Koʻk Turklari asiri (roman). Nouman Smaylz  ( 129623 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 31 B


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:04:46

Birdan o‘tkir shoxli ho‘kiz ta'qib qilayotganini sezadi. Ho‘kiz endi shoxiga ilintirib tepaga ko‘taraman deganda, yigit qo‘lidagi taroqni yerga tashlaydi va o‘rtada qalin, qorong‘u o‘rmon paydo bo‘ladi. Yer-Tushtuk keyingi qatlamda ko‘radi o‘zini. Bu yerda ajdahoday bahaybat ilon uni tishlamoqchi bo‘lganda, oynani yerga tashlaydi va o‘rtada cheksiz ko‘l hosil bo‘lib, yigitni hujumdan asraydi. Yerosti Qirolligidagi uch qatlamdan o‘tarkan, Yer-Tushtuk qizil bug‘ular to‘dasiga uchraydi va qo‘rqib turganiga qaramay, bug‘ular uning chuqurroq qatlamga tushishiga yordam beradi. So‘ngra Qora Tulki o‘zining izini va butun tanasini Qora Tunda yashirib, yigitni u yerda yolg‘iz tashlab ketadi. Nihoyat, Yer-Tushtuk eng so‘nggi tog‘ning cho‘qqisida bir g‘orni ko‘radi, u yerda Tepako‘z yigitning yo‘qolgan sehrgar xotinini ushlab turardi...
Zev yozmishlarining birinchi qismi shu yerda qirqilgan va men ikkinchi qismni o‘qish orzusida sabr qilolmasdim. Bilmadim, Zev nimani nazarda tutgan ekan, lekin Yer-Tushtukning tabiatini o‘zimda aks ettirib ko‘rdim. Qatlam ketidan qatlam, men odatiy zaminiy hayotimdan soyalarning zimiston dunyosiga tushib ketganday edim. Faqat kimni izlab?

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:04:58

38

Men hatto o‘sha guruh ichida reportyor bo‘lib yurganimni ham eslashni istamayman. Yana, rejissyor xuddi o‘z Injilini saqlaganday avaylab yurgan «Dunyo bir kun ichida» kitobini ham umuman yodga olmasam deyman. Bir kuni ish jadvalini izlayotib, stol ustida ochiq holda turgan o‘sha kitobga ko‘zim tushdi va qiziqqonligim bois undagi sariqlik to‘la maydon suratiga ko‘zim tushdi. Unda tushuntirilishicha, bir kun ichida insoniyat chiqaradigan chiqindi Luiziana stadionini 19 metr chuqurlikda ko‘mishi mumkin ekan. Yuqorida barcha odamning oltita konteynerga yuk bo‘lgan chiqindisi bor edi. Hayratda qoldim. Yo‘q, o‘lchovlarni deb emas... bilmayman nimaga. Keyinroq ba'zi tahlillardan so‘ng aqalli ikki sabab borligini tushundim: birinchisi - insoniyatga bio-massa sifatida qarash, ikkinchisi - o‘sha bio-masaning bir qismi sifatida har bir inson, o‘zimni ham hisoblaganda, bu faktdan juda xafa bo‘lgan bo‘lardi. Inson zoti borki o‘z shaxsiyatini, ya'ni o‘z chiqindisi, siydigini himoya qilishga intiladi.
Umuman biz kimmiz? Katta-katta maydonlarni o‘z chiqindilari bilan bulg‘ovchi, uchta Nyu-Yorkka teng binodagi nonni yeb tashlaydigan va obi maniylari bilan butun galaktikani boyitadiganlarmi? Kimmiz o‘zi? Yaxshi-yomon, katta-kichik, baland-pastni barbod qiluvchilarmi? Kimmiz? Biznes kartamizda yoxud gazeta sarlavhasidagiday go‘ng ustida o‘rmalayotgan qurtlarmizmi?..
Kimmiz axir? Matlubotning quli, har besh yil, yil, olti oy, bir oy, ikki hafta, bir hafta, har soniya nafsi hakalak otganlarmi yo? Kim, kim? Do‘zax deb atalmish maydonni yeganlarini qusib to‘ldiradiganlarmi?..

