Tog'ay Murod. Ot kishnagan oqshom (qissa)  ( 124123 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 25 B


shoir  05 Noyabr 2007, 10:32:12

60

Avtobusda rayon jo‘nadim. Yo‘lda derazadan qusib-qusib bordim.
O‘sha g‘ilofli eshikni ochdim. Kapitan kattaga Dono momoni aytib berdim. Kapitan katta bosh irg‘ab, hamdardlik bildirdi.
Xonaga bir militsioner kirib keldi. Kapitan katta oldiga bordi.
— Ayrimlar, Furqat ko‘chasida turadigan Mo‘mindan ko‘rayapti, o‘rtoq kapitan, — dedi.
— Xo‘sh, qayerda ekan, bu bola?
— Ko‘rinmayapti. Bildirmay, hamsoyalaridan surishtirdim. Uyida yuzlariga dori surtib yotgan emish.
— Unda, hozircha ko‘z-quloq bo‘lib turing, hidlanmasin. Men aytganda olib kelasiz. Hozir borib bozorning og‘zidagi choyxonachi bilan baliqpazni olib keling.
Xiyol o‘tib, militsioner qaytib keldi.
— Olib keldim, o‘rtoq kapitan, kirsinmi? — dedi.
— Olib kiring.
Ostonada choyxonachi bilan baliqpaz ko‘rindi. Choyxonachi egilib salom berdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:32:18

Kapitan katta qalami uchini choyxonachiga nish qildi.
— Avval siz kiring. Siz esa koridorda o‘tirib turing, — dedi.
Choyxonachi qo‘llari ko‘ksida gilamdan yurib keldi. Kapitan katta bilan ko‘rishmoqchi bo‘ldi.
Ammo kapitan katta qog‘ozdan boshini ko‘tarmadi. Qalami uchi bilan choyxonachiga joy ko‘r¬satdi.
Choyxonachi dovdirab, qalamni qo‘shqo‘llab ushlab olishga bir bahya qoldi. Qo‘llarini tez tortib olib, qalam uchi tarafga o‘tirdi. Menga ro‘para bo‘ldi. Men bilan bosh irg‘ab so‘rashdi.
Kapitan katta bir dasta qog‘ozning uyog‘iga qaradi, buyog‘iga qaradi. Keyin, choyxonachiga yuzlandi. Choyxonachining kimligini yozib oldi.
— Xo‘sh, endi bizga choyxonangizda bo‘lgan urushni gapirib bering, Sattorov aka, — dedi.
— Urush? Qanaqa urush?

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:32:24

— Yigirma to‘rtinchi yanvar, yakshanba kuni bo‘lgan urushni.
— Qanaqa urush? Tush mahali? E, ha-a, bo‘ldi, bo‘ldi! Bu bizning choyxonada emas, ko‘chada bo‘lgan, kapitan uka.
— Ishqilib, choyxonangiz oldida bo‘lgan-da.
— Endi, kapitan uka, bozor kuni odam ko‘p bo‘ladi. Qo‘lim qo‘limga tegmaydi. Hatto qulog‘im eshitmaydi...
— Xo‘sh, oddiy choyxona shovqini bilan ur-to‘polon shovqinining farqiga borarsiz?
— Bormayman, kapitan uka, bormayman. Hamma gap shunda! Mana shu quloqlarim osti «g‘uvv-g‘uvv» etadi. Kim gapirayapti, nimani gapirayapti, farqiga bormayman. Sizga yolg‘on, menga chin. Manavi barmoqlarim bilan sanab aytaman: ovozlarning ichida cholnikiyam bor — bir! Yoshnikiyam bor — ikki! Momonikiyam bor — uch! Qiznikiyam bor — to‘rt! Chaqaloqnikiyam bor — besh! Xo‘-o‘sh, beshta bo‘ldimi? Endi boshqalar¬niyam sanaymiz. Bulardan boshqa ko‘chadan o‘ta¬yotgan «Jiguli»nikiyam bor — bir! Bozordan qaytgan sigirnikiyam bor — ikki...

