Tog'ay Murod. Ot kishnagan oqshom (qissa)  ( 124148 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 25 B


shoir  05 Noyabr 2007, 10:10:44

Boli boli boling bor,
Ming tumorli noring bor,
Jasadingga qarayman
Chopadigan holing bor.
     
— Malades, o‘rtoq Qurbonov, malades. Aha, endi, chanqovuz, gulxan... eski gaplar, o‘rtoq Qurbonov. Doston, ha, doston! Zamon, davr nafasi yo‘q. Intellektuallik yo‘q, intellektuallik! Ko‘rib turibsiz, hozir atom asri. Mana, kosmo¬navtlar yana oyga uchdi... Xo‘p bo‘lmasa, o‘rtoq Qurbonov.
Xayr-ma’zurni eshitib eshitmaslikka oldim, bilib bilmaslikka oldim. Do‘mbiramni chuldiratib, doston aytib qo‘yaverdim.

Otlardi boqsang qashib boq,
Olisdan suvini tashib boq,
Sira uzmagin yemini,
Yemini yemiga qo‘shib boq.

Bir  qiyo boq, ey, umidli dunyo!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:10:52

— Aha, yaxshi, yaxshi! A-a-auf, chyort, uyqu bosayapti. Nima desak, ekan... otlar... otlar patriarxal hayvon, o‘rtoq Qurbonov. «Otni boqsang qashib boq, suvini tashib boq!» Xo‘sh, nima bo‘pti? Ma’lum gap-ku! Albatta otga suv beradi-da, bo‘lmasa benzin berarmidi? Qup-quruq didaktika! Xalq og‘zaki ijodi, ha, xalq og‘zaki ijodi! Primitiv, primitiv! Intellektuallik yo‘q, intellektuallik! Intellektual problemalar ko‘tarilib, ijobiy hal qilinmagan! Ijodingizga muvaffaqiyat, o‘rtoq Qurbo¬nov. Izlaning, ko‘proq klassiklarni o‘qing. Aytaylik, Betxoven, Chaykovskiy, Ashrafiy...
Rixsiyev qo‘zg‘oldi. Ketar bo‘ldi.
Shunda, Rixsiyevlar qo‘yi esimga keldi. Balki, qo‘ylari yuzxotirini qilar, degan umidda qo‘ylaridan gap ochdim.
— Muxbir aka, qo‘ylaringiz yaxshi! — dedim.— Dirkillab-dirkillab o‘ynab yuribdi!
Rixsiyevning yuzlari yorishdi.
— Aha, aytganday, bizning qo‘ylar yaxshi yuribdimi, o‘rtoq Qurbonov? — dedi.
Ko‘nglimda umid uchqun berdi. Qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib, bosh irg‘adim.
— Shukur, muxbir aka, shukur. Yaxshi yuribdi! — dedim. — O‘zlariyam... qo‘ymisan qo‘y-da!
— Aha, qo‘y!..
— O‘lmang!
— Qo‘y, qo‘-o‘-o‘y! Qo‘y yaxshi!
— O‘lmang!
— O-o-o, qo‘-o‘-o‘y! Qo‘y yaxshi narsa!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:11:54

— O‘lmang! Ayniqsa sizning qo‘ylaringiz! Ming qilsa-da, hi-hi-hi, ming qilsa-da, muxbirning qo‘ylari-da.
— Aha, rahma-a-at, rahma-a-at!
— Anavi to‘ng‘ich akangizning qo‘ylari bo‘lmaydi! Bari o‘ziday kaltafahm! Sizning qo‘y¬laringiz shunday dono, shunday o‘qimishli... Hay-hay-hay, sadag‘asi ketsang, muxbirning qo‘ylari¬ning!!
— Aha, rahma-a-at, rahma-a-at!
— Bir kuni deng, hayt-hayt, deya qo‘ylarni soyga haydadim. Qo‘ylar o‘zini qirga urdi. Faqat sizning qo‘ylaringiz soyga qarab yurdi. Men, ha, omon bo‘lgurlar-e, ming qilsa-da, muxbirning qo‘ylarisan-da, dedim.
— Aha, rahma-a-at, rahma-a-at! Qo‘ylarni tarbiyalang, o‘rtoq Qurbonov, qo‘ylarni tarbiyalang!
— Bay-bay-bay, qo‘ylaringiz muxbirning qo‘y¬lari ekanligi shundaygina bilinib turadi-ya! Mol egasiga o‘xshaydi, deganlari shuda...
— Aha, rah-ma-a-at, rahma-a-at!
Rixsiyev tashqariladi.
Xurjunimi yelkalab, izidan yurdim. Tarlonni minib, adirga yo‘l oldim.
Birodarlar, ko‘nglim og‘riyapti...

