Koʻk Turklari asiri (roman). Nouman Smaylz  ( 129629 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 31 B


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:08:59

14
   
Garchi ular o‘chib ketgan matnga ishora qilishgan bo‘lsa-da, na Zev, na rohib Valaamov Kultegin janozasi to‘g‘risidagi hikoyani davom ettirdi. Shuni qo‘shimcha qilishim kerakki, Abo Yefremning kitoblaridan birida Shahzoda maqbarasining ta'rifini uchratgandim. U to‘rt yuz fut maydonni egallagan xitoycha uslubdagi binodan iborat edi. Asosiy darvozalarning ikki tarafida bir-biriga qaratib qo‘yilgan qo‘chqorlarning marmar haykali qad rostlagan. Ichkariga tomon ketgan tor yo‘lakning oxirida hovuz bo‘lib, uning yonida o‘yib yozilgan mashhur tosh bor edi. Bu tosh kattakon marmar toshbaqa ustiga o‘rnatilgandi. Orqa tomondagi maqbaraning o‘zi ham ajoyib  me'morchilik uslubi bilan shoh san'at asari kabi ko‘rilmishdi. Kul-tegin va uning ayoliga bag‘ishlab ishlangan surat va haykallar ibodatxonaning ichki tomonini bezab turardi. Tashqi tomonda muqaddas qadamjoning atrofida Kul-tegin jangu jadallarda o‘ldirgan minglab odamlarga o‘rnatilan tosh haykallarni ko‘rish mumkin edi...
Biroq Karpini kitobiga yozgan sharhida rohib Valaamov Abulg‘ozixon va At-Tohariyni Manixey va Zardushtiylarga oid matnlarni tarjima qilgan allomalar sifatida alohida ta'kidlab o‘tadi. Shuningdek, u xitoy qo‘lyozmalari, jumladan, Gan-mu va boshqalar xususida to‘xtaladiki, ko‘plarining nomi esimda qolmagan. Shu yerga kelganda, Abo Yefremning aytishicha, hikoya kutilmagan bir uslubda davom ettiriladi, u «yashirin» degan so‘zni qo‘llaydi bu borada.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:09:19

15
   
Men Abulg‘ozixonni o‘qigandim, lekin At-Tohariyning «Tazkiratul-g‘aroyibatul-qadim»iga taalluqli hikoyaning boshlanishini topib oldim. Yana qaerda deng, Parijda emas, Fontenblodan ko‘chib o‘tganim Bavariyaning Bamberg shahrida. Katolikshunoslik bo‘limida mijozim bo‘lmish Luk AQShga ketishidan oldin o‘sha Tazkiraning nusxasini berdi. Bu haqda keyinroq aytib berarman. Avval Kul-tegin azasidan so‘ng nima sodir bo‘lganidan so‘zlasam. At-Tohariy juda islomiy, badiiy bir yo‘sinda aza hikoyasini quyidagicha davom ettiradi:
«Sakkizinchi kun Bilga-xoqon o‘zining oppoq shohona chodirida barcha mehmonlarini jamlab, ularga hamdardliklari uchun minnatdorchilik bildirdi, so‘ng u dono vaziri Tongyuquqqa murojaat qilib dedi:
«Men dunyoning to‘rt burchini ishg‘ol qildim, biroq suyumli jigarim Kul-Tegindan judo bo‘lganimdan buyon, bu ishdan qoniqish hosil qilmay qo‘ydim. Men kurrai zaminda necha o‘lkalarni o‘z tasarrufimga oldim, men makonni qo‘lga kiritdim, lekin zamon tutqich bermadi.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:10:14

