Bunday vaqtlarda ayrim chavandozlar qamchi dastasi bilan otning boshiga uradi. Oqibat, ot jon achchig‘ida chavandozini yiqitib qochadi.
Ana shunda ot insondan bezadi. Ot insondan qaytadi! O‘zining devlar ajdodiga tortadi! Ajdod¬larini qo‘msaydi, adirlarga qarab qochadi. Gala¬larga borib qo‘shiladi. Ayg‘irlari bilan ko‘rishadi, biyalari bilan suykashadi. Ajdodlarining havosini oladi! Bir-birlari bilan iskashadi. Inson zotidan nolib-nolib boshlaydi, ko‘nglini yorib-yorib boshlaydi, dardini to‘kib-to‘kib boshlaydi... Dev boshim bilan insonga bosh egdim, deydi, ta’zim qildim, deydi, qul bo‘ldim, deydi, ammo el bo‘lmadim, deydi...
Yo‘q, kayfiyati yo‘q kunlari otga indamaslik lozim bo‘ladi, ko‘ngliga qarash lozim bo‘ladi!
Shu boisdan Tarlonni oshiqcha zarbalamadim. To‘da tevaragini aylanib yurdim. Shunchaki tomoshago‘y bo‘ldim.
Chimzorda yer yorib chiqqan cho‘qir toshlar ko‘p bo‘ldi. Shu bois, chavandozlar ko‘ziga qarab chopdi. Otlarini qoqilib ketishdan avaylaydi.