Koʻk Turklari asiri (roman). Nouman Smaylz  ( 129519 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 31 B


AbdulAziz  02 Mart 2007, 05:24:38

Ko‘k Turklari asiri (roman)



Muallif: Nouman Smaylz
Hajmi: 409 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 13:59:43


Nouman Smaylz
KO'K TURKLARI ASIRI

Bismillahir rohmanir rohim!

Shuni aytishim kerakki... ma'zur tutgaysiz, buni inglizchada aytmasam bo‘lmaydi. Bilaman, mening inglizcham buzuq, jaydari, hashaki inglizcha, lekin dunyoninng yarmidan ko‘pi mana shunday inglizchada gaplashadi-ku, deya o‘zimni ovutaman. Nafsilamrini aytganda, men buni inglizchadan boshqa ko‘pgina tillarda yetarlicha go‘zal hikoya qilib berishim mumkin edi. Afsuski, bu borada ancha chegaralanganman. Shu kungacha men inglizchada «Men buni juda yaxshi ko‘raman» emas, «Men buni yaxshi juda ko‘raman» deb keldim. Sizga aytmoqchi bo‘lganim shuki, notiqlik yoki uslubning ahamiyati yo‘q men uchun. Qolaversa, til grammatikaga amal qilish emas, balki muomala vositasidir, shunday emasmi? Aytadilar-ku, aytsam tilim, aytmasam dilim kuyar, deb. Mana shu narsa meni hikoyani boshlashga ruhlantirdi. Va nihoyat inglizcha mening tasarrufimdagi yagona bir til ediki, uni atrofimdagi kishilar mutlaqo tushunmasdi...

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:00:08

1

Deyarli bir oy oldin meni garovga olishdi. O'shandan beri qancha vaqt o‘tganini aniq ayta olmasligimga sabab, tog‘lar orasidagi kichik meteorologik uychadagi tutqunlikda vaqtni aniqlashning imkoni yo‘q edi. Biz bunda ikki kishimiz: men va Li ismli bir xitoy yigit, yon atrofda o‘z mustaqilligi uchun kurashayotgan jangarilar guruhidagi turli-tuman odamlar. Umuman olganda, ular bizga o‘zlarini yaxshi ko‘rsatishga intilishadi, sababi, biz chet ellikmiz, magar ba'zan hukumat uchoqlari ular ustiga bomba tashlash uchun yopirilib kelganda, judayam qo‘pol va yoqimsiz bo‘lib ketishadi. Bunday paytda ular bizni ushlab, boshimizga qop kiygizib, yaqinroqdagi g‘or yoki boshqa pana joyga sudrab ketishadi. Biz esa kun bilan tunning farqiga bormay yotamiz. Bomba tushishini hisobga olmaganda, hayotimiz, agar uni hayot deb atash mumkin bo‘lsa, bir-biriga bog‘langan holda bir xildagi boshpana ostida uxlash, qachon berilishini kutiladigan ovqat - asosan, muzlagan kartoshka, suvda qaynatilgan makaron, ba'zan esa dudlangan go‘sht, qotgan non hamda Xitoy ko‘k choyidan iborat. Hojatxona tashqarida bo‘lib, yeguligimizga qarab bizni kuniga ikki-uch mahal boshimizga haliginaqa qoplarni o‘rab-chirmab, u yoqqa olib chiqishadi.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:00:29

Boshqa paytlar biz faqat o‘tiramiz, ba'zan kitob o‘qiymiz, so‘zlashishga ruxsat yo‘q, lekin qochib ketgan ba'zi meteorologistlardan qolgan shaxmatni o‘ynamoq mumkin. Qiziq, lekin odam zoti har narsaga ko‘nar ekan, faqat taqdirim shu ekan-da, deya o‘ylansagina, bunday turmushga ko‘nish oson kechadi. Miyangiz bo‘sh, na qo‘rquv va na umid hissi mavjud. Yolg‘iz, yupun holdagi bema'ni umr. Boshqa hollarda siz bunday sharoitda bo‘lish qanchalik hayajonli ekani va uning mavjudlik borasidagi tajribangizni ne qadar boyitishi haqida o‘ylagan bo‘lardingiz. Hafsalangizni pir qilishga to‘g‘ri keladi. Yon atrofda nuqul bir xillik. To‘g‘risini aytganda oradan faqat bir oy o‘tib, o‘zimga nima bo‘lganiligi haqida o‘ylashga va tahlil qilishga harakat qilyapman. Nega men bu yerga tushib qoldim? Dunyodagi eng baland tog‘lar orasida, noma'lum bir joyning qoq o‘rtasida, qandaydir sabab bilan urushib yurgan g‘azabnok odamlar orasida nima qilib yuribman axir? Men o‘zi kimman?

