Koʻk Turklari asiri (roman). Nouman Smaylz  ( 129531 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 31 B


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:16:15

Qizning ertak va afsonalari ta'siri o‘laroq, u shuni kashf qildiki, qadimgi turklarning qadim Xudosi - Tangriga e'tiqod qiluvchi bir qatlam mavjud bo‘lgan. Shundan keyin u asta-sekin Tangri degan so‘z bor qo‘lyozmalarni izlashga tushdi. Shu yo‘sinda men uni uchratib qoldim.
Fiona menga Ang‘iz Yer to‘g‘risida gapirib berdi, u Moviy Samo Insoniyat O'g‘lonlariga nimadir berganini aytgandi (men buning neligini unutib qo‘ydim), qisqa qilib aytganda, bu bizning o‘zaro munosabatimizda xuddi Noamga o‘xshash bir nimadir edi va shu bois men chalg‘ib ketdim...
O'sha payt men na O'lik Shahardagi darvish va na Urumchida qoldirganim plyonka haqida unga so‘zladim, lekin shuni his qildimki, biz ayni paytda Luk bilan bir tomonda edik. Moviy samo yorqin quyoshga ham, qora bulutga ham birday taalluqli bo‘lganiday, Luk nomidan mening rashkim kelib turardi.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:16:27

26

«Pokiza jannatiy tartib ilmlari ichida mavjud ekanmiz, biz - ikki asosiy va uch o‘zgaruvchan qoidalar - jannatiy borliqning yorqin asosini va do‘xaxning zim-ziyo tubini bilamiz. Hali osmon va yer mavjud bo‘lmagan vaqtda, nima bo‘lgan deya, so‘rarkanmiz, rahmoniy va shaytoniy kuchlarning nima sababdan to‘qnash kelganini, yorug‘lik va zimiston kuchlarining uchrashganini, yorug‘lik va qorong‘ulik qanday qilib bir-biridan ajratilganini va undan keyin nima bo‘lganini bilardik...»
So‘g‘dning Manixey Shahzodasi ushbu parchani Berke tilmochga tushuntiraman deb qiynalib ketdi. Umri bino bo‘lib Berke ikki bora Xurosonni ishg‘ol qilishga borgandi va garchi u maqsadiga erisholmagan bo‘lsa ham, bir qancha asirlarni qul qilib oladiki, ularning bari Otukanga borishdagi uzoq yo‘lda halok bo‘lishadi. Shu boisdan Berke So‘g‘d Shahzodasining eng yaxshi tilmochi sanalardi. U bir necha yuz so‘g‘dcha so‘zlarni bilar, lekin Mani dinining hamma uchun ham tushunarli bo‘lmagan bezakli yozuvlari mazmunini unga tushuntirib berish oson ish emasdi. Yorug‘lik va qorong‘ulik o‘rtasidagi munosabatni unga qanday qilib tushuntirsa bo‘ladi? Shahzoda Mani diniga e'tiqod qiluvchilarning ibodatnomasi «Huastuanift»ning eng oson parchasini to‘g‘ri tarjima qilganiga unchalik ishonmayotgandi, shuning uchun undan qayta-qayta o‘girishni so‘rayverdi.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:16:37

