5
Qarshimda kelishgan xitoy ayoli turardi. Avval aytganimday, xitoychani mutlaqo bilmayman, shunga qaramay, xijolatdan qutulish maqsadida o‘zimni hamma narsaga tayyorday qiyofaga soldim. U mayin va musiqiy xitoychada gapirardi - bu menga forscha bir she'rni eslatdi:
«Yorim turkiyda co‘zlar, afsus, turkcha bilmayman,
Yo Rabki, uning tili mening og‘zimda bo‘lsa...»
Xitoy ayoli xonamdagi nimagadir ishora qildi. Uni ichkariga taklif qildim. Ostona hatlab kirarkan, qo‘ng‘iroqday ovozda bir nimalar deb nogahon cho‘milish xonasiga boshladi va meni ham orqamdan yur, deganday imladi. O'sha paytdagi holatimni bir tasavvur qiling! Begona yurt, men bilmaydigan til, ishonchsiz ayol, kutilmagan taklif va aytib bo‘lmaydigan vaziyat - bunday paytda nima qilishim kerak edi u yerda? Darhol miyamga ikki narsa keldi: birinchisi - bu ayol meni o‘ldirgani kelgan, ikkinchisi - bu ajoyib, xayoliy bir imkoniyatdan foydalanib qolish kerak. Afsuski, xom xayol qilibman. Ayol avval sovuq suv, keyin issiq suv jo‘mragini buradi, ulardan otilib suv chiqdi, bir muddat o‘tgach, vishillagan ovoz chiqdi va suv to‘xtadi. «Shu-shu», tushuntirgan bo‘ldi ayol, «Shu-shu», javob berdim men ham. Keyin u qo‘lidagi soatni ko‘rsatib, bir-ikki raqamlarni ko‘rsatdi va musiqiy bir nimalar deya xonamni tark etdi.
Eshik yoniga suyangan ko‘yi uzun korridorda bu xitoy ayolining ko‘zdan g‘oyib bo‘lgunicha, nima bo‘lganini tushunishga harakat qilib, serrayib qarab qoldim. Koshki bilolsam edi.