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:00:46

2

Bundan ikki yil avval Shinjon - Uyg‘uristonda Indianadagi katolik institutidan kelgan amerikalik islomshunos olimga tilmoch edim. Shinjon qaerdaligini bilasizmi? Bu Xitoyda, Tibet bilan Markaziy Osiyo oralig‘ida joylashgan. Shunday qilib, Sharqiy Turkistonning borgan sari xitoylashib borayotgan turli o‘lkalariga bordik. Biz qadimgi qo‘lyozmalarni axtarib yurardik. Balki g‘oyat keng sahroning bir qancha vohalarini kezib, istalgan dinga oid qo‘lyozmalarni topish mumkin, demoq ham to‘g‘ri bo‘lar, negaki amerikalik do‘stim aytganiday, qadimgi uyg‘urlar va ularning ajdodlari - qadimgi yoki Ko‘k Turklari barcha dinlarga e'tiqod qilganlar. Luk Amerikadan olib kelgan bir necha buddist tarjimon bilan bir qatorda biz ham Ho‘tandan 17-sasrga taalluqli qo‘lyozma sotib oldik. Bu dastlabki Manixey matnlarining to‘plami edi. Qashg‘ar tomonga jo‘nar ekanmiz, bir juft Islomga oid kitob ham topib oldik va... uzr, alahsiyapman...

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:01:29

Biz Turfonni sayohatimizning so‘nggi nuqtasi, deya belgilab oldik. Lukning aytishicha, Turfon o‘zining joylashish o‘rni bilan mashhur. U dengiz sathidan taxminan 150 metr pastda joylashgan. Luk yana bunday pastliklarning din va diniy qo‘lyozmalar bilan qandaydir aloqasi mavjud ekanligini aytdi. U biznikidan-da quyiroq bo‘lgan O'lik dengizni misol qilib keltirdi. Kelishuvimizga ko‘ra, men oldinroqda borib, ba'zi narsalarni aniqlashim, aloqa bog‘lashim va uchrashuv tashkillashtirishim lozim edi. Erta azonda Luk Urumchi muzeyiga, men esa turist sifatida olti nafar xitoy (nazarimda ularning bari xavfsizlik xizmati xodimlari edi) bilan Turfonga qarab ketdik. Shu bo‘yi Lukni qaytib ko‘rmadim...

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:02:00

3

O'sha kuni havoning avzoyi haddan ortiq buzuq, qattiq shamol esar, qumlar uyumining sahro va pasttekisliklar orasida uchib yurishi tabiiy bir holday edi. Har holda, endi yarim yo‘lga yetganimizda, kuchli shamol mashinamiz bilan birga ko‘tarib chetdagi shag‘alliklar ustiga uchirib yubordiki, qandaydir mo‘‘jiza tufayli hayhotday sahroning qoq o‘rtasida bir o‘limdan saqlanib qoldik. Shu yerning o‘zida kattakon ko‘zoynak taqqan va o‘zini sevgilisini bag‘riga bosayotganday qilib ko‘rsatayotgan maxfiy agentning siri ochilib qoldi - u sof ingliz tilida menga so‘zlay ketdi. Salgina g‘urur bilan shuni anglaganday bo‘ldimki, u qanday bo‘lmasin aqalli mening hayotimga javobgar edi. U «sevgilisi»ning sumkasidan cho‘ntak telefonini tortib chiqararkan, qizni butunlay esankiratib qo‘ydi, chunki u nima qilishini bilmay qoldi, na o‘zini cho‘ntak telefonga ulangan quloqlaridagi ikki beo‘xshov eshitgich orqali pleerini eshitayotgan qilib ko‘rsatishni va na sherigining idora bilan so‘zlashayotganini to‘sib turishni bilmas, nima bo‘lganda ham, men ularning g‘alati xitoychalarini tushuna olmadim.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:02:26

Chang-to‘zon va tumanli Turfonga kirish oldidan barchamiz qondoshlarga aylangandik. U katta qora ko‘zoynagini biror marta bo‘lsin yechmadi. Jon ismli (menimcha Zyan degan ismning buzib aytilishi) gonkonglik xitoy o‘z «kompaniya»sining mashinasini tokzorga qarab burishni buyurdi. U yerda meni mazali uyg‘ur taomi bilan siylashdi. Tog‘ oralab oquvchi daryo bo‘yidagi uzumzor soyasida ozroq muddatga hojatga o‘tib, shu bahonada bir uyg‘ur yigitdan ularning qo‘lyozma sotuvchilari haqida so‘rashga muvaffaq bo‘ldim. Uning aytishicha, O'lik Shaharning narigi tomonida bir darvishi devona bo‘lib, o‘shanda biror nima bo‘lishi mumkin ekan...
Shundan keyin biz O'lik Shaharga keldik. Men ashaddiy turist emasman, shu bois qadimdan qolgan quduq yoxud g‘ayrioddiy uzum zahiralarining men uchun katta ahamiyati yo‘q, bari bir go‘r. Men hattoki Jon-Zyan tomosha qilish uchun arzigulik deya kamoli ehtirom bilan taklif qilgan ba'zi mashhur masjidlarga ham qiziqmadim. Magar O'lik Shaharga kelganda... U chindan ham bo‘lakcha edi. Tarjimon sifatida juda ko‘p tarixiy joylarda bo‘lganman, lekin loy vayronalarni deb hech bir joyga telbalarcha oshiqmagan edim: bu shunday bir Zamin ediki, bir kun barpo etilib, yana bir kun tuproqqa aylanishi uchun vayron etilgan zamin. Tashvish shamoli bor uning boshida... Ham osmonda xira, qora, keraksiz quyosh...

