Bu qissalar ne bir kunlarni ko‘rmadi!
Zoti nomard bo‘ldi, ushbu qissalar yoqasidan oldi. Og‘zi buzuq bo‘ldi, ushbu qissalarga tupugini sochdi. Qo‘li nopok bo‘ldi, ushbu qissalardan butun-butun boblarni o‘chirib tashladi.
Oqibat, ushbu qissalar o‘z vaqtida pati yulinmish tovuq misol chop etildi.
Alqissa, dorilomon kunlar keldi. «Ot kishnagan oqshom»dagi Ziyodulla chavandozchasiga aytar bo‘lsak... uloq Tog‘ay Murodda ketdi!
1 Birodarlar, ko‘rgilik, ko‘rgilik!
Bir erta uyg‘onib, kallamga qo‘l yugurtirdim. Sochlarim orasida yara-chaqalar uch berdi. Par¬voyim falak bo‘ldi, yura berdim. Onamga-da aytmadim.
Chaqalar kun sayin bolaladi. Katta-katta bo‘ldi. Qo‘tir bo‘lib qichidi.
Shunda, qishlog‘imiz do‘xtiriga bordim. Do‘xtir fu, deya aftini burishtirdi. Yurchidagi kalxonaga olib jo‘nadi.
Yo‘lda mashinadan tashlab qochdim. Ushlab kelib, yana mashinaga bosdi.
Kalxonada... Uh, aytgili yo‘q. Do‘xtir degani berahm ekan. Onamni ko‘rdim, birodarlar, onamni...
Bari kalga qaytadan jingala soch bitdi. Mening kallam yaltirab qoldi. Bitta-da soch bitmadi! Do‘xtirlar ajablandi, kamdan kam uchraydigan voqea, dedi. Xo‘rligimdan yig‘lab-yig‘lab uyga keldim.
Onamiz tap-taqir kallamni ushlab-ushlab ko‘rdi. Ich-ichidan kuydi. Aytib-aytib yig‘ladi.
— Kambag‘alni tuyaning ustida it qopadi, degani shu-da, — dedi.
Katta telpak sotib oldim. Qishin-yozin quloq¬larimgacha bostirib kiyib yurdim. Maktabda-da telpagimni olmadim.
Matematika muallimimiz oyog‘ini tirab talab etdi: