Tog'ay Murod. Ot kishnagan oqshom (qissa)  ( 124131 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 25 B


shoir  05 Noyabr 2007, 10:13:11

14

Ertalab ta’tillanib, otlandim. Lalmi dashtga yo‘l oldim.
Dasht bir-biriga ulashib ketgan adirlar ora¬lig‘ida bo‘ldi. Kunbotar qo‘ng‘ir tusli qirlar bo‘ldi. Dasht chetlari yo‘g‘on-yo‘g‘on tutlar bo‘ldi.
Ko‘pkari tomoshaga kelganlar shu tut shoxlarida, devorlarda chumchuqdayin tizilib o‘tirdi.    Teva¬rak¬¬¬dagi adirlarda to‘da-to‘da bo‘lib yonboshlab yotdi.¬
Adir betlarida chavandozlar otlarini yalan¬g‘ochladi, otlarini ko‘pkariga shayladi.
Men ham adirning bir chetini oldim. Tarlonni yalang‘¬ochladim, yerga yumalatdim. Keyin egar bosdim.
Oyog‘imga paytava o‘radim. Xurjundan ko‘p¬kari etigimni olib kiydim. Etik baland poshnali etik, takaning terisidan bo‘ladi. Teri teskarisi ichiga qaratib tikiladi. Teskarisi yaltiroq, sirpanchiq bo‘ladi. Yuzasi terining o‘ng tarafidir. Etikni mol charvisi bilan moylab turaman. Shunda suv, qor, sovuq o‘tmaydi, yirtilmaydi.
Butlari bir qarichcha yirtiq cholvorimni kiydim. Cholvorimni atayin yirtib qo‘yibman. Bo‘lmasa, ko‘pkarida butimga biron nima ilashadi, cholvo¬rimni og‘igacha ayirib yuboradi.
Telpagim qulog‘ini tushirdim. Uzangiga oyoq ilib, egar qoshidan oldim. Dashtga qarab endim.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:13:23

Chavandozlar tevarakni aylanib chopdi. Cha¬vandozlar otlarini pishitdi.
Odamlar qishloq tarafga qaradi.
— Ana, uloq kelayapti! — dedi.
Qishloqdan ikki otliq keldi. Birovi oldida qora uloq. O‘ngarib oldi. Otliq uloqni oldimizga olib kelib tashladi.
Chavandozlar uloqni otlariga iskatdi. Uloq yonverini, tevaragini aylantirib ko‘rsatdi.
Otlar to‘p bo‘ldi.
Yuzlari tandirdan endi uzilgan nonday qizil, mo‘ylovli bir odam uloq boshiga keldi.
Ana shu mo‘ylov bakovul bo‘ldi. Qamchi sopini boshi uzra ko‘tardi. Jarangdor ovozda aytdi.
— Chavandozlar-ov! Gapimni o‘ng qulog‘ing bilan-da, chap qulog‘ing bilan-da, eshitib ol! Chilvir solma — bir! Bir-birovingni yomon gap bilan so‘kma — ikki! Qamchi solma — uch! Yiqilgan chavandoz ustiga ot solma — to‘rt! Ot qochganda ushlashga yordam ber — besh! Ol, ha-ol!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:13:28

Bakovul shunday dedi-da, o‘zi to‘dadan chetga chopib chiqdi. To‘dani aylanib chopib, jar soldi:
— Birinchi zotiga bir ro‘mol, o‘n so‘m puli bor! Eshitmadim demanglar!
Chavandozlar to‘daga ot soldi. Otlarini qimti-di, otlarini tizzalari bilan niqtadi, otlarini qamchiladi, otlarini uloqqa haydadi.
Uloq sonsiz ot tuyoqlari orasida qoldi.
Qo‘llar uloqqa talpindi, ammo ololmadi.
— Ha-ha-ha!
— Chu-chu-chu!
— Bos-bos-bos!
Talpinishlar samara bermadi. Uloq yerdan qo‘zg‘olmadi. O‘zini uloqqa urayotganlar o‘zi-da, otlari-da g‘arq terga botdi. Chavandozlar dastlabki shashtidan qaytdi, otlar shashtidan qaytdi. Ayrim chavandozlar to‘da chetiga chiqdi, peshonalarini artdi, tomoshago‘y bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:13:37

