Koʻk Turklari asiri (roman). Nouman Smaylz  ( 129536 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 31 B


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:18:18

32

Li oz-moz frantsuzcha bilardi. Umuman olganda, ular bir-birimiz bilan suhbatlashishga ruxsat berishmasdi, lekin janoza va undan oldingi qonxo‘rlikdan keyin o‘zlarini bizga yaqin olib, iliq munosabatda bo‘la boshlashdi. «Endi bizning taqdirimiz - bu sizning taqdiringiz» dedi kunlarning birida jangarilar komandiri, Li ikkovimiz esa bu gapning ma'nosini chaqishga urindik. Yo ularga nima bo‘lsa, bizga ham o‘sha bo‘ladi, yo ular ham biz kabi asir bo‘ladilar. Harqalay, endi bizni ilgarigiday qattiq qo‘riqlamaydigan bo‘lishdi, balki bizning qochishimizdan naf yo‘q, hukumat tinimsiz ravishda havo kuchlari bilan zarba berib turgan bo‘lsa, bunday sharoitda qochish asir o‘tirishdan ham xavfli deb o‘ylashgan. Biz birga shaxmat o‘ynashimiz, suhbat qurishimiz mumkin edi, lekin bunda tansoqchilarimizga fikrimizni sinxronik tarjima vositasida tushuntirardik. Ikkimiz ham sharoitdami yo komandirlar tafakkuridami, qandaydir bir noxush narsani sezganday bo‘ldik. Umrimiz kutish bilan o‘tdi. Shukrki, vaqti-vaqti bilan bo‘lib turadigan bombardimonlardan boshqa narsa sodir bo‘lgani yo‘q. Faqat komandir o‘zlarining avvalgi va hozirgi yurishlarining barcha bayonnomasini ingliz va xitoy tillariga tarjima qilishni iltimos qilgani yomon bo‘ldi. Ular bizga qalin daftarlarni tutqazishdi, ularda meteorolog bo‘lgan salaflarimizning havoning darajasi va muzliklar holati bo‘yicha kuzatuvlari aks etgan. Men bu yozuvlarni tarjima qilarkanman, ular avvalgi yozuvlar kabi qisqartirilgan holda bo‘lishi kerak edi, shu bois nomlar ham bosh harf bilan yozilmagan. Li frantsuzchada ancha muvaffaqiyatga erishib, ba'zi so‘zlarnnig ma'nosini mendan so‘rardi. O'zimni ikki karra asirday his qila boshladim: birinchisi - jangarilar asiri, ikkinchisi - Lining yaxshi niyatlari asiri.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:18:29

33

Rostini aytsam, Fiona hayotimni ostin-ustun qilib tashladi. Uni deb tashlab ketgan to‘garaklarimga ham borolmay qoldim. Bu dunyoda nima ham qilardim? Hatto eslashga ham madorim yo‘q. O'limga mahkum qilinganligim to‘g‘risidagi faktning ham ahamiyati qolmadi. Kim? Nima? Qachon? Qaerda? Nega? Bema'ni savollar. Quduqqa zinama-zina tushib borayotgan kishini xayolingizga keltiring, u yo hayot manbaiga duch keladi, yo o‘zining qora aksiga. Bir qalqisa, bu chuqur va qorong‘u suvga yumalab tushadi. Men ham shunday bo‘lib qoldim. Har qadamimni esga olishga urindim: Luk-darvish-Zev-Valaamov-At-Tohariy-noaniqlik...va Fiona. Hofiz yozganidek: «Ki ishq oson namud avval vale aftod mushkilho...» Hayotimning oxiri va yangi muqaddimasi. Boshimga avvalgidan-da battar noxushliklar yog‘dirayotgandayman, balki o‘limga mahkumlik degani shudir va u allaqachon amalga oshirib bo‘lingan balki?!