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:05:12

39

Meteorologiya markazida o‘yga berilib o‘tirgan edim, birdan jangarilar jarimizning shundoqqina og‘zida hujum qilishga qaror qilishsa bo‘ladimi. O'tgan kecha ular buni bizdan sir tutishmagan, bizni o‘zlariga qarashli kishilar deb hisoblashar va xavfsizligimiz bilan ham qiziqmay qo‘yishdi. Biroq ular bu borada xato ketdilarki, bizning borligimiz uchun ham qarshi taraf muzokaraga rozi bo‘ladi deb o‘ylashgandi. Ular bizni xavfsiz yo‘lak yoki bo‘lmasa aqalli bu yerda qishlash uchun oziq-ovqat zahirasiga sotmoqchi edilar. Eshitishimcha, ulardagi oziq-ovqat kamaygan, shu bois Li ikkovimiz ular uchun keraksiz narsaga aylanganmiz, bizdan qutilish oson emas, ular bilan qolishimiz ham bir tiyin foyda keltirmasdi. Shunda men bizni otib o‘ldirishlari ham mumkin, degan o‘yga bordim, chunki vaziyat tobora keskinlashib borardi. Ular hujum qilish yo muzokaraga chiqish ustida bahslashishardi. Qo‘mondonlardan biri boshqasini qo‘rqoqlikda ayblagandi, ikinchisi bizga shunday g‘azab bilan qaradiki, go‘yoki ularning tortishuviga biz sababchi bo‘lgandek. Lekin men boshqa bir narsadan qo‘rqayotgandim: biz uning zaifligiga guvoh bo‘ldik va jangarilar (faqat ular emas) buni osongina esdan chiqarishmaydi.
Biroq keyingi kun kechqurun nohaq ekanimni angladim.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:05:22

Ertangi kun, bomdod namozidan keyin, juda erta boshlandi. Jangarilar qurollarini olib, bizni hech bir soqchisiz boshpanamizda qoldirishdi. Hatto bir-birimizga bog‘lab ham qo‘yishmadi. Lini bilmadim-u, lekin men o‘zimni ancha xo‘rlanganday his etdim. Ular bizni bir uyum axlat kabi hech bir gap-so‘zsiz tashlab ketishdi. Ular bilan bir oydan oshiq birga bo‘ldik, hamma narsani birga bo‘lishdik, o‘lim oldida teppa-teng turdik va nihoyat ular bizni bu yerda unutib qoldirishdi... Quyosh ko‘tarilib, tonggi shabada miltiqlarning aniq-tiniq ovozini keltirdi. Hech bir sababsiz Li ikimiz o‘rnimizdan irg‘ib turib meteorologik minora o‘rnatilgan platforma tomon yugurdik. Sovuq qoyalarga tirmashib, torgina g‘orning og‘zini, bir necha tank va zirhli mashinalar tog‘larga qarata o‘t ochayotganini va qoyalar ortiga bekinayotgan jangarilarning kichkina jussalarini ko‘rdik. Tanklar yaqinlashib kelar va biz turgan joy jangni kuzatish uchun juda qulay edi. Li, imkoniyatdan foydalanib, hukumat kuchlariga bizning u yerdaligimizni bildirish uchun signal beradi, deb o‘ylagandim, yo‘q, u churq etmay turdi. Qiziq, hayotimda birinchi marta haqiqiy urushni ko‘rib turgan bo‘lsam-da, lekin avvalgi bomba tushishlari sababmi yo o‘lim barchamizga yaqin bo‘lib qolgani uchunmi, bu yerda o‘zimni ancha erkin tutdim. Pastda kechayotgan urush quyoshli kun, musaffo osmon va osuda tabiat tufayli qandaydir beo‘xshov ko‘rinardi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:05:39

Shundan so‘ng kutilmagan voqea sodir bo‘ldi: zirhli mashinalar tor yo‘lakning og‘ziga yaqin kelganda, kechagi vahshiy qo‘mondon jangning barcha qonun-qoidasini buzib, tankning old tomoniga o‘tdi-da, uni granata otib portlatib yubordi. Uning guruhidagi besh nafar jangari ortidan yurib, yonayotgan tankdan qochayotgan jangarilarni o‘qqa tuta boshladi. Biroq boshqa tomondan uchib kelgan olov raqibini yer tishlatdi. Snayperlar har tomonda bekinib turishgandi. Turgan joyimdan irg‘ib turib, qochishimdan avval ko‘rganim shu ediki, uchib kelgan granata snayperlar yashiringan joyga kelib, u yerning kulini ko‘kka sovurdi. Li ikkimiz qaltirab qoldik. Qo‘rquv, hayajon, muzlash - bilmayman. Balki bularning bari. Biz bu jarlikdan qochib ketolmasdik - pastda urushayotgan jangarilar, yuqorida - sokin muzliklar va uyimiz - meteor markaz esa o‘rtada. Biz orqaga, uy tomonga yurishga qaror qildik. Jangarilar ancha kech qaytishdi. Yovuz qo‘mondonimiz ular orasida ko‘rinmasdi. Bildikki, u halok bo‘lgan. Uning kechagi raqibi yig‘lar, qo‘lida ilma-teshik bo‘lib ketgan Qur'on nusxasi bor edi. Kitob ichidan marhum qo‘mondonning qizi yozgan maktubni oldi. Bola qo‘li bilan chizilgan palma daraxtining rasmini ham o‘q teshib o‘tgandi. Bir kun oldingi shubham uchun o‘zimni juda yomon his qildim va qayg‘uga botdim. Baribir, o‘sha mahal ham ular bizni tirik qoldirishdi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:06:01