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:12:05

10

Tarlonni boylovga tashladim.
Otxonadagi baland oxurga bog‘ladim.
Go‘ng chiqariladigan teshikni janda bilan kechalari yopib qo‘ydim, kunduzlari ochib qo‘ydim.
Tarlonga arpa yem berib boshladim.
Azonda to‘rt kilo arpa yem berdim.
Tushda olti kilo arpa yem berdim.
Oqshomda besh kilo arpa yem berdim.
Kaftimda tuz berdim.
Tarlon tuzni kapalab-kapalab yedi.
Kaftimda oq qand tutdim.
Tarlon qandni lablari bilan oldi. Qars-qars yedi.
Endi so‘yilgan qo‘y quyrug‘ini tuzlab-tuzlab berdim...
Birodarlar, ot usti behisht, og‘zi do‘zax!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:12:21

11

Rosa qirq kecha-yu qirq kunduz bo‘ldi.
Ana shunda Tarlonni otxonadan olib chiqdim. Tarlonni sovuta boshladim.
Hovli etagida arqonini uzun tashlab bog‘ladim. Tarlon bo‘ynini ko‘zoynakli ilon misol gajak-gajak qildi. Qoziqni aylanib chopdi. Old oyoqlarini ko‘tarib kishnadi. Arqonini selkillatdi. Dirk-dirk o‘ynab kishnadi. Tarlon mast bo‘ldi!
Arqon yetadigan yerlarga oz-ozdan xashak yoydim. Tarlon goh u uyumdan, goh bu uyumdan xa¬shak yedi.
Kuniga bittadan xom tarvuz berdim. Tarlon tarvuzni qarsillatib-qarsillatib yedi.
Fayzi sahar vaqti Tarlonni jabduqlab mindim.
Katta ko‘chada ohista-ohista qadamlatib yurdim.
Tong oqardi.
Xo‘rozlar qichqirdi. Itlar hurdi.
Ko‘cha yuzidagi radiokarnay nag‘ma chaldi.
Ariqlarda jildirab-jildirab suvlar oqdi.
Sahar yellari xur-xur esdi. Bizlarni silab-siy¬padi...
Tarlon vazmin-vazmin qadam tashladi. Tuyoq tovushlari bir maqomda tikilladi: tik-tik-tik...

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:12:28

Oldimizdan ariq keldi.
Oyoq ildim. Tarlonni ariqdan sapchitmadim. Sapchitsam, ichidagi moyi uzilib tushadi. Keyin, bir yilcha ko‘pkarida chopolmaydi.
Shu bois, ariqni aylanib o‘tdim.
Tarlonni suvladim. Izimizga qaytdim.
Tarlon tag‘in terib-terib qadam tashladi: tik-tik-tik!
Tarlonni qirq kun sovutdim. Tarlon bir yerda turolmay qoldi, tuyoqlari yerga tegar-tegmay yurdi. O‘ynoqlab-o‘ynoqlab, osmonga sapchidi. Quyundayin uchgisi keldi!
Paxta terimi tamom bo‘ldi.
To‘ylar boshlandi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:12:37

12

Birodarlar, ot bilmaydigan nima yo‘q!
Ot qor-yomg‘irni, dovulni oldindan biladi.
Ayniqsa, to‘y-ma’rakani darrov biladi. Boisi, to‘yda ko‘pkari bo‘ladi-da!
Bizning Tarlon kechasi bilan pishqirdi.
Alag‘da bo‘ldim, choponimni yelkamga tashladim, tashqariladim.
Oy yorug‘, osmon ochiq bo‘ldi.
Tarlon qoziqni aylanib chopdi.
Tarlonni ushladim. Yollarini siladim.
Bir yerda to‘y bor-ov, dedim.
Aytganim bo‘ldi.
Ertasi kuni shundaygina yonimizdagi Obshir qishlog‘idan to‘yxat keldi.
Omborxonada ot abzallarini — terlik, bellik, chirgi, boz, jahannik, jul, pushton, quyushqon, yugan, ko‘pchik, uzangili egarni qo‘ltiqlab keldim.
Tarlonni qashilab-qashilab egarladim. Og‘ziga suvliqni solib, yuganladim. Peshonasiga do‘lana shoxidan bo‘lgan ko‘ztumor ildim.
Egar qoshidan oldim. Uzangiga oyoq soldim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:12:47