Berkening bunga sabri chidamadi, jahli chiqdi, lekin u Bilga-xoqon va uning farosatli maslahatchisi Tongyuquqning dunyodagi eng aqlli so‘zlarni huzurimga keltiring, degan buyrug‘ini bajarishi lozim edi. Muloyimligi uni ushbu la'nati so‘zni qayta tarjima qilishga majbur qildi, yo‘qsa, bu yigit bir qilich zarbi bilan boshini tanasidan judo qilishi hech gapmas. U «Tangri» dedi va osmonga ishora qildi, «arig‘» deya odam qanday qilib qo‘l yuvishini namoyish etdi, so‘ngra o‘sha so‘zlarni qaytarib, ularning birgalikda qo‘llanishi, ya'ni Allohning pokligi ma'nosini aytdi. Shundan keyin u eski asirlarining biridan ilib olgan yana bir so‘zni aytdi - «nomug‘» - «buyruq». Ushbu so‘z Shahzoda tushuna oladigan va rohat qiladigan yagona so‘z edi. «Men bilaman» - dedi Berke so‘g‘dchada. «Biz bilamiz» deya to‘g‘irladi uni Shahzoda. Berke uni tushundi, boshini qimirlatib, o‘z tilida nimadir dedi, lekin Shahzoda Berkening «Biz bilamiz» dedimi yoki Shahzodaga ishora qilib «Siz bilasiz» dedimi, tushunmay qoldi. Shahzoda ikki bora ularning hammalari bilishiga ishora qildi va Bilga-xon va Tongyuquqning nomlarini eslatdi. Berke esa yana boshini qimirlatdi - Xudo biladi nega - va so‘g‘d tilida «Yashasin» dedi. Shahzoda hozirgina eshitgani barcha so‘zlarning ma'nosini chaqishga urindi. Berke uni xursand qilishga va bu qurgur mashg‘ulotni tezroq tugatishga intildi, qaniydi hozirning o‘zida ochiq sahroga, boshi oqqan tomonga qochib qutula qolsaydi...
Bu kabi har xil o‘ylar qurshovida ikkilari ham O'n-o‘q qabilasidan bo‘lgan Makrach va O'g‘uz-Bilganing xoxolab kulayotganini eshitishdi...

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:16:47

27

Fiona haqida o‘ylash uchun vaqtim yetarli edi. U aqlliligi bilan boshqa ayollardan farq qilardi. Men o‘zimni ayolga o‘ch odam deb hisoblashlarini istamayman, lekin nimani nazarda tutayotganimni tushuntirib bersam, meni tushunasiz, deb o‘ylayman. Turk urug‘laridan tashqari Fionaning o‘tmishda nemislarga bog‘liq jihati ham bo‘lib, yo bobosi, yo otasi nemis bo‘lgan. U falsafiy tafakkurni - men bilgan ayollar orasida kam uchraydigan ochiqlilik, samimiylikni meros qilib olgandi. Ha, menimcha, ayollarning asosiy kuchi aqllilikda emas va Fiona turklarga xos yovvoyiligi bois bunday toifa yaralmishlarning eng yaxshi va muloyim bir namunasi edi. Faqat, avval aytganimday, men uni sevishdan emas, balki suqrotona suhbatlar qurib o‘tirishdan ko‘proq zavq olardim. U menga ko‘p narsani o‘rgatdi. Masalan, ovchi va uning o‘ljasi nazariyasini olaylik. U Lukni ovchi, o‘zini esa hayvon bo‘lganini aytadi. Luk hayotida bir narsani: o‘z o‘ljasini kerakli mahal va ayni joyida ushlashni yaxshi ko‘rardi. Fiona ham har doim u yerda bo‘lardi. Lekin otishdan avvalgi ayni so‘nggi lahzada doimo o‘qqa uchmaslikning uddasidan chiqar va ovchi uni boshqa joy va vaqtda yana mo‘ljalga olishga urinib ko‘rardi...
Hozir esa Fiona uni poylab yuribdi. U menga butunlay boshqa bir hikoyani so‘zlab berdi. Biz Kann yaqinidagi Avliyo Margaret orolidagi archa bo‘ylari anqib turgan o‘rmonda  sayr qilib yurardik, birdan u qabrtoshiga o‘tirib, o‘rxun yozuvlarini qanday qilib o‘qishganini bilish-bilmasligimni so‘radi.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:16:59

