— Darband! hayda, Darband! G‘ayrat qil, Darband! — deyishib chopdi.
— Bos, bo‘sh kelma, Darband! — deyishib chopdi.
Demak, bular darbandlik chavandozlar bo‘ldi. Darbandlik chavandoz uloqni taqimiga bosib oldi. Ayqirib-ayqirib ot qo‘ydi:
— Oho-hay, oho-hay, oho-hay! Hay otam, hay otam-a, hay otaginam-a! Hayda-ya!..
Birodarlar, Darbandlik chavandoz otni otam deyapti, otam! Ahay-ahay!
Chil ot bu safar uloqni dangal tashladi.
— Halo-o-ol! Chil, chil deyman-ov! Uloqni olgan yeringga olib borib tashla! Chavandozlar, endigi zotga katta bir ho‘kiz qo‘yildi. So‘ysang bir to‘yni to‘ydiradi! Ol, armonda qolma!
To‘da yana qoralikka qarab ot qo‘ydi. Uloq bu gal «8-Mart» kolxozilik Samanda bo‘ldi.
«8-mart»liklar haybarakalla qildi:
— Qo‘yma, «8-Mart», qo‘yma!
«8-Mart», ehtiyot bo‘l, ketingdan Chag‘ir borayapti!
— Bos, joning boricha bos!
— «8-Mart», otni qamchila!
Ho‘kiz «8-mart»liklarda ketdi.