148
Tavba, nega endi Tongyuquq hayotini tushunish o‘z hayotimda yordm beradi, deb o‘ylayapman? Nega Turfon-Suchjou yo‘lida tog‘lar bag‘ridagi daryo yoqasida joylashgan Kumush qishlog‘ida to‘xtaganimizda ham ana shu xayolga bordim? Endi, Lining xatini o‘qib bo‘lgach, nega u haqida o‘ylayapman va bundan avvalgi fikrni Tongyuquqning so‘nggi ziyoratiga moslashtiryapman? Yo oxirgi jang to‘g‘risida o‘ylayapmanmi? Kim haqida? Tongyuquqmi? Balki o‘zim va Li xususidadir?
Kumulda ko‘p qimiz ichvolib, ko‘zim ilingan ekan, g‘alati tush ko‘rdim: cho‘milish havzasi oldida o‘tirgan emishmiz va plastik yo qog‘oz oqqush suv yuzasida bizni xushnud qilish uchun suzib kelmoqda ekan. Birdan u tupura boshladi va men uning so‘lagi zaharlanganini sezdim. Agar qimirlasam, u buni sezadi, - o‘yladim men - lekin bu ochiq joyda ham o‘tira olmayman. Shu bois sekingina qo‘zg‘algan edim, oqqush ortimdan ergashdi va qochishdan o‘zga choram qolmadi. Qochar ekanman, ortimdan jodugar ta'qib etib kelardi. Narirog‘dagi devorda chiqish eshigi bor edi, uni itararkan, naqadar og‘irligini his etdim. Lekin undan-da og‘iri eshik ortida ham devor borligi haqida o‘ylash edi. Shu tariqa eshik orqasiga yashirindim - endi u zahar tupurolmadi.