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:18:41

34

Quduq ichidagi Yusuf haqidagi hikoyani, hoynahoy, eshitgansiz. O'tkinchi yo‘lovchilar uni Misrda qul qilib sotish uchun suvidish bilan birga quduqdan tortib olishadi. Quduqdagi kishandan qullikdagi kishanga. Shunga o‘xshab, «AMIP Olimpia» degan bir frantsuz firmasi meni sobiq sovet Markaziy Osiyosida s'yomka qilishni mo‘ljallayotgan kino guruhiga ekskursovodlikka taklif etdi. Bu paytda Fiona bergan qog‘ozlarning yarmini o‘qib bo‘lgan, fikrlar qurshovida aqldan ozay deb qolgan edim. Shu bois, ozroq moliyaviy tomonni o‘ylab, ko‘proq o‘zimni asrab qolish maqsadida bu ishga rozi bo‘ldim.
Ishimiz haqida ko‘p vaysab o‘tirmayman, u odatiy bir narsa edi: bir jazoirlik yoki pokistonlik ko‘zoynakli rejissyor o‘z boshliqlarini turli madaniyatga taaluqli odamlar guruhini, xudo biladi, qayoqqadir yuborishga ko‘ndiradi. Buning sababi uning cheksiz nafsi yoki ba'zi noaniq oilaviy mojarolar, ya'ni ularning ota-bobolari eng katta qit'aning qoq o‘rtasidan kelganlari haqidagi masalaga borib taqalardi...

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:18:53

Va ularning ishlagan filmlari: gitaraga o‘xshagan cholg‘u asboblari bilan buzib talqin etilgan sharqona musiqa, islomiy did va g‘arbona kelajak, nasihat va ertak... va da'vo, da'vo, da'vo... To‘g‘risini aytsam, bunaqa yangilik-pangilikka hecham hushim yo‘q, agar pul uchun bo‘lmaganda, o‘rislar aytganiday, bundaylar bilan keng dalada hojat uchun ham birga o‘tirmagan bo‘lardim. Ular go‘shingni qiyma-qiyma, suyagingni mayda-mayda qiladi, qoningni tomchi-tomchilab ichadi va nihoyat kulingni bir qoshiqqa olib, butun dunyo bo‘ylab yangilik sifatida yoyib yuradi... Yuragimning urishi ularning zilzilasidan ming karra qadrliroq men uchun. Keling unutaylik shularni.
Sizga tasvirlab bermoqchi bo‘lganim bu kuzgi sahro: yelkalarida zil-zambil osmonni ko‘tarib turgan shamolli cheksiz yer yuzasi. Boshqa hech narsa. Va bu ikki vertikallikni bir-biri bilan bog‘lab turgan yagona narsa - Inson bolasi. Hayotimda birinchi bor ko‘ngil va fikrga mos ikki bo‘shliq qanday qilib bu qadar shirin yolg‘izlikni keltirib chiqara olganligini his etdim. Yo‘qlik. Keraksizlik. Ovvorai sarsonlik va ruhning shamoli...

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:19:04

35

Dono Tongyuquq dashtning o‘rtasida umrining 86 kuzida turib edi. Quyosh ufqda so‘nib borar, qizg‘ishlikning so‘nggi tilchalarigina qolgan edi. Hayot shunday kechardi. U vaqtdan yutdimi-yo‘qmi, baribir hayot oxirlab borardi. Ko‘k Turklari unga «Tulki ovchisi» deb laqab qo‘yib olishgandi, chunki u eng aqlli va ayyor dushmandan ham oqilroq va uddaburroroq edi. Turklarning Ko‘k Turklari deya nom qozonishlariga ham u sababchi bo‘lgan. U Xitoyda tug‘ilgan va shu yerda katta bo‘lgan. Shu bois u O'rta Qirollikning urf-odatlarini, yashash tarzini hammadan yaxshi bilardi. U nafaqat mamlakat, balki har bir fuqaro chegarasini ham qoyilmaqom o‘zlashtirgandi. Magar Tongyuquqning sahroviy qoni endi bularga befarqday edi. Uning chegarasi ufqdan pastga og‘gan, hayot yo‘li beto‘xtov va uning o‘zi musaffolik keltiruvchi sahro shamoliday barchaga birday ochiq edi.
Turklar o‘zlarining o‘ldirilgani, vayron etilgani, deyarli yo‘q qilib yuborilayozganini unutmadilarmi? Ulardan so‘nggi yetti yuz kishi o‘rmonlarda tentirab yurganida, mana shu Dono Tongyuquq ularni birlashtirgan va Elturishni xoqon yoxud turklarning xoni etib tayinlashga qaror qilgan. Lekin bu ishda u: agar bo‘lajak xoqon ho‘kizning qay biri orig‘u, qay biri semiz ekanini bilmasa, u xoqon bo‘lishi kerakmi, deya ikkilanadi. U bir oz o‘ylanib turadi va shunga qaror qiladi: Tangri unga aqlu zakovat beribdimi, u Elturishni xoqon va o‘zini vazir etib tayinlajak. Shundan beri u tunlar mijja qoqqani yo‘q, kunlar esa kayfu safoga berilmadi. Oriq shoxni egish oson bo‘ladi.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:19:14