Siz to‘rt tomondan kelgan eng aqlli kishilarsiz, vaqt ustidan qanday qilib g‘alaba qozonish mumkinligini aytishingizni istayman. Bu ishni o‘zingiz boshlab bering. Siz atrofimdagi o‘nta chodirda qolib, yo‘qotish neligini bilmaydigan sirli bir dushman bilan olishgaysiz. Shu tariqa jahonnnig bori donoligini menga bildirgaysiz va men uni abadiy toshlarga o‘yib yozgum...
Dono Tongyuquq chuqurdan chuqur g‘am-anduh ichra jim qoldi...»     
Keyinchalik yozmishlarida At-Tohariy Bilga-xonni butparastlikda ayblaydi, Bilga, deb yozadi u, tumanlik va jaholat ichra yashardi, magar u dunyoning turli burchidan janozaga yig‘ilganlar - Udar-sengundan kelgan Xitan va Tatabi, Tabg‘achxon nomidan keraksiz oltinu kumush keltirgan Ichi Lyang, Tibetxon tarafdan tashrif buyurgan bulonlarning taqdiri nima kechgani to‘g‘risida hech narsa demaydi. Orqa tarafdan, g‘arbdagi kunbotardan, So‘g‘d, Fors va Buxorodan kelganlarning, Nyan-syang xonning o‘g‘li, Turgishxon tarafdan O'n-o‘qning o‘g‘illari, tamg‘achilar Makrach va O'g‘uz-bilgalarning ahvoli ne kechdi?     
U hatto bu kishilarning garovga olinganligi xususida ham lom-mim demaydi.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:10:29

16
 
Ba'zan Gumbazli Ibodatxonaga qaragan deraza yonida o‘tirib o‘sha odamlar haqida o‘yga cho‘mar ekanman, menga shunday tuyuladiki, ular haqida qancha ko‘p ma'lumotga ega bo‘lsam, shuncha kam biladiganganga o‘xshayveraman. Odam senga qancha yaqin bo‘lsa, uni shuncha yaxshi bilmaysan, deganlari to‘g‘rimi yo? Mana, masalan, o‘zim meni shu turklar bilan ovorai sarson qilib qo‘ygan Lukni yaxshi bilamanmi o‘zi? Afsuski yo‘q.
Bambergdagi mehmonxonada Iso Masih haqidagi kitobni o‘qir ekanman, Lukning oilasiga maktub yozishga qaror qildim. U to‘g‘risidagi eng so‘nggi xabarlarni hisobga olmaganda, balki ular Luk va Zev haqida biror yangi narsa deya olishar. Chunki Lukning taqdiri Zevniki bilan juda o‘xshash bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
O'shandan keyin, ertasi kuni Zev mehmonxona yaqinidagi tungi klubga boradi. Qizil kiyimdagi kishi uni kutib olib, pastga boshlaydi. Sayohatlarga boy hayotida Zev ko‘plab tungi klublarda bo‘lgan, lekin bunisi bo‘lakcha edi.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:10:41

Balki xitoycha musiqa, sharqona atir hidi va yoki Shia Changning kutilmaganda qorong‘ilik va sirlilik ichra ushbu klubning g‘aroyib egasi kabi paydo bo‘lishimi, ishqilib, nimadir uni butunlay esankiratib qo‘yadi. Tomirlarida oqayotgan toza yaqudiy qonmidi yoxud ajnabiyga xos tuyg‘umi, uni yaxshisi bu yerga kelmagani ma'qulligini aytib turgan. Shia Chang uni alohida xonaga boshlab kirib, xizmatkorga Xitoy vinosidan keltirishni buyuradi. U «xo‘p» degancha chiqib ketadi. Xizmatkor stolni tuzata boshlar ekan, Zev bir-ikki so‘m puli uchun Shia Changni ayblagani yodiga tushib, ancha xijolat bo‘ladi. Qiz judayam saxiy bo‘lib ko‘rinadi unga. Stolga xilma-xil Xitoy meva-sabzavotlari va turli-tuman vinolari qo‘yiladi. Avval qiz iliq so‘zlar aytadi va birga qadah ko‘tarishadi. Xitoy vinosi ancha achchiq ekan. Zevning boshi aylanib ketayozdi. «Shu hayhotday joy senga qarashlimi?» - so‘raydi u ovozini ko‘tarib. «Yo‘q, men bunda shunchaki bir raqqosaman», - javob beradi qiz. «Xo‘sh, kim uchun raqsga tushasan?» - so‘raydi Zev darhol. «Senga o‘xshaganlar uchun». Bu haqoratmidi yoki rag‘bat? Zev jim qoladi, chunki uning ko‘z o‘ngida behayo romanlardagi yalang‘och haqiqat namoyon bo‘lgan edi.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:10:54

