Koʻk Turklari asiri (roman). Nouman Smaylz  ( 129579 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 25 26 27 28 29 30 31 B


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:54:15

Buvim «Bekor o‘tirgandan ko‘ra bekor ishlagan yaxshi» deb tez-tez takrorlardilar. Xullas, qo‘rquvni quvish uchun yo‘limda davom etdim. Uchinchi g‘orga yetganda, shuni aniq tushundimki, garchi istasam ham, ortga yo‘l yo‘q edi endi. Bu yerga chiqish uchun rosa ter to‘kkandim. Yana bir bor ufqdagi sarobga qarab turdim-da, yo‘lda davom etdim. Biror narsa to‘g‘risida o‘ylayotganmidim? Aytish qiyin. Balki shunchaki xayol uchqunidir, ya'ni bu ertakdagi so‘qmoqlarga o‘xsharkan, deganga o‘xshash. To‘rtinchi yo beshinchi g‘or oldida yonayotgan archa va qog‘oz tutuni dimog‘imga urildi va uning qaerdan kelayotganini bilishga intilib, ketaverdim, ketaverdim...
Tun va kun o‘z ma'nosini yo‘qotgan, dunyodagi boshqa barcha narsalar ham ma'nisiz ko‘ringan mahal yettinchi g‘orga yetib keldim...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:54:24

150

Qishloqning narigi tomonida itning hurishi eshitildi. Qorovulimiz qishloqdagi eng oxirgi itni o‘zi bilan olib yurishga odatlangandi. Kampirning tosh qafasidan to‘ppa-to‘g‘ri shtab tomonga qarab yurdim. Bu o‘sha qachonlardir o‘zimiz panjara ortida o‘tirgan bino. Ichkarida chiroq yoniq turardi. Binoga yaqinlashib, quloq tutdim: it hurishi uzoqlashib borar, derazadan sariq shu'la taralardi. Ehtiyotkorlik bilan orqa tarafdagi derazadan ichkariga nazar tashladim. Hech kim yo‘qqa o‘xshardi. Yana quloq tutdim. Yuragimning urishidan bo‘lak tovush eshitilmasdi. Keyingi deraza tomonga surilayotib, oyog‘imning tagidagi bo‘sh paqirga qoqilib ketdim va u qorong‘i bo‘shliqda ovoz chiqarib quldirab ketdi. O'zimni yo‘qotib qo‘yayozdim. Hoziroq eshik ochilib, ular sokin tunni, unda mening o‘zimni chilparchin qilib yuborishadi, deb o‘yladim. Baxtimga qishloqning narigi tomonida it hurdi va uning sadosi qoyalarga urilib jimib qoldi. Nafasimni ichimga yutib, derazadan qaradim va xona o‘rtasida kimdir polda yotganini ko‘rdim. Shu zahoti tana qanor qopga o‘ralgani va tananing yuz qismi qonga belanganiga ko‘zim tushdi. It hurib, men tomonga yaqinlashayotgan zamon, yerda uzala tushgan tananing oyoq tarafida ikki tanish trener ham borligini sezib qoldi nigohim...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:54:36

151

Li o‘lgan edimi? Yo qanor tagida qotib qolgan eski qon bilan uxlab yotibdimikin? Lekin qonli qopga kim uni o‘rab qo‘yishi mumkin? Chiroq nega yoniq turibdi? Qolganlar qayoqqa ketdi? Menga endi nima bo‘ladi? Ana shu savollar qurshovida kampirning tosh qafasi ortida qaltirab turardim. Qo‘riqchi yaqin atrofda tentirab yurar, qattiq hurish uy yonida eshitila boshlagandi. Ular meni ta'qib etisharmikin? Atrofimda nima bo‘layotganini bilmay qoldim. Bu qachonlardir yettinchi g‘orda asir bo‘lganim tuyg‘uga juda o‘xshab ketardi.
U yerda, o‘n besh-yigirma daqiqadan so‘ng, osmon sarg‘aya boshlagach, zim-zimiston g‘or ichiga kirib ovoz berdim. Lekin o‘z ovozimning aks-sadosidan bo‘lak tovush yo‘q edi unda. Asta chuqurroq kiraverdim. Balki keksa darvish tonggi ibodat bilan mashg‘uldir, degan xayol o‘tdi miyamdan. Bir oz kutib turib, yana qorong‘ilikka qarab salom berdim. Hech kimdan sado chiqmadi. Yanada ichkari kirib, gugurt chaqdim. G'ira-shiralikda tafakkurga cho‘mgan holda qimir etmay o‘tirgan g‘alati shakldagi odamlarga ko‘zim tushdi. Qo‘rquv va qiziqish ichra ulardan biriga yaqinlashib, qo‘limni tekkizib ko‘rdim.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:54:42

