarda xalok bo‘lganini Jamshidning shu shahar yaqinida xizmat qilgani bilan bir narsa ekanini tushundi. Xongireyning maqsadini fahmlaganday ham bo‘ldi:
— Polkovnikning o‘limini to‘rtinchi kasalxonada tobutga joylashganmidi? — Asadbek shunday savol berdi-yu, javob kutmay, o‘ylandi: «Polkovnik yashagan mehmonxonadan bu kasalxona uzoq. Yoshlarning mehmonxonasi esa juda yaqin... Krakovlik bola ham shu yerga tushmasmikin?..»

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:20:29

— Mamatbey nima qilishni aytmadimi?
— Yo‘q hali.
— Bolani balki polkovnik singari mehmon qilarsan?
— Yo‘g‘-e?
— Molning yarmi shu yerda-ku? Sen to‘rtinchi kasalxonaga bor. O‘likni yorgan odamni top. Siquvga ol. Ammo qochirib yuborma, bizga ham bir xizmat qilib berishi mumkin. Agar men Xongireyning o‘rnida bo‘lganimda qoradorini chet elga Maskov orqali yubormas edim. Chegaradan katta molni olib o‘tish osonmas. Maskovga olib ketgan molni o‘sha atrofda pullaydi. Chet el bilan ahdi bo‘lsa — eng oson yo‘l shu. Bojxonada o‘lik titib ko‘rilmaydi. Sen Tarzanga tayinla. Yigitlarni xitlatib qo‘ymasdan Haydar akangni kuzatsin.
Asadbekning taxmini to‘g‘ri chiqqanini Jamshid polshaliklar Urganchdan qaytishganda bildi. Mamatbey Krakovlik yigitni yaxshilab mehmon qilishni topshirib, qo‘liga ixcham yelim xaltachada kukun berdi. Jamshidning vazifasi shu kukunni musallasga solish edi xalos. Polkovnikni kuzatib borganday borishi, kutib o‘tirishi lozim emasdi. Kechasi qornida kuchli og‘riq turgan mehmonni «Tez yordam» eng yaqin joyga — to‘rtinchi kasalxonaga olib bormog‘i muqarrar edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:21:19

3

Jamshid polshalik mehmonlar bilan uchgan kunning indiniga Xongirey xos yigitlari bilan birga Varshavaga, avtomobil safariga yo‘l oldi. U hammasini aniq hisoblab chiqqan edi. Polshaliklar Urganch sayohatidan qaytishib, Jamshid Valdemarni mehmon qilayotganida Xongireyning mashinasi Brest chegara postidan o‘tgan edi. Uning mo‘ljalicha, Polsha yerlarida sayru-sayohat qilib Krakovga kelgunicha Valdemarning jasadi solingan tobut Krakovga keltirilib, marhum yerga topshirilishi kerak edi.
Xongireyning rejasidan bexabar pan Lyubomirskiy mehmonlarni qarorgohida kutib olib, ziyofat qilgach, olib kelingan qoradorining miqdori bilan qiziqdi.
— Siz aytgandan ko‘ra ko‘proq, — dedi Xongirey unga ayyorlik bilan boqib.
So‘ng molning qaerdaligini aytdi. Bu yangilik ko‘pni ko‘rgan panni ham taajjubga soldi. O‘likning qorniga qoradori tiqish hatto unga ham vaxshiylik bo‘lib tuyulib, qoshlarini sal chimirdi.
— U holda beriladigan pulning o‘n foizini chegirib qolamiz, — dedi u.
Kashfiyoti uchun pandan olqish eshitishni niyat qilgan Xongirey uning bu gapidan ajablandi:
— Nega endi? Ahdni buzasizmi?
— Ahd buzilmaydi. Biz bir polshalik yigitni o‘ldirishga ahdlashmagan edik. O‘n foiz marhumning oilasiga beriladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:21:41

— Uni biz o‘ldirmadik. Ko‘p meva yeb, zaharlangan.
— Yosh yigitlar bekorga zaharlanishmaydi.
Xongirey qovog‘i soliq panning bir so‘zli ekanini bilib:
— Xo‘p, unda besh foizini beramiz, — dedi.
— Men savdolashmayman, — dedi pan keskin tarzda. — Pulni siz bermaysiz, biz olamiz.
Ortiqcha e’tirozga o‘rin qolmadi. Kech kirishi bilan yo‘lga otlanishdi. Pan Lyubomirskiy Xongireyning yigitlaridan qurollarni oldirib qo‘yib, ularni qarorgohda qoldirdi. O‘zi ham qabristonga bormadi. Xongirey uning yordamchilari bilan qabristonga borib tobutning chiqarib olinishini, ochilishini o‘zi kuzatdi. Jasadning egnidagi kiyim yechilishi bilan yorilgan qorinni tikkan iplarga qaradi. Iplar kelishilgandek zarhal edi. Tugunlari ham belgilangancha edi. Xongirey «demak, yo‘lda ochishmabdi», deb yengil tin oldi. Biroq, murdaning qorni ochilib, qoradori o‘ralgan tuguncha ko‘rinmagach, ko‘z oldi qorong‘ulashdi. Pan Lyubmirskiyning yordamchisi «nega aldading?» yoki «senga kim pand berdi?» deb so‘rab o‘tirmadi. Yigitlariga imo qilishi bilan Xongireyning qo‘llari orqasiga qayrilib, kishan urildi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:21:56

