Tog'ay Murod. Ot kishnagan oqshom (qissa)  ( 124135 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 25 B


shoir  05 Noyabr 2007, 10:28:19

— Unda o‘zim topaman! Tort qo‘lingni! Manavi kissangni ko‘rsat!
Yo‘ldan o‘tkinchi-ketkinchilar oyoq ildi. Choy¬xonadagilar borib qaradi. Tumonat odam bo‘ldi.
Men so‘rida tik turib qaradim.
Beqasam choponlik bolaning kissasini kovladi. Qo‘yniga qo‘lini tiqdi. Qo‘ynidan bir dasta pul oldi. Bolaning tumshug‘iga olib bordi.
— Bu nima, enangning qalinimi? — dedi.
Bola boshini yelkalari ichiga oldi. Yuzini loy kaftlari bilan pana qildi.
Beqasam choponlik bolaning quloq-chakkasiga qulochkashlab soldi. Bola balchiq suvga shalop etib tushdi.
Beqasam choponlik bolaning yoqasidan juftlab ushladi. Suvning oqishiga qarab sudradi.
— Senga kissavurlik qilishni ko‘rsatib qo‘ya¬man! Yur melisaga!
Bola oyoqlarini tiradi, gavdasini orqasiga tashladi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:28:25

Shu vaqt, olomon orasidan ikkita novcha bo‘z¬bola sug‘urilib keldi. Ikkovining-da sochlari yelkasida bo‘ldi. Ust-boshlari badanlariga chippa yopi¬shib turdi. Botinkalari tovoni ot tuyog‘iday-ot tuyog‘iday qalin-qalin bo‘ldi.
Bo‘zbolalar beqasam choponlik ketidan keldi. Bir bo‘zbola beqasam choponlik tirsagidan ushladi. Beqasam choponlik, bolani qo‘yib yubordi. Ketiga qayrilib qaradi. Shunda, bo‘zbola beqasam choponlik iyagiga qulochkashlab bir urdi.
Beqasam choponlik zuvalasi pishiqlardan bo‘ldi. Ketiga gandiraklab-gandiraklab bordi. Ammo yiqilmadi.
Olomon haybarakallachi bo‘ldi:
— Ur! Sol, tumshug‘iga!
— Ur! Musht turganda muomala nima kerak!
Beqasam choponlik bir bo‘zbolani qo‘shqo‘llab bir urdi. Bo‘zbola chalpak bo‘lib tushdi.
Omon turgan bo‘zbola beqasam choponlik ketidan keldi. Biqiniga sozlab bir tepdi.
Beqasam choponlik enkaydi. Biqinini ushlab-ushlab, enkayib qoldi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:28:34

Olomon haybarakallachi bo‘ldi:
— Ur! Kalla qil, kalla!
Shunda, maydagina bir qora kuchuk vangillab-vangillab chopib keldi. Keldi-yu, beqasam choponlikni urayotgan bo‘zbola butiga yopishdi. Bo‘zbola kuchukka oyog‘ini sermadi.
Kuchuk ketidan sermo‘ylov baliqpaz chopqillab keldi. Kuchugini urishib-urishib, oldiga solib haydab ketdi.
Chalpak bo‘lib yiqilgan bo‘zbola joyidan sapchib turdi. Beqasam choponlikni tepa ketdi. Loyga belangani-da qo‘shilib tepdi. Bo‘zbolalar ko‘zlariga qaramay tepdi. Beqasam choponlik yuzlari burishdi. Bir ichini, bir biqinini ushladi. Keyin, yerga cho‘k tushdi.
Men olazarak bo‘ldim. Tevarak-atrofimga alangladim. Burchakda o‘tirgan militsionerlarga qaradim.
— Ay, anavilarni oracha qilinglar-ay! —dedim.
Militsionerlar parvoyi falak bo‘ldi. Beg‘am-beg‘am choy ichdi. Boshlarini sarak-sarak etdi.
— Bizga aloqasi yo‘q! — dedi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:28:41

