Koʻk Turklari asiri (roman). Nouman Smaylz  ( 129543 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 31 B


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:06:38

8

Judayam ta'sirchan odamman-da. Bu so‘zni to‘g‘ri ishlatdimmi-yo‘qmi, harqalay, avval ishlatmoqchi bo‘lganim «ishonuvchan»dan ko‘ra yaxshiroq bu so‘z. Aytmoqchimanki, meni ishontirish judayam oson. Yangi gazetaning har bir soni fikrimni o‘zgartirishi mumkin. Ushbu murojaatnomani Yefrem Valaamovdan o‘qish uchun nechog‘li ta'sirlanganimni tasavvur qilavering. Judayam insofli odamman shekil, lekin har bir chaqiriq o‘zimni aybdorday his qilishimga majbur qiladi, go‘yoki vaziyatga ko‘ra harakat qila olmayapgandayman.
Fonteneblodagi shohona parkda hayrat ichra sayr qila turib, uning chekkaroqdagi qismiga keldim va qadim daraxtlar ostidan oqayotgan erta kuzakning tip-tiniq jilg‘asiga tizzalab egildim. Ilk sariq bargchalar sokin oqayotgan suv yuzasida o‘ynar, bu menga sahrodagi vohaning asta-sekin yemirilish jarayonini eslatdi. G'amgin bo‘lib qoldim. Yo‘q, o‘zim uchun emas, balki o‘zim bilgan necha odamlarning umri uchun. Go‘yoki nafaqat o‘zimning janozamda, balki barchamizning umumiy hayotimiz janozasida qatnashayotganday chuqur qayg‘u ichra qoldim...

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:07:00

9

Daraxtning to‘kilgan bargi misol sirli O'limning jilg‘asi aro surilib borar edim. Kim meni o‘ldirmoqqa qasd qildi? Nega? Nahot, ma'lum bir nuqtadan, ya'ni Luk bilan hamkorlikni boshlaganimdan beri hayotimdagi har bir narsa o‘lim haqida kechgan bo‘lsa? Qanday xato o‘tdi axir?
Bu savollarmi yoxud qiziqqonligim, bilmayman, qo‘limda mavjud barcha ma'lumotlarni tekshirishga undagan narsa nima ekan, har qalay o‘shandan beri vaqtimning asosiy qismini Parij kutubxonalari va muzeylarida o‘tkazdim. Avval Yefrem Valaamovdan boshladim.
Men uning bir qancha maktublari, maqolalari va hatto Tibet tarixiga bag‘ishlangan kitobini topdim. Bularning aksariyatini o‘qib chiqib, asta-sekin uning qiyofasini qayta tiklay boshladim. U Rusiya viloyatlaridan birida tug‘ilgan bo‘lib, ota-bobolarining kelib chiqishi tatar millatiga mansub bo‘lgan. (Shu o‘rinda bir mashhur gapni bilib qo‘ysangiz yomon bo‘lmasdi: «Har bir rusning sirini ko‘chirsang, tagidan tatar chiqadi». U «siri ko‘chmagan» ruslardan edi.) 19-asr boshida dorilfununni tugatgach, u o‘zini ruhoniy bo‘lishga tayyorladi va keyinroq rohib bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:07:11

Garchi u rohib bo‘lsa-da, hech qachon turmushni diniy yoki dunyoviy deb ikkiga ajratgani yo‘q. Aleksandr Pushkin uning do‘stlaridan biri edi. 19-asr adog‘ida uni pravoslav delegatsiyasining a'zosi sifatida Markaziy Osiyoga, keyinchalik esa Tibetga yuborishdi va u bu yerlarda mahalliy tillarni o‘rganib, qo‘lyozmalar yig‘ish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Safari so‘nggida u Peterburgga 15 karvonga yuk bo‘lgulik kitoblar keltirdi. Noma'lum sabablarga ko‘ra, Abo Yefrem mansabidan chetlashtirilib, Valaam Rohibgohiga jo‘natiladi va u shu yerda Valaamov degan sharif oladi. Bir necha yil u sharq qo‘lyozmalari ustida ish olib bordi. Keyinchalik rus hukumati uning rejalarini Markaziy Osiyoni kengaytirish va kolonizatsiya maqsadlarida ishlatish uchun bu sharmanda rohibdan foydalanishga, uni yana bir bor yarim-maxfiy yumush bilan o‘sha uzoq o‘lkalarga yuborishga qaror qiladi. Men Abo Yefremning josus bo‘lgan-bo‘lmagani haqida bexabarman, lekin uning bir qancha qo‘lyozmalarni rus va frantsuz tiliga o‘girgani, Markaziy Osiyo tarixi va turmushi to‘g‘risida bir juft ilmiy kitob e'lon qilgani ma'lum. Shu tariqa uni Uyg‘uristonda, aniqrog‘i, Qoshg‘arda hibsga olishgan va u bunda qanday vafot etgani ma'lum emas. Shekspir aytganiday, ana shunaqa kechdi uning hayoti.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:07:22

