66
Birodarlar, yosh bolaga ish buyur-u, izidan o‘zing yugur, degani haqqost chin bo‘ldi!
Qaynimiz nima qilibdi deng? Qaynimiz uyimiz oldidan oqadigan ariqqa kelib, Tarlonni suvga qo‘yibdi. G‘arq terga botib turgan Tarlon to‘yib-to‘yib suv ichibdi. Keyin, Tarlonni otxonaga olib kirib bog‘lab qo‘yibdi...
Ertalab Tarlonni otxonadan yetaklab chiqdim. Aylantirib qaradim. Qorin etlari dir-dir uchdi, pir-pir uchdi!
Birodarlar, otga suv tushsa ana shunday bo‘ladi! Tarlonga suv tushibdi!
Ay, qaynim-e, ay, kalla-e! Endi senga nima deyin? Ot g‘arq terga botsa, suv ichirib otxonaga bog‘lab bo‘lmaydi, deyinmi? Mabodo ichirsa, xiyla yo‘l yurish lozim bo‘ladi, bo‘lmasa otga suv tushadi, deyinmi? Keyin, ot ko‘pkariga yaramay qoladi, deyinmi! Maktabda komsomollar kattasi bo‘lsang-da, shuni-da bilmaysanmi, deyinmi? Bitta-da to‘rti yo‘q a’lochi Qodirov Qoraqul bo‘laturib, shunga-da farosating yetmadimi, deyinmi? Omon surnaychi¬ning qizi bilan partaning ostidan xat olishib-xat berishib turishga yetgan aqling shunga yetmay qoldimi, deyinmi? Mendayin bir kal bo‘lsang ekan, aqli sochi bilan qo‘shilib to‘kilib ketgan desam, deyinmi? Kallang to‘la jun bo‘lsa, deyinmi?
Demayin, demayin! Qayniga ilkis gapirib bo‘ladimi...
Opasi bizda!