Rasululloh Sallollohu alayhi va sallamga SOG`INCHNOMA  ( 2233 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


Akrombek  23 Mart 2012, 21:05:10

Xayollarim yetaklaydi ming yillardan nariga,
Nigohlarimsanchiladi o`n to`rt asr qa'riga,
Quloqlarim tutaman tarix tutgan na'raga -
Siz saodat elchisi, Ya Rasuli Muhammad! (SAV)
***
Ko`zlarimiz ummonidan ko`zyoshimiz toshib chiqdi,
Chin izhorlar yuragimiz tublaridan jo`shib chiqdi.
So`zlaringiz bu olamga quyoshday nur sochib chiqdi,
Qalbimizni sog`inchingiz o`rtayapti, Muhammad (SAV),
Hayajondan ruhimiz titrayapti, Muhammad (SAV).

Rahmon Alloh barchadan eng ko`p suygan Payg`ambar,
Parvardigor rahmatini mudom tuygan Payg`ambar,
O`zi qolib ummat uchun yonib-kuygan Payg`ambar,
Qalbimizni sog`inchingiz o`rtayapti, Muhammad (SAV),
Hayajondan ruhimiz titrayapti, Muhammad (SAV).

Intiqdirmiz ahli ummat nurlar yog`gan chehrangizga,
Suhbatingiz ololsaydik jam bo`lib tegrangizda,
Soyabon bo`lolsaydik sahroda yelkangizga,
Qalbimizni sog`inchingiz o`rtayapti, Muhammad (SAV),
Hayajondan ruhimiz titrayapti, Muhammad (SAV).

Butun olam havas qilgay Abu Bakr (r.a.) baxtiga,
Endi kim ham chiqa olgay hazrat Usmon (r.a.) taxtiga!
Chaqmoqlar ham tiz cho`kkan Umaringiz (r.a.) shahdiga,
Qalbimizni sog`inchingiz o`rtayapti, Muhammad (SAV),
Hayajondan ruhimiz titrayapti, Muhammad (SAV).

Hazrat Ali (r.a.) ahdiga azim tog`lar tan bergan,
As'hob ikki olamning eng ulug` baxtin ko`rgan,
Diydoringiz yog`dusini tushlarimizga so`rgan
Qalbimizni sog`inchingiz o`rtayapti, Muhammad (SAV),
Hayajondan ruhimiz titrayapti, Muhammad (SAV).

Poyingizni olgan Makka, beshak-shubha eng ulug`,
Madinaning har qarichi muborak hamda qutlug`,
Ul ravzangiz ilohiy ifor-u nurga to`lug`,
Qalbimizni sog`inchingiz o`rtayapti, Muhammad (SAV),
Hayajondan ruhimiz titrayapti, Muhammad (SAV).

Dilimizga esayapti buyuk orzu sabolari,
Jami ummat aslida shafoat gadolari,
Har lahzani to`ldirib gunohkor dil duolari,
Qalbimizni sog`inchingiz o`rtayapti, Muhammad (SAV),
Hayajondan ruhimiz titrayapti, Muhammad (SAV).

Umidvorlik zulmat ichra yonib turgan shamga o`xshar,
Har qancha ibodating juda ham oz, kamga o`xshar,
Kim najot bergay bizga kelsa ul chog`i Mahshar,
Qalbimizni sog`inchingiz o`rtayapti, Muhammad (SAV),
Hayajondan ruhimiz titrayapti, Muhammad (SAV).

Yuzimizning nurlariga kibr parda tortib qo`ydi,
Nafs yelkaga sanoqsiz gunohlarni ortib qo`ydi,
Qasovat-u qurumlarni, axir, kim ham artib qo`ydi?
Qalbimizni sog`inchingiz o`rtayapti, Muhammad (SAV),
Hayajondan ruhimiz titrayapti, Muhammad (SAV).

Vaqt qilichi kesib borar umrimiz tomirlarin,
Biz esa yutayapmiz jaholat ko`mirlarin,
To`liq ado qilolmay Siz Hazratning amrlarin...
Qalbimizni sog`inchingiz o`rtayapti, Muhammad (SAV),
Hayajondan ruhimiz titrayapti, Muhammad (SAV).

Afsus kuzi yuraklarga to`kib tashladi xazon,
Imonimiz atrofin qurshab olganday to`zon,
Tobora olislashib borayapti najot - azon,
Qalbimizni sog`inchingiz o`rtayapti, Muhammad (SAV),
Hayajondan ruhimiz titrayapti, Muhammad (SAV).

Ilohiy Ishq kavsariga butun insoniyat tashna,
Qay yurakda ochilarkan halovat degan chashma?
Butun vujud limmo-lim to`lib iltijo - yoshga,
Qalbimizni sog`inchingiz o`rtayapti, Muhammad (SAV),
Hayajondan ruhimiz titrayapti, Muhammad (SAV).

Tushlarimiz vodiysida axtarurmiz biz Sizni,
Ko`ra olsak zora deb Sevgiga to`la yuzni...
Afv eting boshi egik gunohkor ummatingizni,
Qalbimizni sog`inchingiz o`rtayapti, Muhammad (SAV),
Hayajondan ruhimiz titrayapti, Muhammad (SAV).
Ummatning gunohkori yozdi.




Qayd etilgan