Koʻk Turklari asiri (roman). Nouman Smaylz  ( 129630 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 31 B


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:15:46

47

Xuddi tovlamachiga o‘xshab qolgandayman. Bu hikoyani ikki daqiqada ham aytib bersam bo‘lardi. Lekin bu kabi bo‘lak-bo‘lak, bayon ketidan bayon qilib yozishdan nima tutib turibdi meni? Bu bilan hayotimni saqlab, vaqtni cho‘zyapmanmi yo?  Muzokarachi elchi ketib, uning o‘rni bo‘sh qoldi. Hikoyam Bilga-Xoqonning suyukli birodari Kul-Tegin hayotining bahosi uchun asirga olingan kishilar xususida edi. Xo‘sh, qo‘qqisdan tushgan tosh kabi nechun samodagi burgut misoli o‘lja uchun tashlanmasdan, faqat qanot qoqib aylanib yuribman? Nega sizga Bilga-Xoqonning o‘zi shohona uyida, nima qilib qo‘ygani haqida xavotir olib o‘tirganini aytib bermayapman? Balki u ham ayni paytda men tushgan ahvolda qolgandir? Yo bunga boshqa sabablar ham bormidi?
Bilga-Xoqon shohona o‘tovida ajib bir kayfiyatda o‘tirardi. Suyukli birodari Kul-Teginnning o‘limiga mana bir oy to‘ldi, bu orada garchi g‘amu g‘ashlikdan deyarli forig‘ bo‘lgan bo‘lsa-da, qandaydir bo‘shliq uning o‘rnini egallab olib, yuragini nurli iplar va mayin og‘riqlar bilan ohista tortar va qitiqlardi. Maqbaraning qurilishi bitay deb qolgan, toshga o‘yib yozilgan, dunyoning to‘rt burchidan kelgan mehmonlar barcha aqlu zakovatni birlashtirish maqsadida kuyib pishar, lekin anglash qiyin bo‘lgan bir nima jangchining huvillagan va bezovta ko‘nglini qiynab turar edi. Bu jangu jadallarning yo‘qligi va tinchlikdan qo‘rquvmidi? Tongyuquqning ma'qullamasligi yoki o‘g‘li Shahzoda Yo‘llikning xitoy Ichi Lyangning jangovor san'atidan zavq olishimi? Dashtlikning kuzgi harakati va uning ustidagi samo va yo fursatning vaqtinchalik to‘xtab qolishimidi? Nima edi yo‘qsa? U maqsadsizlikni tushunishga harakat qildi, so‘zlar bo‘shliqqa to‘sqinlik qilolmadi, shu bois u bo‘shliqdir va hech kim uni jilovlay bilmas.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:15:52

Ha, uning barcha mehmonlari o‘z e'tiqod va ishonchlarining qaymog‘ini namoyish etish bilan band edi, biroq qanday tasavvur qilish mumkinki, uning yagona o‘g‘li Shahzoda Yo‘llik xudosiz xitoylik general Ichi Lyangning san'atiga oshufta bo‘lib qolsa. Haqiqatda ham bu unchalik ahamiyatga ega bo‘lmagan fakt, ya'ni bolakayning kecha-yu kunduz dushmanning hayvoniy o‘yinlari bilan ovora bo‘lishi boshqa narsalarning ochilishiga olib keldi: birdan Bilga-Xoqon hayot hech narsaga parvo qilmay davom etishini anglab yetdi. Garchi bir oy avval birodarining g‘amida adoyi tamom bo‘lganida, endi vaqt to‘xtab qoladi, kunlar nihoyasiga yetadi va hayot tugab bitadi, deya o‘ylagandi...
Hech bunday emas...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:16:01

