— Bova, — dedim, — erta birov aytgan ekan, men o‘z g‘amim bilan, mulla mening... deb! O‘zi nima gap, avval ayting-da!
Chol mujmaltob bo‘ldi.
— Sen bo‘larini ayt, el chavandozi. Keyin men aytaman, — dedi.
— Yo‘q! Qiyomatda-da sotmayman! Bo‘ldimi?
— Ha, mayli. Unda eshit, el chavandozi. Oting, zo‘r ot. Ko‘rgandan besh ketdim. Adashmasam, yaqinda og‘ir bir dardni boshidan kechirgan deyman-ov!
Tarlon kamarda o‘n kun och yotdi, ana shu xa¬yolimdan o‘tdi. Ammo cholga sir bermadim.
— Ha, dardga chalinib edi. Keyin, forig‘ bo‘lib edi.
Chol mahobat qildi.
— Bali, el chavandozi, — dedi. — Ot hozir shuni eslayapti, ertaga bo‘ladigan ko‘pkarini o‘ylayapti. Darddan avvalgiday chopolamanmi, yo‘qmi, degan g‘am otni o‘yga solayapti. Men buni ko‘zlaridan bildim. Meniyam aytdi dersan, el chavandozi.