— Bu yer boshqa birovning uchastkasi! Bizning uchastkamiz vinzavod tarafda! — dedi.
Olomon yakun yasadi:
— Tamom, nokdaun!
Yo‘q, tamom bo‘lmadi.
Beqasam choponlik cho‘kkalab o‘tirdi-o‘tirdi-da, birdan sapchib turdi. Biqiniga tepgan bo‘zbola yuziga kalla qildi.
Bo‘zbola yuzlarini kaftlari bilan yopdi. Xiyol enkaydi. Barmoqlari orasidan qon sizib chiqdi.
Shunda, birovi kaftiga bir qora nima qo‘ydi. Shu qora nima bilan beqasam choponlikning pe¬shonasiga qulochkashlab bir urdi.
Beqasam choponlik:
— Voh, o‘ldim-a! — deya baqirdi. Peshonasini ushladi. Taltangladi, gandirakladi. Ana yiqilaman, mana yiqilaman dedi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:28:49

Kalla yegan bo‘zbola turgan joyida sapchib, beqasam choponlikning ko‘kragiga tepdi.
Beqasam choponlik bargday uchib tushdi. Qo‘llarini yonlariga yoyib, qimirlamay qoldi.
Bo‘zbolalar beqasam choponlikni o‘rtaga olib tepdi. Oyoqlari ostiga olib tepdi. Ko‘zlariga qaramay tepdi.
Birodarlar, ezilib ketdim, ich-ichimdan ezilib ketdim! Jonim halqumimga keldi!
Alam ham armon bilan burchakka qaradim. Yo‘q, militsioner yo‘q. Tevarak-atrofga alangla¬dim. Militsionerlar oldinma-keyin bo‘lib, choyxona yonalab pisib-pisib ketayapti.
Qahr bilan, nafrat bilan so‘ridan tappa tashladim. Beqasam choponlik bilan bo‘zbolalarni oracha qilayin, dedim. Olomonni qulochlarim bilan yorib, o‘rtaga kirib bordim.
Bir bo‘zbolani bilagidan qo‘shqo‘llab ushladim. Ketiga sermab yubordim. Bir bo‘zbolani sochlaridan g‘ijimlab ushladim. Sochlaridan chetga tortdim.
— Imoning kuygurlar! Bir mo‘min bandani o‘ldirasanmi! — dedim. Sochlarini g‘ijimlab turgandim, yulqindi. Bo‘lmadi. Tag‘in yulqindi. Yana bo‘lmadi. Keyin, chotlarim orasiga o‘xshatib bir tepdi.
Birodarlar, orachiga — olti tayoq!
Esankirab qoldim, dovdirab qoldim. Jon shirin-da! Jon achchig‘ida qo‘lim yuzasi bilan bo‘zbola ko‘zlarini oralatib bir soldim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:28:57

Bo‘zbola chinqirib yubordi.
Shu vaqt, mashina ovozi eshitildi. Katta ko‘chadan bemorxona mashinasi keldi.
Olomon o‘zini chetga oldi. Ko‘cha yuzida to‘p bo‘ldi.
Mashinada o‘tirgan oq kiyimlik odam ko‘zoynagini ustidan qaradi. Sulayib yotgan beqasam choponlikni ko‘rdi.
— Nima bo‘ldi bunga? — dedi.
Xo‘rligim kelib... yig‘lab yubordim...
— Bechorani qarang... Ular uchov bo‘lsa, bu bechora birov bo‘lsa! — dedim.
— Tushunarli! Dam olish kuni deb, o‘zidan ketib qolmay, kamroq ichsin!
— Buni olib keting, birodar, o‘lib qoladi...
— Bizning zakazimiz bor! Boshqa «Skoriy pomosh» chaqiringlar! Ketdik, haydang!
Bemorxona mashinasi shunday oldimdan o‘tib ketdi. Ketidan qarab qoldim. Keyin, qoniga belanib yotgan beqasam choponlikka qaradim. Qaradim-qaradim...
Birodarlar, o‘pkam to‘lib keldi. To‘lib-to‘lib keldi... Yenglarimga yig‘ladim, choponimning yoqalariga yig‘ladim, o‘ngirlarimga yig‘ladim...