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:02:44

Taajjubki, quyosh va uning issig‘i Jon va uning komandasini ortimdan ergashmaslikka majbur qilib qo‘ydi. Ular buni sirayam yoqtirmasliklarini chindan ham tan olib, men bu Yo‘qlik bo‘ylab yolg‘iz kezgunimcha mashinada qolishga qaror qilishdi. Biroq men Urumchidan sayru sayohat ilinjida kelgan bu turistlarning bunday g‘aroyib joylarni ko‘rishni rad etayotganlaridan taajubda edim. «Keyingi safar», deyishdi ular. Unda yanayam yaxshi, dedim o‘zimga-o‘zim va olov purkayotgan loy vayronalar orasidagi so‘qmoqdan yo‘lga tushdim. Quyosh qizitgandan qizitib borar, ko‘rinmas soyam ustidan qadam tashlab borarkanman, Tarix yoki Vaqt oralab kezayotganday edim. Shaharning narigi tomonida tayoqni miltiq qilib o‘ynayotgan bolalar yonidan o‘tdim, ularning yoniga yaqin kelib, nariroqda quruq daraxt tagida shumshayib o‘tirgan qariyaga ko‘zim tushdi. Bilmayman, nimaga buni daraxt deb o‘ylaganimni, balki cholning tayog‘i yerga suqib qo‘yilgani va kir-chir yopishqoq belbog‘i tayoqning uchiga ilib qo‘yilgani uchundir. Men cholga salom berdim. U xuddi ertaklardagiday: «Saloming bo‘lmasa, ikki yamlab bir yutardim!» deya javob berdi. Na kulishimni, na qo‘rqishimni bilmay turib qoldim. Aniqrog‘i, qo‘rqib ketdim va o‘zimni yo‘qotib qo‘yayozdim. «Mabodo qadimiy aqlu zakovatni izlab yurgan bo‘lsang, anavi yoqqa yur...» - shunday deb u chang-to‘zonda o‘ynayotgan bolalar tomonga ishora qildi. «Men bunda o‘zim uchun yurganim yo‘q...», zo‘rg‘a ovoz chiqardim. «Bilaman, - dedi u, o‘n yil avval yahudiy bir yigit ham shu maqsadda kelib edi», - dedi chol va chang bosgan yuzini o‘girib oli. O'lik Shahardan uzundan-uzoq shamol esardi.

Qayd etilgan


shoir  30 Oktyabr 2007, 14:03:01

4

Kun oxirlab qolganda bir qo‘lyozmaning parchasini topdim. Bu qog‘oz bo‘lagi emas, balki kattakon toshga o‘yilgan qadimgi bitiklar edi, men darhol uni rasmga oldim. Bu yozuvni o‘qiy olmay, haligi qariyadan umid qildim, u esa toshni avval hech kim ko‘rmaganini aytdi, bunga sabab, ming yillardan beri tosh yozuv qismi pastga qaragan holda yotardi. Chol joynamozini uning ustiga yoygandi, silliq qora tosh ko‘zdan bekindi. Undan tafsilotlarni so‘rab o‘tirmadim, ikki kun ichida bilag‘on amerikalik do‘stimni bu yerga olib kelishim lozim edi. «Mana buni o‘qib ko‘rsin-chi», deya chol kir muqovali bir daftarni tutqazdi qo‘limga. Men xitoylik hamrohlarimni esladim va daftarni darhol terlab ketgan qo‘ynimga yashirdim.
Keyinroq bu aqldan ozgan cholni aldaganga o‘xshab qoldim: biz uni ham, haligi toshni ham ko‘rgani bormadik. Bunga men emas, Lukning Urumchida g‘oyib bo‘lgani sabab bo‘ldi. «Hungshian Bingua» mehmonxonasida Lukni zudlik bilan mamlakatdan chiqib ketganini aytishdi, lekin bu chindan ham shubhali edi. Qolaversa, u menga na bir xabar va na ishim uchun bir chaqa qoldirgan edi!

Qayd etilgan