Muloyim narsani sindirish ham oson deyishadi. Lekin agar oriq narsa keyinchalik qalinlashib ketsa, uni bukish qiyin bo‘ladi. Muloyim narsa qo‘pollashsa, uni sindirish qiyin deyishadi. Shunday qilib, u turklarni bir joyga to‘pladi va turk xoqoni bilan birga Otukan o‘rmoniga boshlab bordi. Tunlar bedor, kunlar rohatsiz, qizil qonini oqizgan va qora terga botgan holda o‘n yetti bor xitoyliklarga, yetti bora qitanlarga, besh marta o‘g‘uzlarga qarshi kurash olib bordi. U turkiy qavmlarni uzoq yurishlarga jo‘natdi va ular jangu jadallar natijasida son-sanoqsiz tilla, kumush, go‘zal qiz va bevalar, o‘rkachli tuyalar bilan uyga qaytishdi. U na biror dushmanga Ko‘k Turklari orasidan qutulib ketishiga va na biror yovvoyi otning betizgin ketishiga yo‘l berardi. Mana hozir uning sharofati bilan Ko‘k Turklari dunyoning To‘rt Burchida hokimlik qilishmoqda. Agar u g‘olib bo‘lmaganda edi, na davlat va na xalq bo‘lgan bo‘lur edi. Uning muvaffaqiyati tufayli Ko‘k Turklari gullab yashnagandan yashnayverdi.
Mana endi u qarib qoldi, yillar madorini quritdi, endi o‘zining sharafli g‘alabalarini emas, balki og‘riqli yaralarini sanaydi, xolos. Qachonlardir Eltirish-xoqon tirikligida Tongyuquq O'n-o‘q qabilasiga qarshi yurishga chiqqan. O'shanda u odatiy uslublaridan shunday xulosa chiqargandi: dushman nimani niyat qilgan bo‘lsa, o‘shani qil, faqat undan oldinroq. Shu payt xoqon tarafdan bir josus kelgan va «hech qayoqqa jilinmasin!» degan buyruq keltirgan. Lekin Tongyuquqqa xoqonning boshqa qo‘mondonlarga xabar yuborganini aytishadi: Dono Tongyuquq zolim va makkor. Unga ergasha ko‘rmang! U bilan biror masalada sulh ham tuzmangiz! Lekin Tongyuquq o‘z qarorida qat'iy edi va ular hech bir so‘qmoqsiz Oltoy tog‘iga tirmashishadi, hech bir kechuv joyi bo‘lmagan Yertish daryosidan kesib o‘tishadi, jang qilib, O'n-o‘q qabilasini batamom tor-mor etishadi.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:19:37

