AYTAR SO‘ZLARIM SHUKI:
Har bir narsaning ibtidosi bo‘lgani kabi intihosi ham mavjuddir. Tangri-taoloning buyuk lutfi, karami va marhamati ila bayonimiz shu yerda nihoyasiga yetdi. Shoni Aziym bo‘lgan Ollohga behad hamdu sanolar bo‘lsin. O‘qiganingiz mazkur bayonlarda yutuqqa arzirli jihatlar bo‘lsa — Ollohning marhamatidandir. Sizni ishontirmagan, g‘ashingizga tekkan, hafsalangizni pir qilgan yerlari bor ekan, bu qalamimiz ojizligi, e’tiborsizligimiz, loqaydligimiz va yana allaqancha ayblarimiz tufaylidir. Buning uchun siz, aziz kitobxonlardan uzr so‘rab, Yaratganning oldida tavbalar qilamizkim, shoyad tavbalarimiz qabul bo‘lib, bunday keyingi bitiklarda Haq yo‘ldan adashtirmasa.
Bayonlarda qora bo‘yoqlar ko‘proqmikin, deb ajablanarsiz balki? Ajablanmang, bu xato mahsuli emas. Atayin shunday qilindi. Zulmdan qochmoqlikning, zulmga nafrat qilmoqlikning yo‘llaridan biri — zulm aslan qanday ekanini yaxshiroq va aniqroq ko‘rish, anglash, tahlil qilmoqlikdir. Nafsning kelajagi — zulmdir, zulmning kelajagi esa — xorlikdir. Biz ana shu oddiy haqiqatni bayon qilmoqchi bo‘ldik. Badan pokligi badanga, ruh pokligi ruhga hayot bag‘ishlaydi.
Olloh Taborak va Taolo «Mulk» surasining ikkinchi oyatida marhamat qilib aytadiki: «Bismillahir Rohmanir Rohim. Allaziy xolaqol mavta val hayata liyabluvakum ayyukum ahsanu amalan. Va huval azizul g‘ofur.» (s.a.) (Ma’nosi: Ey Odam farzandlari! U o‘limni va hayotni sizlarning qaysi birlaringiz amalda yaxshiroq ekanliklaringizni sinash uchun yaratgandir. U barchadan g‘olibdir va gunohlarni kechuvchidir.) Qarang, insonni sinash uchun o‘lim va hayot yaratilgan ekan. Ajab, nima uchun bu oyati karimada avval «o‘lim», so‘ngra esa «hayot» kalimasi kelyapti? Ba’zi ulamolarning aytishlaricha, buning hikmati odamlarni yaxshi amallarga chorlash ekan. Boshqa ulamolar esa, «Tafsiri hilol»da ta’kid etilganidek, buning hikmatini «o‘lim» kalimasining mazmuni «hayot» kalimasining ma’nosidan teranroq, qamrovliroq ekanida, deb biladilar. Ya’ni, hayot — bu o‘tkinchi dunyoning qisqa davri, o‘lim esa boqiy dunyodagi abadiy hayotning boshlanishini bildirar ekan. Demakki, o‘lim — foniy dunyo intihosi va boqiy dunyo ibtidosidir. Shunga ko‘ra, o‘limni eslagan odam doimo unga tayyorgarlik ko‘rishi va foniy dunyoni tark etgach, sharmanda bo‘lmaslik uchun o‘zini yaxshi ishlarga safarbar qilmog‘i lozim ekan. Ammo, biz — ojiz, notavon, gunohkor bandalar bunga hamisha ham amal qilavermaymiz.