Tarlonda yana bir fazilat bor. Bordi-yu, biror bir ot yetib olsa, Tarlon shu ot bilan baravar chopadi. O‘zib-da ketmaydi, keyin-da qolib-da ketmaydi. Go‘yo, oxirgi holi shunday, bir me’yorda chopadi. Qabatidagi ot shu me’yorga ko‘nikadi. Baravar chopib borayotgani bilan qanoatlanadi. Shunda, Tarlon birdan zabt oladi, shiddat oladi! Bunday bo‘lishini xayoliga-da keltirmagan qabatidagi ot keyinda qolib ketadi.
Ayni shu vaziyatda chopayapmiz! Mendan Tarlon uchun bir so‘z kifoya bo‘ldi.
— Ha-a!
Tarlon, tarlonligini qildi, horiqulodda yulqindi, zabtini birdan oshirdi.
Qabatida kelayotgan to‘riq chavandozning qo‘li uloqdan uzildi. To‘riq keyinda qolib ketdi.
Men jo‘shib ketdim:
— Hu-u-uy, hu-u-uy, hu-u-uy!..
Tarlon yulduz uchganday chopdi!
— Halo-o-ol. Tarlonniki halol! Tashla, Tarlon, tashla!
Ellik-oltmish kilolik uloqni yerdan qanday qilib ko‘tarib oldim? Belim barobar devorda o‘tirib, ellik kilo yukni yerdan bir qo‘llab ko‘tarib ololmayman. Ellik kilo yukni qo‘shqo‘llab ko‘tarib, otga ku¬chana-kuchana ortaman. Ko‘pkarida bo‘lsa, otda enkayib, ellik kilo uloqni bir qo‘llab ko‘tarib olaman! Buning siri nimada?