Eltirish-xoqon o‘lganda, uning atrofidagilarning bari qoni qaynab turgan Kul-Tegin tomonidan qatl etilgan. U o‘z inisi Bilgani hokimiyat tepasiga ko‘tarib, uni xoqon deb e'lon qilgan. Dono Tongyuquq buni oldindan sezgandi. Shu sababdan hali shahzodaligidayoq qizi Pobekani Bilgaga nikohlab beradi. Garchi boshida bir oz xijolat qilgan bo‘lsa-da, keyinchalik kuyovi Bilga-xoqon uni o‘ziga vazir qilib oladi. Yo‘q, birgina yosh Kul-Teginning qaynoq qilichi emas, balki keksa Tongyuquqning yorqin aqlu zakovati Turk davlatini hozirgiday kuchli va yengilmas ayladi...
Hozir esa u yana yolg‘iz. Tarozining ikinchi pallasi ham og‘ib ketdi. Kul-Tegin o‘ldi, dono Tongyuquq esa o‘zini bo‘rining tillarang boshi tasvirlangan bayroq ostida odamlarni birlashtirgan botir bo‘riday sezmayapti, yo‘q, qaytanga u o‘z o‘qidan azob ko‘rgan qari mazlum kabi bo‘lib qolgandi. U Bilga-xoqonnnig eng oxirgi qarori - dunyodagi jamiki dinlarni birlashtirish haqida o‘ylardi. Bir necha yil avval, xuddi shu Bilga-xoqon o‘zini boshqa Xitoy Imperatori deya da'vo qilishga qaror qilganida va butun dashtni Buyuk Devor bilan o‘rab olish hamda Budda va Lao-Sziga bag‘ishlangan ibodatxonalarni barpo qilishni niyat qilganida, o‘z kuyoviga shunday degan edi: «Ko‘k Turklari xitoylik emaslar, ular o‘t va suvga e'tiqod qilib, faqat harbiy ishlar bilan mashg‘uldirlar. Ular kuchli bo‘lgan mahalda zafar uchun olg‘a intilishadi, agar zaifliklarini sezishsa, katta yo‘qotishlarga yo‘liqmaslik uchun ortga chekinishadi. Qolaversa, Budda va Lao-Szining ta'limotlari odamlarni urushqoq va kuchli emas, balki shafqatli va zaif qilib qo‘yadi.»
Hozir gap faqat Budda yoki Lao-Szi haqida emas, balki jiddiyroq narsa ustida ketyapti. Tulki Ovchisi ushbu fursatda ham butun umr bo‘yi erishgani kabi muvaffaqiyatga erishadimi? Ko‘k-qora osmonda yuz ming tumanlari bilan ko‘ringan hilol so‘nggi qilich misol charxlanib turardi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:04:16

36

Taajjubki, Luk bilan Fiona ikki yil avval ayni bir joyda bo‘lishgandi. Men O'rta Osiyoni nazarda tutyapman. Lekin menga o‘xshab, intervyu uyushtirish, vaqt va to‘lovlarni nazorat qilish, rejissyor va suhbatdosh og‘zidan chiqayotgan har bir so‘zni tarjima qilish bilan shug‘ullanishmagan ular. Luk odatiy ishi - ko‘chmanchi va o‘troq aholiga xos odatlarni bir-biri bilan solishtirish bilan band bo‘lgan. U ko‘chmanchilar va o‘troq aholi tafakkuridagi farqlarni ko‘rsatib o‘tgan bir muallifning «Yo‘l va maqom» maqolasidan misollar keltiradi. O'sha muallifning aytishicha, mahalliy o‘troq aholi she'riyat deganda ayollarga muhabbatni tushungan, ko‘chmanchilarning she'riyati esa birodarlarcha sevgidan iborat edi. Misol tariqasida u Bilga-xoqonning marhum birodari Kul-Tegin vafotiga bag‘ishlagan aza qo‘shig‘ini keltiradi.
«Yoshgina ukam Kul-Tegin o‘ldi, men unga aza tutaman. Ko‘rar ko‘zim ojiz, bilar ilmim notanish bo‘ldi. O'zim anduh ichraman. Xudo vaqtni Inson bolasi o‘lishi uchun yaratadimi? Men chuqur qayg‘udaman. Ko‘zimga yosh kelganda, ko‘nglimga g‘am inganda, yondim, azoblandim. Qayg‘uga botib o‘yladimki, ikki shahzoda va yoshgina ukamning, o‘g‘illarimning, qo‘mondonlarim va xalqimning ko‘zu qoshlariga yig‘idan ziyon yetgay».
Men esa o‘zimga qanday she'riyat yoqishini juda yaxshi bilardim.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:04:24