10

Lukdan hech bir xabar bo‘lmadi. Garchi Urumchidagi portlashlar ancha g‘avg‘oga sabab bo‘lsa-da, menga shunday tuyuldiki, Luk bilan umuman hech kim qiziqmadi. Hech kim uning uchun qayg‘urgani yo‘q. Magar Lukning o‘zi, misol uchun, Zev to‘g‘risida biror nima bilar edimi? Darvoqe, Zevga nima bo‘ldi? Lukka yetkazishim kerak bo‘lgan kundalik daftarni har tun o‘qib chiqarkanman, ilmiy qog‘ozlarni hisobga olmaganda, u asosan, Zevning Shia-Chang ismli yarim xitoy, yarim uyg‘ur qizga oshiq bo‘lib qolganligi haqidagi ishq-muhabbat yozishmalaridan iborat edi. Gapning lo‘ndasini aytganda, u qizni mashhur «Hangshen Bingua» yonidagi taksi turar joyida uchratgandi. O'shanda u bo‘m-bo‘sh «Holidey In»da kechki ovqat qilib qaytayotgan, shu yerda bir italyan konstruktori mahalliy aholining xiyonatkorligi xususida uni ogohlantirib edi. «Ular kulib turib, boshingizdan ayirib ketishlari hech gapmas», degan edi sakkiz yildan beri shunda yashab kelayotgan italyan. Taksi turar joyida Zev mehmonxonaning narigi tarafidan shoshib kelayotgan qizga ko‘zi tushdi. Ular ayni bir taksining oldida bir-birlariga urilib ketay deyishdi, shunda Zev unga iltifot bilan yo‘l berdi, bunga javoban qiz uyg‘ur tilida unga tashakkur aytdi. Zevning yozishicha, u uyg‘urchani juda zo‘r bilmasa-da,

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:07:40

lekin o‘sha lahzada uyg‘urchada qandaydir chiroyli gap aytishning uddasidan chiqa olgan. Bundan qiz hayratga tushgan. Ularning sharq she'riyatiga mehri balandligini bilgan Zev agar bir-ikki daqiqa vaqtini ayamasa, qizga ularning qadim bir shoirlari to‘g‘risida qiziq hikoya aytib berishini iltimos qilgan. Qizga bu gap yoqib tushib, «jonim bilan» deya unga quloq tutgan. U bu o‘rinda yolg‘on ishlatgan, chunki u hikoya qilmoqchi bo‘lgani uyg‘ur emas, balki turk (garchi ikkisi ham bir) shoiri Fuzuliy edi. Kunlarning birida Fuzuliy ko‘zasiga quduqdan suv olayotgan bir arab qizini uchratib qolibdi. Uning go‘zalligidan hayratga tushgan Fuzuliy so‘rabdi: Mening kimligimni bilasanmi, ey jonon? Men turkiyda she'rlar bitadigan buyuk shoirman. «Men turkchani bilmayman», debdi go‘zal. Uch kun ichida Fuzuliy arab tilida bir she'riy devon tartib berdiki, u boshdan oyoq ana shu go‘zalga bag‘ishlangan edi. «Ikki daqiqada bu hikoyani sizga aytib berdim, magar uch kun ichida men ham Fuzuliy kabi sizga butun bir kitobni bag‘ishlagan bo‘lardim», xulosalaydi o‘z so‘zini Zev. Qiz xoxolab kulib yuboradi. O'sha tun ular birgalikda «Hunshang Bingua» ro‘parasida turgan taksiga o‘tirib, atrofni tomosha qilishga ketishadi.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:07:59