Pan Lyubomirskiy ham «nega unday bo‘ldi?» deb surishtirmadi.
— Sen bilan ish pishmasligini sezgan edim. Gamlet hadeb maqtagani uchun ishonibman. Sen katta ish qilolmas ekansan. O‘zingning bu yoqqa kelishing, sening eng katta ahmoqliging. Rejangning nima uchun amalga oshmagani bilan mening ishim yo‘q. Bu sening masalang. Bundan bu yog‘iga sen Lvovga ham yaqinlashmaysan. O‘lgan yigitning xunini esa baribir to‘laysan. Yigirma kilo dorining hisobidan berasan. Pul kelguncha yigitlaring shu yerda turishadi. Bir hafta ichida pul kelmasa, bularning o‘liklarini olib ketasan. Ha, olib ketasan. Bu yerga ko‘mdirmayman ularni.
Katta boylik havasida yo‘lga chiqqan Xongirey orqasidan tepki yeb xorlangan it kabi Moskvaga qayt-di-yu, Kesakpolvonni chaqirtirdi.Xongireyning rejasini o‘zicha to‘g‘ri o‘qigan Asadbek aynan shu yerda yanglishdi: Xongirey nima gap bo‘lganini surishtirish uchun o‘zi kelmay, aybdorlarni chaqirtirishni ma’qul ko‘rdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:23:06

4

Moskvaga shoshqich chaqirtirilganlarining boisini Mamatbey ham, Kesakpolvon, Jamshid ham bilishmas edi. Xongirey ularning har biri bilan alohida, alohida gaplashdi. Unga qadar Kesakpolvon ham, Jamshid ham zindon kabi qop-qorong‘u va zax yerto‘lada mahbus kabi saqlandilar.
Jamshid o‘z vazifasini bexato bajargan edi. U polshalikning vafotidan keyingi bo‘lajak voqealardan bexabar edi. Keyingi ishlardan faqat Mamatbey bilan Kesakpolvongina xabardor edi. Shuning uchun Jamshidning boshi ustidagi gumon buluti tarqalib, Kesakpolvon tomonda quyuqlashdi.
Polkovnikning tobuti yonida ham, krakovliknikida ham Kesakpolvon turgan edi. U tobut qopqog‘ini mahkam mixlatib, qotirib ketgandi. Ketishi bilan Tarzanning kelishi, tobut ochilib, qoradori olinishi, marhumning qorni avvalgiday tikib qo‘yilishini u yetti uxlab, bir tushida ko‘rmagan edi. Masalaga qorinni yorgan do‘xtir oydinlik kiritishi mumkin edi. Ammo Xongirey Kesakpolvonga bunday imkoniyat bermadi. Jamshid bilan qaytgan Mamatbey o‘sha odamni qidirdi. Biroq, topolmadi.
Xongirey «Asadbekka sovg‘a», deb bir quti berib yuborgan edi. Jamshid unda nima borligini taxminan bilganligi uchun ko‘rsatgisi kelmadi. Lekin sovg‘a olib kelganini bildirdi.
— Ko‘rsat,— deb talab qildi Asadbek.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 16:23:51

Jamshid uni uyga olib kirishni istamadi. Asadbek ko‘chaga chiqqach, mashina yukxonasini ochib, quti bog‘langan shoyi tasmani yechdi.
Jamshidning taxmini to‘g‘ri edi — qutida Kesakpolvonning kallasi yotardi. Asadbek unga uzoq tikilmadi. Bir paytlar uning yuziga tupurgan lablar go‘yo alam bilan qimtilgan edi. Chaqchayib qolgan ko‘zlar esa go‘yo «Men o‘lmaganman, tirikman, men o‘lmayman» deya-yotganday edi. Asadbek bu o‘lik basharaga tupurgisi, tupurib xumordan chiqqisi keldi. Biroq o‘zini tutdi. Qutining qopqog‘ini yopdi-da:
— Ko‘mdirib qo‘y, — dedi.
— Qaerga? — deb so‘radi Jamshid.
— Malla go‘rkovga ayt, Hosilning go‘riga qo‘ysin.
Jamshid mashinaga o‘tirayotganida Asadbek uni to‘x-tatdi:
— Mallaga tayinla, ko‘zlarini yumdirib, keyin qo‘ysin.
Go‘rkov xarchand urinmasin, qotib qolgan mijjalar yumilmadi. Shundan so‘ng u ochiq ko‘zlar ustiga bir hovuch tuproq to‘kdi-da, lahad ustidan tuproq tortdi.
Bu dunyoga sig‘ishmay, talashgan ikki odam bir lahadda jam bo‘lishdi...

Qayd etilgan