48

Negaligini bilmayman-u, lekin tunlari kishi hammadan uzr so‘ragisi kelaveradi. Men ham shunday. Muzokarachi ketgach, uzoq vaqt uxlay olmadim. Garchi u ketib, biz yana qolganimiz og‘riqli his uyg‘otsa ham, bizni tashlab ketganidan afsuslanmayman. Kutilmaganda teleguruhimga achinib ketdim, chunki o‘sha tun Farrah va uning jamoasi mamlakatni tark etish oldidan xayrlashuv kechasi o‘tkazgandi. Ular chindan ham doimgiday soxta kishilarga o‘xshamas, Farrahning ko‘zlari boshqacha porlardi. Jurnalistlardan biri menga bir hikoya aytib bergandiki, uning haqiqiy ma'nosini shu asirlikdagi tunda anglab yetdim. U yaqindagina oilasi bilan ajrashgan va uch qizi ham onasi bilan ketganini aytgandi. Men na Eynshteyn va na Eysenshteynman, balki oddiy bir jurnalistman va bir kun umrim tugasa, hech kim meni esiga ham olmaydi, - degandi u.  «Lekin bir qobiliyatim bo‘lardi: qizlarim bilan o‘tirganimizda, shishadagi suvni stakanlarga quyishni odat qilgandim va avtomatik ravishda to‘rtta stakanni ham bir xil miqdordagi suv bilan to‘ldirishning uddasidan chiqardim. Qizlarim bundan katta zavq olib, qiyqirib yuborishardi va men yana o‘sha ishni takrorlardim. Endi bo‘lsa ular onalari bilan meni tashlab ketishdi, bu qobiliyatimning nechog‘li ahamiyati qoldi endi?» Shunday deya u chindan ham bir xil miqdordagi aroqni to‘rtta stakanimizga quygandi.
Uni nima deb yupatganimiz esimda yo‘q, lekin ayni paytda shuni tushunib yetdimki, uni yupatishning hech bir yo‘li yo‘q ekan, og‘riqlarini ketkazish va yolg‘izligini to‘ldirishning imkoni qiyin ekan... Har tomondan bizni o‘rab olgan bo‘m-bo‘sh va cheksiz tun qo‘ynida unga juda achinib ketdim. Yolg‘izlikdagi soqov sadolarimiz xuddi cheksiz koinot bag‘ridagi mitti yulduzlarga o‘xshab ketardi...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:16:18

49

Avval aytganimday, ba'zan hayotdagi barcha voqealar bir yo ikki kungagina jamlanadi. Bu borada turklar shunday deyishadi: «Yilning yetti jumasi bir keldi». Ruslar: «Bu yer bo‘sh, lekin bu yer zich». Eroniylar va yahudiylar bu haqda nima deyishganidan xabarim yo‘q, lekin «Interkontinental» mehmonxonasida men yuqoridagi ikki mamlakatdan ikkita faks oldim. Biri Noamdan bo‘lib, u nafaqat meni e'tiqodlararo anjumanga taklif qilgan, balki u yerda sinxron tarjima qilib mo‘maygina pul ishlab olishim mumkinligini ham aytgandi. Ikkinchi faks Olmoniyadan jo‘natilgandi, unda bir futbol jamoasinining boshlig‘i Eronga norasmiy safar qilmoqchi ekani-yu, men tarjimon va yo‘lboshlovchi sifatida juda kerak bo‘lib qolganimni yozibdi. Garchi to‘sqinlik bo‘lmasa-da, bu ikki mamlakatga borishga ham urinish ayyorlik bo‘lur edi. Qolaversa, shuni yaxshi bilardimki, agar pasportingizga Isroil vizasini olsangiz, Eronga borish uchun hech qachon ruxsat ololmaysiz va aksincha. Lekin yahudiylar ancha moslashuvchan bo‘lishadi, shunday emasmi? Isroil konsulligida sharoitimni tushuntirganimda, konsulning o‘zi shunday dedi: «Qonunlar ularga amal qilish uchun emas, balki chetlab o‘tish uchun ishlab chiqiladi». Bu mingyillik falsafiy gapdan keyin u menga pasportimga yopishtirishimning hojati bo‘lmagan alohida viza qilib berdi. Eron vizasini olish xamirdan qil sug‘urganday oson bo‘ldi. Biroq, shundan so‘ng men yana uchinchi bir faks ham oldim. Unda quyidagi yozuvlar bor edi: «Sening qaerga jo‘namoqchi bo‘lganingni bilamiz, lekin qaerda bo‘lsang ham topib olamiz». Negaligini bilmayman-u, lekin bu xatarni shahardagi portlashlar bilan bog‘laganim rost.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:16:31

50
 
Garchand qaerdan boshlagan bo‘lsam, xuddi o‘sha joyning o‘ziga qaytib kelgan bo‘lsam ham, vaziyat u qadar aniq emasdi. Menga xavf solayotgan kim edi va nega? Isroilliklar Eronga borishim ehtimolini deb va yoki aksincha hol uchun meni xavotirga qo‘yishlari mumkinmi? Yana nima bo‘lishi mumkin? Yo bo‘lmasa bir necha kishilar, jumladan, Luk va Zevning hayotini o‘rganganim uchunmi? Valaamov, At-Tohariy yoxud boshqalarning yuz yillar avval o‘lib ketgani endi menga ta'sir qilishi mumkinmi? O'zimni jinoyat sodir qilgan joyiga qaytib kelishni ko‘zlagan jinoyatchi sifatida his qilarkanman, shuni tushunib yetdimki, garchi Isroilga ham, Eronga ham ketayotgan bo‘lsam-da, undan keyin Shinjon-Uyg‘uristonga qaytaman. Xavotirning sababini aniqlay olamanmi-yo‘qmi, lekin allaqachon qat'iy qaror qabul qilib qo‘ygandim.   

