Tog'ay Murod. Ot kishnagan oqshom (qissa)  ( 86296 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 B


shoir  05 Noyabr 2007, 10:39:01

Keyin, otlanib qaytdim. Qaytayotganimda Qurbonnazar bot-bot tayinlandi:
— Tag‘in, qo‘lingizni solganimni birovga aytib yurmang. Yaxshi bor, yomon bor... — dedi.
Uyga borgunimcha o‘ylab bordim. Ay, do‘xtirlar-e, nimaga qo‘lim chiqqanini ko‘ra-bila turib gipsga solding? Ko‘ra-bila turib qotirib tashlading? Bilasan, chiqqan suyak joyiga tushmasa, hadeb qo‘zg‘ala beradi! Odamni yarimjon qilib qo‘yadi! Umr bo‘yi qiynadi! Bilmasang, Qurbonnazardan so‘rab bil! Yo Qurbonnazar tabibga bor, de! Chopib kela beraman!
Bovujud, Qurbonnzarlar bor... Hali-hali Qurbonnazar bor, keyin-keyin nima qilamiz?

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:39:14

76

Birodarlar, uchastka militsionerimiz odam bo‘lib qoldi!
Ha, odam bo‘lib muomala qildi, odam bo‘lib gapirdi.
— Qanday, jiyanlar katta bo‘layaptimi, suyaklar yengilmi, aka?... — dedi.
— Shukur, shukur, — dedim.
— Ikki marta kelib ketdim...
— Ayolimiz aytdi, yo‘qladi, dedi.
— Chavandozchilikda shunday-shunday bo‘ladi-da, aka. Odamlar samolyotdan tushib ketayapti. Siz yiqilsangiz, otdan yiqilibsiz-da.
— Shunday, shunday...
— Qalay, endi tuzuk bo‘p ketdingizmi, aka?
— Shukur, shukur?
— Unda, rayondan bir xabar oling, aka. Ka¬pitan ko‘p so‘radi, aka.
— Maylingiz, inim, maylingiz.
Endi, bir dushman ko‘zi qilayin, dedim. Qo‘limdan ipni olib tashladim. Qo‘limni qo‘ynimga solib oldim.
Otlanib, rayon bordim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:39:25

Kapitan katta eshigidan ichkariladim. Ichkarida o‘sha beqasam choponlik odamni ko‘rdim. Bechora, yuzlari yarasi hali-da bitmabdi, bechora...
Beqasam choponlik meni tanimadi. Kapitan katta tanitdirdi.
Shunda, beqasam choponlik meni bot-bot bag‘riga bosdi. Kipriklari nam bo‘ldi...
Biqinma-biqin o‘tirib dardlashdim. Zot-boborakotini, mazgilini so‘radim. Beqasam chopon- lik «Navoiy» kolxozidan bo‘ldi, oti Rahmon bo‘ldi.
Rahmonboyning ko‘ngli buzildi. Ovozi qaltirab chiqdi:
— O‘la-o‘lgunimcha sizga qulluq qilib o‘taman, mana ko‘rasiz, — dedi.
— Unday demang-e, nima karomat ko‘rsatdimkin, menga qulluq qilasiz, — dedim.
Kapitan katta ishlarini aytib bordi. Ishlar deyarli hal bo‘libdi. Bezorilarni ushlab, Rahmon¬boyga yuzma-yuz qilibdi. Rahmonboy shular edi, debdi. Lekin bezorilar tonibdi, aybini bo‘yniga olmabdi.
Gap menda qolibdi.
— Hozir olib keladi, — dedi kapitan katta.
Aytganiday, bir millitsioner bo‘zbolalarni haydab keldi. Birovi o‘tirmoqchi bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:39:33

Kapitan katta:
— Tur, tur deyman! — deb baqirib berdi.
Bo‘zbola qo‘llarini qovushtirib qotib qoldi.
— Manavi odamni taniysizmi?! — dedi kapitan katta.
Bo‘zbolalar men tarafga sigir qarash qildi.
— Tanimaymiz, — dedi.
Kapitan katta menga yuzlandi.
— Shularmi? — dedi.
— Shular, ha, shular, — dedim.
— Olib keting bularni! — dedi kapitan katta.
Militsioner bo‘zbolalarni haydab ketdi.
Kapitan katta menga javob berib yubordi.
— Xo‘sh, sizga katta rahmat, aka. Tergov tugagach, deloni sudga oshiramiz. Sud kuni bordi-yu chaqirsalar, bir kelib keting.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:39:39