11

Moviy osmon ostida va qizg‘ish yerning ustida odam yaralgan. Mening bobolarim Buminxon va Istamixon necha xalqlar ustidan hukmronlik qilib o‘tishdi. Ular turkiy xalqlar birligini mudom saqlab kelishdi. Dunyoning to‘rt tarafi yog‘iy edi. Ular butun dunyoni zabt etib, unda tinchlik-osoyishtalik hukm surishini ta'minlashgan. Yelkalariga bosh qo‘yganga qulluq qilib, tiz cho‘kkanning qarshisida egilishgan. Ular shunday oqilu dono va botir xon edilar, ularning ishlari ham aqlga muvofiq va qo‘l ostidagi odamlari mard va jasur edi. Shu bois ular uzoq hukmronlik qilishdi. So‘ngra esa abadiy uyquga ketmishlar.
Aza kunida kunchiqar tomondan, tabg‘achlar, tibetliklar, avarlar, romanlar, qirg‘izlar, uchqo‘rg‘onlar, o‘tiz-tatarlar, xitanlar, tatabilar, son-sanoqsiz odamlar yig‘i va azaga to‘planishdi. Ular ana shunday ulug‘ xon edilar.
Shundan keyin ularning inilari, so‘ngra ularning og‘alarining o‘g‘li xon bo‘ldi. Kichik ukalar katta akalari kabi emasdi, o‘g‘illar otalariga o‘xshamasdi.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:08:10

Nooqil xonlar hukmronlikni boshlashdi, hokimiyat qo‘rqoq xonlar qo‘liga o‘tdi, ularning tartibi ham ma'nisiz va odamlarida jasoratdan uchqun yo‘q edi. Turklar o‘zlarining pokiza erkagu ayollari bilan tabg‘achlarga asir bo‘lmishlar. Men-da bir Xon bo‘ldim, faqat badavlat xalq ustida emas, balki na ichi ovqatga va na tashi kiyimga yolchigan bir xalqqa. Shundoq, bir kambag‘al va bechora xalqqa xon bo‘ldim. Kichik ukam Kul-tegin bilan suhbat qurib shunday xulosaga keldikki, ajdodlarimizning nomi va shavkatini saqlab qolish maqsadida, men turkiy xalqlarning saodati deya tunlar mijja qoqmadim, kunlar huzurga berilganim yo‘q. Kichik ukam Kul-tegin bilan o‘la-o‘lguncha mehnat qildik...
Men butun dunyoni o‘zimga bo‘ysundirdim va barcha xalqlar menga bosh egdi...
O, turkiy xalqlar, eshityapsizmi? Aytmoqchi bo‘lganimning barini ushbu abadiy toshga o‘yib yozdirdim... Bilga-xon...

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:08:25

12

Kecha birinchi marta qaerda ekanimizni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Hatto asirlikda ham kishiga hordiq kunini yodga soladigan kunlar bo‘lar ekan. Quyosh yanada yorqin va iliq nur sochyapti, kun ancha sokin va yoqimli. Atrofdagi odamlar ham bir qadar xushkayfiyat. Garchi buni meteorologik boshpanadan ko‘rish imkoni yo‘q esa-da, lekin his qilish mumkin. Ikki soatcha keyin meni yana o‘sha bir xil his qopladi - qo‘riqchilarimiz shaxmat o‘ynashar, Li va men kitob o‘qib o‘tirardik, lekin birdan samoda harbiy samolyotlarning ovozi eshitildi va shu bilan yakshanba kunimiz o‘z nihoyasiga yetdi. Qo‘riqchilar darhol bizni ushlab, boshimizga qop kiygizishdi-da, bombadan saqlanadigan boshpanaga sudrab ketishdi. Bu orada men yaqinlashib kelayotgan hushtak ovozi va judayam yaqinimizda bomba portlaganini eshitdim. Hammasi bir lahzada sodir bo‘ldi: otishma, portlash, toshlarning har tomonga sochilishi - do‘zaxni eslatuvchi manzara, hozir men uni birma-bir tahlil qilyapman: men Lining baqirganini eshitaman, toshlarning qulashi, qoyalarga otilgan tanam, hushtak ovozi, erib borayotgandayman... Lekin o‘zim haqimda o‘ylashga fursat yetmaydi, magar shuni aniq bilamanki, miyamga kelgan fikr shu edi: Li o‘ldi! Yo‘q, u tirik edi, uni sudrab borayotgan jangari tosh bosib o‘lgandi. Shunday qilib, biz hali boshpanaga yetib ulgurmagandik, sekin siljib borarkanmiz, kimdir Lini turtar, bo‘ralab so‘kar va la'natlarkan, boshqa bir ikkitasi meni tepa boshladi, men g‘ujanak bo‘lib oldim, badanimning zirqirab og‘rishi hali tirik ekanimdan darak berardi.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:08:36