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:16:50

51

Quddusdagi tayyoragohda meni terroristlarni tekshirganday ko‘zdan kechirishdi. Qaysidir ma'noda bu mening ishonchimga ishonch qo‘shdi. Ular barcha borar manzilimni obdon surishtirishdi va men agar shubhali inson sifatida meni nazoratga olishsa, aqalli shularning himoyasida bo‘laman-ku, deb o‘yladim va anjuman o‘tadigan joylarni ham, Noamning uy manzilini ham qo‘shib berdim. Xavfsizlikka javobgar quvgina xonim Isroilga kirishimga ruxsat berishi hamono Noam meni quchoq otib kutib oldi. Birinchi savoli nima bo‘lganini toping-chi? «Fiona qani?» O'zimning xavotir ostida ekanim yetmaganiday, u o‘tmishdagi og‘riqlarni ham kavlashtira boshladi. Shaxsiy himoyamni o‘ylab ehtiyotlik bilan qurganim keyingi ikki oydagi voqealarning barcha qatlami bir urinishda sidirib tashlandi. Yana qayta kuchli shamol supurib tashlashga urinayotgan yalang‘och va himoyasiz o‘simlikday his qildim...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:16:58

Anjumanda Fiona ko‘rinmadi. Lekin anjuman boshqa xalqaro uchrashuvlar kabi «komediya» bo‘ldi. Insoniy behudalik yarmarkasi. Tarjimon sifatida men keraksiz sharaf bilan shuhratni tortadigan tarozi pallasiday edim. Ibrohim dinlarining vakillari uchrashishdi. Pravoslav poplar qora va binafsharangli kiyimda, Ahmadiya mullalari sallalarda, yahudiy olim va ravvinlar qora tsilindrlarda, kamtar katolik va o‘ziga bino qo‘ygan missionerlar bir hafta davomida Muqaddas Shaharning turli burchaklarida uchrashuv o‘tkazishdi. Anjuman barcha dinlar uchun muhim bo‘lgan asosiy masalalar, xususan, zamonaviy dunyodagi SPIDga, ma'naviy inqirozga qarshi kurash, globallashuv jarayonidagi masalalar ustida ish olib bordi. Anjuman dasturi shularni o‘z ichiga olardi. Lekin aslida ularning yaxshilari yagona Ollohga shu kunlarga, muqaddas joylarga ziyorat uchun yetkizgani uchun shukrona aytishsa, yomonlari mehmonxonalarning bar va restoranlarida bo‘lajak e'tiqodlararo va xalqaro aloqalar uchun o‘tirishdi. Hatto bir gal o‘zim tarjima qilganim fohishabozlik haqida ma'ruza o‘qigan ruhoniy meni o‘z xonasiga yosh va kelishgan ofitsiant bilan beodob suhbatlarini tarjima qilishga chaqirganida hayron qoldim, tez orada bu suhbat bema'ni va arzimas gaplarga aylanib ketdiki, men ular orasida to‘g‘anoq bo‘lishni istamay, yolg‘iz qoldirib chiqib ketdim. Qolaversa, men kim bo‘pman ularga hukm o‘qiydigan?

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:17:10

52

O'n-o‘q qabilasidan bo‘lgan Makrach Ollohning Muso alayhissalomga tushirgan o‘nta buyrug‘ining toshga o‘yilgan parchasini ko‘chirib oldi. Bular Tangrining yagonaligiga imon keltirish, butlarga xizmat qilmaslik, Tangri nomini behuda qo‘llamaslik, shanba kunlari ishlamaslik, ota-onani hurmat qilish, qon to‘kmaslik, o‘g‘irlik qilmaslik, zino qilmaslik, yolg‘on guvohlik bermaslik, xotin yoki yaqinlarning mulkiga zulm qilmaslik. U ushbu parchani O'g‘uz-Bilgaga ko‘rsatdi. O'g‘uz-Bilga duduq edi, shuning uchun u yozuvlarni o‘qishni boshlaganida, Makrach kulib yubordi. Tasavvur qiling: T-t-tan-n-g-g-g-ri, ya-gg-ooo-nnn-aa.... be-be-be (qo‘yga o‘xshamay qol) deya o‘qiyotgan edi, uni to‘xtatib, yozuvni qaytib oldi. Garchi O'g‘uz-Bilga duduq bo‘lsa ham, o‘nta buyruqni to‘g‘ri tartibda eslab qololdi. Makrach bo‘lsa shanba kuni haqidagisini eslab qoldi, unga qolsa, shu buyruqlar haqqi har kunini shanba deb e'lon qilgan bo‘lardi, chunki baribir sanalar tartibini unutib qo‘yilgandi. Tosh yozuvning qolgan qismiga kelsak, Makrach uni sodda qilib sahrodagi daryoga o‘xshash hayotga mengzadiki, bu daryo uning qurib qolishini hisobga olmaganda, ba'zan qirg‘oqdan chiqmay sokin oqadi, ba'zan qirg‘oqdan toshib ketadi, ba'zida esa butunlay oqimini o‘zgartiradi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:17:17