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:32:31

— Bo‘ldi, bo‘ldi. Siz menga ko‘rgan voqeangizni gapirib bering!
— Iya, eshitmagandan keyin qanday qilib ko‘raman, kapitan uka?
— Ko‘zingiz bor-ku, ana-ku.
— To‘g‘ri, ko‘zim bor. Yaratganning o‘zi bizgayam ko‘z bergan, ko‘rib turibsiz. Lekin bilasizmi, kapitan uka, choyxonamizning bir piyola choyi nasib etganda ko‘zingiz tushgandir, samovar choyxonaning ichida, ha! Maydagina tuynugi bor. Mana shuncha! Shu tuynikdan choy beraman. Tuynuk ko‘kragim baravar keladi. Mana shunday enkayib qaramasam, tashqarini ko‘rmayman. Egila berib-egila berib, bellarim og‘rib ketdi, kapitan uka.
— Xo‘sh, shu voqeadan sal bo‘lsayam xaba¬ringiz bordir?
— Bor, kapitan uka, bor. Bir egilib qarab, ko‘cha yuzida odamlar to‘dalashib turganini ko‘rdim. Boshqa hech nimani ko‘rmadim.
— Bo‘pti, boring. Zaril bo‘lsa, yana chaqiramiz. Hamrohingizga ayting, kirsin.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:32:41

Choyxonachi qo‘llari ko‘ksida kapitan kattaga bosh irg‘adi. Go‘yo birov quvib kelayotganday pildirab, eshikka qarab yurdi.
Baliqpaz kirib keldi.
Kapitan katta baliqpazning-da kimligini yozib oldi.
Baliqpaz yoyilib o‘tirishi, eshitamiz, deganday kapitan kattaga qoshlarini chimirib qarashidan dimog‘dor, ko‘pni ko‘rgan odam bo‘ldi.
Birodarlar, men shu odamdan umid qildim!
— Xo‘sh, endi sizdan eshitamiz, Shukurov aka?
Baliqpaz pinagini-da buzmadi. Mijjasini-da qoqmadi.
— Nimani eshitasiz? — dedi.
— Xo‘-o‘-o‘sh...
— Eshitdim, uchastkavoy aytdi. Men hech nimani ko‘rganim yo‘q. Shu! Yozib berishim ham mumkin. Shu! Ketsam maylimi? Uyog‘da ish qolib ketayapti. Shu!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:32:49

— Gap endi boshlandi, shoshilmang. O‘rningizga odam qo‘yib kelgandirsiz.
— O‘g‘lim qoldi. U hali yosh, xo‘randalarni ranjitib qo‘yishi mumkin. Shu!
— Xo‘sh, ko‘p shushulamang! Gapga javob bering! Bir inson taqdiri hal bo‘layapti! Tushun¬dingizmi?
— Siz ham mansab stolingizdan foydalanib, xalqqa baqirmang! Shu!
— Men xalqqa emas, sizga gapirayapman!
— Xalq bir kishidan boshlanadi! Shu! Men xalqning bir bo‘g‘iniman, shunday ekan, menga ko‘p baqirmang! Shu!
— Baqirayotganim yo‘q, gapirayapman.
— Baqiryapsiz! Shu!
— Xo‘sh, ana baqirmadik. O‘zi bugun chap yog‘ingiz bilan turganga o‘xshaysiz, Shukurov aka. Boring, sizga ruxsat, yana chaqiramiz.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:32:56

— Ixtiyoringiz! Baribir, shu gapim gap! Shu!
Baliqpaz g‘o‘dayib chiqib ketdi.
Kapitan katta menga-da javob berdi.
— Yana kelasiz, — dedi.
— Kapitan katta, uyda ishlarim qo‘qib yotibdi. Buyog‘i ko‘pkarilardan qolib ketayapman. Boshim¬ni qashigani fursatim yo‘q...
— Xo‘sh, men nima qilay, aka? Bu ishga o‘zi guvohning keragi yo‘q, ana meditsina xulosasi bor. Sizlar faqat jinoyatchilarni aniqlashga yordam bersalaringiz bo‘ldi. Haligi baliqpaz bilan choy¬xonachi jinoyatchilarni taniydi. Ularning gapini esa eshitdingiz...

