Tog'ay Murod. Ot kishnagan oqshom (qissa)  ( 123978 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 25 B


shoir  05 Noyabr 2007, 10:24:17

Botir mirobning kolxoz umumiy majlisida gapirishini yodladim. Xuddi mirobday qo‘llarimni qornimga qovushtirdim. Boshimni tik tutdim. Kiprik qoqmadim. Dona-dona qilib aytib berdim.
Mirob oldimga qog‘oz bilan qalam qo‘ydi.
— Endi qanday aytilgan bo‘lsa shunday yozilsin. Nimaga? Beshinchi sinf? Ma’lumoting mendan bir sinf yuqori bo‘laturib yozolmaysanmi? Ha, mayli. O‘rtoq Hamidov, siz yozing, bu kishi qo‘l qo‘yib beradi.
Birodarlar, arizabozlardan Denov qolmadi, Termiz qolmadi, Toshkent qolmadi. Idorama-idora chopdi.
Arizaboz degani ajabtovur el bo‘ldi. Bo‘lmasa, arizabozlarning otini olmadi. Arizabozlarga yel-yu¬gur, deb, birov bir chaqa bermadi. Arizabozlar o‘zlari yonidan o‘zlari chopdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:24:27

40

Bir safargisida meni-da ergashtirib jo‘nadi.
— Boshingdan o‘tgan savdoni o‘z tiling bilan o‘zing aytib berasan, — dedi.
— O‘zi, qayerga borayapmiz? — dedim.
Botir mirob shahodat barmog‘ini labiga bosdi.
— Tish-sh-sh! — dedi.
Arizabozlarga ergashdim. Dushanbega yo‘l oldim. Yo‘lda avtobus derazasidan ikki marta qusdim.
Dushanbedan Moskvaga uchdim.
Umrimda birinchi marta samolyotda uchdim. Qani, ko‘rayin, qani, samolyot degan ulov qandaychikin ekan, dedim.
Samolyot bir pasaydi, bir ko‘tarildi. Yuragim tovonimga tushib ketganday bo‘ldi.
Keyin, joyida turib qoldi. Nag‘masi ko‘p bo‘ldi. Odamning yuragini yordi. Ulov bo‘lsang, sidirg‘a yur, ukkag‘arning samolyoti, dedim.
Samolyotdan ko‘nglim qoldi. Ulovligi yo‘q ekan, ha, demadim.
Samolyot derazasidan qarab hayron bo‘ldim. Shundaygina ostimizda paxta uyulib yotibdi! Samolyot tegayin-tegayin deydi.
Qabatimdagi Hamidov muallimga yuzlandim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:24:34

— Eh-he, paxtani qarang, paxtani! — dedim.
Hamidov qaradi. Keyin, ketiga chalqayib kuldi. Telpagimni yulib oldi. Taqir kallamga shapatiladi! Kallamga shapatilab-shapatilab kuldi.
Kallamni yelkalarim orasiga oldim. Kaftim bilan bekitdim. Telpagimni tortib olib kiydim. Tag‘in derazadan qaradim. Ana endi bildim. Ko‘rinayotgan paxta emas, oppoq bulutlar bo‘ldi.
Moskvada tushdim, arizabozlar ketidan ergash¬dim.
Moskvada nima ko‘p, mashina ko‘p bo‘ldi. Bitta-da ot bo‘lmadi!
Avtobusda yurdim-yurdim, bir joyga keldim. Yo‘l chetida turdim, o‘tkinchi-ketkinchi mashi¬nalarga qo‘l ko‘tardim. G‘uj-g‘uj mashinalardan birovi-da to‘xtamadi. Ko‘taraberib, qo‘llarim charchadi. Turaberib, oyoqlarim toldi. Qornim qur-qur qildi. Toqatim toq bo‘ldi.
Shunda uzun bir mashina jiring-jiring etib kelaberdi. Tezlab kelayapti-da, deb bo‘lmaydi, ohistalab kelayapti-da deb bo‘lmaydi. Yaqin kelib, yanada ohistaladi. Farosat qildim, qo‘l ko‘tarsam, to‘xtaydigan ko‘ngli bor.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:24:40