U Buddaning tosh haykali edi. G'orning chuqurrog‘ida jildirab oqayotgan suvning tovushi eshitildi va o‘sha tomonga qarab yurdim. Mana endi avval yodlab olganim g‘orda aniq-tiniq mo‘ljal ola bilardim. Birinchi zalning yuqorisida o‘tirgan yettinchi Buddaning orqasidagi maxsus joyda qadimgi uyg‘ur qo‘lyozmalari bo‘lishi kerak. Ularning orasidan Keksa Darvish yolg‘iz o‘tirib, tafakkurga cho‘madigan, g‘orning eng muqaddas joyini ko‘rsatib beradigan ikkinchi sxema-rejani topa olardim. Shunday qilib, qo‘limni teshikka tiqib, qog‘ozlarni paypaslab topgach, endi tashqariga tortib chiqarmoqchi bo‘lib turganimda... birdaniga qo‘llarimni orqaga qayirib, boshimga dag‘al bir qop kiygizishga ulgurishdi. Kattakon qo‘l chang latta ostidan og‘zimni yopib turardi... Keyin yuzim Buddaning tosh haykaliga urilib, ko‘zlarimda olov chaqnab ketdi va shu zahoti hushimni yo‘qotdim.
Shu tariqa ana shu joyda asirga tushdim.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:54:52

152

Zamon va makon tuyg‘usidan ayrildim. Berkitilgan yuzimning og‘rig‘i shivalab yog‘ayotgan yomg‘ir ostida to‘xtab-to‘xtab borayotgan yuk mashinasining harakati bilan qo‘shilib ketgandi... Hech bir narsani o‘ylolmas, bunga madorim ham yo‘q edi. Nimaga kelgandimu, nima bilan qaytyapman?
Hozir ham xuddi shunday tuyg‘u yuragimni o‘rtardi. Barcha rejalarim noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi, bari barbob bo‘ldi. Tartib bilan yaratilgan koinot tartibsiz bir narsaga aylandi. Saltanatlar ostin-ustun, odamlar halok bo‘ldi. Yo bu shunchaki mening boshimda qanot qoqayotgan o‘lim nafasimikin? It hurishi miltiq tovushi bilan qo‘shilib ketdi.
O'zimni ikkinchisini yo‘qotib qo‘ygan egizakday his qildim. Nogiron kishining yolg‘iz oyog‘i kabi. Lekin mening ikkinchim kim edi? Li-mi? Luk? Zev? Rohib Valaamov? At-Tohariy? Bilga-Hoqon? Tongyuquq-mi? Va yo o‘limidan oldin o‘lgan Kul-Teginmi? Balki ularning hammasidir? Balki o‘zim o‘zimga egizakdirman? Xuddi «grosbux»da mijozlari bo‘lmaganda, o‘ziga-o‘zi tilmochlik qiladigan tarjimon singarimanmi?

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:55:00

Balki butun dunyo o‘ziga o‘zig egizdir va shu bois ma'nisiz, hissiz hayotning yuzada davom etishiga to‘sqinlik qilmas, bu yuza suvning yuzasiga o‘xshab nurli, oppoq, uchib yurgan bulutlarni o‘zida aks ettiradi, lekin kimda-kim bu sarobga ishonsa, uni o‘z qa'riga cho‘ktirib, bir zumda asir oladi. Men dono tulki ovlovchi jangda halok bo‘lish uchun ketmasidan burun, Tongyuquqning buxorolik shahzoda Nihon-Sangga aytgan so‘nggi so‘zlarini hech kimga aytmagandim. Bu so‘zlarni taqinchoq kabi bo‘ynimga osib yuribman, uni o‘z muhabbatining nishonasi sifatida hayotimning eng yaxshi va eng yomon lahzalari uchun Fiona (o, mening kulgili, noqonuniy, imkonsiz va yagona sevgim!) bergan edi menga. Bu uning ota-bobolari - Ko‘k Turklaridan yodgor edi.
Tangri bizni kurashish va g‘alaba qozonishimiz uchun kuch-qudrat bilan siyladi. Hatto dushman ko‘pchilikni va biz ozchilikni tashkil etishimizga qaramay, g‘alaba biz tomonda bo‘ldi. Biz undan-da ulug‘roq marhamat istadik. Uzun istaklarimizning asiriga aylandik. Biroq halokat ostida yana bir yangi g‘alaba bor. Menkim, Tangri yorlaqagan Dono Tongyuquq, unutilgan odamlarimni ko‘k turklarning g‘olibona shon-shuhratini yoyish va abadiylashtirish uchun dunyoning to‘rt burchiga yubordim.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:55:11

