1
Deyarli bir oy oldin meni garovga olishdi. O'shandan beri qancha vaqt o‘tganini aniq ayta olmasligimga sabab, tog‘lar orasidagi kichik meteorologik uychadagi tutqunlikda vaqtni aniqlashning imkoni yo‘q edi. Biz bunda ikki kishimiz: men va Li ismli bir xitoy yigit, yon atrofda o‘z mustaqilligi uchun kurashayotgan jangarilar guruhidagi turli-tuman odamlar. Umuman olganda, ular bizga o‘zlarini yaxshi ko‘rsatishga intilishadi, sababi, biz chet ellikmiz, magar ba'zan hukumat uchoqlari ular ustiga bomba tashlash uchun yopirilib kelganda, judayam qo‘pol va yoqimsiz bo‘lib ketishadi. Bunday paytda ular bizni ushlab, boshimizga qop kiygizib, yaqinroqdagi g‘or yoki boshqa pana joyga sudrab ketishadi. Biz esa kun bilan tunning farqiga bormay yotamiz. Bomba tushishini hisobga olmaganda, hayotimiz, agar uni hayot deb atash mumkin bo‘lsa, bir-biriga bog‘langan holda bir xildagi boshpana ostida uxlash, qachon berilishini kutiladigan ovqat - asosan, muzlagan kartoshka, suvda qaynatilgan makaron, ba'zan esa dudlangan go‘sht, qotgan non hamda Xitoy ko‘k choyidan iborat. Hojatxona tashqarida bo‘lib, yeguligimizga qarab bizni kuniga ikki-uch mahal boshimizga haliginaqa qoplarni o‘rab-chirmab, u yoqqa olib chiqishadi.