— Men sizga aytsam, kapitan katta, shuncha kun mazam bo‘lmadi. Sherigim mening navbatimda-da qo‘y boqdi. Odamning yuzi chida¬mayapti...
— Xo‘sh, tushunaman, aka, tushunaman. Siz sudda bo‘lmasangiz ham bo‘ladi. Lekin anavi tirriqlar ko‘p ishlarni bo‘yniga olmasligi mumkin. Ish yana lanj bo‘ladi. Siz sudda savol tug‘ilganda ha yo yo‘q, deb tursangiz bo‘ldi. Sizdan boshqa jonli guvoh yo‘q. Mana shu birodaringiz uchun yana bir kelasiz, endi.
Birodarlar, kapitan katta jon joyimdan ushladi! Bilibmi, bilmaymi, ishqilib, birodaringiz uchun, dedi! Shu gap ko‘nglimni oldi! Rahmonboy birodarimizni deb, yo‘q demadim.
Rahmonboy birodarimiz meni uyiga yetakladi.
— Mazam yo‘qroq, boshqa vaqt borarman, birodar, — dedim.
— Unda, biror kun o‘zim uyingizga boraman, to‘n yopishib og‘a-ini bo‘lamiz, — dedi.
— Shunday-da og‘a-ini, birodarmiz, — dedim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:39:49

77

Militsiya mashinasi eshigimizga kelganini el bildi.
Birodarlar, elning qulog‘i ellikta!
El ajablandi, el hadiksiradi...
Duv-duv gap bo‘ldi...
Birodarlar, yomon gap, raketadan oldin yuradi, yaxshi gap, toshbaqadan keyin yuradi!
Xufton vaqti-xufton vaqti uzangi yo‘ldoshlarim bilan hamsoyamiz Rixsiyev ko‘ngil so‘rab keldi.
Ayolimiz dasturxon yozdi.
Bo‘lg‘usi bojamiz Odina chavandoz ayolimizdan nam tortib, yerga qarab o‘tirdi.
Uzangi yo‘ldoshlarim gapni nimadan boshlashini bilmadi. Istihola qildi.
Shunda, Rixsiyev gapni indallosidan boshladi:
— Sizni militsiya mashinasi uyingizdan olib ketibdimi, o‘rtoq Qurbonov? — dedi.
— Bekor gap-e! — dedim.
— Ana, hamma shunday deyapti-yu?
— Olib ketgan yo‘q, aytib ketdi. Men avtobusda bordim, — dedim.
Farosat etsam, el og‘zida ko‘p gap bo‘libman. Elga bir gap tegmasin. Chibinday gapni tuyaday qilib gapiradi. El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Endi bor gapni aytayin...
Aytib-aytib berdim. Bir gapni-da qoldirmadim!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:39:55

Uzangi yo‘ldoshlarim dildo‘z so‘zlar aytdi, dildo‘z gaplar aytdi.
— Xo‘p juvonmardlik bo‘pti-da! — dedi.
Rixsiev bolishdan tirsagini oldi. Chavan¬doz¬larga sigirqarash qildi.
— Katalizatorlar! — dedi. — Bu, sargardon- lik-ku, sargardonlik!
— Sargardonligi bo‘ptimi, shu bahona Tarlon ikkovimiz shaharni sayil qilib kelayapmiz, — dedim.
— Aha, u falsafangizni boshqalarga o‘qing, o‘rtoq Qurbonov. Sayil emish! Bunday ishlar turgan-bitgani g‘alva, sargardonlik!
— Sayil-da — sayil, sargardonlik-da — sayil.
— Siz endi ko‘rayotgandirsiz-da? Aha, men shaharda yashayotganimda bunday ishlarning bir nechtasiga duch kelganman. Sizdan yaxshi bilaman, oqibati nima bo‘lishini! Bir dam olishda bizni paxtaga olib bordi. O‘zingiz bilasiz, bir kunlikka borgan hasharchilar paxta termaydi. Ichib, kayf-safo qilib qaytib keladi. Men ham tagimga qo‘yish uchun ikki kilocha paxta terib, etagimdagi paxtaga yonboshladim, mudrab yotdim. Shunday pastimdan bir daryo loyqa suv oqayapti. Shunda, daryo bo‘yida ikki-uchta qora ko‘rindi. Ko‘zimni kattaroq ochib qaradim. Bizning hasharchilar emas, shu yerning yigitlariga o‘xshadi. O‘zlaricha bir-birlarini turtkiladi. Hazillashayapti, deb o‘yla¬dim. Aslida urishayapti ekan. Ikkitasi bittasini o‘rtaga olib urdi. Tayoq yeyayotgani yoqalab qochdi. Daryo ustidan bir ingichkagina truba o‘tar edi, shu trubadan qochdi. Truba o‘rtalarida muvozanatini yo‘qotdi. Goh o‘ng, goh chap qo‘lini ko‘tarib-ko‘tarib, suvga tushib ketdi. Boshqalari qochdi. Bola suv yuzida goh ko‘rinib, goh yo‘qolib oqdi. Boshi ko‘ringanda dodlab baqirdi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:40:01