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:29:03

Olomonga alangladim.
— Ay, birodarlar, bir bechora inson shunday o‘lib keta bersa yaxshimi? Uyida bola-baqrasi bordir! — dedim.
Birov ovoz berdi:
— Tanishingiz bo‘lsa, olib keting! — dedi.
Shunday ko‘cha yuzida turgan maydagina ma¬shina xo‘jasiga elandim. Bir amallab ko‘ndirdim.
Beqasam choponlikni yelkasidan sudrab keldim. Quchoqlab ko‘tarib, mashinaga soldim. Yerda shalvirab qolgan oyoqlarini ichkari oldim. O‘zim qabatida o‘tirdim. Bir qo‘lim bilan bilagidan ushlab oldim.
Birov endi kelib, shu yerdagilardan so‘radi:
— Nima bo‘ldi-a, nima bo‘ldi? — dedi.
— Zo‘r tomosha bo‘ldi! Uchchalasi bittasini shunaqangi soldi! Paq-paq! Nokdaun!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:29:11

52

Beqasam choponlikni bemorxonaga olib jo‘nadim.
Bemorxona beqasam choponlikni olmadi. Oppoq kiyimlik bir ayol:
— Bu sudebniy ish! — dedi.
Militsiyaga sim qoqdi.
Bir militsioner kelib, beqasam choponlikni aylan¬¬¬tirib ko‘rdi. Suratga tushirdi. Daftar to‘l¬dirdi.
Keyin, meni so‘roq qildi. Zot-makonimni so‘¬radi. O‘zimni aytib berdim. Militsioner yozib oldi. Undan keyin, nima bo‘ldi, deb so‘radi. Men oqizmay-tomizmay aytib turdim. Militsioner yozib bordi.
— Hozircha bo‘shsiz, keyinchalik uchastka¬voyingiz orqali chaqiramiz! — dedi.
Mashina xo‘jasiga uch so‘m uzatdim. U olmadi.
— Qulluq, qulluq! — deb ketdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:29:19

53

Choyxonaga qaytib bordim. Bozorlik xaltamni qaradim. Yo‘q. So‘ri ostini qaradim. Yo‘q, bozorlik xaltam yo‘q.
Choyxonachidan so‘rab-surishtirdim.
— Mabodo, bizning xaltamizga ko‘zingiz tushmadimi? — dedim.
— Yo‘g‘-a, ko‘zim tushmadi-ya!— dedi choy¬xo¬nachi. — Shunga ko‘zim tushmadi-ya! Qanday, beqasam choponlik oshnaginangiz qanday?
— Bir balo qilib joylashtirib keldik...
— Iya-iya...
Choyxonachi angrayib qoldi. Yuzlari bo‘zardi. Qo‘llarini etagiga artdi. Fotiha o‘qimoqchiday, kaftlarini hozirlay boshladi.
— Bandachilik qildimi-a, — dedi. — Voy, bechora-ye, voy, bechora-ye...
— Yo‘g‘-e, bemorxonaga joylashtirib keldik, deyapman.
— E, ha-a, shunday deng...
Bozor oralab, boshqatdan bozorlik qildim. Barini belbog‘imga tugib oldim.
Tarlonimiz oldiga bordim. Tugunimni egar qoshiga ilib oldim. Darvoza oldida o‘tirgan cholga bir so‘m uzatdim. O‘zimga o‘zim oq fotiha berdim. Otlanib, bozordan qaytdim.
Birodarlar, osmondan tushganday bo‘lib qoldim, dunyoni endi ko‘rayotganday bo‘lib qoldim...

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:29:29

54

Vo darig‘o, shunday kunlar-da bo‘ladi!
Bosgan qadamimiz ketimizga ketadi. Jamiki ishlarimiz chappasiga yuradi. Omad deganlari salomini-da bermaydi. Og‘zimizdagi oshimizni-da oldirib qo‘yamiz.
Birodarlar, nasib etsa, kelar Shom-u Iroqdan, nasib yitsa, ketar qosh-u qaboqdan!
Xurram soliqchining ko‘pkarisida shunday bo‘ldi. To‘daga kirolmadim, kirsam, uloqni ololmadim. Bordi-yu olsam, birov yo qo‘limdan yulib ketdi, yo yerga tushib ketdi. Taqimimdagi uloq¬larni-da oldirib qo‘ydim.
Birodarlar, davlat-da egiz-egiz, mehnat-da egiz-egiz!
Tarlon mendan hayron bo‘ldi, men Tarlondan hayron bo‘ldim.
Unday qildim bo‘lmadi, bunday qildim, bo‘lma¬di. Puf sassiq, deya ketib qolmoqchi bo‘lmadim. Yana tag‘in shaytonga hay berdim. Elan-qaran keldim, endi ketmayin, dedim.
Tarlonni qamchilab-qamchilab to‘daga soldim.
Otlar g‘ij-g‘ij bo‘ldi. Osmondan telpak tashlasa yerga tushmadi.

Qayd etilgan