37

Men maqola muallifi bo‘lmish allaqaysi muallifni topishga harakat qildim, biroq uni quvg‘inda, deb aytishdi. Haqiqatda ham ushbu oddiy dalil s'yomka orasida meni izlanishni qaytadan boshlashga majbur qilgan bo‘lishi mumkin. Alaloqibat - men voqealar nuqtai nazaridan aytyapman - Turfanga Shia Chang oilasini ko‘rgani borish kutilmagan narsa bo‘ldi. Bu haqda avvalroq aytgan edim. Yana turli xil yozuvlar, shifrlangan, ya'ni ko‘plab qisqartirishlar bilan yozilgan matn (masalan,, F.Yefr. uchrashdi 1.t. Tenz. o‘zining ko‘pl. va dek...) bor edi, lekin unda nima deyilganini aniqlashga muvaffaq bo‘ldim.
«Rohib Valaamov o‘limiga sabab bo‘lgan holatni aniqladim. Bu taajjublaanarli bir hikoyadir. Misrliklarning O'liklar kitobidan tashqari tibetliklarning ham ayni shunday kitobi borligini Tengiz Datsaodan o‘rgangach, bularni qiyoslashga kirishgan. Aniqrog‘i Tenzigni o‘z joyida so‘nggi bor uchratgan kishi Abo Yefrem bo‘lib, u uzoq Tibet safaridan keyin turli e'tiqodlar va Hotandagi hayotni bir-biri bilan solishtirishga urinib ko‘rishni taklif qilgan. Ikki rohib bir qalandarga duch kelishadi. U «Och yuzim, g‘assol, bu dam, Yorug‘ jahonni bir ko‘ray» deya qo‘shiq kuylardi. Ular qalandarga ergashadilar va u qabristonga boshlab boradi. O'zi yashashga odatlangan kechki bo‘m-bo‘sh qabristonda qalandar bir qabrtoshiga o‘tirib, kamtargina kechki ovqatga - haligi qo‘shig‘ini aytib topgan bor-budiga taklif etadi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:04:36

Rohib Valaamov o‘z maqsadlarini aytadi. Qalandar xurjunidan do‘mbirasini olib, qo‘shiq ayta boshlaydi. U mungli bir tovushda uzun hikoyani kuylar ekan, ba'zi o‘rinlarni aytib berish uchun o‘qtin-o‘qtin to‘xtab qo‘yardi. U Yer-Tushtuk degan qahramon haqida kuylar, bu qahramon esa o‘zining sehrgar xotinini izlab, yerning eng chekka burchigacha borgan va u yerda yerostidagi qandaydir bir saltanatning eshigiga yaqinlashadi. U bu eshikdan kirib, Qirollikning birinchi qatlamida ko‘radi o‘zini . Qari kampir qiyofasidagi yalmog‘iz uni kutib turardi. Yigit unga salom beradi. «Saloming bo‘lmaganda ikki yamlab bir yutardim», deydi yalmog‘iz. Yigit unga o‘z upasi, tarog‘i va oynasinigina tashlab ketgan sehrgar xotinini izlab yurganini aytadi. Qari yalmog‘iz bu notanish kishining so‘ziga quloq solmas, uni qanday pishirib yeyishni o‘ylardi. U yigitdan ko‘proq o‘tin keltirgunicha kattakon qozon tagidagi olovga qarab turishni so‘raydi. Yer-Tushtuk hayoti xavf ostidaligini sezib, qochishga qaror qiladi. Kampir uning qochayotganini sezib, ortidan quvadi. Yetay-etay deganda, yigitning qo‘lidagi upa tushib ketib, ular o‘rtasida hayhotday sahro paydo bo‘ladi. Shu tariqa yigit yer ostining ikkinchi qatlamiga tushib qoladi.

Qayd etilgan