— Siz ko‘rib turdingizmi? — dedim.
— Bo‘lmasam-chi! Shunday oyog‘im ostidan oqib o‘tdi! Suzishni bilmas ekan-da, bo‘lmasa, suv sekin edi, bemalol suzib chiqsa bo‘lardi. A? Yo‘q, pastroqda bir operator yigitimiz ovozini eshitib qolib, o‘zini suvga tashladi. Sudrab olib chiqib, oyog‘ini osmonga ko‘tardi. Baribir kech bo‘ldi, bola o‘lib qoldi... Ishonsizmi, shu operator yi¬gitimiz bir oydan ortiq organga qatnab, so‘roq berdi! Ona suti og‘ziga keldi! Ko‘r bo‘l, dedim, o‘zini bilmaganning kuni — shunday bo‘ladi, dedim. Dunyo shunday, o‘rtoq Qurbonov, o‘zi¬ngizni biling, o‘zgalarni qo‘ying!
— Ha-e, taqdir peshona ekan-da. Olamda nima gap?
— Olamda gap ko‘p, o‘rtoq Qurbonov. Xalqaro vaziyat tobora keskinlashib borayapti. Tinchlik xavf ostida...
— Kim xavf solayapti?

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:40:09

— AQSH imperalistlari! Buni xalqaro panogramada o‘rtoq Zorin ham aytib o‘tdi. Aha, «Za rebejom»da ham yozibdi. Mana, faktlarga murojaat qila¬miz. AQSH ma’muriyati 1983-yilda 810 million dollar miqdorida ximiya-bakteriologiya quroli ishlab chiqarishni planlashtiribdi.
— U qanday miltiq?
— Aha, miltiq emas, zaharli ingredient.
— O‘zimizning dehqonchasiga gapiring. Biz bir iyig‘i chiqqan kal bo‘lsak, unday gaplarni qayerdan bilamiz.
— Aha, ingredient bu, ikki xil suyuq moddadan tashkil topgan zaharli dori. Miyani shol qilib tashlaydi. Aha, o‘n-o‘n besh daqiqa ichida vafot etasiz!
— Shuni inson o‘ylab topdimi? Odamzotni qirish uchunmi? Yo, tabba! Biznikilar nima de¬yapti?
— Aha, bizning hukumatimiz tinchlik posboni bo‘lib keldi, bundan keyin ham shunday bo‘lib qo¬ladi!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:40:20

78

Uzangi yo‘ldoshlarim uy-uyiga ketdi.
Ayolimiz dasturxon yig‘ishtirdi.
Kenjamizni qo‘limga berdi.
— Manavini picha ushlab tursin, qozon-tobog‘imni yuvib olayin, — dedi. Kenjamizni tizzamga oldim.
Kenjamiz dasturxon olib ketayotgan onasiga jimit qo‘llarini cho‘zib ingilladi.
— Ing-ing-ing!... — dedi.
— Bo‘ldi, enang hozir keladi! — dedim. — Hay, anavi suratdagi kim? Aka-ya? Aka de, aka!
Kenjamiz ovunmadi. Ingillay berdi.
Shunda kenjamizni tizzamda tebratib suydim:
Kelgin, bolam, tizzamga,
Yol bo‘larsan o‘zimga,
Quloq solgin so‘zimga,
Huyyo, bolam, huyyo!..
Birodarlar, kuygan — o‘lanchi bo‘ladi, suygan— laparchi bo‘ladi?

Qayd etilgan