40

Yozishni boshlaganimda, shunga ishonchim komil ediki, tilshunoslik manbalarining yo‘qligi sabab, faqat ishga oid uslubdan foydalanaman, tasvirni yashiradigan lirik chekinish va shunga o‘xshash bezaklardan yiroqroq bo‘laman, deb edim. Ko‘p yillar davomidagi tarjimonlik tajribamdan bilamanki, tilning boyligi voqealarni ochishdan ko‘ra, ularni yashirishga xizmat qiladi. Maqsad-mohiyatni tushunmagan bo‘lsangiz, uni tarjima qilish uchun qancha so‘zlarni ishlatib ko‘rasiz? Hali hikoyaning so‘ngi ko‘rinmasa-da, borgan sari hayajonlanib ketyapman. Ochiqroq bo‘lishim kerak. O'rta Osiyoga qilgan safarimni sizga nima uchun aytyapman? Chunki men u yerda Fionaga xiyonat qildim. Bu Farg‘ona vodiysida ro‘y bergandi.   
Boshida biz Marg‘ilon degan joyda eng katta diniy arbobni uchratdik. U shu qadar ta'sirli ediki, darhol O'lik Shahardagi darvish yodimga keldi. Leonardo da Vinchiga o‘xshagan, oppoq libosda joynamoz ustida o‘tirgan kimsani xayolingizga keltiring, faqat sizning suhbatingizgina uni yer ustida ushlab turibdi, yo‘qsa u bir zumda jannatga uchib ketgan bo‘lurdi... Ha, men darvishimni esladim va undan Ko‘k Turklari haqida biror narsa bilishini, biror joyda o‘qiganini so‘radim. U oddiygina qilib, bu turklarning g‘aflat va tumanlikda hayot kechiradigan odamlar bo‘lgani, lekin ular orasida bir kishi haqiqiy musulmon ekanini aytdi, faqat uning ismini yashirdi. Uning ismi Farididdin Attorning «Tazkiratul-avliyo» asarida bor. Shu payt uning o‘g‘li kelib namoz vaqti bo‘lganini aytdi va ular ketishdi yoki biz ketdik, aniq esimda yo‘q. Shunday qilib yana bir bor fitnaga uchradim va bu fitna avvalgilariga qaytaradiganga o‘xshab ko‘rindi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:06:14

O'sha kunning ikkinchi qismini va tunni Shohimardonda - tog‘ bag‘ridagi ajoyib dam olish maskanida o‘tkazdik. Aslida bu joy dam olish maskani emas, balki muqaddas ziyoratgoh bo‘lib, u yerda Imom Alining 12 qabrlaridan biri joylashgan deyiladi, lekin sho‘rolar u yerda zinokorligi uchun toshbo‘ron qilib o‘ldirilgan gunohkor bir shoirning qoldiqlarini qo‘yishgan va ko‘ngilochar joyga aylantirishgan. Baribir, g‘arblashgan mahalliy yo‘lboshlovchimiz sevgilisi bilan bizni u yoqqa boshlab chiqdi va jilg‘a bo‘yida shu yerning arag‘idan keragicha urdik. Bilasiz, ichib olgach, boshqacha harakatlar qila boshlaysiz. Shu orada yo‘lboshlovchimizning sevgilisi bilan ikki-uch bor ko‘zimiz to‘qnashib ketdi. U ajnabiylar bilan band edi. Keyin hammamiz uxlashga turdik, to‘g‘risini aytsam, u yerda yotishga karavotlar yo‘q edi, shuning uchun kimdir mashinada, kim mezbonimiz bergan ko‘rpachada, yana kimdir menga o‘xshab devorga suyangan ko‘yi uxlab qoldi. Sovuqdan junjikib uyg‘onib ketganimda, soat tungi bir bo‘lgandi.  Tishlarim takkillab, bir-biriga tegmay qaltirardim. Sakrab o‘rnimdan turdim va mashq qilayotgan ko‘yi harakat qildim. Biroq suyaklarim qotib qolganday edi, shu bois tashqariga chiqib yurishga qaror qildim. Hovli zim-zimiston, bedor jilg‘aning tovushidan bo‘lak hech qanday sas yo‘q edi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:06:21