Makrachning O'g‘uz-Bilga bilan bir o‘tovdagi hayotiga nazar soling. U ko‘p narsani bilgani uchun ham Bilga - oqil degan laqab olgan. Biroq ayni paytda uning oqilligidan yordam kutsa bo‘ladimi? Aslida bu uning ahvolini biror telbanikidan ham battarroq qiladi. U aqlining ko‘pligidan aqldan ozadi. Boshqa bir tunda u Makrachning ko‘rpasi ostiga biqinib olib, kimdir uni doimo ta'qib qilayotganidan qo‘rqayotganini aytadi. Makrach bo‘lsa yon-atrofga qarab, o‘tovning teshigidan to‘lin oy va birgina yulduzdan bo‘lak hech nimani ko‘rmaydi. O'g‘uz-Bilga esa battar qaltirab, Makrachning yelkasiga tirmashadi. Keyinroq, Makrach orqasida, belining pastrog‘ida nimadir kattalashayotganini his qiladi va garchi dastlab g‘azab otiga mingan bo‘lsa-da, yuzini O'g‘uz-Bilgaga qaratib, uning shirin uyquga ketganini ko‘radi. Makrach do‘stini narigi tomonga qaratib, qo‘llarini O'g‘uz-Bilganing yelkasiga qo‘yadi. Oxirgi marta o‘ylagan narsasi shu edi: «Bu tun shanba tuni emas...»         
Bu hikoyani Noam o‘zining Quddusdagi armanilar kvartalidagi uyiga taklif qilganda gapirib beruvdi. Men uning yagona mehmoni bo‘lganim uchun (Fionasiz) ham ikki narsadan xavotirga tushardim. Biri - doim gomoseksual tahqir yoki shunga ishoradan qo‘rqishim bo‘lsa, ikkinchisi - u meni Fionasiz taklif qilgan va ishonchim komil ediki, faqatgina Fiona haqqi menga g‘amxo‘rlik qilayotgan edi. Bu ikki noaniqlikdan ham qochish maqsadida suhbatimizni uning marhum birodari Zev tomonga burishga qaror qildim.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:17:47

53

Li bizning jangarilar tomonidan boshqa bir joyda qo‘lga olingan yapon yoki xitoy asirlarini ozod qilish bo‘yicha kechgan muzokara muvaffaqiyatli bo‘lganini menga yashirin tarzda aytib berdi. Navbatdagi umidli muzokara bizniki bo‘lishi mumkin. Bu yerlarga o‘rganib qolganimga qaramay, tunlari sovuq shunday zabtiga olardiki, garchi Lining sersuyak tanasiga qapishib olsam-da, bizning ehtiyotkorona yaqinligimizdan sovuq ustun kelaverardi. Shuning uchun Liga quloq solarkanman, buning qandaydir oldini oladigan yengillikni his qildim. Kun bo‘yi mavzuga juda erk bermaganim holda Luk haqida suhbatlashishga harakat qildim. Lining aytishicha, u Lukni uchratgan joy qamoqxona emas, balki qandaydir bir harbiy boshpana bo‘lib, u yerda Lukni kechayu kunduz so‘roq qilishardi. Sayr paytida ular bir-biri bilan uch-to‘rt marta ko‘rishishgan va Luk o‘sha qonli qo‘lyozma to‘g‘risida gapirib bergan. Lining boshqa hech narsa aytib bera olmasligini sezgach, ehtiyotkorlik bilan undan Zev haqida so‘radim. «Bu aqldan ozgan bir besoqolboz o‘n yil avval o‘ldirgan o‘sha yahudiy yigitmi?» - ovozini ko‘tardi u. Garchi voqeaning ikkinchi qismidan g‘oyat taajjubga tushgan bo‘lsam ham, boshimni qimirlatib ma'qulladim. «Ha, bir fohisha uni o‘z akasi uchun uyiga taklif qilganda, o‘sha telba uni rashkdan o‘ldirib qo‘ygan. Qolaversa, sening Luking unga eslatganki...» «Nima degan u?» «U yigit - oti nimaydi - Zivmi, Zevmidi, Lukning bu yerga kelishiga sababchi bo‘lgan va qo‘lga tushgan».

Qayd etilgan