«Rohib Yefrem Valaamovning do‘sti rus sayyohi Yadrintsev o‘rxun toshlarini topganda, niderlandiyalik tilshunos Vilgelm Tomson («Men uni bilaman!») ularni suratga olib, xitoycha varianti bilan solishtirib ko‘rdi va undagi o‘ziga xosliklarni o‘rgana boshladi.  Eng avval u O'rxun toshi 38 ta qaytariladigan turli xil harflardan iboratligini aniqladi. Keyin u bu alifboda unli harflar bormi-yo‘qligi, agar bor bo‘lsa, ularning qaysi ekanligi ustida ish olib bordi. Uning fikricha, masalan, «x-u-x» undosh-unli-undosh ketma-ketligi bo‘lishi mumkin yoki aksincha. Shu tarzda u boshqa tilshunoslik qoidasiga ko‘ra unli tovush ekanini bildiruvchi bir necha belgilarni topdi. Shu bilan bir qatorda u bu unlilarning turli undoshlar bilan bog‘lanish yo‘llarini izlay boshladi. U topgan qoidalar izlayotgan tilida unlilar uyg‘unligi mavjud ekaniga ishonch hosil qildirdi. Matndagi eng ko‘p qaytariladigan so‘zlarni tahlil qilar ekan, ulardan biri ikki unlili so‘z ekanini aniqladi, bu «Tangri» degan so‘z edi. Ikkinchi eng ko‘p ishlatilgan va xitoychaga asliga yaqin qilib tarjima qilingan so‘z «Kyueh-ti-kin» bo‘lib, uzoq va og‘ir mehnatdan so‘ng Vilgelm Tomson buning haqiqiy nomini aniqladi: «Kul-Tegin» yoxud Farovonlik Shahzodasi. Ushbu so‘zlar ko‘p foydalanilgan uchinchi bir so‘zni o‘qish imkonini berdi: «Turk». Shunday qilib, «Tangri», «Kul-Tegin» va «Turk» so‘zlari toshdagi o‘qilgan birinchi so‘zlar bo‘ldi. Qandaydir ramziy ma'no borga o‘xshamayaptimi?»
Fiona hikoyasini to‘xtatib, jilmaygancha dedi: «Ba'zida shunday tuyuladiki, go‘yoki men ham bir unli tovushman va hayot meni qorong‘u undoshlar ichiga puflab turadi»...

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:17:14

28

Bu Tomsonning sharhi to‘g‘risidagi hikoyaning so‘nggi emas edi. Fionaning gapiga qaraganda, Abo Yefrem - Yadrintsev sharhning qiyosiy usulini tanqid qilgan. U Kul-teginga bag‘ishlangan bir xil toshdgi turkiy va xitoycha matnlarning boshlanishini  birlashtirdi. Fiona yon daftarchasini olib, quyidagilarni o‘qidi:
«Yuqorida moviy osmon va quyida qo‘ng‘ir yer yaratilgach, ularning o‘rtasida inson bolasi vujudga keldi».
Endi xitoycha muqobilini eshiting:
«Oh, osmon buncha moviy! Sening himoyangda bo‘lmagan hech bir narsa yo‘q! Osmon va insonlar ularning orasiga qo‘yilgan va koinot bir jinslidir...»
Ikkimiz ham birdaniga xoxolab yubordik. Boshimiz ustidagi qushlar bir cho‘chib tushib, g‘alati ovoz chiqargancha qorong‘u daraxtzor tomon uchib ketdi. 