Xurrak tovushini hisobga olmassiz, deb o‘ylayman. Qorong‘ilikda tentiragancha darvoza yoniga keldim va uning yopiqligini sezib, undan oshib o‘tish uchun tirmashdim. Ko‘zim osmondagi yorqin yulduzlarga tushdi. Hovli to‘la daraxt bo‘lib, endi men tog‘ va uning orasidagi tor jarliklar tomonga olib boradigan yo‘lni bemalol topa olardim. Balki haliyam kayfim bor edi, lekin nechundir tog‘ning tepasiga, tabarruk zot bilan gunohor shoir orom topgan joyga chiqishga qaror qildim.
Xudo biladi, nimanidir o‘ylab toqqa ko‘tarilar ekanman, birdan jarlikning narigi tomonida qarshidagi tog‘ning yaqinida turganday kattakon bir yulduzga ko‘zim tushdi. Hech qachon bu qadar katta va shunchalik pastdagi yulduzni ko‘rgan emasman. Yo Xudo, deb o‘yladim, qanchalik qudratlisan-a, yulduzlaringni tog‘larning ortiga o‘rnatib qo‘ysang. Lekin hayratim qo‘rquvga aylandi, xuddi «tog‘lar uvadaday uchib yuradi» oyatiga o‘xshash va shu onda ikki tog‘ kitob varag‘i kabi meni va yorqin yulduzni ichiga olib bir-birining ustiga shunday yopiladiki, zudlik bilan yuqoriga chiqib, ochiq va xatarsiz osmonda ko‘raman o‘zimni, deya o‘yladim.   

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:06:52

41

Tog‘ning tepasi bo‘m-bo‘sh edi. Bu ko‘proq toq bag‘ridagi tekis yalanglikka o‘xshar, chunki cho‘qqiga hali ancha bor, u qalin o‘sgan daraxtlar ortida yashirinib turardi. Lekin bu yer boya yulduz ko‘rganim joydan ancha xavfsiz edi. Haqiqatda, hayajonga tushmay aytishim mumkinki, bu tunda qo‘rqadigan hech narsa yo‘q edi, faqat shoirning qabri oldidagi qandaydir bir sharpadan chindan ham juda qo‘rqib ketdim. Nimani o‘yladim? Ne ham o‘ylar olardim? Farishta, pari, shoirning imonsiz ruhimi? Yo‘q, bu yo‘lboshlovchimizning sevgilisi edi. Uyat-e, hatto bu qiznnig ismini ham bilib olmabman. «Yolg‘izlikni izlab yuribman», - dedi u aybdorlarday. «Men esa sening izingdan kuzatib yuribman». Yo qiz bu yerga chiqishim sababini tushundi, u ham menday o‘ylayotgandi, buni bilmayman. Harqalay, meni kuzatib yurgan, deb o‘ylab, bir oz noqulay ahvolga tushdim. Lekin haliyam kayfim tarqamagan, o‘zimning yolg‘izligimni ikkimizning birga yolg‘iz bo‘lishimiz uchun qurbon qilishga tayyorligimni aytish uchun kuch topoldim. O'ylashimcha, qiz ham yetarli otib olgan, bu kabi qo‘pol muomalaga laqqa tushganday edi. U kuldi. Siz keyin nima bo‘lganini anglash uchun sharq qizlarining tabiatini bilishingiz kerak bo‘ladi. Ular uchun so‘zning juda katta ahamiyati bor. Boshqacha qilib aytganda, g‘arblik qizlarga qaraganda, so‘z ular uchun ancha muhim narsa hisoblanadi. Shu bois, bu yerda yotgan shoir hatto yotgan joyida ham juda mashhurdir. 

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:07:26

Qolaversa, qiz o‘sha shoirdan qandaydir sharqona satrlar keltirdi:

O'ylasam, bu dilbarim makkorga o‘xshaydi-ku,
Rahmi yo‘q bir bevafo xunxorga o‘xshaydi-ku...


Qiz buni ovoz chiqarib emas, balki pichirlab o‘qidi, umuman, vaziyatning o‘zgaruvchanligi va qaltisligi bois biz pichirlab gapirardik. Bir nojo‘ya qadamni deb pastimizdagi tubsiz jarga qulab tushish mumkin edi. Men unga pastdagi vodiy va boshimiz ustidagi yulduzlarni tomosha qilishni taklif etdim. Biz tekisroq bir joy topib o‘tirdik va bu jimlikda tezda sovuq qota boshladim. Yana bir noqulaylik - tobora bo‘shangim qistab ketayotgani edi. Jin ursin, deb o‘yladim, nahot hayotingdagi eng ajoyib daqiqalar shu kabi ehtiyojlar tufayli barbod bo‘lsa? Qizni noqulay vaziyatda o‘pib oldim. U qarshilik qilmadi. Unga bir daqiqadan keyin kelaman, deya o‘rnimdan turdim. «Qayoqqa ketyapsiz?» - pichirladi u. Men yer tepinib qoldim. Bu hayotimdagi eng yomon daqiqalardan biri edi. Lekin aslo chidab turolmasdim va yugurgancha shoir qabrining narigi tomoniga o‘tib ketdim.

Qayd etilgan