Endi, to‘da tevaragida yurgan chavandozlar o‘zini uloqqa urdi.
Men Tarlon boshi uzra qamchi havolatdim. Tarlonni qimtib-qimtib, to‘daga haydadim. Tarlon otlar siquvida turtinib-burtinib uloqqa yetib keldi. Uloqni bir aylanib to‘xtadi.
Men qamchini sopidan tishlab oldim. O‘zim uloq¬qa uzaldim. Endi ko‘tarib edim, bir ot tuyog‘i bosib qolib, uloq qo‘limdan tushib ketdi.
Tarlonni otlar to‘dasi surdi. Tarlon qalqib-qalqib, uloq naryog‘iga gandiraklab o‘tdi. Chetga chiqib qoldi.
Tarlon shashti qaytmasin, ruhi tushmasin, deya bir chaqirimcha yerga chopib borib, chopib keldim. Go‘yo uloqni olib chiqdim!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:13:50

15

Uloq yerdan qimirlamadi.
Shunda bakovul zotni oshirdi.
— Chavandozlar-ov, eshitmadim demanglar, ustiga yana bir go‘sam serka qo‘yildi!
Chavandozlar chuh-chuh, deya otlarini uloqqa chorladi. Sag‘rilariga tars-tars qamchilar urdi.
Otlar pishqirdi, otlar kishnadi.
Nihoyat, uloq yerdan ko‘tarildi. To‘da asta-asta jonlandi. Otlar qulog‘i lik-lik etdi. To‘da pastga siljidi.
Bakovul jar soldi.
— Uloq ko‘tarildi, uloq ko‘tarildi!
To‘da birdan jonlandi. Otlar yoppasiga chopdi. dupur-dupur-dupur... otlar uloq tevaragida chopdi. Bor e’tiborlari uloqda bo‘ldi.
— Uloq ketdi! Uloq Burnoch bilan Samanda borayapti!
Nimaga burnoch ot deymiz! Boisi, burnoch ot peshonasida qashqasi, burni uchida olasi bo‘ladi. Butlari-da ola bo‘ladi. Burnoch otning xili ko‘p bo‘ladi. Ko‘k burnoch, qora burnoch, to‘riq burnoch, jiyron burnoch!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:13:59

Saman ot bo‘lsa, sariq, yollari, dumlari qora bo‘ladi. Yol-quyrug‘i oqlari-da bo‘ladi.
Burnoch bilan Saman quloqlarini quyon quloq¬lari misol chimirib chopdi, zinkiyib chopdi. Uloq oralarida shalvirab bordi. Uloqning bir buti Burnochda, bir buti Samanda bo‘ldi.
Chavandozlar o‘z taraflariga chalg‘ayib, tortishib bordi. Tevaragida o‘nlab qo‘llar uloqqa uzaldi, ammo yetolmadi. Yetganlari uloqni yulib ololmadi.
Otlar Burnoch bilan Samanni o‘rab chopdi, dupur-dupur-dupur...
— Uloq Burnoch bilan Samanda borayapti! Uloq Samanga o‘tdi, uloq Samanda! Bos!
Darhaqiqat,  Saman chavandozi epchillik bilan uloqni taqimiga bosdi. O‘ng tarafiga qiyshaydi. Jilovni o‘ngga burdi. Saman yo‘lini o‘ngdan soldi.
Chavandozlar talashish foydasizligini bildi. Birin-birin orqada qoldi.
— Halo-o-ol! Samanniki halol! Tashla, Saman, tashla! E barakalla-ye! Saman, kel, haqingni ol!
Saman uloqni yerga tashladi. Bakovulga qarab yurdi.
Chavandozlar yerga tushgan uloqqa qarab yurdi. Yana uloqqa yopirildi. Uloq bu gal maydagi¬na bir to‘riqda ketdi.
Birodarlar, to‘riq ot malla bo‘ladi. Bo‘yni xuddi ko‘zoynakli ilon misol gajak-gajak bo‘ladi!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:14:09