So‘ngso‘z

Shu joyda qo‘lyozma o‘z nihoyasiga yetadi. Biroq ikki betli boshqa bir ilova ham olgandik. Garchi bu galgisi avvalgisi kabi husnixatda yozilmagan esa-da, lekin buzuq inglizchada xuddi o‘sha mavzuda bitilgandi, shu bois uni ham Grossbux matniga ilova sifatida taqdim etish foydadan xoli bo‘lmasa kerak, deb o‘yladik. Alalxusus, mana o‘sha matn.
«Men hamma joyda bo‘lganman, biroq hech qachon dunyoning eng baland nuqtasi, masalan, Everestda bo‘lgan emasman. Lekin tap-taqir qoyada o‘tirarkansiz, pastdagi istagan tomonga qarab, eng baland tepalikda turibman, deb tasavvur qilishingiz mumkin. Hamma yo‘llar oyoqlaringiz ostiga keladi, barcha tomonlar sizning ko‘rish nuqtangizdan tarqaladi. Issiq shamolu qor ko‘chkinlariga e'tibor bermang, ko‘zni qamashtiradigan ultrabinafsha nurlar to‘g‘risida o‘ylamang, faqat atrofingizu pastga nazar tashlang. Hayotingiz butun pasttekisliklar bo‘ylab yoyilib ketgan.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:55:21

Marko Polo o‘zining terroristlar haqidagi asariga qistirib o‘tgan bir hikoyani o‘qigandim. Birinchidan, u hikoyadagi voqealarni rivojlantirib, o‘z zamonasiga moslashtirgan, ikkinchidan, qariyaga Olovuddin deb ot qo‘ygan, uchinchidan, terroristlarning maqsadini ancha osonlashtirgan. To‘rtinchidan...
Ming yillar avval ismi «Tongga tutash»ga o‘xshagan bir chol o‘tgan ekan. U to‘rt dengiz bo‘ylab yoyilgan buyuk davlat barpo etibdi. Uning qarorgohi eng katta sahroning o‘rtasida, Qutlug‘ Vodiydagi Muqaddas Tog‘ ostida va Tabarruk daryo ustida ekan. Ana shu yerda qariya bog‘ yaratibdi, u bog‘ go‘zallikda jannat bilan tenglasha olarkan. Bu boqqa hech kimning kirishiga izn berilmagan ekan.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:55:30

Cholning bir nechta qizi bo‘lgani holda birorta ham o‘g‘li yo‘q edi, shuning uchun o‘z jiyani jangda halok bo‘lganida, uning bolasini asrab, o‘ziga o‘g‘il qilib olibdi. Shu bola katta bo‘lib, qahramonga aylanibdi, yetmish yetti jangga kirib, biron marta bo‘lsin yengilmabdi. Butun qit'a uning qo‘l ostida ekan. Lekin kunlarning birida yollangan bir sotqin dushman uning orqasidan pisib kelib, o‘ldirib ketibdi.
Barcha mamlakatlarning elchilari marhum Shahzodaga yashirin suiqasd uyushtirganlar bilan qo‘shilib, uning janozasiga kelibdilar. Azadan keyin hamma chin dildan ibodat qilib bo‘lgach, qariya ularning hammalarini qattiq mast bo‘lguncha ichishlarini buyuradi. Elchilar uxlab qolishgach, ularni alohida-alohida holda vodiyni o‘rab turgan tog‘lardagi maxsus g‘orlar orqali boyagi sirli bog‘ning turli qismlariga olib ketishadi. Ular ana shu bog‘da uyg‘onib, jannatga tushdik, deya xayol qilishadi. Qirg‘og‘ida asal tomib turgan sutli daryolar, nozik qo‘llarida sharob tutgan yalang‘och huru parilar - hamma narsa jozibali va kishini o‘ziga tortar edi... Qadahlar qayta-qayta ko‘tariladi... Keltirilganlardan biri hatto Muqaddas Tog‘ning eng yuqorisidagi osmon toqiga olib chiqiladi...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:55:37

Keyingi safar ularning bari o‘zlarining bog‘laridagi ajoyib, lekin zerikarli makonlaridagi tarjimonlari oldida uyg‘onishadi. Va bo‘lgan voqeani tush deb o‘ylab, jannatda, hatto mayin havoli Muqaddas Tog‘da bo‘lganliklarini bir-birlariga aytib berishadi, ularni tarjimonlar batafsil yozib oladilar. Qizig‘i shuki, har bir elchi bunday mo‘‘jizali makonda yolg‘iz o‘zim bo‘ldim, deb xayol qiladi. Garchi uyga qaytish fursati yetgan bo‘lsa ham, ular mo‘‘jiza yana takrorlanishiga ishonib, intiqlik bilan kutaverishadi. Asta-sekin ularning har biri bu tuyg‘uni boshidan o‘tkazgani ayon bo‘ladi. Shunda hamma o‘zinikini ma'qullab, boshqalar shunchaki uni takrorlashayotgan va yo taqlid qilishayotganini isbotlashga kirishib ketadi.

Qayd etilgan