«Paxtakor»: chempionlikka bir qadam
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XV milliy chempionatining oliy ligasida o‘tkazilgan yigirma yettinchi tur uchrashuvlarida qayd etilgan natijalar medallar taqdirini deyarli hal qildi. Ketma-ket beshinchi marotaba chempionlik unvonini qo‘lga kiritishga yaqin turgan Toshkentning «Paxtakor» jamoasi navbatdagi uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
Paxtakorchilar bu gal o‘z maydonida poytaxtning yana bir vakili - «Traktor» jamoasi bilan kuch sinashdi. Dastlabki daqiqalardan hujumga zo‘r bergan mezbonlar birinchi bo‘limdayoq uchrashuv taqdirini o‘z foydasiga hal qildi. Tanaffusgacha Temur Kopadze va Zayniddin Tojiyev bittadan gol urib, jamoasini ikki to‘p farqi bilan oldinga olib chiqdi.
O‘yinning ikkinchi yarmida «Traktor» hujumchisi Karlen Abramov Temur Jo‘rayev qo‘riqlayotgan darvozani aniq nishonga olib, hisobdagi farqni bittaga qisqartirdi. «Paxtakor» futbolchilari so‘nggi daqiqada yana keskin hujum uyushtirdi va nigeriyalik legioner Ixeruome Uche mehmonlar darvozasini ishg‘ol qilib, jamoaning 3:1 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.
Turning markaziy uchrashuvi Qarshida bo‘ldi. Kumush medal uchun kurashayotgan «Nasaf» /Qarshi/ va «Neftchi» /Farg‘ona/ jamoalari o‘rtasidagi bahs ko‘plab muxlisu mutaxassislar e’tiborini jalb qildi. Chempionat yakunlanishiga uch tur qolganida har ikki jamoa bir xil ochko jamg‘argani bois ikkinchi o‘rin taqdiri aynan Qarshidagi uchrashuvda hal bo‘lishi kutilgandi. Shuning uchun har ikki tomon vakillari faqat g‘alaba uchun to‘p surdi.
Keskin va murosasiz kurashlarga boy bo‘lgan uchrashuvda omad mehmonlar tomonida bo‘ldi. «Neftchi» yarim himoyachisi Mansur Saidov bellashuvning ikkinchi yarmida «Nasaf» darvozasiga bir juft gol kiritib jamoasining g‘alabasiga ulkan hissa qo‘shdi. O‘z maydonida asosiy raqibiga yengilishni istamagan qarshilik futbolchilar so‘nggi daqiqagacha kurashdi va 89-daqiqada Dilshod Mavlonov hakam tomonidan belgilangan penaltini aniq bajarib, hisobdagi farqni bittaga qisqartirdi. Qolgan vaqt mobaynida Yuriy Sarkisyan shogirdlari ustunlikni saqlab qoldi va bellashuv 2:1 hisobida farg‘onaliklar foydasiga hal bo‘ldi.
Yigirma yettinchi turning qolgan bellashuvlarida quyidagi natijalar qayd etildi: «Andijon» /Andijon/ - «To‘polang» /Sariosiyo/ 3:1, «So‘g‘diyona» /Jizzax/ - «Lokomotiv» /Toshkent/ 1:1, «Mash’al» /Muborak/ - «Sho‘rtan» /G‘uzor/ 2:0, «Xorazm» /Urganch/ - «Samarqand-Dinamo» /Samarqand/ 0:4, «Buxoro» /Buxoro/ - «Navbahor-Namangan» /Namangan/ 2:1, «Qizilqum» /Zarafshon/ - «Metallurg» /Bekobod/ 5:0.
Musobaqa jadvalida 73 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan «Paxtakor» navbatdagi chempionlik unvonini qo‘lga kiritishga juda yaqin turibdi. Agar paxtakorchilar 21 oktabr kuni o‘tkaziladigan 28-tur bahsida Farg‘onada «Neftchi»ga yirik hisobda mag‘lubiyatga uchramasa, muddatidan oldin oltin medalga sazovor bo‘ladi.
Asosiy raqobatchi - «Nasaf»ni mag‘lubiyatga uchratib, qarshiliklardan uch ochkoga o‘zib ketgan «Neftchi» futbolchilari esa qolgan turlarda oradagi farqni ushlab qolish va kumush medalni qo‘lga kiritishga harakat qiladi. 61 ochko bilan uchinchi o‘rinda qayd etilgan «Nasaf» bir pog‘ona ko‘tarilish uchun qolgan barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozonib, «Neftchi»ning ko‘proq ochko yo‘qotishini kutishga majbur.
So‘nggi pog‘onada turgan «Xorazm» futbolchilari joriy chempionatni g‘alabasiz yakunlashga yaqin turgan bo‘lsa, «Metallurg», «Sho‘rtan» va «So‘g‘diyona» jamoalari oliy ligadagi joyini saqlab qolish uchun kurashmoqda.
To‘purarlar bahsida raqiblar darvozasiga 19 ta to‘p kiritgan «Neftchi» hujumchisi Nosir Otaqo‘ziyev peshqadamlik qilmoqda. Uning eng yaqin ta’qibchisi Pavel Solomin /«Traktor»/ hisobida 18 ta, paxtakorchilardan Server Jeparov va Ixeruome Ucheda 17 tadan gol bor.