17
 
Bir hafta ichida men Lukning sevgilisidan maktub oldim. Ha, bu hozirgi kunda ham tez-tez uchrab turadi. Men sevgililarni nazarda tutyapman. Buning ustiga, qiz amerikalik leydi bo‘lib, ota-bobolari muqaddas g‘ordagi Shahzoda ota va ona bo‘ridan tarqagan turklarnnig eng qadimiy manzilgohlari sanalmish Oltoydan bo‘lishgan. Qiz buni faxr bilan yozibdiki, uning sevgilisi izlanish olib borgan xalqlar tarixi bilan qiziqishimdan birmuncha xabari bor edi. Uning yozishicha, afsuski Lukdan hech bir xabar yo‘q, u hali ham ta'qib ostida va garchi Amerika Elchixonasi Xitoy hukumatiga protest bilan murojaat qilgan esa-da, u bilan ko‘rishish uchun hech kimga ruxsat berilmayotgan emish. Qiz men bilan uchrashish istagini bildiribdi, chunki ular uchun Lukni hibsga olishlaridan avval u bilan oxirgi marta ko‘rishgan inson men edim. Qizga faks yubordim va hafta o‘tib u bilan Nyurnbergda ko‘rishdik.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:11:10

Avval boshdan men o‘zimni aybli seza boshladim, chunki u bilan ko‘rishganimiz ondan boshlab, behayolarcha qizni o‘zimga qaratishga urindim. Mening o‘rnimda boshqa kishi bo‘lganda ham shunday qilgan bo‘lardi: kelishgan jononlar kabi qiz mendan balandroq, haddan ziyod go‘zal va sarvqomat edi. Yana deng, u men bilan ko‘rishgani keldi. Ayni paytda men bu qizni malikaday xayol qildim, o‘zim esa so‘lagi oqib yotgan och bo‘riday bir alfozda edim. Uyatim ham qolmabdi!
Uyat-e, chunki birdan barcha ishimni unutib, aqlu hushimdan ayrildim, faqat qizga quloq tutarkanman, uning nima deyotganini tushunmay, g‘unchadek lablariga va unga uyg‘un ravishda yonib turgan qaroqlariga suqlanib qarab turardim. Hatto qaerda turganimizni ham unutib qo‘yayozibman.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:11:22

18

Jumladan, men rus rohibi Yerem Valaamovni butunlay yodimdan chiqardim. Ertasiga Fiona (Lukning ma'shuqasi ismi shunday edi) Uyg‘uristonga ketmay turib, Luk o‘tkazgan so‘nggi tadqiqot xususida so‘zlar ekan, men bu hikoya Abo Yefrem haqida ekaniligini anglay olmabman. Aslida ham shunday edi. Bu rohib diniy yumush bilan Xitoy va Tibetga yuborilgach, bunda mahalliy rohib bilan tanishadi va uni pravoslav nasroniylikka da'vat etadi. Tenzig Datsaoning (rohibning ismi shunday edi) deyarli Muqaddas Uchlikka e'tiqodini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lingan mahalda uning qiyofadoshi qadim kitoblarda o‘qigani bir hikoyani aytib beradi. Bir necha asr burun nasroniy missioneri bu yurtlarga kelib, sodda bir odamni uchratadi va uni Xudo hamda Uning Samoviy saltanatiga ishontira boshlaydi. Sodda kishi Abadiy Hayotga musharraf bo‘lganiga bir bahya qolganda, birdan aynib qoladi, chunki, o‘zining aytishicha, nasroniylikda otning sutidan tayyorlangan qimiz ichish ma'n etilgani yodiga tushib qoladi. Men ham o‘shanga o‘xshadim, deydi rohib Tenzig. - Sizning diningizda o‘lganlar ruhini ozod qilishga ruxsat berilmagan. Abo Yefrem bu bilan nima demoqchiligini so‘raganda, u o‘zidagi Muqaddas Kitobni ko‘rsatib, undan bir necha oyat o‘qib beradi.
Rohib Yefrem Valaamov o‘zi eshitgan oyatlarning ma'nosiga shu qadar qiziqib qoladiki, hattoki nega bu yurtlarga kelganini-da unutib, rohib Tenzig yordamida o‘sha Muqaddas Kitobni ruschaga o‘girishga tushadi.
Ushbu hikoyaning Luk bilan bog‘liq tomoni aniq esimda yo‘q bo‘lsa-da, kutilmaganda uni o‘zim bilan bog‘liqligini sezdim: go‘yoki mening o‘lik ruhim yangi bir hayotga o‘rlayotganday edi...