— Ay, Hamidov muallim, bu qanday mashina bo‘ldi? — dedim.
— Tramvay, — dedi muallim.
— Ko‘cha yuzida simyog‘ochday bo‘lib turamizmi? Ana shu tramvayni kira qilamiz! Xarajati mendan! — dedim.
Hamidov muallim kuldi.
— Tramvay qimmat, — dedi.
— Qimmat bo‘lsa bo‘lar! Ketsa, bir qo‘yning puli ketar! — dedim.
— Unda, o‘zingiz kira qiling.
Chopqillab bordim. Tramvay oldini oldim. O‘ng qo‘limni boshim uzra ko‘tardim.
— Ay, tramvay, ostanovka! — dedim.
Tramvay jiring-jiring etib oyoq ildi. Tram¬vaychi derazadan qaradi. Menga iyak qoqdi. Ha, nima deysan, degan bo‘ldi.
Men o‘ng qo‘limni olg‘a sermadim.
— To‘g‘riga! — dedim. — Aytgan pulingni beramiz! — dedim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:24:46

Tramvaychi bosh-adog‘imga qaradi-qaradi-da, bosh irg‘adi. Mayli, degan bo‘ldi. Boshmoldog‘i bilan tramvay eshigiga ishora berdi.
— Ayda! — dedi.
Shunda eshik taraq etib ochildi. Men lip etib tramvayga minib oldim. Ketimdan arizabozlar mindi.
Arizabozlarga havolanib-havolanib qaradim.
— Ana, bir og‘iz gap! — dedim.
— Ha, kuchingdan, Ziyodulla kal! — dedi Botir mirob.
Tramvay bir yurdi, bir to‘xtadi. Chayqalib-chayqalib xiyla yurdi.
Bir joyda Hamidov muallim:
— Hozir tushamiz! — dedi.
Birinchi bo‘lib men tushdim. Tramvay kira qilish¬ga qildim, endi kira haqini to‘layin, deya qo‘ynimni kovladim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:24:54

Shunda Botir mirob:
— Men to‘ladim, — dedi.
— Ha-a, binoyi, — dedim.
Shu, Botir mirob ko‘pga tushib ketdiyov. To‘rt odamga kira haqi to‘lashning o‘zi bo‘ladimi. Tushsa tushar! Nima, mirobga meni ergashtirib kel, dedimmi! Ergashtirib keldimi, to‘lasin-da!
Arizabozlar katta bir idoraga kirib ketdi. Men ostonadagi qorovul oldida qoldim. Arizabozlar o‘r¬gatgan gaplarni ichimda bot-bot qaytarib o‘tirdim.
Nihoyat, arizabozlar chiqib keldi. Kattalar meni yo‘qlamabdi. Arizabozlar gapiga ishonibdi. Yaxshi bo‘libdi. Tag‘in kattalar salobati bosib, duduqlanib qolamanmi, deya qo‘rqib edim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:25:08

41

Ertasi kuni Dushanbega uchdim. O‘tirganlar shahodat barmog‘ini likillatib, o‘rtada laylakqushday lo‘killab yurgan qizni imladi. Qiz ularga mayda idishda suv olib keldi.
Mening boshqalardan qayerim kam? Kallam kal bo‘lgan bilan, telpakning ostida ko‘rinmaydi.
Dadil bo‘ldim, o‘zimni bir sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Shahodat barmog‘imni likillatib, qizni imladim. Suv, deya og‘zimni ko‘rsatdim. Qiz bosh irg‘adi, suv olib keldi. Suvni bir yutishda yo‘qotdim. Boshqalarday bosh irg‘adim.
— O‘lmang! — dedim. — Katta qiz bo‘ling.
Ko‘kragimni kerdim, baqalog‘imni shishirib o‘tirdim.
Oynadan pastga qaradim. Past o‘zimizning Vax¬shivorsoyga kelbat berib ketdi. Qator-qator uylarni ko‘rdim. Mayda-mayda qoralarni ko‘rdim. Hamidov muallimga, shu bizning qo‘ylarmikin, degim keldi. Tag‘in kallamga shapatilashidan qo‘rqdim. Gapimni ichimga yutdim.
Samolyot Dushanbeda gurs etib tushdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:25:15