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:33:05

61

Yo‘l chetidan yurdim. Shu gap bo‘lgan yerdan o‘tdim.
Bir mahal oq xalatlik bir odam yo‘limni to‘sdi. Bu o‘sha baliqpaz bo‘ldi. Baliqpaz tirsagimdan ushlab, meni baliqxonasiga yetakladi. Qozondan xolisroq bir joyga o‘tirg‘izdi. Tizzamga kaftini qo‘yib so‘radi:
— Meni siz chaqdingizmi, aka?
— Chaqqanim yo‘q.
— Chaqibsiz-da! Shu! Chaqish bundan ziyod bo‘ladimi?
— Men ko‘rganimni aytdim, birodar.
— Aka, chaqish — ayolning ishi! Shu! Siz binoyiday erkaksiz-ku! Ko‘rganimni aytdim, deysiz. Nimani ko‘rdingiz? Xo‘sh, qani?
— Endi, birodar, men sizga aytsam, o‘zingizdan ham o‘tdi-da. Ko‘rib turib bormadingiz-a. It boshi bilan kuchugingiz chopib keldi.
— Endi u — it! Shu! O‘zi oti o‘zi bilan — it! Bo‘lgan-bo‘lmaganga aralashib, hurib yotadi! Bo‘l¬masa, birov bilan nima ishi bor? O‘zini bilib yotmaydimi? It — it-da! Itligiga boradi-da! Axir, siz bilan biz odammiz-ku, odam! Kelib-kelib, itga teng bo‘lib o‘tiramizmi! Itga teng bo‘lmasligimiz kerak! Shu! O‘zi, qarindoshingiz ajab odam ekan. Bolalar urib yiqitadi, yana turadi, yana yiqitadi, yana gandiraklab turadi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:33:11

— Nima qilsin bo‘lmasa?
— Yota bersin! Shu! Uch yigitga yolg‘iz o‘zi bas kelarmidi! Men bo‘lganimda birinchi musht kelib tushdimi, bo‘ldi, o‘zimni yerga tappa tashlar¬dim. Qaytib joyimdan turmasdim! Shu! Tursam, baribir, yana uradi-da! Ular ketguncha o‘zimni behushlikka olib yotardim. Qarabsizki, bir musht bilan qutulib qolardim! Biron yerim ham shikast yemasdi! Shu! Ana, oqibat, qarindoshingiz chalajon bo‘lib, kasalxonaga ketdi! Shu! Holidan xabar olib turibsizmi? Qalay endi?
— Borganim yo‘q!
— Iya, nega?
— Men uni tanimasam, bilmasam...
— Iya, hali tanimaysizmi?
— Esa-da.
Baliqpaz yuzimga enkayib qaradi.
Gapim jiddiyligini bilib, tizzasiga urib kuldi.
— E, aka-ye, aka-ye! Afandi ekansiz-ku!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:33:18

Baliqpaz yog‘och panjara oldida yotgan kuchu¬giga qaradi. O‘zicha boshini chayqadi. Tag‘in kuldi.
— E, aka-ye, e, aka-ye! Qarindoshingiz bo‘l¬masa, aqalli tanishingiz bo‘lmasa, sizga nima? Qip-qizil Afandi ekansiz! Shu! Yo, undan biron nima undirdingizmi!
— Nima undirardim, birodar...
Baliqpaz barmoqlarini bir-biriga ishqab ko‘r¬satdi.
— Pulmi? Unday demang, birodar, unday demang...
— Bo‘lmasa nimaga buncha kuyib-pishasiz? E, aka-ye! Afandi! Shu! Hali yana borasizmi? Unda, bunday, aka, siz meni ko‘rganingiz yo‘q, men sizni ko‘rganim yo‘q. Agar yana chaqsangiz, qattiq xafalashamiz! Shu!
Avtobusga o‘tirdim. Ko‘zim ilinib-ilinib ketdi.
Birodarlar, boshim og‘riyapti, boshim...

Qayd etilgan