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:11:41

19

Harqalay Fiona istagan odam men emas deb o‘ylagandim, lekin aksincha men unga kerak bo‘lib chiqdim. Buyuk shoirlardan biri yozganidek: «Meni men istagan o‘z suhbatida arjumand etmas, Meni istar kishining suhbatin ko‘nglim pisand etmas». Biz Nyurnbergdan Bambergga o‘tishga kelishdik, chunki men unga ho‘v g‘aroyib darvishning Lukka berib yuborgan Zevning kundaligi haqida gapirmoqchiydim. To‘g‘risini aytsam, bu o‘ylab topganim bir tuzoq bo‘lib, kundalik daftar sumkamning ichida turgan edi. Shunga qaramay, iloji boricha samimiy tarzda qizni taklif etdim, go‘yoki kundalik men bilanmi-yo‘qmi esimdan chiqarganday edim, biroq, ko‘rib turganingizday, niyatim buzuq edi. Esimda, yoshligimizda og‘aynilarimdan biri kundaligini o‘qishga ruxsat berishini bahona qilib, universitet qizlarini yo‘ldan urardi. U birinchi o‘ljasini qanday qilib qo‘lga tushirgani voqeasi butun bir hikoyatdir. Qisqasi men ham o‘shanday qilmoqchi bo‘ldim shekil. Lekin balki men ancha tajribaliroq chiqdim chamasi. Nimaga deysizmi? Mayli, aytib bera qolay. Hali Nyurnbergdaligimda sobiq Iezuit Instituti Katolik bo‘limida qadimiy qo‘lyozmalar ustida ishlashimda yaqindan yordam bergan ijara uyimnnig xo‘jayini va do‘stim kasalxonaga tushib qoldi deng. O'sha kuni u uyimizning kalitini tashlab ketish esidan chiqibdi. Shu bois biz Olmoniyaning chekkaroqdagi eng qadimiy va go‘zal shaharchasidagi zamonaviy me'morchilikning oynasi sanalmish ko‘p qavatli kasalxonaga borishga majbur bo‘ldik.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:11:53

Bilaman, til imkoniyatim Bambergni tasvirlab berishga ojizlik qiladi, bas, shunday ekan, ufqdagi tepaliklar va Altenberg minorasini naqadar jozibador, gumbazning to‘rt minorasi antiqa, Mishelberg ibodatxonasi biram fusunkor, desam ishonavering. Do‘stim oshqozon kasali bilan og‘rib yotgan klinikaning o‘n uchinchi qavati oynasidan bu manzara yanada go‘zal ko‘rinadi. Biz unga yangi gazetalarni qoldirib, kalitni olib chiqarkanmiz, birdan negadir yuqoriga ko‘tarilib, Bambergning kunbotardagi qiyofasini tomosha qilishni taklif qilib qoldim.
Fiona rozi bo‘la qoldi va orqamdan yurdi. Yong‘in paytida chiqishga mo‘ljallangan bo‘m-bo‘sh zinadan yuqoriga ko‘tarilakanmiz, ish vaqti tugaganidanmi yoki bemorlar ovqatlanishayotganidanmi, harqalay atrofda hech kimsa ko‘rinmas edi. Eng yuqorigi qavatda men qizga o‘zim yoqtiradigan joyni ko‘rsatdim. Biz oynaband devorga yaqin keldik, lekin bir-birimizga yanada yaqin edik, nafasimizdan tiniq oynani ham tuman qopladi, ko‘zlarim chaqnab, bir muddat jimlikdan so‘ng qizni o‘pishdan boshqa yaxshi narsa topmadim. U qarshilik qilgani yo‘q.

Qayd etilgan