42

Taksida qishloqqa keldim.
Men qayerga borib keldim? Odamlar buni biladimi? Ana shuni odamlarga bildirgim keldi. Qayerga bordim, qayerda bo‘ldim, barini aytib, maqtangim keldi. Uyga bormadim. Katta ko‘chada ohista-ohista vazmin-vazmin qadamlar bosib yurdim. Odamlarga quyuq-quyuq salomlar berdim. Duch kelgan odam bilan qalin-qalin so‘rashdim. Qozon-tobog‘igacha qoldirmay so‘radim.
El og‘ziga mahtal bo‘lib qaradim. El, ko‘rinmay ketdingiz, Ziyodulla chavandoz, deya so‘ramadi!
Ko‘chani tag‘in bir aylanib keldim. El aqalli, kamnamosiz, Ziyodulla kal, demadi! Uch kun-a, uch kun qishloqda bo‘lmadim! Yaxshimi-yomonmi, shu elning molini boqayapman. Odamning qad¬riyam shunday bo‘ladimi. Qadrimga kuydim. Ay, qadrim-a, bechora qadrim-a!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:25:25

Eldan xafa bo‘lib, uyga keldim. Choy ichib, yonboshladim. O‘ngimga ag‘darildim — bo‘lmadi, chapimga ag‘darildim — tag‘in bo‘lmadi! Tars yorilib ketguday bo‘ldim!
Moskvada yo‘l-yo‘lakay bir kilocha qand-qurs olib edim. Bola-chaqa qo‘limga qaraydi, dedim-da.
Ana shundan bir siqimini qo‘ynimga soldim. Tarlonni minib, Mamat oshnamiznikiga yo‘l oldim. Devordan bo‘ylab ovoz berdim.
— Mamat! Mamat uydami, kelin? Uyg‘ot, gap bor! — dedim.
Mamat ichkaridan uyquli ko‘zlarini uqalab-uqalab keldi.
Men, tevarakdagi hamsoya-qo‘llar eshitsin uchun, ovozimni qo‘yib gapirdim:
— Yaxshimisan, dimog‘ing chog‘mi? Ma, mana¬vi qandni nevaralarimga bo‘lib ber, yesin! Mozor bosib kelgan-da, tabarruk!
— Qayerlardan so‘raymiz?
— Moskva!!!
— «Moskva» kolxozimi?

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:25:33

— Kolxoz? Qanday kolxoz? Sen o‘zi, meni kim deb o‘ylayapsan? Men uncha-muncha joylarga bormayman! Borsam, faqat Moskva shahri azimlarga boraman, ha! Faqat Moskva!!. Juda past ketsam, Dushanbelarga shunchaki, yo‘l-yo‘lakay oyoq ilib o‘taman! Menga qara, kun qiyom vaqti-qiyom vaqti uyingning ustidan bir samolyot uchib o‘tdimi? Qanotlarida parragi-da bor?
Mamat sergak tortdi. Osmonga bir qarab oldi.
— Uchib o‘tganday bo‘ldi, nima edi?
— O‘lma! Men senga bir narsa aytayinmi? Shu samolyotning ichida men bor edim!
— Ha, kuchingdan!
— O‘ng yog‘ida o‘tirib uchdim! Parrakning shunday yonida, ha!
— Vo ukkag‘ar, Gagarin bo‘l-ey!

Qayd etilgan