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:17:29

29
       
Tan olishim kerak, Fiona yaqin kunlardagi hayotimning asosiy va eng iliq xotirasi bo‘lib qoldi men uchun. Bir-birimiz bilan qanchalik oson topishgan bo‘lsak, bir-birimizni shunchalik tez yo‘qotib ham qo‘ydik. Aniqrog‘i, men uni yo‘qotdim.
Hammasi aniq, men bu yerda har bir narsani aniqlashga, tartibga tushirishga va barcha narsadan mantiq qidirishga urinmoqdaman, ayniqsa, o‘ylash uchun fursat bo‘lganda, yana shuni angladimki, hayot u qadar o‘tkinchi narsa ham emas ekan. U loyga o‘xshab, istagan shaklga kira oladi. Kunlarning birida ertalab uyg‘onib qarasam, yonimda Fiona yo‘q. Miyamga kelgan birinchi fikr shu bo‘ldi: u Xitoyda Lukni tashlab ketganiday, meni ham hech bir ogohlantirishsiz qoldirib ketavergan. Dominik - biz turgan mehmonxona xo‘jayini qo‘li bilan ishora qilib «Xonim juda erta chiqib ketdi» dedi. Vahima qilganim yo‘q. Antibga bordim, shumshayib qolganday Pikasso muzeyida ancha vaqtimni o‘tkazdim, kimsasiz qirg‘oqqa bordim, lekin ko‘nglim qaytarib bo‘lmas nimadir sodir bo‘lganligini sezardi. Odatga ko‘ra, tushlikka ikkimizga ham yoqib qolgan mo‘‘jazgina «La kote a l-os» restoraniga keldim, bizni tanib qolgan ofitsiant «chiroyli xonim tez orada keladimi» deya so‘ragandi, unga javoban qizil vinodan ko‘proq keltirishni iltimos qildim...
U o‘zi rejalashtirib yurgani - Monakoga ketib qolgan, deya ishonishga urindim, aqalli u Noam bilan birga bo‘lishi kerak, biroq vaqt o‘taverardi, undan esa darak bo‘lmadi. Kot d-Azurda yangidan-yangi bahonalar axtarib yana ikki kun qoldim: u Lukning sevgilisi bo‘lgan, u mendan uzunroq edi va ikkimiz turganimizda juda kulgili tuyulardi, unda Noamga nisbatan «simpatiya» uyg‘ondi, bundan buyon gunohim kamroq bo‘lar, va hokazolarni o‘ylab tashladim. Birdan, bor pulimni ishlatib bo‘lganim esimga tushdi va hech bir umidsiz, yo‘lovchi mashinalarda sayohat qilib, Bambergga qaytdim. Fiona aytganiday, uchar unlilarning shaffofligisiz, loyga qorishgan undoshlar kabi borardim...

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:17:43

30

Men hamma narsaning bir sababi bor-ku, deya o‘ylashga o‘rganganman. Agar yor tashlab ketsa, drama boshlanishi kerak edi, biroq mening holatimda bunday bo‘lmadi, balki bu vaqtning belgisidir: u qaerga kelishni xohlasa kelardi, kimni tashlab ketishni istasa, tashlab ketaverardi. Ikki oy burun usiz yolg‘iz, o‘zim bilan o‘zim ovvorai sarson edim. Ikki oy o‘tib esa yana o‘sha holga tushdim, yana biror narsa qo‘shiladimi, kamayadimi, mutlaqo bexabar ekanman. Alal-oqibat, bir paytning o‘zida o‘sha nimadir qo‘shildi va yana ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Avvalgi ishimni davom ettirishga urinib ko‘rdim: Fionadan qolgan qog‘ozlardan Valaamov, At-Tohariy haqida o‘qidim, faqat g‘alati taqdirimga sababchi bo‘lgan, deya Zevning kundaligiga tekkanim yo‘q. Ammo, asosan, urinishlarim yaqin kunlardagi hayotimning muhofazasiga qaratilgandi. Bu orada Olmoniya va Frantsiyadagi turli tarjima va sayyohlik kompaniyalariga o‘zimning Osiyoning uzoq o‘lkalari bo‘ylab olib yurish va tanishtirish bo‘yicha tajriba va malakalarimni taklif qilib maktublar yozdim. Doimo nima bilandir band bo‘lishga intildim. Balki siz «sinish»ning ma'nosini bilmassiz, men go‘yo uzlatga chekiinayotganday edim. Hatto ob-havo ham menga qarshiday: yog‘ayotgan yomg‘ir ostimga, yo‘q, ustimga, yanayam aniqrog‘i, vujudimni kesib yog‘ardi. «Yomg‘ir shaharga emas, ko‘nglimga yog‘moqda» deya uning eski manziliga maktublar bitdim, telefonini topishga urindim, lekin hech biri samara bermadi: u jismu borlig‘imdan butunlay g‘oyib bo‘lib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:17:53