Keyinroq bizni boshpanamizga olib kelishdi va boshimizdagi qoplarimiz bilan shu yerda qoldirishdi. Jangarilar boshlig‘i kelib bizni bo‘shatishni buyurdi. Men yuzimni ko‘rolmasdim, lekin Lini ancha momataloq qilib qo‘yishgandi. Yuzimdan, yo‘q, soqolimdan qon oqayotganini sezdim. Komandir yuvinib olishimizni buyurdi, keyin qo‘riqchilarimizdan biri halok bo‘lganini e'lon qildi. Ular ibodat qila boshlashdi. Nigohlari burgutnikiday o‘tkir, xushbichim, siyrak soqolli kelishgan komandir imomlikka o‘tdi. So‘ng ular chiqib ketishdi, bir muddatdan so‘ng bir chopar kelib, komandir bizni ham ko‘mish marosimiga olib borishni buyurganini aytdi. Bir oy ichida ilk bor boshimizdagi qopsiz yurishga ruxsat berishdi.
Shunday qilib, janozaga, og‘riqqa va kelgusida bo‘ladigan qo‘rquvga qaramay, o‘sha kun yakshanba edi. Garchi ortimizdagi quyosh ortga qarashga qo‘ymaydigan darajada yorqin nur sochayotgan bo‘lsa ham, atrofimizdagi qoyalar moviy-qora, ustimizdagi muzliklar va cho‘qqidagi qor ko‘zni qamashtiradigan darajada oppoq edi. Bizni qoplab olgan qora-moviy osmon muzdek havodan nafas olgan kabi vujudimizga chuqur sizib kirdi. Men shunda jangarilar yig‘isini ko‘rdim. O'lgan birodarlari uchun uvvos solib yig‘lashar edi ular. Keyin qichqirib osmonga qarata o‘q otishdi, so‘ng komandir bizga bolg‘a va qalin o‘tkir pichoq berishni, menga inglizchada, Liga esa xitoychada, halok bo‘lgan birodarlari ismi, tug‘ilgan va o‘lgan yilini qoyatoshga o‘yib yozishni buyurdi...

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:08:48

13
   
Zevning kundalik daftari menga yod bo‘lib ketdi. Undan Shia Changning birinchi bor uni tashlab ketgani, ertasiga intizorlik bilan qizning qo‘ng‘irog‘ini kutishi, qiz esa bir kun o‘tib qo‘ng‘iroq qilgani, ularning tungi izvoshda ko‘rishishgani, Zevning qizni o‘pgani-yu, aldanib qolgani haqidagi tafsilotlar ayon edi menga. Bu chindan ham aytsa arzigulik hikoyadir. Navbatdagi uchrashuvda Zev qizdan uyiga kelishini qattiq turib iltimos qildi. Avvaliga qiz singlisini bahona qilib ko‘nmadi. Lekin darhol nimadir xarid qilish uchun Zevdan pul berib turishni so‘rab, taksiga o‘tirdi-da, magazinga ketdi. Zev uning qaytishini sabrsizlik bilan kutdi, oradan besh daqiqa o‘tdi, o‘n daqiqa o‘tdi, biroq qiz qaytib kelmadi. Ular zim-ziyo qorong‘ilikda shahar tashqarisidagi kimsasiz bir joyda edilar, 15 daqiqa o‘tgach, Zev bezovta bo‘la boshladi, churq etmay turgan haydovchi birdan toqati toq bo‘lib, soatiga ishora qildi. Zev undan qiz qaerda qoldi, deb so‘radi inglizchada. Haydovchi inglizchani bilmasa-da, lekin savol mazmunini ilg‘adi va imo-ishora bilan qizning ketib qolganini tushuntirdi. Ketgan bo‘lsa qaytardir, so‘radi u yana. Yo‘q, dedi haydovchi. Unday bo‘lsa, nega bu yerda qaqqayib turibmiz? Zevning kayfiyati tushib ketdi, qanday bema'nilik, dedi u. Haydovchi yelkasini qisib qo‘ydi.
Ertasi kuni qizga qo‘ng‘iroq qilganda, u yomg‘irdan keyingi osmonday toza va bokira tutdi o‘zini. Zev uni na pul va na aldangani uchun aybladi, birgina «yana qachon ko‘rishamiz», deb so‘radi. Qiz tayinli bir kunni aytdi, lekin bu safar tungi klubda uchrashishga kelishdilar. 

Qayd etilgan