16

Yanagi uloq menga nasib etdi.
Men uloqdan umid qilmadim, to‘da chetida turdim. Uloqni Yaratganning o‘zi yetkazdi.
Bir qizilko‘k uloqni yerdan sudrab chiqdi. Qizilko‘k shundaygina yonimizga keldi. Shunda chavandozi uloqni ot tizzasi bo‘yi ko‘tardi.
Men enkayib, uloqqa yopishdim. Qaddimni ko‘tardim, Tarlon biqiniga tizzamni nuqib ayqirdim.
— Ha-a!
Tarlon bir yulqinib, to‘dadan uzib chiqdi. Ketimdan chavandozlar ot soldi. Ko‘plari menga yetib keldi, uloqqa uzaldi.
Shunda Tarlonga qamchi bosdim. Ammo Tarlon jadallamadi, aksincha, tobora sekinlab chopdi.
Hayron bo‘lib, olg‘a qaradim. Ana shunda nima gapligini bildim. oldinda bir odam bo‘yi soy bo‘ldi...
Nima qilishimni bilmadim. Jilovni buraman degunimcha soy labiga kelib qoldim. Tarlon soy yoqalab chopdi. Uloq soy tarafda bo‘ldi. Shu sababli-da uloqqa birov kelolmadi.
Shunday bo‘lsa-da, qo‘li uzun chavandozlar Tarlon sag‘risi, Tarlon bo‘yni osha uloqqa uzaldi. Men uloqni bermadim. Ayniqsa, Tarlon uloqni bergisi kelmadi.

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:14:17

Soy yoqalab chopdim. Shunda-da bakovul ovozidan darak bo‘lmadi. Endi jilovni qo‘yib yubordim. Taqimimdagi uloqni qo‘shqo‘llab ushladim. Tarlon endi o‘z bilganicha chopdi. Soyda esa, adog‘ bo‘lmadi...
Chavandozlar ketimdan qolmay ta’qib etdi.
Shunda Tarlon birdan... soyga qarab zinkiydi. Old oyoqlarini ko‘tardi, o‘zini soyga tashladi.
Etlarim jimir-jimir etdi. Ko‘zlarim otilib chiqib ketayotganday bo‘ldi. Oyog‘im yerdan uzilganini tuydim. O‘zimni muallaq sezdim. Ko‘nglimdan, o‘lgan shunday o‘lar ekan-da, degan gap o‘tdi. Ko‘zlarimni chirt yumdim, uloqni qo‘yib yubordim...
Zo‘r bir zarbdan qalqib ketdim. Yuragim tovo¬nimga tushib ketganday bo‘ldi. Hushim boshimdan uchdi. Jonholatda Tarlon bo‘yniga yopishdim. Mahkam quchoqlab oldim...

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:14:26

17

Ko‘zlarimni ochdim. Yo, tavba, Tarlon hamon chopib borayapti. Endi soyda chopib borayapti.
Tarlon bir-bir bosib, oyoq ildi. Boshini egdi. Pishillab nafas oldi.
Men qaddimni rostladim. O‘zimga keldim. Men tag‘in ko‘zimni yumdim.
Yuqoridan bakovul ovoz berdi.
— Zot joyida! Zot joyida qoldi!
Yuqoriga o‘girildim. Otliqlar soy labida qator bo‘lib qaradi. Uzalib, jilovni oldim. Yuqoriga chiqadigan yo‘l qidirib, soy yoqaladim.
Yuqorida chavandozlar salmoqlab-salmoqlab gapirishdi.
— Odamning boshi aylanib ketadi-ya!
— Shu Tarlonda ikkita yurak bor!
— Bordi-yu, bitta bo‘lsa, o‘zining kallasiday!

Qayd etilgan


shoir  05 Noyabr 2007, 10:14:32

— Tarlon dilovar ot ekan!
Bakovul tayinladi:
— Tarlon-ov, uloqniyam olib chiq! — dedi.
 Men o‘zimni eshitmaslikka oldim. Uloqqa qaytib borgim kelmadi. Bir nishabroq yerdan yuqoriladim.
Egar-abzallar oldiga bordim. Tarlonni yalang‘ochladim. Tarlonning bor vujudini qarab ko‘rdim. Oyoqlarini siladim. Xudoga shukur, lat yemadi. Yerga yumalatib-yumalatib sovutdim. Bosh-adoq qashiladim. Bo‘ldi, endi Tarlonni uloqqa solmayman. Bo‘ldi, Tarlon g‘olib bo‘ldi...

Qayd etilgan