31

Qitanlik Udar-sengun, birinchi Nestoriya generali, boshqa diplomatik-diniy asirlarga nisbatan yaxshiroq sharoitda yashardi. Gap shunda ediki, marhum Shahzoda Kul-Teginnnig benihoya go‘zal xotini Ko‘rk-xotin nasroniy dinining ishqibozi edi. Uzoq yillar avval otasining o‘tov-qasrida yoshgina shoh qizi bo‘lib yurgan kunlarda bir armani rohibni ko‘rgan, u tilla bilan tikilgan uzun kuylak, qimmatbaho toshlar va tovus pati bilan bezatilgan g‘aroyib toj kiyib olgandi. Rohibning bir qo‘lida og‘ir tilla xoch va ikkinchisida atir to‘ldirilgan idish bor edi. Qiz otasining oldida rohib ijro etgan rangin va mungli qo‘shiqlardan shu qadar ta'sirlanganki, ertasigayoq otasidan u bilan ko‘rishishga ruxsat olgan. Qiz rohibning kulbasiga biri bog‘dan, biri tog‘dan keladigan savollarini ularning beo‘xshov qo‘pol tillariga tarjima qilib beradigan tilmoch bilan qo‘shib jo‘natiladi. U Bibi Maryam va uning odamlar uchun azob chekkan, bir kun qasos uchun qaytib keladigan  o‘g‘li haqidagi eng yaxshi hikoyalarni aytib beradi. Garchi Ko‘rk xotin Bibi Maryam haqidagi gaplarni to‘liq tushunmasa ham, lekin uning bir kun qaytib keladigan qutqaruvchi o‘g‘li sahroviy ko‘nglini ishg‘ol qilib olgandi. Tez orada botir Shahzoda Kul-Tegin nomidan o‘z otasi oldiga qizining qo‘lini so‘rab sovchilar kelganda, chin oshiq ko‘ngli bilan o‘sha qutqaruvchi o‘g‘ildan sovchi kelganiga ishondi.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:18:05

Magar endi o‘z Qutqaruvchisidan ayrilgach, u qandaydir mo‘‘jiza yuz berishini kutar, bu go‘yo haligi armani rohibning qovushmagan tilmoch orqali unga va'da berganiga o‘xshardi. Shu bois u bir xizmatkorini nasroniylikda qanday yangi narsa kutilayotgani to‘g‘risida biror narsa bilib kelish uchun Udar-sengunning oldiga yuboradi.
General juda yaxshi, biroq murakkab bir sharoitda edi. Aslida, xudojo‘yligini hisobga olmaganda, u haqiqiy nasroniy emasdi. Baxt unga kulib boqdi, chunki Qitan armiyasining masihiy g‘oyalarga boy bo‘lgan boshlig‘i agar hokimiyatni qo‘lga kiritishsa, o‘z o‘rniga uni tayinlashga va'da berdi. Lekin botir va aqlli jangari Udar-sengun hamma narsa uning foydasiga o‘zgarib ketganini sezdi. Yagona muammo kuchlarni bir joyga to‘plash va ularni muhim yo‘nalishga solishdan iborat edi. U Ko‘rk-xotinga o‘zi yuborgan xizmatkor orqali xabar jo‘natib, Injilning nusxasi kerakligini, uni ko‘k turklarining kattakon saltanati chegarasida biror rohibgohning armani rohibidan olish mumkinligini ilova qilib yubordi. Qolgan ishni o‘z zimmasiga oldi.

Qayd etilgan