13

Obshirga yigirma otliq bo‘lib  bordik.
Surnay navosi chiqayotgan, osmonga quyuq tutun o‘rlayotgan to‘yxona ostonasida oyoq ildim.
Bizga Turdi podachinikidan joy tegdi.
Telpagi quloqlarini tushirib olgan bir odam bizni tor ko‘chalar bo‘ylab ergashtirdi. Podachi¬nikiga olib bordi.
Podachi darvozasi xiyla past bo‘ldi. Oti mo‘minlar ostonadan egarga enkayib o‘tdi. Oti boqiliqlar yerga tushib, yetaklab o‘tdi.
Birodarlar, otga minsang — boshingni o‘yla, yerga tushsang — otingni o‘yla!
Chavandozlar otlarini yalang‘ochladi. Egar-abzallarni daraxt shoxlari ayrisiga ildi. Supalar, devorlarga qo‘ydi.
Chavandozlar otlarni shamollatdi.
Tarlon yerga ag‘nadi. Goh o‘ng, goh chap yog‘iga ag‘nadi. Badani qichig‘ini qondirdi. O‘zini o‘zi qashidi! Tag‘in oyog‘ida turdi. Oyoqlarini kerib-kerib silkindi. Badan-yollariga ilashgan xas-changlarni qoqdi.
Tarlon ustiga gilam tashladim. Pushtonini salqi qilib tortdim. Qozig‘ini tepib-tepib qoqdim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:12:54

Safar chavandoz qora to‘rig‘i qozig‘ini Tarlon yonidan qoqdi.
G‘ashim keldi. Ensam qotdi.
— Safar aka, — dedim. — To‘rig‘ingizni xolisroqqa oling, baraka toping.
— Hech nima qilmaydi, yer keng.
— Men yerni qizg‘anmayapman. To‘rig‘ingiz tepong‘ich, shuni o‘ylayapman.
— Ko‘ngilni keng qiling, ot tepkisini ot ko‘ta¬radi.¬¬¬¬¬
To‘riq bizning Tarlonga yomon-yomon qaradi.
Men, ana, ko‘ryapsizmi, demoqchi bo‘ldim. Ammo Safar chavandoz mehmonxonaga jo‘nadi. Izidan qo‘l siltab qoldim. Keyin, men ham bordim.
To‘yxonadan ulushimiz — turli noz-ne’matli dasturxon, ikkita shisha keldi.
Uy bekasi qozon osdi. Palovga urindi.
Chavandozlar davra bo‘lib o‘tirdi. Sabzi to‘g‘rab berdi.
Shu vaqt otlar achchiq-achchiq kishnadi. Tarlon ovozini darrov tanidim, chopib chiqdim.
Safar chavandoz to‘rig‘i old oyoqlarini ko‘tarib pishqirdi, Tarlonga yopishdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:13:00

Men olisdan qo‘l siltadim. Tarlonga do‘q urdim:
— Bo‘ldi, bas! — dedim.
Tarlon o‘zini keyinga oldi. Old tuyoqlari bilan yer tirnadi. Tishlarini irjaytirib kishnadi. To‘riqni ogoh qildi. Yaqinlashma, degan bo‘ldi.
Tarlon no‘xtasidan ushladim. Tarlonni tinchlantirdim:
— Bo‘ldi! Tak-tak-tak! Tak deyman! Safar aka, ana, aytmadimmi, to‘rig‘ingiz odam emas deb! Mana, Tarlonning ko‘nglini og‘ritdi!
— Odam so‘zlashib topishadi, yilqi kishnashib topishadi, Ziyodulla chavandoz! Shunday-shunday topishadi-da!
Safar chavandoz to‘rig‘ini Tarlondan xolis oldi. Otlar tinchidi.
Palov yedim. Kechasi olishni* tomosha qildim.

Qayd etilgan